MAHZUNA (taxallusi; asl ismsharifi Mehribon mulla Boshmon qizi, taxm. 1811, Qoʻqon — ?) — oʻzbek shoirasi. Qoʻqonning Qatagʻon daha Mulla Boshmon mahallasidan boʻlib, otasi mahalla masjidi imomi Mulla Boshmon Oxunddir. Ota-onasi qoʻlida savod chiqargan, arab, fors tillarini mukammal oʻrgangan. Navoiy, Jomiy, Fu-zuliy va b. ijodidan taʼsirlangan, oʻzbek va tojik tillarida sheʼrlar yozgan. Hayoti va ijodi haqida «Majmuai shoiron» (Fazliy), «Tazkirat ush-shu-aro» (Hashmat) tazkiralarida ayrim maʼlumotlar uchraydi. Fazliy tazkirasida Mahzunaning oqila va hozirjavobligi, Qoʻqonda mashhur shoira ekanligi aytilgan. Hashmat, Pisandiy, tarixchi Ahmadjon toʻralar ham Mahzunaning barkamol shoiraligini xabar qiladilar. Uning sheʼriy qobiliyati, shaxsiy fazilatlari haqida eng koʻp va iliq fikrlar yozib qoldirgan yagona shoir hozircha Fazliydir. Fazliy: «Garchi ul zaifa boʻlsa ham, nutqining mazmundorligi jihatidan erkaklardan ustundir», deydi. Fazliy bilan Mahzunaning mashhur mushoirasi, «Oshiq boʻlmisham» (oʻzbekcha) muxammasi, «Sahbo» (forscha) gʻazaligina bizgacha yetib kelgan. Devoni saqlanmagan.
Ad.: Jalolov T., Oʻzbek shoiralari, T., 1980; Poʻlatjon Domla Qayyumov, Tazkirai Qayyumiy, 1daftar, T., 1998.