Post Views:
326
USMONOV Mahmud (1910–1997.1.7) – ganchkor usta, O‘zbekiston Badimiy akademiyasi akademigi (1997), O‘zbekiston xalq rassomi (1977). Toshkentda tug‘ilgan. Hunarni otasi usta Usmon Ikromovdan, keyinchalik Usta Shirin Murodovdan o‘rgangan. Mahmud Usmonov Toshkent ganchkorligi san’ati an’an’alarini rivojlantirdi, uni yangi mazmun bilan boyitdi; islomiy va girih naqshlarni mahorat bilan qo‘llab jozibador naqsh mujassamotlarini yaratdi; u ishlagan naqshlar nafis, aniq va lo‘nda, o‘ymalari mukammalligi bilan diqqatga sazovor. Mahmud Usmonov O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi (sobiq Polovsev uyi)ni ta’mirlashda, Navoiy va Muqimiy teatrlarini bezashda faol qatnashgan; hozirgi O‘zbek milliy akademik teatri (1967–68), Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi (1968), O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi (1969–70), O‘zbekiston san’at muzeyi (1973), «Buyuk ipak yo‘li» metro bekati (1980) va boshqalar, shuningdek, xorijda ham (Donetsk, Kiyev, Toshhovuz, Chimkent va b.) jamoat binolarini ganchkorlik bilan bezashda ustalarga rahbarlik qilgan. Mahmud Usmonov pedagog sifatida faoliyatini bolalar uyida boshlagan (1935–48), Toshkentdagi bolalar va o‘quvchilar saroyida ganch o‘ymakorligi to‘garagiga rahbarlik qilgan (1948–68); Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtida dars bergan (1952–60). Mahmud Usmonov ko‘plab shogirdlar tayyorlagan. Shayx Zayniddinbobo qabristoniga dafn etilgan. Davlat mukofoti (1975), Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1970).
Usmonov Mirvohid (1946.9.5.)– O‘zbekiston xalq ustasi (2001). Usta Mahmudning o‘g‘li, sulola davomchisi. Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent politexnika institutining me’morlik fakultetini tugatgan. Otasi bilan Toshkentdagi jamoat va ma’muriy binolar (Toshkent metropolitenining «Amir Temur», «Buyuk ipak yo‘li» bekatlari va boshqalar)ni bezashda ishtirok etgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/mahmud-usmonov-ganchkor-usta/