Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon bilan suhbat
– Anvar aka, kishi qay sohada faoliyat koʻrsatmasin, oʻz maqsadi, vazifasi, el-yurt oldidagi burchi boʻladi. Shu maʼnoda, shoirning vazifasi nimadan iborat?
– Keling, “shoir” oʻrniga umumlashtirib “adib” soʻzini ishlataylik.
Aytganingizdek, kishi qay sohada ishlamasin, qay kasbning egasi boʻlmasin, oʻz maqsadi ( loaqal, oilasini toʻkin-sochin qilish), vazifasi (avvalo, zimasidagi ishni kam-koʻstsiz bajarish), burchi (“eldan chiqib ketma” degan gap bor) boʻladi. Bir qaraganda, adib ham bundan mustasno emas. Faqat, adiblikni “kasb” deb boʻlmaydi. Kasb-hunar egalari bu sohaga qiziquvchanligi tufayligina emas, tirikchilik taqozosi bilan ham kirib kelishlari mumkin. Adib esa qoʻliga qalam olgan chogʻda “tirikchilik” degan gapni umuman xayoliga kekltirmaydi, ularning koʻplari boshqa sohalarda ishlab yurib, boshqa bir yumush orqali roʻzgʻor tebratib, adabiyot maydoniga asta-sekin kirib kelishadi. Kasb egalarini aniq bir maqsadda qazilgan kanallarga, ijodkorlarni tabiiy ravishda paydo boʻlgan soylarga oʻxshatish mumkin.
Adibning vazifasiga kelsak, koʻnglidagini oʻzgalarga izhor qilishda oʻta xolis va halol boʻlish, qalamini oʻzi yoqtirmagan kishilar yoki toifalarga qarshi qurolga aylantirib olmaslik, atrofdagi odamlarga birinchi navbatda yurtdosh, millatdosh sifatida mehr bilan qarashga oʻrganish, feʼl-atvori quyushqondan chiqqanlarni yaxshilikcha toʻgʻri yoʻlga yetaklashga urinishdir. Xalqning tarixi, koʻhna madaniyati, tili, goʻzal urf-odatlari kabilarni asrash va boyitishga koʻproq hissa qoʻshish, maʼnaviyatu qadriyatlarimizning zarracha ham zavol topmasligi uchun kurashish adibning oddiy hayot tarzidir.
– Shu nuqtai nazardan qaralsa, bugungi adiblarimiz yangi zamonda oʻz vazifalarini yaxshi ado eta olyaptilarmi?
– Avvalo, adabiyotning oldiga vazifa qoʻyishda uzoq muddatni nazarda tutib ish koʻrgan maʼqul. Bir-biridan ulkan yutuqlarimiz had-hisobsiz, ammo muammolarimiz, dardlarimiz ham anchagina. Har bir adib tevarakdagi voqealarga oʻz koʻzi bilan qaraydi, muammolarni oʻzicha tahlil qiladi, yechimini oʻz bilimi va tushunchasi darajasida qidira boshlaydi. Oʻylayveradi, tahlil qilaveradi, lekin ichki bir ovoz: “Endi yoz!” deb buyruq bermaguncha, qoʻlga qalam ololmaydi. Aytmoqchimanki, adabiyotning oldiga el-yurt manfaatiga qaratilgan vazifalarni qoʻyib turish foydadan holi emas, faqat adibni shoshiltirmaslik lozim. Adib yurtidagi jarayonni, loaqal, oʻzini qiziqtirgan tomonlarini sinchiklab kuzatib boradi, xulosalar chiqaradi, bir toʻxtamga keladi, shundan keyin “toʻlgʻoq” boshlanadi. Agar ijodkor shoshib ish koʻrsa, asar toʻqqiz oyda emas, yetti oyda tugʻilgan boladek nimjonroq boʻlib qolishi hech gapmas…
– Yaxshi asarlar yaratish uchun adib atrofdagi voqealarni batafsil oʻrganib, chuqur tahlil qilishining oʻzi kifoyami?
– Bu savolda aytgan gaplaringiz asar yozish uchun asos boʻla oladi, xolos. Asarning darajasi esa yozuvchining, shoirning mahoratiga bogʻliq. Mahorat birlamchidir.
– Mahorat nimada koʻrinadi?
– Kitobxonni zavqlantirishda, oʻylantirishda, ishontirishda, oʻziga ergashtirishda. Bir soʻz bilan aytganda, mahliyo qila olishda.
– Ijod jarayoni har bir adibda oʻzicha kechadi – biri sheʼrni bir oʻtirishda yozishga urinsa, boshqasi xayoliga kelgan chiroyli satrlarni daftarchasiga qoralab qoʻyib, keyin bekorchilikda sheʼrga aylantiradi, bezak beradi. Sizda qanaqa?
– Daftarcha olib yuradigan odatim yoʻq. Gohida xayolimga yaxshi fikrlar yoki, aytganingizdek, chiroyli satrlar kelib qoladi. Afsuski, koʻpi esimdan chiqib ketadi, ishxonadagi yumushlarga berilib, unutib qoʻyaman. Agar uyda boʻlsam, oʻsha zahoti yozishga urinaman. Oʻzgartirish, qisqartirish, bezak berishlar odatda keyinroqqa qoladi. Baʼzi sheʼrlar bir yozishdayoq mukammal holga keladi. Bolalar uchun bir oʻtirishda oʻnta, undan ham ortiq sheʼrlarni yozib tashlagan paytlarim boʻlgan. Ilhom quyilib tursa, shoirni na charchoq toʻxtata oladi, na ochlik. Uni tinch qoʻyishsa bas.
– Adiblar tinch muhit izlab, sokin joylarga, dam olish maskanlariga borib yozishga intilishadi. Siz ham shunaqa qilasizmi?
– Faqat uyda yozishga oʻrganganman. Yozganda ham, oʻzim koʻnikkan, atrofimda kitob-pitoblardan boʻlak narsa boʻlmagan, fikrimni boshqa tomonga tortmaydigan bezaksiz xonada, bolalikdan oʻrganib qolganimdek, toʻshakka yotib olib yozaman. Stol-stulda oʻtirsam, oʻzimni rasmiy kimsadek his etaman-u, ilhomim qochadi. Toshkentga kelganimga chorak asrdan oshayotgan boʻlsa, kurort va sanatoriylarga borish u yoqda tursin, hatto yozuvchilar bogʻiga beriladigan tekin yoʻllanmalardan ham biron marta foydalangan emasman, oʻrnimga mening nomimdan boshqa tanishlarim borib, tinchgina ijod qilib kelishardi. Bekorchilikka tushib qolganimda yozishga berilib ketsam, ancha vaqt ishga joylashmay yurgan vaqtlarim ham boʻlgan.
– Turli janrlarda ijod qilasiz. Odamda ikkita qoʻl boʻlsa-da, koʻpchilikka oʻng qoʻlda ishlash qulay boʻlganidek, Sizga qaysi janr qulayroq tuyuladi?
– Beshta farzandim bor. Ularning bari men uchun suyukli, birdek yaxshi koʻraman. Farzandlarimga “bunisi donoroq”, “bunisi botir”, “anavinisi yoqimtoy, quvnoq” deganga oʻxshash gaplar bilan faqat chetdagi kishilargina xolis baho berishlari mumkin. Agar qulayrogʻi haqida toʻxtalsak, bolalar sheʼriyati yoʻrigʻimga osonroq yuradigan farzandimga oʻxshab ketadi.
– Koʻproq qaysi adiblarga muxlissiz?
– Muxlislik menda nisbiyroq. Didim, qiziqish doiram, tushunish darajamdan kelib chiqib, eng suyukli adiblarimning ham baʼzi asarlarini yoqtiraman, ayrimlarini koʻnglimga singdirolmayman. Yuksak mahorat bilan, yurak-yurakdan chiqarib yozilgan asarlarning oʻzimboplariga muxlisman. Hatto adabiyotga endigina kirib kelayotgan yoshlarning chiroyli narsalarini oʻqib qolsam, qattiq havasim keladi, qaniydi shuni men yozgan boʻlsam, deya entikib ketaman.
– Alamazon haqidagi qissangizning qahramonlaridan biri Akbar: “Birontasi senga taqlid qilayotganini sezmasang, bilginki, yaxshi shoir emassan”, degan fikrni aytadi. Buni qanday izohlaysiz?
– Navoiy maktabi, Tagor maktabi, Tolstoy maktabi, Qodiriy maktabi deganga oʻxshash gaplar yuradi. Bular katta maktablar. Agar adibga xudo yetarli isteʼdod bergan boʻlsa, oʻzi alohida maktab yaratolmagan taqdirda ham, biron-bir katta maktab ichida, hech boʻlmasa, kichkina maktabchasini yarata oladi, undan oʻrganuvchilar, unga ergashuvchilar paydo boʻladi. Voqealar bayonida, fikrlar ifodasida, qahramonlar yaratishdagi oʻta oʻziga xoslik, tildan foydalanish mahorati maktab yoki maktabcha yaratilishiga asos boʻladi, boshqa qalamkashlarni oʻziga ergashtiradi. Eng zoʻr adib ham oldin kimgadir ergashadi, soʻng hatto maktab yaratishga erishishi mumkin. Kimlargadir ergashish bosqichidan oʻtib, kimlarnidir ergashtirish darajasiga yetish yetish hamma qalamkashga ham nasib qilavermaydi.
– Maktab ichida maktabcha… Bu…
– Bu – iqtidori zoʻr adib boshqa zoʻrlarning uslubida yozib ham, oʻziga xos qirralari bilan dovrugʻ qozonishi mumkin degani. Masalan, kimdir, qachonlardir miltiqni ixtiro qilib, qurolsozlikda katta bir maktabni yaratib bergan. Pilta miltiqdan soʻng pistonli miltiq, keyinroq pulemyot yoki avtomat yaratganlar bor. Bular katta maktab ichidagi kichik maktablardir.
– Sizga ham koʻp taqlid qilishadi. Masalan, bolalarga atalgan turkum sheʼrlaringizdagi falon narsa qoʻshigʻi, palon narsaning piston narsaga yozgan xati kabilarga, ayniqsa Usta Gulmat gʻazallariga taqlid qiluvchilar serob. Bularga qanday munosabatdasiz?
– Bunaqalarga yaxshi koʻz bilan qarayman. Oʻzim ham hajviya yozishni Abdulla Qodiriy hangomalariga taqlid qilishdan boshlaganman. Kattalar sheʼriyatida Erkin Vohidovdan, Sergey Yesenindan koʻp taʼsirlanganman. Mening yozganlarim ham baʼzilarga ozmi-koʻp taʼsir oʻtkazgan ekan, bundan faqat quvonish mumkin.
– Bu yil oltmish yoshga toʻldingiz. Yubiley yilingiz Siz uchun qanday boshlandi?
– Yaratganning marhamati bilan, juda-juda quvonchli boshlandi. Toʻyana boʻlsin deb, Choʻlpon nomidagi nashriyot “Oʻgʻirlangan pahlavon”, “ShARQ” nashriyoti “Tanlangan sheʼrlar”, “Yangi asr avlodi” nashriyoti “Bahromning hikoyasi” degan kitoblarimni chiqarib berishdi. Hammasidan quvonchlisi – egizak nevaralar koʻrdim. Fotimaxon bilan Boyhusan, moʻjizani qarangki, aynan mening tugʻilgan kunimda – 8 yanvarda dunyoga kelishdi. Ollohim barchamizning farzandlarimiz qatorida ularning ham umrini uzoq qilsin.
– Koʻp asarlaringiz sahnalashtirilgan, kino qilingan. Bu jarayonlarda ishtirok etasizmi?
– Yoʻq. Asarni topshiraman-u, gʻoyib boʻlaman. Teatr rejissyorlari sahnalashtirish jarayonida yonlarida oʻtirib, baʼzi oʻzgartirishlarni qilishga koʻmaklashib turishimni soʻrashadi. Koʻpincha chap beraman. Kinorejissyorlar, hech boʻlmasa, ommaviy koʻrinishlarda bir suratga tushib qoʻying, esdalik boʻladi, deb ham koʻrishgan, unamaganman. Hatto yozgan sheʼrlarimni ifodaliroq qilib oʻqib berishga epim yoʻq, artistlikni kim qoʻyibdi menga. Har kim oʻz ishini qilgani yaxshi.
– Poloson qishlogʻida tugʻilgansiz. “Poloson”ning maʼnosi nima?
– Koʻhna Turkistonda katta yurtlar, ulkan shaharlarga havas qilib nom qoʻyishlar koʻp boʻlgan. Masalan, Forish, Bagʻdod kabilarni olaylik. Bolosogʻun bir paytlar Turkistonning boshkenti boʻlgan. Bizning qishlogʻimiz paydo boʻlayotganida shu joyga havas qilib nom berishgan ekan, keyinchalik buzibroq aytila boshlagan. Falon soʻzdan kelib chiqqan, degan boshqa taxminlar ham bor, ammo ularning biri arabcha, biri forscha. Qishlogʻimizdagi mahallalarning deyarli barchasi Qapchugʻay (Qopchiq joy), Quvirboshi, Tovoqchi, Qirchin, Kaltoʻpi, Karmak (kurmak bosgan yer) kabi turkiy nomlar bilan atalgan bir paytda qishloqning boshqa tilda nomlanishi mantiqqa zid.
– Anvar Obidjon bugun nimalarni yozish bilan band, degan savol koʻpsonli muxlislaringizni qiziqtirishi tabiiy…
– Bolalar va kattalarga atab sheʼrlar, hikoyalar, hajviyalar yozib turibman. Boshimda aylanib yurgan ikki-uchta qissaning ayrim lavhalarini qoralamalab qoʻygandekman. Lekin, yosh oʻtgan sari shahdim susayib boryapti. Bir narsani yozish uchun ham mustahkam sogʻlik, katta kuch kerak ekan. Keyingi uch-toʻrt yilda boshimdan oʻtgan ishlarni yurtimizda yuz bergan voqealar bilan oz-moz uygʻunlashtirgan holda yarimbadiiy bir asar qilish ustida ishlab, chala-chulpa tarzda qogʻozga tushirib qoʻydim. Buni boshqatdan yozib, birov oʻqisa oʻqigudek ahvolga keltirolsam, katta ish qilgan boʻlardim. Hayotda qancha-qancha yaxshi insonlarni koʻrdim, ularning xolisona odamgarchiligi bois unib-oʻsdim, ozmi-koʻp obroʻ-eʼtibor topdim. Ayrimlar pand bergan boʻlsa, buyam yoziqda bor ekan. Muhimi – yaxshilardan, yaxshiliklardan kuch olib yashay oldim, yaxshi kunlarni koʻp koʻrdim. Shularni yozmasam boʻlmaydi.
– Iloyim, bundan keyin ham yaxshi kunlarni koʻrib yashash nasib etaversin. Suhbatingiz uchun rahmat…
Orifjon MADVALIYEV suhbatlashdi.
“Ovoza” gazetasining 2007 yil 29 mart sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/mahorat-baribir-birlamchidir/