Post Views:
1 130
Bismillahir rohmanir rohiym
Alloh taologa beadad hamdu – sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin.
Hozirgi kunimizda «Yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday» ko‘payib ketayotgan turli firqalar, toifalar, hizblar va bemazhablar Ahli sunna val jamoa e’tiqodi bo‘yicha tan olingan to‘rt fiqhiy mazhablarning biriga, xossatan Hanafiy mazhabiga amal qilgan holda ibodatlarini ado etayotgan musulmonlarni fitnaga solish va to‘g‘ri yo‘ldan adashtirib o‘zlarining noto‘g‘ri g‘arazli g‘oyalarining qurboniga aylantirish uchun turli uslublardan foydalanadilar.
Eng jirikanchlisi, o‘z g‘oyalarini haspo‘shlash (isbotlash) yo‘lida Qur’oni Karim oyatlaridan ham ustalik bilan foydalanadilar. Odatda musulmonlar xossatan yangi ibodatga kirayotganlar yoki qiziqayotganlar juda ham ishonuvchan, talabchan va eshitganini qattiq ushlab oladigan bo‘ladi. Bu holat esa bemazhablarga juda qo‘l keladi. Fursatni qo‘ldan boy bermaslik uchun xorijdan turib ta’lim berayotgan ustozlari o‘rgatgan 3-4 oyat va hadisi shariflarni tezda o‘zlashtirib olib qolganlarga ham shuni yetkazadi. Aslida ular boshqa narsalarni bilmaydilar ham. O‘sha oyat va hadisi shariflarni ham ustozlari o‘zlarining g‘arazli yo‘llarida foydalanish uchun qanday ma’nolarni berib tushuntirgan bo‘lsalar, bular ham huddi shunday tushuntiradilar.
Zotan bularni o‘sha oyatu hadisi shariflarni ma’nolarini boshqa ahli ilmlardan so‘rashga yoki ustozlarimiz tarafidan chiqarilayotgan tafsir va hadis kitoblaridan foydalanib o‘qib olishlikka farosatlari ham yetmaydi. G‘isht qolibdan qo‘chgandan keyin esa har qancha harakat bo‘lsa ham ko‘pincha besamara bo‘ladi. Lekin noumid bo‘lmaslik kerak, zotan bizning burchimiz yetkazib ko‘yishlik, hidoyat esa Allohdandir!
Kelinglar so‘zimiz quruq bo‘lmasligigi uchun xozirgi kunimizdagi fitnachi guruhlar o‘zlarining g‘oyalarini tarqatish va yoshlarni o‘zlari tarafga og‘dirish va nihoyat o‘z g‘oyalarining qurboniga aylantirib musulmonlarga umumiy zarar yetkazishlik xossatan, ulamolarga qarshi qo‘zg‘ash, ularga nisbatan ishonchsizlik ruhida tarbiyalash uchun foydalanib kelayotgan bir necha oyati karimalardan birini misol qilib olaylik.
Alloh taolo aytadi:
وَمَنْ لَمْ يَحْكُمْ بِمَا أَنْزَلَ اللَّهُ فَأُولَئِكَ هُمُ الْكَافِرُونَ
«Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, o‘shalar kofirlardir» (Moida surasi, 44-oyat).
Emishki, hozirgi zamon ulamolari, imomlari (albatta bu da’volarni qilayotgan toifadan tashqari) mazkur oyatga amal qilishmayapti. Agar amal qilganlarida «O‘g‘irini qo‘li kesilib, zinokor toshbo‘ron qilinishi kerak edi» deyishadi.
Kelinglar mazkur oyati karimaning tafsirin yaxshilab o‘rganib chiqaylikchi, kim haq ekanligini balki bilib olarmiz!
وَمَنْ لَمْ يَحْكُمْ بِمَا أَنْزَلَ اللَّهُ فَأُولَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ
«Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, o‘shalar zolimlardir» (Moida surasi, 44-oyat).
Bularning barchasi kofirlar haqida nozil bo‘lgan. Bu imom Muslimning sahihlarida Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis bilan sobit bo‘lgan. Ammo musulmon gunohi kabira qilishligi bilan kofir bo‘lmaydi. Qolaversa mazkur oyati karima taxtida quyidagicha ma’no bor: «Kimki, Qur’onni rad etgan holda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarini inkor etgan holda «Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilmasa» ana o‘sha kofirdir».
Abdulloh ibn Mas’ud va Hasan roziyallohu anhumolar aytadilar: «Mazkur hukm musulmonlarga, yahudiylarga va kofirlarga ham umumiydir – agar ular e’tiqod qilgan va uni halol sanagan hollarida Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilmasalar. Ammo kimdir uni harom ekanligini bilgan holda qilsa u fosiqdir. Uning ishi Allohga havola hohlasa azoblaydi, hohlasa mag‘firat qiladi».
Sha’biy rohmatullohi alayhi oyatdagi hukm yahudiylarga xos deganlar. Demak mazkur oyatning ma’nosi taqdiran quydagicha: «Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilmagan yahudiylar, ana o‘shalar kofirdirlar» (Jomi’u ahkomil Qur’on).
Ibn Kasir rohmatullohi alayh o‘z tafsirlarida mazkur oyatlarni sababi nuzulini quyidagicha keltiradilar: «Imom Ahmad ibn Hanbal rohmatullohi alayhi rivoyat qiladilar: «Ibni Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Alloh taolo (Alloh taolo nozil qilgan narsa bilan hukm qilmasa, o‘shalar kofirdir) va (o‘shalar zolimdir) va (o‘shalar fosiqdir) oyatlarini yahudiylarning ikki toifasi haqida nozil qilgandir». deganlar.
Mazkur oyatni nozil qilinish sababini o‘rganishda davom etadigan bo‘lsak haqiqatdan ham yahudiylarning ichida zino sodir etilib uning ishtirokchilarini jazolashlikka kelganda Tavrotdagi Allohning zinokorlarga belgilagan hukmini tark etib o‘zlari o‘ylab topgan hukm bilan jazolamoqchi bo‘ladilar va bu borada Rasululloh sollollohu alayhi vasallamni aybdor qilmoqlik uchun go‘yoki jazolashlik haqqini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga havola qiladilar. Ammo ularning bu hiylalari ish bermaydi. Balki Rasululloh sollollohu alayhi vasallam Tavrotda zinokorlarga belgilangan «toshbo‘ron qilish» hukmini qo‘llaydilar.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bemazhablarning mazkur oyati karima ma’nolari to‘g‘risida qilayotgan da’volari mutlaqo nato‘g‘ridir. Biz yuqorida qisqacha keltirib o‘tgan ma’lumotlarimizdan ham mazkur oyatning ma’nolari va undan ko‘zlanilgan maqsad va nima sababdan nozil bo‘lganligi hammasi ma’lum bo‘lib turibdi.
Bemazhablarning oyati karimalarning ma’nolari bilan chuqur tanishmasliklari balki, ko‘r-ko‘rona kimlardandir eshitgan ma’lumotlarga ishonib ketaverishligi eng achinarlisi (ko‘r ushlaganini qo‘ymas) deganlaridek boshqa ma’lumotlarni qabul qilmasliklari ajablanarlidir. Bu holat esa musulmonlarning o‘rtasida ko‘plab fitnalarga, qon to‘kilishlarga sabab bo‘lishligini nahotki ular tushunmasalar.
Mazkur toifalarning uyushtirayotgan fitnalarining boshlanishi Hazrati Ali roziyallohu anhuning davrlaridagi Xavorijlarning boshlagan fitnalarini davomidir. Shu o‘rinda Hazrati Ali roziyallohu anhu Xavorijlarga qarshi jangga kirishishlaridan avval Ibn Abbos roziyallohu anhuni ular bilan ilmiy bahs qilib hidoyatga chaqiriga yuborganliklari to‘g‘risidagi rivoyatni keltirib o‘taylik.
Ibni Abbos roziyallohu anhu quydagicha rivoyat qiladilar: «Men ularni oldiga yetib borganimda, ey ibni Abbos nima uchun kelding dedilar. Men Rasulloh sollollohu alayhi vasallam ashoblari amakisining o‘g‘li va kuyovining huzuridan keldim dedim. Shunda ulardan bir guruhi menga yaqinlashishdi. Men ularga Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning ashoblari va amakisining o‘g‘liga qanday intiqom va da’volaring bor?» dedim. Ular uchta narsada deyishdi. Men: «Ular qaysilar?» dedim. Ular quyidagilar: Birinchidan: Allohning dinida kishilarni hakam qildilar. Vaholanki Alloh taolo:
إِنِ الْحُكْمُ إِلَّا لِلَّهِ
«Hukm faqat Allohning o‘ziga xosdir» (An’om surasi, 57-oyat), degan.
Hazrati Ali esa o‘zlari bilan hazrati Muoviyaning o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga Abu Muso Ash’ariyni hakam qilgan;
Ikkinchidan: Hazrati Ali o‘ziga qarshi toifalar bilan jang qildi. Lekin ulardan g‘olib kelgan holatida ularni asirlikka ham olmadi va molu dunyolarini o‘lja ham qilmadi. Vaholanki raqiblar kofir bo‘lganlarida biz uchun ularning qonlari va mollari halol edi. Agar ular musulmon bo‘lsalar ularning qonlari biz uchun xarom qilingan;
Uchinchidan: Ali o‘zini nomini Amiral mo‘’mininlikdan o‘chirdi. Agar u Amiral mo‘’minin bo‘lmasa, Amirul Kofiriyn bo‘ladiku, dedilar.
Men ularning da’volariga quyidagicha javob berdim:
«Sizlarni payg‘ambarning sunnatlaridan aytgan gaplaringga Allohning kitobi bilan raddiya bersam aytgan gaplaringdan qaytasizlarmi?». Ular – «Albatta qaytamiz», deyishdi.
Shunda men ularga: Alloh taolo Qur’oni karimda dirhamning to‘rtdan bir qiymatiga to‘g‘ri keladigan quyonning bahosini chiqarmoqlik hukmini kishilarga havola qilgan.
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَقْتُلُوا الصَّيْدَ وَأَنْتُمْ حُرُمٌ وَمَنْ قَتَلَهُ مِنْكُمْ مُتَعَمِّدًا فَجَزَاءٌ مِثْلُ مَا قَتَلَ مِنَ النَّعَمِ يَحْكُمُ بِهِ ذَوَا عَدْلٍ
«Ey iymon keltirganlar! Ehromdalik holingizda ovni o‘ldirmang. Sizdan kim uni qasddan o‘ldirsa, jazosi sizdan ikki odil kishi hukmiga muvofiq» (Moida surasi, 95-oyat).
Va boshqa bir oyati karimasida ayollar haqida quydagicha marhamat qiladi:
وَإِنْ خِفْتُمْ شِقَاقَ بَيْنِهِمَا فَابْعَثُوا حَكَمًا مِنْ أَهْلِهِ وَحَكَمًا مِنْ أَهْلِهَا
«Agar ikkovlarining oralari buzilishidan qo‘rqsangiz, erning ahlidan bir hakam va xotinning ahlidan bir hakam ajrating» (Niso surasi, 35-oyat).
Allohning nomi bilan sizlardan so‘rayman – kishilarning hukmi ularning qonlari va mollari haqida va o‘zaro o‘rtalarini isloh qilishlik borasida haqlimi yoki quyonning to‘g‘risidagi hukm haqlimi? Ular – «Kishilarning qonlari to‘g‘risidagi haqliroqdir», dedilar. Men: «Bu da’volaringa javob berdimmi?»- dedim.
Ular: «Ha», deb tasdiq etdilar.
Keyin ikkinchi da’volariga javob berishlikka o‘tdim.
«Hazrati Ali Kufada Oisha roziyallohu anho va u kishining tarafdorlari bilan jang qilganlar xolos. Endi o‘ylab ko‘ringlar o‘zlaringni onalaring bo‘lmish Oisha roziyallohu anhoni asir qilmoqchimisizlar va boshqalardan o‘lja olganlaring kabi ulardan ham o‘lja olmoqchimisizlar.
Vaholanki Alloh taolo:
النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ وَأَزْوَاجُهُ أُمَّهَاتُهُمْ
«Nabiy mo‘minlar uchun o‘zlaridan ko‘ra haqlidir. Uning ayollari esa, ularning onalaridir.» (Ahzob surasi, 6-oyat), deb marhamat qilgan.
Ushbu oyatga muvofiq Oisha roziyallohu anho sizlarning onalaringiz-ku. Agar o‘zlaring da’vo qilganlaringdek ish qilsalaring albatta kofir bo‘lasizlar. Bu da’volaringga ham javob berdimmi?» – dedim. Ular: «Ha» dedilar.
Endi uchinchi da’volaringizga keladigan bo‘lsak, «Rasululloh sollollohu alayhi vasallam Xudaybiya kunida qurayshliklarni o‘zlari bilan ularni o‘rtasida sulh yozmoqlikka chaqirdilar. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam sulhning kotibi hazrati Aliga qarata: «Muhammadur rosulullohdan deb yoz» dedilar. Shunda qurayshliklar «Agar biz seni Rosululloh deb e’tirof etganimizda baytullohni ziyoratidan to‘smagan bo‘lur edik. Shuning uchun: «Muhammad ibn Abdullohdan» deb yoz», dedilar. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam kotibga u aytgandek yoz dedilar. Ya’ni Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ushbu maktubda «Rasululloh» emas balki Muhammad Ibn Abdulloh deb yozilishiga rozi bo‘ldilar. Lekin bu qilgan ishlari bilan o‘zlaridagi nubuvvatni ketkazdirganlari yo‘q», dedim. So‘ngra: «Bu savollaringizga ham javob berdimmi?» dedim. Ular: «Ha» dedilar. So‘ngra ulardan ikki mingtasi qaytishdi. Qolganlari esa zalolatlarida boqiy qoldilar.
(Imom Nasaiy o‘zlarining «Sunanul kubro» kitoblarining hazrati Ali roziyallohu anhuning xususiyatlari boblarida keltirgan).
Abdulloh ibni Abbos roziyallohu anhu bilan xavorijlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahsdan quyidagi xulosalarni olishimiz mumkin:
Qur’oni karim oyatlarini har bir guruh yoki shaxslar o‘zlarining manfaatlari yo‘lidagina yoki g‘oyalarini quvvatlashlik uchungina foydalanishlari mutlaqo noto‘g‘ri. Qolaversa, bir yoki ikki oyati karima bilan birdaniga biror hukmni chiqarish ham xatarlidir. Balki bir mavzu yoki hukmga tegishli bo‘lgan barcha oyati karima va hadisi shariflarni o‘rganib chiqishlik kerak. Bunga esa hammaning ham ilmi, ma’rifati yetavermaydi.
«Mening ilmim yetarli» deb da’vo qilayotganlar esa odatda ilm dengizidan bir qultim ham suv ichmagan savodsizlar bo‘lib chiqadi. Demak bu borada ulug‘larimiz, mujtahidlarimiz, faqihlarimiz tuzib tayyor qilib ketgan qoidalarga, hukmlarga sarkashlik qilmasdan amal qiladigan bo‘lsak tarixda bo‘lib o‘tgan ko‘pgina fitna fasodlardan omonda bo‘lamiz.
O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, bir oyati karimaning tafsirini o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishlikda foydalanganliklari tufayli chiqqan fitna qanchadan-qancha ulug‘larni shu fitnaning qurboniga aylanishlariga sabab bo‘ldi. Mazkur qurbonlarning ro‘yhatini boshlarida albatta Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu turadilar. Eng achinarlisi mazkur fitna alangasi haligacha so‘ngani yo‘q. Balki har zamon va makon odatiga muvofiq Hazrati Ali roziyallohu anhuga o‘xshab fitnani bostiraman degan ulug‘larni hayotini yondirishlikda davom etayapti.
Zotan xozirgi kunimizda ham ichlarimizda tarixdagi Xavorijlarning merosxo‘rlari bo‘lmish turli-tuman guruhlar oyati karimalardan o‘zlarining qurollari sifatida foydalanayaptilar. Allohga hamdu sanolarimiz bo‘lsinki, Hazrati Ali roziyallohu anhuga merosxo‘r bo‘lib, fitnalarga qarshi kurashayotgan ustozlarimiz, ahli ilmlarimiz ham kam emas.
Alloh taolodan Musulmonlarning birligi, din rivoji yo‘lida har qanday mashaqqatlarga qaramasdan fitna-fasodlarga qarshi kurashayotgan barcha ishtirokchilarga muvofaqiyatlar tilab qolamiz. Omin!
Ishoqjon BEGMATOV
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi
https://shosh.uz/uz/ma-rifat-kimki-alloh-nozil-qilgan-narsa-bilan-hukm-qilmasa/