MANUFAKTURA (lot. manus — qoʻl, factura — tayyorlash) — mehnat taqsimoti va qoʻl hunari texnikasiga asoslangan korxona. Sanoat taraqqiyotining oddiy kooperatsiyadan keyingi, 2-bosqichi. M. Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida 16-a. ning oʻrtalarida vujudga kelib, 18-a. ning oxirgi choragigacha davom etdi. Angliyada (16—18-a. lar) dastlab toʻqimachilik sanoatida, qogʻoz va shisha i. ch. sohalarida rivoj topdi. 17-a. ning 2-yarmidan boshlab 19-a. ning 1-yarmiga qadar Rossiyada mavjud boʻlgan.
Oʻzbekistonda 19-a. ning 2-yarmi va 20-a. ning boshida Manufaktura f-kaning yordamchi boʻlimi sifatida hamma sohada bor edi va bu narsa katta ahamiyatga ega boʻlgan.
Ishchi va mehnat qurollarining tor ixtisoslashuvi tufayli Manufaktura ijtimoiy mehnat unumdorligini oshirdi. Lekin u ichki va tashqi bozorning tovarlarga boʻlgan talabini qondira olmas edi. Manufaktura tarixan ijobiy xarakterga ega boʻldi, ijtimoiy mehnat taqsimotining kuchayishiga yordam berdi, yirik mashinalashgan i. ch. ga oʻtishga zamin yaratdi.