Sakkiz nafar koʻzi ojizlar guruhidan uzoqlashib, ularning diydiyolari hamon qulogʻimda, bir ozgina yurgan edim, oyoqlarini xiyol kerib turgan oppoq sochli yolgʻiz keksaga koʻzim tushdi: boshi sal egik, ogʻzida bir nimani chaynar, uning ham koʻzi ojiz, egnidagi juldur kiyimga qaraganda, shubhasiz, tilanchi edi. Biroq uning ikki yuzi qip-qizil va toʻlishgan, yoʻgʻon lablari sogʻlom va namchil, lablarini ochmasdan, goʻyo allaqanday qoidaga rioya qilganday, sekin va bir maromda, astoydil chaynar, yuz ifodasida esa shodonlik zohir edi. Unga yaqin borib, sarasof soldim, shunda bir nima esimga tushdi, chaynashdan zoʻr lazzat olsa kerak degan xayolga bordim. Uning apelsinlar uyum-uyum qilib qoʻyilgan qator doʻkonlar oldida turganini koʻrib, oʻzimcha savdogarlardan birontasi unga apelsin bergan-u, u shuni kavshanayotgan boʻlsa ajabmas, deb oʻyladim. Qariyaning oʻng qoʻli gavdasidan sal nari osilib turar, undagi barcha barmoqlarning orasi ochiq, aftidan, ular akashak boʻlgan-u, shu sabab ularni buka olmayotgandek taassurot qoldirardi.
Yana bir taajjublanarli joyi shu ediki, moʻysafidning tevarak-atrofidagi maydon keng va ochiq boʻlib, goʻyo uni bir umrga yakka-yolgʻiz tashlab ketishganday va bu unga maʼqul kelib, bundan-da boshqa tilak-istagi yoʻqdek edi. Uning chaynashiga astoydil razm solarkanman, qani, koʻraylik-chi, nima boʻlarkin, deya kutishga tushdim. U uzoq chaynaldi, bunaqangi chin dildan, samimiy va chiroyli chaynaydigan odamni, gapning ochigʻi, umrim bino boʻlib koʻrmagan edim. Hech vaqo boʻlmasa-da, ogʻzim bir nimani chaynash uchun oʻz-oʻzidan asta harakatga kelayotganini his qila boshladim. Hali hech qaysi bir insonning ogʻzi shunchalik lazzatga erisha olishini koʻrmaganimdanmi, unga nisbatan qalbimda chuqur hurmat-ehtirom tuydim. Koʻzi ojizligiga ham ortiq rahmim kelmay qoʻydi, u koʻrinishdan xotirjam va mamnun edi. Boshqa tilanchilarga oʻxshab, soʻrab, tilanib, talab qilib oʻtirmas, sinini buzay demasdi. Ehtimol, nimaiki zarur boʻlsa, hammasi muhayyodir, balki unga endi ortiq hech narsa kerakmasdir, kim biladi.
Shu zaylda chaynashni bas qilgach, lablarini bir necha bor yalab, barmoqlari kerik oʻng qoʻlini bir ozgina oldinga choʻzdi-da, xirillagan, boʻgʻiq ovozda duo oʻqishga tutindi. Men unga yanayam yaqinroq borib, qimtinibgina qoʻliga yigirma frank tanga pul qoʻydim. Barmoqlar qanday boʻlsa, shundayligicha qoldi; ularni chindanam buka olmasdi. U qoʻlini asta koʻtarib, ogʻziga yaqin olib bordi, tanga yoʻgʻon, doʻrdoq lablar oldida bir koʻrinish berdi-da, soʻng koʻzdan yoʻqoldi. Chol yana asta chaynalishga tushdi. Ogʻzidagi tangani dam chap, dam oʻng lunjiga olarkan, uning harakatlarini koʻz uzmay kuzatardim, u esa bamaylixotir chaynashda davom etardi.
Turib-turib, taajjubim oshib, shubhaga berildim. Mabodo, adashmayotganmikinman? – soʻradim oʻz-oʻzimdan. Ehtimol, sezmay qolgandirman, tanga balki boshqa yoqqa tushib ketgandir. Yana kutishda davom etdim. Xuddi boyagiday mazza qilib chaynab boʻlgach, tanga nihoyat, uning lablari orasida paydo boʻldi. Chap qoʻlini koʻtarib, tangani tufladi, unga qoʻshilib koʻplab soʻlakay ham oqib chiqdi. Soʻngra tanga chap tarafdagi choʻntakka tushib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.
Bu gʻalati, gʻayrioddiy hodisani koʻrib turib, koʻnglim aynib, qayt qilgim keldi. Dunyoda puldan ham koʻra iflosroq narsa bormi, axir? Ammo bu qariya men emasdim, kaminaning koʻnglini aynitgan narsa unga… zavq bagʻishlardi. Darvoqe, pulga sajda qilib, uni oʻpgan odamlarni ora-sira boʻlsa-da, koʻrmaganmidim? Albatta, koʻrganman. Ayni choqda koʻplab soʻlakay oʻzgacha bir maqsadga xizmat qilishi aniq. Bu qariya boshqa tilanchilardan birgina jihati, yaʼni moʻl-koʻl soʻlakay “ishlab chiqara” olishi bilan ajralib turishi esa kunday ravshan. Sadaqa soʻrashdan avval; biron nima yeyishdan oldin u har doim ana shunday tarzda uzoq mashq qilguchi edi, – boshqa hech kim bunday qilib oʻtirmas edi. Demak, uning dahanidagi saʼy-harakatlarida qandaydir sir, allanechuk maʼno bor edi, chamamda.
Yoki u faqat mening tangamnigina ogʻziga soldimikin? Sadaqa tarzida oladigan odatdagi tangalardan koʻra qiymatliroq ekanini kaftida his qilgach, menga alohida minnatdorchilik bildirmoqchi boʻldimikin yo? Qariyaga ham hayron, ham qoyil qolib, undan boshqa hech bir kimsa koʻzimga koʻrinmasdi. Xullas, azbaroyi qiziqqanimdan oxiri ne boʻlarkin, deya kutishga qaror qildim. Chol duo oyatlarini bir necha bor takrorladi. Bu orada bir arab ham kelib, unga besh franklik tanga berib ketdi. Zum oʻtmay, uni ham ogʻziga solib, avvalgidek chaynala boshladi. Aftidan, bu gal unchalik uzoq davom etmadi, tanga bilan yana koʻp soʻlak ajralib chiqdi. Uni choʻntagiga joylarkan, undan boshqa, butunlay mayda tangachalarni olib, yana boyagi “faoliyat”ini davom ettirdi. Mening esa hech narsaga aqlim yetmay, boshim qotib qolgandi; qanchalik uzoq tikilganim sayin, jumboq shunchalik chuqurlashib borardi. Biroq bir narsaga, yaʼni bu uning “oʻziga xos” sadaqa soʻrash uslubi ekaniga ortiq shubha qilib boʻlmasdi. Odamlar bir nima berarkan, uning ogʻzini ham poylashardi, har gal ochganida esa ogʻzi menga tobora qizarib koʻrinardi.
Avvaliga payqamabman, olomon kaminani ham kuzatayotgan ekan. Kim biladi, ogʻzim lang ochilib, anqayib, kulgili bir holatga tushib qolibman, shekilli. Negaki, apelsin ortidan bir odam toʻppa-toʻgʻri oldimga kelib, xotirjam ohangda:
– Bu marabu, – dedi, meni tinchlantirgan boʻlib.
Bilaman, marabular avliyosifat odamlar boʻlishadi, ular oʻziga xos kuch-qudratga ega. Ushbu soʻzni eshitib, bir oz xijolat boʻldim, ichimdagi ijirgʻanish ham birdaniga kamaydi-qoldi.
– Unday boʻlsa, nega u tangani ogʻziga soladi? – soʻradim men tortinchoqlik bilan.
– U doim shunday qiladi, – javob berdi haligi kishi butkul beparvo ohangda, uningcha, bu dunyodagi eng oddiy ish edi. U shunday deb, yana apelsinlar tomonga oʻtib ketdi, shundagina har bir doʻkoncha ortida bir necha juft koʻzlar menga hayron boʻlib termilib turishganini sezib qoldim. Shunchalik ham gʻalcha boʻlamanmi-ya, – dedim oʻzimni oʻzim koyib.
Shu bilan oʻzimcha xayr-maʼzur qilgan boʻldim. Marabu – xudojoʻy, taqvodor, undagi hamma narsa, hatto tupugi ham tabarruk boʻladi, – dedim oʻzimga oʻzim. Xayr-sadaqa qiluvchilar bilan tupugi orqali aloqa oʻrnatar ekan, ularni shunday bir yaxshilab duo qiladiki, natijada ular Yaratganning marhamatiga sazovor boʻladilar. Jannatning mavjud ekaniga ishonchi komil, hatto oʻzida ham odamlarga ulashish uchun bir nimalar bor va bu narsalar ularning tangalaridan ham koʻra qimmatliroq edi. Ha, mana endi angladim uning ojiz qiyofasidagi shodonlik sababini, u men shu paytgacha koʻrgan boshqa barcha tilanchilardan aynan mana shu tuygʻusi bilan ajralib turardi.
Uni yodimga jo qilib, yoʻlimda davom etdim va u haqda barcha doʻstlarimga soʻzlab berdim. Taassufki, uni shu paytga qadar hech kim koʻrmagan ekan, shu bois boʻlsa kerak, ular soʻzlarimning haqqoniyligiga shubha qila boshlashdi. Ertasi kuni uni oʻsha joydan izlab topa olmadim. Men uni hamma joyda va har kuni qidirib koʻrdim, biroq undan nom-nishon yoʻq edi. Balki u togʻ-toshda yolgʻiz oʻzi yashar va shaharga onda-sonda kelar, oʻyladim oʻzimcha. Apelsin sotuvchilardan soʻrashga esa iymandim, chunki ularga buning qizigʻi yoʻq edi. Doʻstlarimga qariya haqida sira ham tortinmay soʻylarkanman, buni uni yaxshi bilgan va tanigan kishilardan sir tutardim. U ham men haqimda deyarli hech nima bilmasdi, yana tagʻin kim biladi, balki odamlar unga kamina toʻgʻrisida gapirib berishgandir, balki.
Oradan bir hafta oʻtgach, oʻsha kuni yana shanba oqshomi edi, kutilmaganda uni uchratib qoldim. U bu gal ham xuddi oʻsha doʻkon oldida turar, biroq chaynalmasdi – ogʻzida hech vaqo yoʻq edi, chamamda. Chol duo oʻqib boʻlgach, unga tanga berib, nima boʻlarkin, deya kuta boshladim. Sal oʻtmay yana tirishqoqlik bilan chaynalishga tushdi. Shu payt bir kishi bexosdan oldimga kelib, menimcha, boʻlmagʻur gaplarni gapirdi.
– Bu – marabu. Uning koʻzi ojiz. Qancha berganingizni bilish uchun tangani ogʻziga solib koʻradi, – dedi u.
Soʻng marabuga arabchalab allanimalar dedi-da, men tomonga ishora qildi. Moʻysafid chaynashni tugallab, ogʻzidan tangani oldi. U men tomonga oʻgirilgandi, nogoh uning chehrasi, butun siymosi yayrab-yashnab ketdi. Meni duo qila boshladi va tilovatni olti marta takrorladi. Oyatlarni oʻqiyotgan chogʻda uning siymosidagi samimiylik va mehr vujud-vujudimga shunday chuqur singdiki, gapning rosti, men hali hech qachon bundayin marhamatga musharraf boʻlmagan edim.
Elias KANETTI,
Avstriya adibi va dramaturgi, Nobel mukofoti sohibi
Nemis tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi.
“Ijod olami”, 2018/6
https://saviya.uz/ijod/nasr/marabu/