Ma’rifat. Musibat ham ne’matdir..


Post Views:
450

Haqiqatan ham bu dunyo sinov hayotida boshimiz turli xil imtihonlarga duch keladi. Ba’zida bizning ko‘zimizga chiroyli, foydali, ne’matdek bo‘lib ko‘ringan ish, oqibatda bizlar uchun balo, ofat, yomonlik bo‘lib chiqadi. Ba’zida esa biz yoqtirmagan, yomon deb bilgan musibat, oqibatda biz uchun manfaatli, xayrli haqiqiy ma’nodagi ne’mat bo‘lib chiqadi.

Bu haqida Alloh taolo “Baqara” surasining 216-oyatida shunday marhamat qiladi:

“…Shoyadki, yoqtirmagan narsangiz siz uchun yaxshi bo‘lsa. Va shoyadki, yoqtirgan narsangiz siz uchun yomon bo‘lsa. Alloh biladir siz bilmassiz.”

Insonning tabiati shundoq, mashaqqatni, qiyinchilikni yoqtirmaydi. Lekin islom, odamlarga yoqadigan narsalarni emas, balki ularga foyda bo‘ladigan, ikki dunyoda baxt-saodat keltiradigan amallarni taklif qiladi.

Sahoba roziyallohu anhumlar aytadilarki: “Biz qiyinchilik sinoviga uchraganimizda sabr qildik, ammo osonlik sinoviga uchraganimizda sabr qila olmadik” dedilar.

Shuning uchun ham, Alloh taolo bandalarini molu dunyo, ahli ayol va bolalar fitnasidan hazir bo‘lishga chaqirgan.

Eng yaxshi odam mazkur dunyo matohlariga berilib ketishdan o‘zini tiyib, sabr qilgan kishidir. Chunki u, dunyo matohidan o‘ta hursand bo‘lib ketmaydi, ularga ruju’ qo‘ymaydi, maishatparastlikka berilmaydi, o‘yin kulgi, ko‘ngilhushlik ketidan quvmaydi, havoi nafsi ishtaha qilgan narsalarda sabr qiladi.

O‘ziga berilgan barcha ne’matlarda Alloh taoloning haqqiga rioya qiladi. Molidan infoq qiladi. Tanasi bilan haloyiqqa yordam beradi. Tili bilan yaxshiliklarni so‘zlaydi va Allohga shukr qiladi.

Bir o‘rtog‘im mashina ta’mirlaydigan ishxonada ishlaydi. U odatiga ko‘ra ishxonasida bir arzimas narsaga g‘azab qilib, asabini buzib ishlab turganini ustiga bir “Tiko” mashinasini minib, sodda kiyingan kishi mashinadan tushib ustaning asabiylashib g‘o‘ng‘illab aytayotgan gaplarini eshitib astagina uning yelkasiga qo‘lini qo‘yar ekan bosiq ovoz bilan huddi unga tasalli bergandek bo‘lib shunday dedi:

“Eh usta, qo‘ying, arzimagan narsa uchun besabr bo‘lmang. Bunday  qilishingiz sizga yarashmaydi. Men o‘z boshimdan o‘tkazgan holatimni sizga aytib beraman. Alloh menga yaxshi ish berdi, oila qurdim, farzandli bo‘ldim, ishim kundan kunga ko‘payib, topishim ham shunga yarasha. Hayolimda boyligim oshayotganini ko‘rib go‘yo qilayotgan ishlarim Yaratganga ham yoqayotgandek bo‘lib tuyilardi. Oshna og‘aynilarim atrofimda girdi kapalak. Yangi uylarni qurib, tagimga shaharning eng oldi mashinalaridan – “Infiniti” mashinasini oldim. Har kuni ulfatlar bilan ayshu ishrat bo‘lib, deyarli uyda ovqatlanmasdim.

Nima bo‘ldiyu ishlarim orqaga ketib minib turgan mashinamni o‘rtaga qo‘yib davlatdan kredit olingan edi, vaqtida to‘lab berilmagani uchun davlat uni musodara qilib yubordi. Yurgizib turgan korxonam tez kunda zararga kirib hatto o‘tirgan uyimni pul hisobida davlat foydasiga o‘tkaziladigan bo‘ldi, qarasam o‘zim  ham jabr chekadiganman. Men esa o‘sha kuniyoq hamma narsamdan vos kechib yolg‘iz o‘zim chet elga chiqib ketdim. Ikki yilga yaqin chetda yurib bu yerda men haqimda bo‘layotgan gap so‘zlardan xabardor bo‘lib turardim. Vatandan yiroqda, yaqinlarimni qo‘msab, ularni barchasi ko‘z oldimdan ketmasdi. Ota-onam, oilam, qarindoshlarimni qattiq sog‘indim. Musofir yurtda hamma qilgan xatolarimni eslab, kechalari yig‘lab tavba qilib, besh mahal namozni ham boshlab yubordim. Ibodat qilarkanman qalbim xotirjamlikni his qila boshladi. So‘ngra Allohga tavakkal qilib Toshkentga keldim. Qilgan qilmishlarimga nisbatan davlatimiz kechirib, faqat  mendan jarima to‘lanishligi kerak ekanligini aytishdi. Katta miqdorda bo‘lgan buncha pul menda yo‘q edi. Haddim siqqan, men bilan yaqin bo‘lgan ulfatlarimni bir ikkitasini oldiga qarz so‘rab bordim, ular esa xuddi oldin men bilan oldi berdi qilmagandek o‘zlarini olib qochardi. Hammasini tushunib yetdim. Bo‘ldi, ularning barchasidan umidimni uzib yaratganga umid bog‘ladim. Halol pul topish yo‘lini izlab, oxiri mana shu “Tiko” mashinani ijaraga oldim. Sekin asta qarzlarimdan qutuldim. Hozir oilam bilan bir uyda, ijarada yashayman. Farzandlarim bilan birga dasturxon tepasida o‘tirish qanday maroqliligini endi tushunib yetdim. Haqiqiy do‘st, yaqin kim, adashgan ekanman. Kishi uchun oilasidan ko‘ra yaqin kishi yo‘q ekan. Hozir har kunlik topganimni bir qismini mashina ijarasiga va yana bir qismini turgan uyim ijarasiga to‘layman, qolganiga ro‘zg‘orimga harajat qilaman. Lekin shu holatimdan mamnunman, xotirjamman, chunki tanim sog‘, halol kasb qilib ro‘zg‘or tebratyapman, eng asosiysi besh mahal namozimni kanda qilmayapman, qo‘limdan kelganicha ota-onamni hizmatlarini qilib duolarini olyapman. Mening boshimga kelgan, men musibat deb bilgan bu sinov, men uchun musibat, balo bo‘lib emas, balki men uchun Yaratganning ne’mati bo‘lib  keldi. Chunki inson bilmas ekan, o‘zi uchun qay bir yaxshilik deb bilgani ne’matmi yoki yomonlik deb bilgani ne’matmi, hikmati Yaratganning o‘ziga ayon xolos, bandasi esa bexabar ekan. Shuning uchun ko‘pam kuyinavermang, usta!”, deb ekan.

Rivoyat qilinishicha, ikki farishta yerdagi zimmasiga yuklatilgan vazifalarini bajarib, yuqoriga ko‘tarilayotib, to‘rtinchi osmonda bir biriga yo‘liqib biri ikkinchisidan: “Qanday ishga buyurilding”? U: “Men shunday bir ishga buyurildimki, shu vaqtgacha bunday ajablanarli ishni ko‘rmaganman. Hozir solih, yaxshi bir odam vafot topdi. O‘limi oldidan chanqoq bosdi va uning farzandi unga bir idishda suv tutdi. Alloh menga buyurdiki borib suv tutqazgan kishini qo‘lini turtvorgin, suv to‘kilsin dedi. Men borib uning qo‘lidagi suvni to‘kdirib yubordim. Natijada o‘layotgan solih banda suvni ichaolmay dunyodan ko‘z yumdi. Chunki bu bandaning kechirilmay qolgan birgina gunohi qolgan edi. O‘limi oldidan chanqoq azobi uning gunohiga kafforat bo‘lib kechirildi va Robbisi huzuriga begunoh bo‘lib ketdi.

Ikkinchi farishta ham:Men ham ajablanarli bir ishga buyurildimki shu kunga qadar bunchalik ishni guvohi bo‘lmaganman. Hozir Alloh ta’olo bir noqobil bir yahudiyni jonini olish arafasida, uning esa o‘limidan xabari yo‘q, lekin uning ko‘ngli bir baliq yeyishni tusayapti. U baliqni olib kelish uchun hozir odamlarini daryoga jo‘natdi. Menga Alloh taolo tomonidan buyurilgan vazifam, ular tashlagan to‘riga aynan u xohlayotgan baliqni haydab kelib, ilintirish bo‘ldi. U banda ko‘ngli tusab turgan baliqni yeyishi bilan olamdan ko‘z yumdi va uning bu dunyoda qilgan birgina yaxshi amali bor edi, bu yaxshi amali evaziga mana shu dunyoda ko‘ngli tusagan balig‘ini rohat bilan yeyishligi sababidan oxiratdagi beriladigan mukofotdan nasibasi butkul qirqilib Robbisiga yo‘liqdidedi.

Hazrat Umar r.a.ning huzurlariga bir idishda asal solingan shirin suv keltirildi. Hazrat Umar r.a. suvni qo‘llariga olib: Bu berilgan suv Robbim tomonidan hayotda qilgan yaxshiligimni evaziga berilmayaptimikan? Bu bilan Alloh ta’olo oxiratdagi beradigan mukofotini shu dunyodayoq berib oxiratdagi nasibamdan mahrum qilmayotganmikin? deb, o‘sha suvni ichishdan bosh tortgan ekanlar.

Shunday ekan biz mo‘min musulmonlar ikki dunyo saodatini umid qilgan bandalarmiz. Bu hayotimizda biror bir qiyinchilik yetsa sabr qilib, yaxshilik ne’mati kelsa shukr qilishimiz Alloh taoloning biz uchun taqdir qilgan qismatiga rozi bo‘lganligimizni alomatidir.

Abu Sa’id va Abu Hurayra r.anhumolardan rivoyat qilinadi. Rosululloh s.a.v. aytdilar: Biror musulmon kishiga zahmat, bemorlik, tashvish, xafalik, aziyat, g‘am yetib hatto bir tikan sanchilsa ham, Alloh taolo uning xatolarini o‘sha sababli o‘chiradi”, deb marhamat qildilar.

Demak bizlarga yetgan har qanday qiyinchilik, musibat biz o‘ylaganchalik balo yoki ofat, yomonlik emas, balki bizga berilgan ne’mat ekan. Chunki Alloh ta’olo bu kabi sinovlarni berish bilan gunohimizni kechirib o‘ziga yaqin bo‘lishimizni iroda qilar ekan.

Sa’id ibn Abu Vaqqos r.a.dan rivoyat qilingan hadisda u kishi aytdilar: “Ey Rosulullloh s.a.v. qaysi odamlar eng qattiq musibatga mubtalo bo‘lishgan?” deb so‘radilar. Shunda Rosululloh s.a.v: “Payg‘ambarlar, so‘ngra solihlar va shularga o‘xshagan odamlar. Kishi dini miqdoricha baloga mubtalo etiladi. Bas agar u dinida mustahkam bo‘lsa, balo ham unga ziyoda etiladi va agar u dinida kamquvvat bo‘lsa, balo undan yengillashtiriladi. Banda yer yuzida xatodan xoli bo‘lib yurganiga qadar, uning boshiga balo ofatlar kelishi davom etaveradi” dedilar.

Alloh taolo “Fajr” surasining 15-16-oyatlarida shu haqida marhamat qiladi:

  1. Bas, endi insonni qachonki, Parvardigori imtihon uchun ikrom etib, unga ne’mat ato etsa, darhol: “Parvardigorim (loyiq bo‘lganim uchun) meni ikrom etdi”, der.
  2. Ammo, qachonki, (Parvardigori) uni imtihon uchun rizqini tang qilib qo‘ysa, darhol: “Parvardigorim meni xor qildi”, -der.

Alloh taolo barchamizni musibatlarga sabr qiluvchilardan qilsin!

Ilhomjon Madaliyev, “Mo‘yi Muborak” jome’ masjidi imom xatibi      

https://shosh.uz/uz/ma-rifat-musibat-ham-ne-matdir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x