Mangu mezon

Oʻtgan yilda adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilik diqqat markazida yangi asarlar emas, aksariyat mumtoz namunalar turgani roman janri toʻgʻrisidagi maqolalarda ham, jahon adabiyotidagi yangicha tamoyillar xususidagi chiqishlarda ham, milliy adabiyotimizdagi yangicha oʻzgarishlarga doir kuzatishlarda ham yaqqol seziladi. Ayni holat, bizning turmushimiz, tafakkur tarzimiz, dunyoqarashimiz uchun koʻproq tarix ibrat, tayanch boʻlib qolayotganini bildiradi. Taraqqiyot esa tarixga tayanishni emas, uni zinaga aylantirib, yangilikka intilishni taqozo etadi.

2011 yilda “Sharq yulduzi” jurnali “tahririyati mashaqqatli va murakkab tadrijiy yoʻlni bosib oʻtgan roman janri atrofida ilmiy-nazariy bahs uyushtirishni lozim topdi”. Jurnal sahifalarida Umarali Normatov, Muhammadjon Xolbekov, Dilmurod Quronov, Islomjon Yoqubovning maqolalari eʼlon qilindi. Umarali Normatov, Islomjon Yoqubovning asosiy eʼtibori oʻzbek romaniga qaratilgan boʻlsa, Muhammadjon Xolbekov va Dilmurod Quronov bu janrning Yevropa adabiyotidagi holati bilan tanishtiradi. Ushbu maqolalarni bir jihat – “roman – ayni paytda, adabiyotdagi yetakchi janr” degan qarash birlashtirib turadi. Muhammadjon Xolbekovning “Yetakchi janrning tadrijiy tamoyillari”, Dilmurod Quronovning “Roman haqida ayrim mulohazalar” maqolalari dalil, qiyoslashga asoslanishi, xorijiy adabiyot namoyandalari ijodi bilan tanishtirishi, roman janri toʻgʻrisidagi ilmiy-nazariy qarashlarga tanqidiy munosabat bildirilishi bilan eʼtiborni tortadi. Umarali Normatov romanlarimizda millatimizning taqdiri aks ettirilganini taʼkidlar ekan, mulohazalarini “Oʻtkan kunlar” (Abdulla Qodiriy)dan boshlab, “Dinozavr” (Shukur Xolmirzayev), “Bozor” (Xurshid Doʻstmuhammad), “Muvozanat” (Ulugʻbek Hamdam) romanlari toʻgʻrisida fikr bildirish bilan tugallaydi. Yaʼni, munaqqid munozara uchun ikki-uch emas, toʻqson, yigirma, oʻn besh yil avval bitilgan asarlarni mavzu qilib oladi. Islomjon Yoqubovning “Oʻzbek romanining maʼnaviy-ruhiy asoslari” maqolasida ham shu vaqt oraligʻidagi romanlarning turli jihatlari toʻgʻrisida soʻz yuritiladi.

2011 yilgi adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilikda ham avvalgi davrda boʻlgani kabi Navoiy hayoti va ijodi xususidagi tadqiqot va maqolalar salmoqli oʻrin tutadi. Dilorom Salohiy “Dardinggʻa Navoiy holin ishtihod bil…” maqolasida shoirning “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidagi:

 

Ey koʻngul, yer-koʻk asosin asru bebunyod bil,

Ul kesakni suda koʻr, bu sahfani barbod bil, – matlaʼli gʻazalini tahlil qilar ekan: “Jamiyatning chuqur fikrlovchi aʼzolari – soʻfiylar tarbiyasiga kirishgan shoir, avvalo, oʻz ilmi, ijodi va pirlik faoliyati bilan jamiyat pokligi va barqarorligi uchun xizmat qiladi. Ushbu gʻazalida Navoiy pir sifatida namoyon boʻladi”, deb taʼkidlaydi. (“Sharq yulduzi” jurnali, 2011 yil, 1 son. 42-bet.)

Najmiddin Komilov “Ishq otashgohi” maqolasi (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2011 yil, 4 fevral)da ulugʻ shoirning “Etmish” radifli gʻazali xususida soʻz yuritsa, Nusratullo Jumaxoʻjaning “Debocha matni mukammalmi?” maqolasi (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2011 yil, 11 mart)da Navoiyning birinchi rasmiy devoni “Badoyeʼ ul – bidoya” va toʻrt mustaqil devondan tarkib topgan “Xazoyin ul – maoniy”ning birinchi devoni “Gʻaroyib us – sigʻar”da berilgan debochalar xususida mulohaza bildirilib, ulugʻ shoir asarlari nashrida yoʻl qoʻyilgan nuqsonlarga eʼtibor qaratiladi. “Ustoz va isteʼdod” maqolasi (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2011 yil, 7 yanvar)da esa Najmiddin Komilov “Xamsa” muallifi isteʼdodlarga gʻamxoʻrlik bobida ham XXI asr uchun ibrat namunasi ekanligini misollar asosida isbotlaydi. Hasan Qudratullayevning “Hech kim Navoiychalik javob yozolmagan” maqolasi (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2011 yil, 11fevral)da “Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy”da Navoiy siymosi qanday yoritilganini qiyoslaydi.

Boyboʻta Doʻstqorayevning “Alpomish” matnining jilolari” (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2011 yil, 1 yanvar) va “Buyuk mutafakkir” (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2011 yil, 4 fevral) maqolalari ham kishi yoshi ulgʻaygan sari yangi asarlardan koʻra mumtoz asarlardan zavqlanishini koʻrsatadi. Muallif ushbu maqolalarida adabiyotning asl asarlarida har bir soʻz, atama qat-qat maʼnoni mujassamlashtirgani, ular zamonlar oʻtgan sari sir, jumboq boʻlib borishi, ularni ang-lash, mohiyatini izlash esa tafakkurni charxlashini namoyon etadi.

Ulugʻ siymolarning hayot yoʻli, ular qoldirgan moddiy-maʼnaviy meros avlodlar uchun hamisha bebaho ibrat namunasi, ayni chogʻda, turli bahs-munozaralar manbai boʻlib qoladi. Mashrab hayoti va ijodi toʻgʻrisida davom etib kelayotgan tortishuvlar ham bunga misol boʻla oladi. Oʻtgan yili ham bu xususida munozara kechdi. Bu turkumdagi maqolalar orasida, taʼkidlash joizki, Abdusattor Jumanazarning chiqishlari mantiqiy mulohazaga asoslanishi, dalillarining aniqligi bilan ajralib turadi. Abdusattor Jumanazar mumtoz adabiyotimiz toʻgʻrisidagi mulohazalarini bayon etganda mavhum, umumiy gaplar bilan aravani olib qochmaydi, havoyi daʼvolarga berilmaydi. Jumladan, “Muqaddima – asarning bosh soʻzi” maqolasi (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2011 yil, 25 fevral)da: “J. Yusupov domla ishlarida muttasil tayanib kelayotgan “Tazkirai qalandaron” manbasidan foydalanmoqchi edik, u yoʻq narsa boʻlib chiqdi. Undan tashqari, Boborahim Mashrabning tugʻilgan yili deb ilmga kiritilgan mashhur 1653 sanasi ham yanglish hisob ekan. Tadqiqotlardan Mashrabning ilk ustozi Bozor oxund haqida maʼumot qidirgandik. Oxiri bir paytlar N. S. Likoshin adashib yurgan yoʻlda bir asrdan ziyodroq sargardon boʻlganimiz ochilib qoldi”, deyiladi.

Baxtiyor Nazarov “Yigirma yoshdagi shoirlarimiz” maqolasi (“Sharq yulduzi” jurnali, 2011 yil, 5 son)da mustaqilligimizga tengdosh shoirlarning sheʼrlarini Fit-rat, Mirtemir, Rauf Parfining yigirma yoshda bitgan sheʼrlariga qiyoslashga kirishadi va navqiron ijodkorlarning dastlabki toʻplamlari, turkum sheʼrlari tahlili asosida “didi teran, oʻziga xos mahoratga ega haqiqiy shoir degan maqomga munosib ravishda shakllanib kelayotgan yangi kuchlarimiz bor, deb dadil ayta olamiz”, degan qarashni oʻrtaga tashlaydi. U yosh shoirlar sheʼrlaridan ohorli obrazlar, tiniq tashbehlar, teran fikrlar topadi. Bu esa, tabiiyki, izlanayotgan ijodkor koʻnglida umid uygʻotib, uni intilishga undaydi. Noʻmon Rahimjonov ham “Adabiyotshunoslikning yangi bosqichi” maqolasi (“Sharq yulduzi” jurnali, 2011 yil, 5 son)da ijodkor hamisha ragʻbatga ehtiyojmand ekanidan kelib chiqib, adabiyotshunos va munaqqidlar kitoblariga baho beradi va istiqlol davrida adabiyotshunosligimizda namoyon boʻlgan bir qator oʻzgarishlarni qayd etadi. Jumladan, “adabiyotshunoslikda badiiy asarlarni gʻoyaviy-tematik tahlil qilishga butkul chek qoʻyildi, adabiyot ilmining boshqa fanlar bilan aloqasi kengaydi, oʻzbek adabiyoti namunalarini jahon adabiyotidagi mumtoz asarlar bilan qiyoslab tahlil etishga kirishildi” deb, istiqlol davri oʻzbek adabiyotshunosligiga xos qator xususiyatlarni koʻrsatadi. Umumxarakteridagi ushbu maqola mustaqillik yillaridagi oʻzbek adabiyotshunosligi toʻgʻrisida keng tasavvur uygʻotishi bilan eʼtiborni tortadi. Noʻmon Rahimjonov ham boshqa adabiyotshunos, munaqqidlar singari istiqlol davrida yaratilgan tadqiqotlarni adabiyotshunoslikka oid avvalgi kitoblar bilan taqqoslaydi. Ibrohim Gʻafurovning “Oʻzgarayotgan dunyoda sheʼr soʻzi” maqolasi (“Sharq yulduzi” jurnali, 2011 yil, 5 son) ham umumxarakterda boʻlib, unda muallif 2010 yil sheʼriyati toʻgʻrisida fikr bildiradi. Ushbu maqoladagi mulohazalar sheʼr, uning qadri, ahamiyati toʻgʻrisidagi tasavvurni yanada oydinlashtiradi. Munaqqid zamonaviy sheʼriyatimizdagi oʻzgarishlar avvalgi sheʼriyat bilan uzviy bogʻliq ekanini teran kuzatishlar asosida koʻrsatadi. Ibrohim Gʻafurov bugunning shoirlari ijodiga baho berar ekan, Choʻlpon, Mirtemir, Asqad Muxtor sheʼriyatini esga oladi va sheʼriyatda hamisha ijodiy musobaqa va gʻoyibona mushohada kechishini taʼkidlaydi. “Oʻzgarayotgan dunyoda sheʼr soʻzi” maqolasida munaqqidning joʻshqin his-tuygʻulari, ehtirosga yoʻgʻrilgan mushohadalari aks etadi. Joʻshqin his-tuygʻular, qaynoq ehtiroslar esa yurakning tubidan otilib chiqadi. Ibrohim Gʻafurovning sheʼriyatimiz toʻgʻrisidagi mulohazalarida xuddi shu manzara koʻrinadi.

Muhammadjon Xolbekovning “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Yoshlik”, “Guliston” jurnallarining 2011 yilgi sonlarida eʼlon qilingan maqolalari sanʼat va adabiyotdagi norealistik oqimlarning umumiy nomini bildiruvchi, hayotni badiiy aks ettirishda realizmga xos anʼanani inkor etuvchi, voqelik mohiyatini sabab – natija tartibi asosida tushuntirib boʻlmasligini targʻib qiluvchi, ijodda subʼyektivlik ahamiyatini ustun deb biluvchi, mantiqiy bilishdan intuitiv-hissiy bilishni yuqori qoʻyuvchi, insonning ichki olamida kechadigan tiyiqsiz evrilishlarga alohida eʼtibor qaratuvchi sanʼat va adabiyot modernizm hodisasi toʻgʻrisidagi tasavvurimizni ancha kengaytiradi.

“XXI asr nasri manzaralari” Yoʻldosh Solijonovning adabiyotshunos, munaqqid sifatidagi koʻp yillik faoliyati davomida matbuotda chiqqan eng katta maqolasi sanaladi. Hajman salmoqdor ushbu maqolada kuyinchak munaqqid mustaqillik davri oʻzbek nasri toʻgʻrisida fikr bildirish asnosida, adabiyotdagi yangilanish va ijtimoiy-maʼnaviy hayotdagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida oʻzi anglagan haqiqatlarni ehtiros bilan bayon etadi. U Zulfiya Qurolboy qizining “Armon asirasi”, “Mashaqqatlar girdobi”, Salomat Vafoning “Ovoraning koʻrgan-kechirganlari”, Habib Temirovning “Qasos va muhabbat”, “Qora qasr asirasi”, “Makrmi yo muhabbat?”, Normurod Norqobilovning “Dashtu dalalarda”, Turob Maqsudning “Ilinj”, Jabbor Xalilning “Dovul”, “Taqdir bekatlari” asarlarini atroflicha tahlil qiladi. Ularning ijobiy jihatlarini alohida qayd qilgani holda, mavjud kamchiliklarini asoslab koʻrsatadi.

Shuhrat Rizayev “Yaxshi “yomon” odam yoxud yangilangan realizm” maqolasi (“Sharq yulduzi” jurnali, 2011 yil, 3 son)da yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad asarlariga xos xususiyatlarni aniq yoritib beradi. Adibning asarlari toʻgʻrisida soʻz yuritar ekan, ularda hayot hodisalarini va inson obrazini aks ettirishda qanday yoʻl tutilgani, yangilangan realizm qanday haqiqatlarni anglashga imkon berishiga eʼtibor qaratadi. Adib “Panoh”, “Kuza…” qissalarida “ong oqimi” ifoda usulini qoʻllash asnosida, oʻquvchini faol fikrlashga daʼvat etishini taʼkidlaydi. Muallif “Kuza…” qissasida “ong oqimi” tajribalaridan (mozaika, montaj usuli, ichki monolog)dan faol foydalanganini qayd etadi hamda: “Xurshid Doʻstmuhammad ijodini faqat hissiy yondashuvning oʻzi bilan tahlil etib, tushuntirib boʻlmaydi. Unda hissiyot toʻlqinlari hamisha tafakkur qirgʻoqlariga urilib turadi. Biri ikkinchisini oʻzaro taqozo etadi”, degan xulosaga keladi.

Shuhrat Rizayev ijodkor mahorati toʻgʻrisidagi kuzatishlarini uning avvalgi asarlari bilan keyingi asarini qiyoslash asosida bayon etgani kabi Abdugʻafur Rasulov ham “Tolerantlik va ruhiy poklanish” maqolasi (“Sharq yulduzi” jurnali, 2011 yil, 3 son)da shu yoʻldan boradi. U Gʻafur Gʻulom, Mirtemir, Shukrulloning eng sara asarlari bilan ularning hayoti oʻrtasidagi bogʻliqlikka eʼtibor qaratadi. Ustoz ijodkorlar ham, sheʼriyatimizning bugungi yetakchi vakillari ham oʻz zamoni toʻgʻrisida dard, iztirob bilan mulohaza yuritganini taʼkidlab, ijodkor qalbi hamisha ziddiyatlarga toʻla boʻlishi, u oʻz iztiroblarini izhor etish orqali boshqalarning dilini poklashga, ularda hayotga umid, odamlarga, butun borliqqa muhabbat uygʻotishga intilishini, adabiyot va sanʼat xuddi shu xususiyati bilan umrboqiy ekanini qayd etadi.

Mahkam Mahmudov va Shodmon Otaboyevning “Jahon adabiyoti” jurnalidagi suhbati (2011 yil, 12 son)da asarlarning ahamiyatini belgilashdagi badiiylik mezonlari toʻgʻrisida soʻz yuritiladi. Unda butun yer yuzida global ravishda moddiy boylik, foyda ketidan quvish avjlanishi natijasida, kishilarning badiiy-estetik didi pasayib ketayotgani, oqibatda, maʼnaviy tanazzul chuqurlashayotgani, hamma narsani pul bilan oʻlchashga asoslangan bozor iqtisodiyoti “mahalliy klassik”larga keng yoʻl ochib berayotgani, “adabiyotda voqea boʻladigan, jiddiy asarlar kam yozilayotgan vaqtda bozorga moslashib, dedektiv yozadiganlar koʻpayib ketgani” toʻgʻrisida tashvish bildiriladi. Mahkam Mahmudov badiiylik mezonlariga munosabat oʻzgargani toʻgʻrisida fikr bildirar ekan, asar gʻoyasini baholashda Belinskiy unda tasvirlangan voqeaga jiddiy eʼtibor bergani, asar mazmunidan kelib chiqib, undagi har bir voqea va xarakter xususida alohida toʻxtalgani, voqealarni hayot bilan taqqoslab, bu xususda jiddiy fikr bildirgani, munaqqid oʻzining bu tarzdagi yondashuvi bilan adabiy jarayonga juda kuchli taʼsir koʻrsatganini eslatadi. Shodmon Otaboyev ham, Mahkam Mahmudov ham keyingi yillarda eʼlon qilingan yangi asarlarning aksariyati gʻoyat joʻnligi, avvalgi asarlar ulardan badiiy jozibador ekanligini taʼkidlashadi.

Raʼno Ibrohimovaning “Oʻzbek fantastikasi manzaralari” maqolasi (“Sharq yulduzi” jurnali, 2011 yil, 6 son)da ham fantastika yoʻnalishidagi mumtoz asarlar toʻgʻrisida toʻxtalinadi. Raʼno Ibrohimovaning fantastikashunos sifatidagi zukkoligini namoyon etadigan ushbu maqolada gap fantastika janrmi, turmi, yoʻnalishmi yoki mavzumi degan muammodan boshlanadi. Turli bahs-munozaralarga sabab boʻlib kelayotgan ushbu muammoga aniqlik kiritish maqsadida taniqli mutaxassislarning fikri keltiriladi. Shundan soʻng, hozirgi oʻzbek fantastikasiga xos xususiyatlar taʼrifiga oʻtiladi va fantastika “ilmiy fantastika”, “mifologik fantastika”, “utopik fantastika”, “sarguzasht fantastika” singari koʻrinishlarga ajratilsa-da, “barcha badiiy adabiyot namunalari singari oʻz oldiga voqelikni badiiy obrazlarda aks ettirishni maqsad qilib qoʻyadi”, deb taʼkidlanadi. Maqolada Tohir Malik, Mahkam Mahmudovning fantastika yoʻnalishidagi asarlari eslatilib, Hojiakbar Shayxov asarlarining oʻziga xos jihatlariga kengroq toʻxtalinadi. Ushbu asarlar bundan yigirma-oʻttiz yil avval bitilgani eʼtiborga olinsa, mazkur maqola uchun ham yangi asarlar emas, mumtoz asarlar asosiy obʼyekt ekanligi ayonlashadi. Umuman, oʻtgan yilda matbuotda eʼlon qilingan maqolalar asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, hozirgi adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilikning diqqat markazida yangi asarlar emas, mumtoz asarlar turibdi. Bu birinchidan, adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilikning yangi asarlardan unchalik qanoatlanmayotgani, ikkinchidan, ularni mushohada etib ulgurolmayotganiga borib taqaladi. Buning esa oʻziga xos sabablari, muhim asoslari bor. Yangi roman, qissa, hikoya, doston, sheʼr toʻplamlaridan qanoatlanmaslik negizida, avvalo, adabiyotshunoslik, adabiy tanqidchilikning yangi asarlarning avvalgi asarlardan koʻra badiiy barkamol boʻlishini istashi turadi. Ana shu ezgu – istak amaliyotda koʻrinmasa, yangi asarlar oʻz-oʻzidan eʼtibordan chetda qoladi. Ikkinchidan esa, hayot hodisalari va inson obrazini aks ettirishda realistik hamda norealistik tasvir yoʻllarini uygʻunlashtirishga intilish yoʻlidagi turli tajribalarni tushunish, qabul qilish, mushohada etish hech qachon oson kechmaydi. Shuning uchun adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilikda hamisha mumtoz asarlar badiiy-estetik mezon boʻlib turadi. Shunday boʻlishi ham tabiiy. U adabiy jarayonlardagi oʻzgarishlarga, yangi asarlarga doim ana shu oʻlchov asosida yondashadi. Chunki bu adabiyot ilmi uchun mangu mezon sanaladi.

 

Abdulla ULUGʻOV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–3

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mangu-mezon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x