Mantiqsizlik mantiq boʻlsa…

Choʻlpon sheʼriyatini oʻqiganda koʻz oʻngimga bunday manzara keladi: ayni bahor… kechasi salqin tushgan… tong otdi… siz bedazor chetida turibsiz… osmonda tong quyoshi charaqlayapti… bedalarning har bitta yaprogʻida bittadan oftobchalar lovullab turibdi… minglab oftobcha…

Siz dunyodagi hamma tashvishlarni, jamiki mayda gaplarni unuting-da, beda yaproqlarida yonib turgan quyoshchalarga uzoq tikilib, xayol suring. Shunda koʻnglingiz soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan nurli va mahzun tuygʻularga toʻladi. Yigʻlagingiz keladi. Faqat, bedazorga bostirib kirmang: oftobchalar toʻkilib ketadi…

Choʻlponning nasriy asarlari, xususan, “Kecha va kunduz” romani haqida nima deyish mumkin? Bu asar toʻgʻrisida faqat ikkita mulohaza aytishga jurʼat qilaman. Birinchidan, “Kecha va kunduz” – noyob isteʼdodli, katta shoirning nasriy asari. Aynan, shoirning nasriy asari! Jinday koʻtarinki, jinday shoirona ruhi bilan, jozibali tili bilan. Ikkinchidan, bu roman Choʻlpon oʻsha paytdayoq Yevropa adabiyotini sinchiklab oʻrganganidan darak beradi.

Albatta, shoir ijodi haqida koʻp gapirish, asarlarini tahlil qilish, bahslashish mumkin. Ushbu xiyla mushkul va sharafli yumushni qilni qirq yoradigan hurmatli olimlarimizga havola etib, men boshqa masala haqida gapirgim keladi.

20-yillar oʻzbek adabiyoti osmonida yulduzlar oz emas edi. Ayniqsa, yorqin porlab turgan ikkita yulduz boʻlib, biri Abdulla Qodiriy, biri Choʻlpon edi. Bu ikki isteʼdod, ikki katta shaxs biri nasrning, biri nazmning qanoti boʻlib, oʻzbek adabiyotini, demakki, oʻzbek millatini baland samolarga olib chiqdi, olis manzillarga yetkazdi. Ammo, afsus, ikkala qanotni ham sindirdilar… Nega shunday boʻldi?

Bundan ikki yil ilgari, “Sharq yulduzi” jurnalida “Kecha va kunduz” romani eʼlon qilinayotganida jiddiy toʻsiqlar paydo boʻldi. Asar nashrini toʻxtatib qoʻyish xavfi tugʻildi. Muharrir sifatida, ertami-kechmi, shunday gap chiqishini bilar edim. Erkin Vohidovning “Istanbul fojiasi”, Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni” asarlarini eʼlon qilish ham osonlikcha kechgan emas (kezi kelganda aytish kerak, yaqinda Qurʼoni karimning tarjimasi chiqish arafasida ham “ehtirosli va murosasiz” kurashlar boʻldi. Holbuki, 88-yil qayoqdayu 90-yil qayoqda? Hayotimizdagi inqilobiy oʻzgarishlar surʼati shiddat bilan kechyapti. Lekin inson ongidagi siljish hayotdagi oʻzgarishga nisbatan har doim sekinroq va qiyinroq roʻy berar ekan).

Romanni bosishga bir vaqtlar Choʻlponni qatagʻon qilgan kuchlar toʻgʻanoq boʻldilar (albatta, ochiqchasiga emas, zimdan ish pishirishga urindilar). Nachora, kurash oʻz nomi bilan kurash. Bahslashasan, asabiylashasan… Kechalari uxlamay chiqasan… Oʻsha kezlari uyqusiz tunlarda bir xulosaga keldim. Aslida bu – favqulodda yangilik emas, oddiy haqiqat edi.

Yetmish yil mobaynida, ehtimol undan ham ancha oldindan beri jamiyatimizni kalovlatib kelgan sabablardan biri – toʻporigina, joʻngina narsa edi. Biz amalda erishib boʻlmaydigan narsani haqiqat darajasiga koʻtarishga urinibmiz. Hamma bir xilda fikrlashi kerak, bir xilda xursand boʻlishi, maʼqullashi, baravariga “yashasin!” deb baqirishi… xullas, bir xilda yashashi shart! Tabiiy, bunday urinishda mantiq yoʻq. Xoʻp, mantiqsizlikni yagona mantiq darajasiga, yolgʻonni rost darajasiga koʻtarish uchun nima qilish kerak? Bittagina yoʻli bor: u ham boʻlsa, odamlarni qoʻrqib yashashiga majbur etish. Qoʻrqitishning usullari koʻp. Tuhmat qilish, qoralash, qamash, oʻldirish… shu tariqa bir “mantiq” ikkinchi “mantiq”ni tugʻdirdi. Bu shunaqangi dahshatli “mantiq” ediki, oʻylasang, yuraging orqaga tortib ketadi. Tasavvur qiling: men qoʻlimda qurol bilan qoʻshnimning xonadoniga bostirib kirdim. Men xohlagancha yashaysan, men xohlagandek fikrlaysan, men buyurgan yoʻldan yurasan, dedim. Qoʻshnim koʻnmadi. Men uni otib tashladim. Qoʻshnimning bolasi meni yomon koʻrib qoldi, menga qarshi kurash boshladi. Men uni “aksilinqilobchi”, “millatchi”, “bosmachi”, deb eʼlon qildim. Butun dunyoni shunga ishontirishga urindim. “Ajoyib mantiq”!

Bu – hayotdagi, siyosatdagi voqelik edi.

Ijodda-chi? Mazkur “mantiqqa” (yaʼni, mantiqsizlikka) hayron qolganlar, ishonmaganlar, jinday monelik qilganlar qamoqqa tiqildi, mahv etildi. Ajablanarlisi, mamlakatimizdagi hamma jumhuriyatlarda haqiqatni aytgan, el-yurt manfaatini himoya qilgan xalq farzandlari “xalq dushmani” deb eʼlon qilindi. Yanayam “gʻaroyib mantiq!”

Nazariya nima boʻldi? Deylik, adabiyot nazariyasi? Nima boʻlardi, ming xil “izm-izm”lar oʻylab topildi. “Mana, senga toʻrtta yoki beshta moddadan iborat “izm”. Shu qolipga tushasan. Qolip toʻlmasa bir hissa baloga qolasan, qolipga sigʻmay qolsang, ikki hissa. Ajab, Dante “Ilohiy komediya”ni yozayotganida qanday “izm”ni oʻylaganiykin? Alisher Navoiy “Farhod va Shirin”ni ijod qilayotganida-chi? Shekspir oʻz fojialarini qogʻozga tushirayotganida-chi? Aleksandr Soljenitsin “GULAG arxipelagi”ni qaysi “izm”ga moslab yozdi? Oddiy bir haqiqat bor: chinakam yozuvchi bir varaq oq qogʻoz bilan yuzma-yuz qolganida “izm”larni oʻylab oʻtirmaydi. Uning qalbida, xayolida, koʻz oʻngida inson turadi. Inson qismati, tuygʻulari, odamning hayot bilan, jamiyat bilan munosabati turadi.

Albatta, adabiyotshunoslik ilmi qalamkash ijodi qaysi yoʻnalishdan borganini yoki borayotganini oʻrganishi, tahlil etishi, xulosalar chiqarishi tabiiy. Biroq ijodkorga qolipni oldindan tayyorlab qoʻyish ot aravani emas, arava otni tortib ketishiga oʻxshamaydimi?

“Izm”lar qolipiga sigʻmagan yoki sigʻishni xohlamagan isteʼdodlar (badiiy ijodda ham, fanda ham) qatagʻon qilindi. Eng yorqin isteʼdodlar, eng dono aqllar “yot unsur”ga aylandi. Qalbsiz va boshsiz tanalar esa gʻaroyib matal ixtiro qildilar: “Ahmoq oʻylaganini aytadi, dono kerakli gapni”. Sen shunday yozginki, qahramoning odam boʻlishi shart emas, QAHRAMON boʻlsin. Kulganda faqat BIZning odamlarga oʻxshab kulsin, yigʻlaganda faqat BIZning odamlarga xos yigʻlasin. Qarang, naqadar olamshumul “mantiq”!

Bir tasavvur qilib koʻring. Nahot Margaret Tetcher oʻz nabirasini oʻzbek kampiridan koʻra kamroq yaxshi koʻrsa? Koʻz oʻngizga keltiring: amerikalik milliarderning yaqin kishisi qazo qildi. Milliarder marhum tepasida yigʻlab turibdi. Ittifoqo, Oʻzbekistoning olis bir qishlogʻida xuddi shu soatda oddiy oʻzbek dehqonining yaqin odami ham olamdan oʻtdi. Dehqon ham marhum ustida yigʻlab turibdi. Kimyogarlar tekshirib koʻrsin: dunyoning u burchida gʻam chekayotgan bir odam bilan dunyoning bu burchida iztirob chekayotgan ikkinchi bir odamning koʻzyoshi bir-biridan farq qilarmikin? Insonning quvonch va iztiroblari chegarani tan olarmikin? Katta-kichik “izm-izm”larga boʻysunarmikin?

Choʻlpon sheʼriyati shabnamga oʻxshashi bejiz emas. Shoir toʻygʻulari shabnamdek shaffof, shudringdek pokiza va, eng muhimi, tabiiy edi. Tabiiylik esa yolgʻon mantiqni hazm qilolmaydi. Choʻlpon va choʻlponlar yolgʻon mantiqqa boʻysuna olmagani uchun ham mahv etildi. Adolat shabadalari endi-endi esa boshlagandan keyin ham gʻalati gaplar boʻldi. Eslang: “Choʻlpon, Fitrat va boshqalar fuqaro sifatida oqlandi, ijodkor sifatida oqlanmadi”. Rostdan bir chaqirim uzoq, yolgʻonga bir enlik yaqin turadigan bunday yarim haqiqatni, chorak, nimchorak, nim-nim chorak haqiqatni oʻylab topganlarga tasanno, demay iloj yoʻq! Qarang, fuqaro sifatida oqlanibdi-yu, ijodkor sifatida qoraligicha qolaveradi. Baraka top, shovvoz!

Holbuki, bular haqiqiy isteʼdodlar, haqiqiy ijodkorlar edi. Yaʼni, fuqaro sifatida nimani his qilsa, ijodkor sifatida shuni qogʻozga rost tushirgan. Modomiki, ular fuqaro sifatida oqlangan boʻlsa, demak… yozgan asarlari haq ekan-da!

Mana, qayerda yotibdi HAQIQIY MANTIQ! Agar shu tafakkur yoʻlidan boradigan boʻlsak, koʻp yillar aytishga qoʻrqqanimiz, adolatli fikrga kelamiz. Choʻlpon va boshqalarning “millatchilik ruhida yozilgan” deb baholangan asarlariga tuhmatomuz, birtaraflama yondoshilgan. Adolat va adolatsizlik, milliy gʻurur va millatchilik, haqiqat va uydirma aralash-quralash qilib yuborilgan.

Shukronalar boʻlsinki, yangi zamonlar keldi. Bilmadim, ehtimol yana oʻn yillardan keyin bu gaplarni doston qilib oʻtirish erish tuyular. Lekin hozir aytmasak boʻlmaydi. Oʻsha mantiqsizliklar qaytadan yagona va oʻzgarmas “mantiq”qa aylanmasligi uchun ham bu gaplarni aytish kerak. Qodiriylar Choʻlponlar, Fitratlaru Behbudiylar, Elbeklaru Usmon Nosirlarning chirqillagan ruhi bugun bu haqiqatni bor ovozda aytishini taqozo qilyapti. Shunday qilmasak, shahidlar arvohi bizni kechirishi qiyin.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

1990 yil

https://saviya.uz/hayot/nigoh/mantiqsizlik-mantiq-bolsa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x