Oʻzbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, mashhur shoir, zabardast dramaturg, adabiyoshunos olim va tarjimon Maqsud Shayxzoda 1908 yili Ozarbayjonning Oqtosh shahrida tavallud topdi.
Boshlangʻich va oʻrta maʼlumotni Oqtoshda olgach, Boku Oliy pedagogika institutida sirtdan oʻqidi va 1925 yildan boshlab Darband shahrida muallimlik bilan shugʻullandi.
Shayxzoda 1928 yilda Toshkentga kelib, turli gazeta va jurnallar tahririyatlarida, 1935–1938 yillarda esa Fanlar qoʻmitasi qoshidagi til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1938 yildan to umrining soʻnggiga qadar Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutining (hozirgi universitet) oʻzbek klassik adabiyoti kafedrasida dotsent vazifasida xizmat qilib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda ishtirok etdi. Shoirning adabiy faoliyati 1929 yildan boshlandi. Uning “Oʻn sheʼr” (1932), “Undoshlarim” (1933), “Uchinchi kitob” (1934), “Jumhuriyat” (1934) toʻplamlarining nashr etilishi adabiyotga oʻziga xos ovozli shoir kirib kelayotganidan darak berdi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida shoir butun ijodiy quvvatini, qalb haroratini dushman ustidan qozonilajak gʻalabaga safarbar etdi. Urushning birinchi kunlaridanoq jang qahramonlarini ulugʻlovchi, front orqasidagi kishilarning fidokorona mehnatini ifodalovchi “Kurash nechun?” (1941), “Jang va qoʻshiq” (1942), “Koʻngil deydiki…” kabi sheʼriy toʻplamlari, “Jaloliddin Manguberdi” (1944) tarixiy dramasi va boshqa qator publitsistik asarlarini chop etdi.
Maqsud Shayxzoda urushdan keyingi yillarda tinchlik uchun kurash haqida “Oʻn besh yilning daftari”, “Olqishlarim”, “Zamon torlari”, “Shuʼla”, “Chorak asr devoni” kabi sheʼriy toʻplamlarini yaratdi.
Otashin shoir mustabid tuzumning jabr-zulmidan chetda qolmadi. U birinchi bor 1928 yili qamoqqa olingan va sovetlarga qarshi tashviqotda ayblanib, 3 yilga Oʻzbekistonga surgun qilingan edi. Ikkinchi marta esa Shayxzoda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidan oʻchirilib, 1952 yil 22 sentyabrda qamoqqa olinadi va 25 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.
Shoir Stalin vafotidan keyin ozodlikka erishdi; ijodga qaytib, 1958 yili koʻhna va navqiron Toshkent shahriga bagʻishlangan “Toshkentnoma” lirik dostonini yozdi. 1960 yilda “Mirzo Ulugʻbek” tragediyasini yozib, unda buyuk munajjim va maʼrifatparvar davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek obrazini yaratdi.
Shayxzoda Pushkinning “Mis chavandoz”, Lermontovning “Kavkaz asiri”, Mayakovskiyning “Juda soz” dostonlari va koʻplab sheʼrlarini, Shekspirning “Hamlet”, “Romeo va Julyetta” tragediyalari va sonetlarini, Nozim Hikmatning sheʼrlarini, ozarbayjon shoirlari asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi.
Shayxzodaning oʻzbek adabiyoti tarixi, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiyoti, xususan, Alisher Navoiy ijodini tadqiq etish borasidagi ilmiy ishlari ham tahsinga sazovordir. U filologiya fanlari nomzodi, dotsent ham edi. Ammo eng avvalo buyuk shoir edi.
Adibning asarlari koʻplab qardosh va xorijiy xalqlar tillariga tarjima qilingan.
2001 yili oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Shayxzoda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/maqsud-shayxzoda-1908-1967/