Tarjimai hol
Mahmud Qoshg‘ariy — XI asrning o‘rta osiyolik filolog-olimi. 1072-1074 yillar arab tilida “Turk tili lahjalari”ni tuzgan. Mahmud Qoshg‘ariyning arab filologiyasi ilmiy uslublarini qo‘llab yozgan asari tilshunoslar, folklorchilar va adabiyotshunoslar uchun qadr-qimmatga ega. Bu — erta davr turk shevashunosligining yagona yodgorligidir.
Mahmud ibn al-Husayn ibn Muhammad al Qoshg‘ariy Qoraxoniylar sulolasi hukmronligi davrida tug‘ilgan va qoraxoniy a’yonlarining oliy tabaqasidan kelib chiqqan. Uning otasi Bolasog‘un shahrini boshqargan. Oliy tabaqadan kelib chiqishi olimga o‘z davrining yirik siyosiy va madaniy markazi bo‘lmish Qashqarda ajoyib ta’lim olish imkonini berdi.
Bir qator turkiy tillar bilan birga, Mahmud Qoshg‘ariy arab va fors tillarini ham bilgan. Ehtimol, ta’limni Buxoro, Nishopur, Samarqand, Marv, Bog‘dodda davom ettirgan, u yerlarda olim uzoq vaqt yashagan, kitobi uchun zaruriy ma’lumotlar to‘plagan. U vaqtlar saljuqlarga tegishli Bog‘dodda bo‘lgan vaqti Qoshg‘ariyda kitobning g‘oyasi paydo bo‘ladi, unga ko‘ra, turkiy xalqlar hayotining ko‘p qirralari, fikrlashi, odatlari, jo‘g‘rofiy joylanishi va eng avvalo, tili ta’riflanishi joiz bo‘lgan.
Mahmud al Qoshg‘ariyning mashhur kitobi “Devoni lug‘at at-turk” turkiy ensiklopediya ko‘rinishidadir. Unda umumiy tarixiy-madaniy, etnografik va tilshunoslik ma’lumotlari to‘plangan va jamlangan. Al Qoshg‘ariyning “Devoni” — turkiy madaniyat yodgorligi bo‘lib, o‘zida axloqiy qadriyatlar va tarbiya tartiblarini, avvalgi ajdodlardan barcha merosni o‘zlashtirgan XI asrdagi turkiy xalqlarning o‘ziga xos dunyoqarashini jamlagan. Kitobda qadimiy zoroastr-shomoniylik dunyoqarashlari bilan birga, yangi mafkura — islom va so‘fiylik kabi tarmoqlari tasvirlangan.
Mahmud al Qoshg‘ariy mehnatining yagona nusхasi 1915 yil olim va kutubxonachi Ali Emir tomonidan Istambul bozorida ko‘chirma nusхa ko‘rinishida topilgan, hozirgi vaqtda Istambul Milliy kutubxonasida saqlanadi. Qo‘lyozmani Muhammad ibn Abu-Bakr ibn Abu-l-Fath as-Saviy ko‘chirgan.
“Devonu lug‘at at turk”ning birinchi noshiri turk olimi Rifat Bilge bo‘lib, u kitobni birinchi bo‘lib turk tiliga tarjima qilgan.
Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘at at turk” asari o‘zbek tiliga professor Solih Mutallibi tomonidan tarjima qilingan va 1960-1963 yillar Toshkentda nashr etilgan.
Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘at at turk” asari noyob hisoblanib, odatiy lug‘atga xos so‘zlar bilan bir qatorda, ko‘plab badiiy asarlar ham uchrab, folklorlikka oid qismlari asosiy timsolda gavdalanadi. Muallifning o‘zi shunday yozadi: “Mazkur kitobni men alifbo tartibida joyladim, maqol, saj, matal, she’r, rajaz va nasr parchalari bilan bezadim”.
“Turkiy shajaralar lug‘ati”da turkiy tilda so‘zlashuvchilar folklorining asosiy janrlari keltirilgan — marosimiy va lirik qo‘shiqlar, qahramonlik dostoni, tarixiy rivoyat va afsonalar. Shu bilan birga, unda anatomiya, tibbiyot, veterinariya, astronomiya, jo‘g‘rofiya, etnografiya va boshqalar haqida ma’lumotlar mavjud.
“Turkiy shajaralar lug‘ati” ikki qismdan iborat. Birinchi qismida Mahmud Qoshg‘ariy kitobning maqsadini ochib bergan, turkiy tilga so‘zlashuvchi qabila va urug‘lar haqida ma’lumotlar keltirgan.
Asarning ikkinchi qismida turkiy til shajarasining lug‘ati taqdim etilgan, hikmatli iboralar, og‘zaki xalq ijodining namunalari keltirilgan.
Quyida kitobidan keltirilgan parchalar orqali Qoshg‘ariyning nuqtai nazari haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
“Kunlar vaqtni shoshirar, inson kuchini toliqtirar, dunyoni erlardan ayirar… Uning odati shu-da, barchaning qismati shu yerda. Agar dunyo mo‘ljalga olib, o‘qni otsa, tog‘ cho‘qqilari ajralib ketadi”.
“O‘g‘lim, senga yaxshilikka eltuvchi pand-nasihat merosimni qoldiraman. Yaxshi insonni uchratsang, unga ergash”.
“Tun-u, kun daydi kabi o‘tib ketadi. Uning yo‘lida kesishib qolsang, kuchdan ayirar”.
“Insonning mol-dunyosi — uning dushmanidir. Boylik to‘plab, suv oqimi to‘xtashini o‘yla, go‘yo xarsanglar pastga dumalab tushayotgani kabi. Barcha erlar buyumlarni deb adashdi. Boylikni ko‘rib, ular, go‘yo burgut o‘ljaga yopishgani kabi otiladilar. Ular mulkini yashirib, uni ishlatmay, xasisliklaridan yig‘lashar, oltinlarni to‘plashar. Mulklari sabab, Xudoni yodga olishmas, o‘g‘illarini, qarindoshlarini ular bo‘g‘arlar”.
“Yaxshilik qilishga shoshil, maqsadingga erishgach, g‘ururlanma”.
Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni” (Lug‘ati) — fonetik va morfologik hodisalar va dialektik shakllarning xususiyati haqida tasavvur beruvchi erta davr turkiy dialektikasining yagona yodgorligidir. “Lug‘at” shuningdek, turkiy tilda so‘zlashuvchi O‘rta Osiyo, Sharqiy Turkiston, Povolojya, Orol bo‘yi qabila va xalqlarining og‘zaki-she’riy ijodi haqidagi matlarni ham o‘z ichiga olgan.
Mahmud Qoshg‘ariyning arab filologiyasining ilmiy uslublaridan foydalangan holda yozilgan mehnati bugun ham tilshunoslar, folklorchilar va adabiyotshunoslar orasida, shubhasiz, qadr-qimmatga egadir.