Malavi Respublikasi

Maydoni: 118 500 kv.km.

Aholisi: 14 million kishi.

Poytaxti: Lilongve shahri.

Tuzumi: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 3 ta viloyatga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Blantayr, Zomba, Mangochi, Balaka, Chikuava.

Pul birligi: malavi kvachasi.

 

Jugʻrofiy oʻrni. Malavi janubi-sharqiy Afrikada joylashgan. Janubda va janubi-sharqda Mozambik, gʻarbda Zambiya, shimolda Tanzaniya bilan chegaradosh. Sharqda Tanzaniya va Mozambik bilan chegarasi Nyasa koʻli orqali oʻtadi.

Tarixi. Malavida qadimdan bantu qabilalari yashaydi. XV asr oxirlarida Nyasa koʻli atrofida Malavi qabila uyushmalari paydo boʻlgan. XIX asrning ikkinchi choragida Malavi xududiga ngoni, vayao qabilalari kelib joylashgan. 1860 yillardan ovrupaliklar kela boshladi. 1891 yili Malavi Angliyaning Nyasalend protektorati deb eʼlon qilindi. Mamlakat Angliyaning boshqa mustamlakalariga ishchi yetkazib beradigan makonga aylantirildi. 1915 yili mustamlakachilarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarildi. Garchi u bostirilsa-da, milliy ozodlik harakati davom etdi. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillari va urushdan keyin milliy harakat kuchaydi.

1944 yil Malavida dastlabki siyosiy tashkilot – Nyasalend Afrika kongressi tuzildi. U tub aholining ijtimoiy huquklarini kengaytirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. 1959 yili bu tashkilot oʻrniga Malavi kongressi partiyasi tuzildi. 1961 yili mustamlakachilar yon berishga majbur boʻldi. Malavida konstitutsiya joriy qilinib, barcha nyasalendliklarga saylov huquqi berildi. 1961 yil saylovda qonun chiqaruvchi kengashʼdagi koʻpchilik oʻrinni Malavi kongressi partiyasi oldi.

1964 yil 6 iyuldan Nyasalend mustaqillikni qoʻlga kiritib, Malavi deb atala boshlandi. 1966 yili Malavi Respublikasi eʼlon qilindi. 1971 yildan 1994 yilgacha Malavidagi birdan-bir siyosiy partiya – Malavi kongressi partiyasining raisi Xastings Kamuzu Banda Malavi prezidenti boʻldi. 1994 yil 17 mayda mamlakat tarixida birinchi marta koʻp partiyali asosda prezident va parlament saylovi oʻtkazildi. Birlashgan demokratik front partiyasining raisi Bakili Muluzi prezident lavozimiga saylandi.

Malavi 1964 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi.

Iqtisodi. Iqtisodiyotning negizi – qishloq xoʻjaligi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sakson besh foizini mayda dehqon xoʻjaliklari yetishtiradi. Choy, tamaki, yeryongʻoq, shakarqamish, paxta, kauchuk, ichki ehtiyoj uchun makkajoʻxori, oq joʻxori, tariq, sholi, kartoshka ekiladi. Chorvachiligi sust rivojlangan. Qoramol, qoʻy, echki va boshqa hayvonlar boqiladi. Koʻl va daryolarda baliq ovlanadi.

Sanoat, asosan, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlash korxonalaridan iborat. Sement, qand zavodlari, tamaki, toʻqimachilik, paxta tozalash, tikuv fabrikalari, hunarmandchilik ustaxonalari bor. Oʻrmon xoʻjaligida qurilishbop yogʻoch tayyorlanadi. Transporti unchalik rivojlanmagan. Temir yoʻlining uzunligi – 789 km, avtomobil yoʻllari uzunligi – 11,4 ming km, shundan 2,8 ming km asfaltlangan. Lilongve va Chilena shaharlarida xalqaro aeroportlar bor. Chetga tamaki, choy, shakar, qimmatbaho yogʻoch, yeryongʻoq, jun, teri, paxta sotadi, chetdan oziq-ovqat, qora va rangli metall, neft mahsulotlari, gazlama sotib oladi. Tashki savdodagi asosan Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Yaponiya, Germaniya, Zimbabve, AQSH bilan sheriklik qiladi.

Aholisi. Aholisi, asosan, bantu xalqlarining sharqiy guruhiga mansub. Malavi, makua, lomve, vayao, suaxili va boshqa elatlar yashaydi. Chicheva (malavi) va ingliz tillari rasmiy. Aholining toʻqqiz foizini shaharliklar tashkil etadi.

Dini. Aholisining asosiy qismi ellik besh foizi nasroniylikning protestant mazhabiga mansub, yigirma foizi katoliklar. Musulmonlar yigirma foizni tashkil etadi. Ularning asosiy qismi mamlakat janubida istiqomat qiladi. Mahalliy anʼanaviy dinlarga eʼtiqod qiluvchilar ham anchagina.

Islom dini Malaviga bundan toʻrt yuz yil oldin musulmon savdogarlari bilan kirib kelgan. Biroq zamonaviy uygʻonish davri oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida boshlandi. Keniya va Sudanda oʻqigan talabalar Islom boʻyicha keng qamrovli bilim olib qaytdi. Ayni shu vaqtlarda Afrika musulmonlari tashkilotiga asos solindi. Ushbu tashkilot koʻmagida bir qancha islomiy oʻquv yurtlari ochildi. 1989 yilga borib mamlakatdagi masjidlar soni olti yuztaga yetdi.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2011

https://saviya.uz/turfa-olam/malavi-respublikasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x