Mahbusning ikkinchi hayoti

1

Har doim avval oʻzini yasaydi Shodiya. “Ayol oldin paydo boʻlgan, chunki u erkakni tugʻadi”, deydi. Ishonaman. Haqiqatan ham ayol boʻlmasa erkak tugʻilmaydi-da… Keyin meni yasaydi va koʻrpacha ustiga yotqizib qoʻyadi. Mana, Shodiya yonimda yotibdi. Egnida koʻk baxmaldan nimcha, sariq shohidan etagi uzun koʻylak, uning ostida misqolgardi degan matohdan terlik. Dokadek yupqa, chorxona gulli bu matohni misqolgardi deb atashardi ayollar, balki hozir ham ayollar lafzida bordir bu soʻz, ammo bolaligim va oʻsmirligim oʻtgandan keyin qaytib koʻrmadim bunday matohni.

Ikki dona supurgi choʻpi, bir dona tugma va bir uyum olaquroq lattadan iborat mening vujudim. Havas va zavqu shavq bilan qarayman unga. Qora tirinkadan tikilgan shimim ham, yoʻl-yoʻl kandir koʻylagim ham oʻzimga quyib qoʻyganday. Faqat yuzimdagi sirlilik oʻzimni biroz choʻchitadi. Oppoq, juda oq, qorday mening yuzim. Oq surp ustida “X” belgisi. Bu belgi ikki qator qizil, uch qator yashil va toʻrt qator qora ipak qatimidan iborat. Mavhumlik va taqiq alomati bor bu belgida. Agar tugma topilmasa, Shodiya menining yuzimni gulxayri munchogʻidan yasaydi. Biz qaldirgʻochkulcha butalari ostidagi soya-salqin uyda yashaymiz. Bu uyni oʻzim qurganman. Eshik-derazasi yoʻq, tom tepasi ochiq, faqat uy atrofi loy devor bilan oʻrab olingan. Uy toʻrida olaquroq koʻrpa-yostiqlar ikki qator qilib terib qoʻyilgan. Bizni ohanrabodek oʻziga tortadi faqat barmoqlarimizgina sigʻadigan bu uy.

Shodiya odatdagiday bugun ham uyni supurib-sidirdi, nonushta hozirladi va dasturxonga omin oʻqilgandan keyin meni ishga kuzatib qoʻydi. Ishxonam ikki qadam naridagi daraxt tagida. Men sotuvchiman, magazinda ishlayman. Vazifam nimaligini aniq bilmaganim sababli daraxt ortida biroz oʻtiraman-da uyga qaytaman. Biz “kelin-kuyov”miz. Tik turgan holda ovqatlanganimizdan soʻng xona oʻrtasida osmonga qaragancha qoʻllarimizni keng yoyib yotamiz, yoki xona toʻridagi taxmonga suyangacha tik turamiz. Shodiya tugma bilan supurgi choʻpidan erkak va ayolni, soʻngra bir gala bola-chaqalarni “xalq” qilgan, yaʼni vujudga keltirgan. Insonni bunyod etish unchalik qiyin emas: supurgi choʻpining bir uchiga tugmani qoʻyadi-da, barmoqlari bilan qisib ushlagancha bir parcha oq surp bilan tortib oʻraydi: odamning yuzi shunday yasaladi. Qoʻlni yasash biroz qiyinroq. Yuzni va qoʻlni oʻz oʻrniga oʻrnashtirguncha men oʻzimning “oyogʻimdan” tutib tik holatda ushlab turaman. Kandir, tirinka va satin qiyqimlaridan koʻylak-ishton kiydirilganidan keyingina men odam surobiga kelaman. Va shundan keyingina erkakka aylanaman.

Shodiya dunyoda eng latofatli “ayol”. Ayniqsa, boshga kiyadigan zarrin qasavasi juda bezakdor. Uning qoʻgʻirchoqlik hayotini koʻzda tutyapman. (Hayotda esa bechoraga ayol boʻlish nasib etmadi). Xullas, oʻzi yaratgan ayolni atlas qiyqimlaridan tikilgan koʻrpachaga yotqizib qoʻyardi-da, soʻngra meni “bunyod etardi”. “Bu sen boʻlasan”, derdi hali kiyim kiymagan va demakki odam qiyofasiga kirmagan choʻpning uchidan ushlab turib. Va lablarini qimtigancha ishga kirishardi. Nozikkina barmoqlarining chaqqon harakatiga qarab turarkanman, oʻz shaklu shamoyilimning chiroyli chiqishini istardim. Menga “tirinka” degan dagʻal matohdan ishton kiygizardi. Oyoqlarimni ushlab koʻrar, etagimni koʻtarib shimimni ip bilan mahkam bogʻlar va yotqizib qoʻyardi. Soʻngra yonimdan oʻzi joy olardi. Uning liboslari mayin va chiroyli, sochlari qoʻngʻir va maftunkor. Boshida nafarmon roʻmol, uning tagida serbar qasava. Shodiya bunday narsalarni yasashga usta. Bir boʻlak lattani ikki qatlardi-da, oʻrtasiga qattiqroq qogʻoz parchasini qoʻyib, qoʻgʻirchoqning peshonasiga tortib bogʻlar va ustidan roʻmol tashlab qoʻyardi. Mehr bilan bezangan kelinning qiyofasi menga Shodiyaning oʻzidan ham jozibaliroq koʻrinar va uning yonida jon-jon deb yotardim.

Bugun men har qachongidan ham savlatliroq va koʻrkamroqman. Egnimda ola toʻn, belimda sariq rangdagi shohidan belqars, boshimda koʻk matohdan salla, ishtonim ham binoyidek. Biz yumshoq toʻshak ustida qoʻllarimizni ikki yonga yozgancha chalqancha tushib yotibmiz. Endi Shodiya ham, men ham yoʻqmiz. Faqat qoʻgʻirchoqlar bor. Biz ularni harakatga solib turuvchi kuchmiz, xolos. Qoʻgʻirchoqlarning hayoti – haqiqiy hayot. Agar insonga aylansak, bizni harakatga solib turuvchi qoʻgʻirchoqlar taʼsiriga tushib qolamiz.

 

2

Yo Parvardigor! Qayerdaman oʻzi?! Bir umr qoʻgʻirchoq boʻlib qolsam boʻlmasmidi? Axir, mening boshqa tilagim yoʻq-ku. Bitta choʻp, bir dona tugma va bir uyum latta. Hech kimning haqini yemayman, hech kimga hasad qilmayman, mansab deb yelib-yugurmayman. Shunda meni ushlab ketisha olmasdi. Qoʻgʻirchoqlar uchun na sud, na militsiya bor. Ular hatto soliq ham toʻlamaydilar.

Turmaning zax va sovuq xonasida burchakka tiqilgancha choʻnqayib oʻtirarkanman, hayotimning eng baxtli lahzalarini eslashga urindim. Son-sanoqsiz yuzlar, basharalar, chehralar, aftu angorlar orasidan bir narsa oydek balqib koʻrindi. Tanidim uni va hayajonlanib ketdim. Butun vujudim “Shodiya” degan soʻz taʼsirida yayrab, yayralib havo kabi yengil tortib, qoʻshilib ketdi koinot zarralariga. Men bor ovozim bilan qichqirgancha unga talpindim: “Shodiya!.. Shodiya!..” Turma devorlari shaffof tortib men hibsdan ozod boʻldim va oʻzimni gurkirab oʻsib yotgan va joʻshqin gullagan qaldirgʻochkulcha butalari orasida koʻrdim. Men yana qoʻgʻirchoqqa aylandim.

…Oʻsha holatda – goʻyoki osmonni bagʻrimga bosmoqchi boʻlgandek – qoʻllarimni keng yoyib chalqancha yotibman. Osmon esa uzoq, tubsiz va begʻubor. Begʻubor… haqiqatan ham begʻubormi bolalikning osmoni?! Yoki qachonlardir kimdir aytganu hamon oʻzgarishsiz kelayotgan taʼrifmi? Shodiya ham yonimda xuddi menga oʻxshab osmonga tikilgancha yotibdi.

– Ertaga ishga borasizmi? – deydi Shodiya.

Indamay bosh silkiyman. Inson tabiatan yalqovlikka moyil. Gohida biror savolga “ha” deb javob berishga ham eringanday bosh silkib qoʻyaqoladi. Yana Shodiyaning ovozini eshitaman:

– Qaytishda non olib keling…

Xoʻrsinib qoʻyaman. Roʻzgʻorni taʼminlash uchun er sifatida temtinib yurganimning ifodasi bu. Zero, biz nondan boshqa yeguliklar ham boʻlishi mumkinligini gʻira-shira tasavvur qilsak-da, roʻzgʻorning boshi non deb tushunamiz. Biroz jimlikdan soʻng Shodiyaning xavotirga toʻla ovozi eshitiladi:

– Kecha… “Muazzamjonning pili surati” xola keluvdila…

Tomoq qirib qoʻyaman. Bunda norozilik ohanglari borligini payqaydi Shodiya va indamay kutadi.

– Yanami?

Koʻkragim uzra yoyilib yotgan sochlarining silkinishidan uning “ha” maʼnosida bosh silkiyotganini anglayman. Bu xola kunora kelib turadi. Uning Muazzam degan qizi bor. Karton qogʻozga chizilgan filning suvratidan boshqa birorta jonzot ularga hamroh emas. Bu gʻarib oilaning bor mulki ana shu fil suvrati. Xola shu suvratni koʻksiga mahkam bosgancha ostonada paydo boʻladi. Boshi oʻng yelkasiga egilgan, vujudi qahratonda qolgandek qunishgan, labi titrab turibdi. Shu sababli lablaridan uchayotgan nimjon soʻzlar ham titroq:

– Xolang aylansin Shodiyajon… – Toki koʻzlari namlanguncha, baʼzida ikki tomchi yosh mildirab toʻkilmaguncha sukut qiladi xola, soʻngra davom etadi: – Muazzamjonning pili suvratini olib bir kaftgina un bersang…

Shodiya yarim piyola unni xolaga tutadi. Xola suvratni uzatadi. Shodiya uni olmaydi. Xola yerga egilgancha yoʻlga tushadi. Keyingi kunlarda xola kelmay qoʻydi. Oxirgi marta “pili suvrat”ni olib kelib bir boʻlakkina non olib ketgandi.

– Muazzamjonning pili suvratiga nima boʻldiykan? – soʻradim nimadandir xavotir olayotganimni yashirmay. – Fili qochib ketmadimikan?

Shodiya yelka qisdi. Bir muddat bir-birimizga tikilgancha jim qoldik. Soʻngra “xabar olib kelay qani”, degancha shosha-pisha yoʻlga tushdi va koʻp oʻtmay qaytib keldi. Koʻzlari jiqqa yosh. Xola olamdan oʻtganini angladim.

 

3

Qulf va kalitning shaqir-shuqiridan oʻzimga keldim. Temir eshik daranglab ochildi. Ikki nafar mirshab meni surib-surgalab yoʻlakka olib chiqdi. Har ikkala tomoni temir eshiklar va panjaralardan iborat nimqorongʻi dahliz boʻylab bordik. Yelkasida pogoni bor ikki kishi oʻtirardi xonada. Peshonalarida qizil yulduz. Savolga tutishdi.

– Oting nima?

– Oston.

– Familiyang?..

– Sultonov.

– Necha yilga qamalgansan?

– Yetti yilga.

– Nima ayb qilgansan?

– Magazindan, davlat magazinidan non oʻgʻirlagan, – javob berdi mening oʻrnimga turma boshligʻi.

– Oʻzim uchun emas, ochdan oʻlayotgan bir bechora ayol uchun… eri frontda edi.

– Kimning magazinidan?

– Oʻzim ishlardim oʻsha magazinda.

– Himm… rastrata!

– Shunday, – javob qildi yana mening oʻrnimga turma boshligʻi. – Yetti tiyin kamomadi bor…

Keyin meni hovliga olib chiqishdi. Bu yerda yuzga yaqin, balki undan-da koʻp odam saf tortib turardi. Temir yoʻl vokzalida ham tumonat odam. Hammasi qamoqxona kiyimida. Biz uzoq yoʻl bosdik. Qayerga olib borishayotganini hech kim bilmasdi. Poyezddan tushib soldatlar qurshovida piyoda ketdik. Hammayoq oppoq qor. Butun vujudim titrardi sovuq qahridan. Nihoyat bir tepalik oldida toʻxtashga buyruq berildi. Shu yerda tepalikni aylantirib okop va transheyalar kavlashga kirishdik. Tun tinch oʻtdi, ammo tong otishi bilan ufqda qorayib dushman askarlari koʻrindi. Va hademay tepalik tomon bostirib kelaverishdi ular. Shunda bizni okoplardan quvib chiqarishdi oʻzimiznikilar. “Olgʻa!” degan buyruq boʻldi. Qoʻllarimizdagi bel va pishanglarni oʻqtalgancha yugura ketdik… Bamisoli qoʻrqinchli tush. Vizillab uchardi oʻqlar, ingrangancha yiqilardi odamlar. Men ham yiqildim… Yuztuban yotibman. Jarohatim u qadar ogʻir emas, shekilli. Shunday boʻlsa ham indamay yotaverdim. Ajnabiy baqiriq-chaqiriqlar. “Xalt!” degan birgina soʻz yodimda qoldi. Kimdir etigi bilan qattiq turtdi va qichqirdi: “Aufshteyn! Aufshtein!” Xavf-xatar tugʻilganda hatto tulki ham oʻzini oʻlganga soladi. Indamay yotaverdim. Oʻlgan deb oʻyladi, shekilli, ustimdan bosib-yanchib oʻtib ketdi bir guruh soldat. Sekin boshimni koʻtargandim yigirma qadamcha narida turgan ofitserga koʻzim tushdi. Qoʻlida toʻpponcha. Hech shubhasiz, meni payqadi va tirikligimni ham bildi. “Shvayn!” deya dargʻazab boʻldi nemis ofitseri va toʻpponchasini oʻqtalgancha men tomon kela boshladi. Ajoyib bir fikr miyamga keldi shu lahzada. Baribir oʻlaman. Oradagi masofa toʻrt-besh metrlar qolganda oʻrnimdan sakrab turdim. Va qoʻlimni oldinga choʻzib, bor gʻazabimni ovozimga joylab baland ovoz bilan qichqirdim:

– Hay Itligʻ-gʻgʻ!

Bir dam dovdirab qoldi ofitser. Gitlerga sogʻliq tilab turgan kishini otib tashlash kerakmi-yoʻqmi, shu haqda oʻylardi, aftidan. Va nihoyat, poshnalarini qarsillatib bir-biriga urgancha shoshib javob qildi:

– Xayl!..

Oʻng qoʻlida qurol borligi sababli shoshilinchda chap qoʻlini koʻtargani va bunday harakat bilan qonunni buzgani yodiga tushib gʻazab bilan vishilladi:

– Shvayn!

– Axtung, panser frflokt! – deya hayqirdim bor ovozim bilan. Ammo bu soʻzlardan birortasining ham maʼnosini bilmasdim. Choʻchib atrofga alangladi ofitser. Haqiqatan ham baqiriq-chaqiriqlar avjiga chiqib, chang-toʻzon va qora tutun borliqni qoplab, tepalik ortidan qatorlashib kelayotgan tanklar koʻrindi. Oʻzbekona taʼrif bilan aytganda it egasini tanimasdi. Olib ketishdi meni avtomat qoʻndogʻi bilan turtkilagancha. Avval mashinada, soʻngra poyezdda begona yurt tomon ketib borardim. Tili, qiyofasi, dunyoqarashi, boringki, turish-turmushi butunlay boshqacha, odamlar. Muskullari oʻynab turgan bahaybat bir nemis qabul qilib oldi meni. Bu yer dala hovli edi aftidan. Daraxtzor, baland devor, bir tomoni oʻrmon.

…Mana, uch oydirki, shu yerda choʻchqa boqaman. Bu badxoʻr jonivorlar uchun birorta tilning qadri ham, ahamiyati ham yoʻq. Shunday boʻlsa-da, “shvayn, shvayn, xalt!” deyman ularga qarab. Nemis kuladi. Va “gut-gut”lagancha sigareta tutatadi. Ishimdan mamnun. “Yakshi”, deb qoʻyadi har zamon. Bilamanki, hayotim shuning qoʻlida. Ishlab turgan odam hammaning koʻziga yaxshi koʻrinadi. Ana shu aqidaga amal qilaman. Tinmayman. Hamma joy saranjom-sarishta. Oradan yana bir oy oʻtib Hans meni uyiga olib ketdi.

 

4

Oʻzim ham, mehnatim ham unga maʼqul boʻlganini tushundim. Darvozadan kirishimiz bilan bir guruh yosh ayollarga koʻzim tushdi. Uncha yomon emasdi koʻrinishim. Hans mehnat haqimga poyabzal va kostyum olib bergan. Shu bois ayollar oldida unchalik xijolat chekmadim. Ular zoʻr qiziqish bilan kuzatardi meni. Aftidan, Hans uyiga xabar qilgan, uyidagilar va qoʻni qoʻshnilar asir tushgan “qizil soldat”ni koʻrish ishtiyoqida toʻplangan edilar. Hans ayollar oldidan meni namoyishkorona olib oʻtarkan, qarmogʻiga eng katta laqqa baliq ilingan ovchi qiyofasiga kirgani nazarimdan chetda qolmadi. Badavlat odam edi, aftidan, mening sohibim. Ikkalamiz bogʻni aylanib tomosha qildik. Olmalar shiraga kira boshlagan. Ammo uzumlar hali xom. Molxonani ham koʻrsatdi menga. Qariyb oʻn besh-yigirma qoramol joylashadigan ogʻilda faqat bitta hoʻkiz bogʻlab qoʻyilgan. Vazni ham chamamda biror tonna bor. “Hammasi seniki, hatto Asteriy ham”, dedi Hans baquvvat qoʻli bilan hoʻkizga ishora qilib. Nazarimda nemislar hazilga u qadar usta emas. Hansning hazili ham jiddiyroq tuyuldi menga. Bu tilda soʻzlar shiddatli, tovushlar keskin, talaffuz aniq. Dushman bilan nemis tilida gaplashmoq kerak deb bekorga aytilmagan. Shunga qaramay, Gyote va Shillerning sheʼrlaridagi nafosat va noziklikni hech narsaga tenglashtirib boʻlmaydi. Yana bir jihati borki, nemislarda buyuk olim ham, buyuk shoir ham hamisha mushtini ishga solishga tayyor. Sharqona tavoze va yana nimadir yoʻqday bu xalqda. Tilining keskinligi ham shundanmi deb oʻylayman. Xullas, endi mening katta bogʻim va katta hoʻkizim bor. Va lafzimda fikrimni tushuntirishga yetgulik nemischa soʻzim bor. Hansning yuziga qarab urush tarozusi qay tomon ogʻayotganini anglashga urinaman. Yoniga yaqinlashtirmaydi meni Asteriy. “Shar” deyishadi bizning Miraki tomonlarda bunaqa jonivorlarni. Bilmadim, qanday oʻyinlar koʻrsatarkan mabodo yechilib ketgudek boʻlsa bu shoxdor jonivor.

Bir oydan koʻproq vaqt oʻtdi oradan. 21 iyul. Bekamiz Aglaida xonimning tavallud kuni. Bogʻ oʻrtasidagi oʻtloqda ziyofat dasturxoni hozirlandi. Mehmonlar qariyb yigirma kishi bor. Hans va bir munkaygan choldan boshqa hammasi ayollar. Oqshom pallasi joy talashayotgan maynalardek chugʻurlashardi ular dasturxon atrofida oʻtirib. Bu paytda men daraxt ustida turib olma terardim. Nogoh ogʻil eshigi qarsillgancha ochilib ketdi va Asteriyning bahaybat shoxli boshi koʻrindi. Oʻtloq sahnida oʻtirgan odamlarni koʻrdi jonivor va oʻynoqlagancha shiddat bilan yugurib kela boshladi. Chor tarafga qochdi sarosimaga tushib qolgan mehmonlar. Shu kelishda bazm stolini tagidan shoxi bilan ilib osmonga koʻtardi hoʻkiz. Va idish-tovoqlarning jarang-juringi sadosi ostida olgʻa yugurdi. Qiy-chuv koʻtargancha panoh istab uy tomon qochib borishardi ayollar va bolalar. Shoxi atrofini va peshonasini oxir burchagiga, zanjir bogʻlangan qoziqqa yoki boshqa biror uchli narsaga ishqalash odati bor bu jonivorlarning. Asteriy ham zanjir siquvidan ozurda boʻlgan va qichiyotgan shoxlarining tubini ana shunday ishqalayverib zanzir halqasini uzib yuborgan yoki boʻshatgan edi, aftidan. Xullas, Asteriy qochib borayotgan izdihom orasidan Hansning oʻn uch yoshli qizini tanlagan va qizning lolarang yubkasidan boshqa hech narsa koʻrinmasdi uning koʻziga. Qiz qattiq chinqirgancha men olma terayotgan daraxt tagidan jon holatda yugurib oʻtdi. Koʻzi qonga toʻlgan Asteriy uni taʼqib etib kelardi hamon. Qiz qochib borayotgan tomonda esa najot eshigi berk. Qoʻshni uyning baland devoridan oshib oʻtish ilojsiz. Asteriy hademay unga yetadi va qudratli shoxlari bilan… Nogoh uning roʻparasida hay-haylagancha Hans paydo boʻldi. Ammo shu lahzada nafaqat filday Hans, balki Afrika fili boʻlsa ham shoxiga ilib otishdan qaytmasdi Asteriy. Shunday boʻldi ham. Bir hamla bilan yoʻlidagi toʻsiqni itqitib tashlab, qizil yubka tomon yoʻlini davom ettirdi. Oniy lahzalarda roʻy berdi bu voqea. Va men nima qilayotganimni oʻzim ham anglamagan holda daraxt shoxidan yerga sakradim, balki yiqilib tushgandirman. Mana, hoʻkiz Asteriy va odam Oston yuzma-yuz. Oyoqlarini yerga tiradi shiddat bilan yugurib kelayotgan Asteriy va roʻparasida turgan jonzotning kimligini, nimaligini, kuchini va boshqa jihatlarini aniqlab olmoqchiday taqqa toʻxtab, nogoh osmondan tushgan jonzotga qaragancha bir zum qotib qoldi. Albatta, uning oʻylab olishi uchun bir daqiqa emas, balki bir soniya yetarli. Shundan keyin shoxi bilan ilib osmonga otadi meni va yana yoʻlida davom etadi. Albatta, bunday pallada eng mashhur ispan matadori ham hech narsa qilolmas va uning qoʻlidagi pichogʻiyu qizil lattasi oʻzining qoniga belangan boʻlardi. Oyogʻini yerga tiragancha boshini baland koʻtardi Asteriy, qattiq pishqirdi. Va meni moʻljalga oldi. Bu lahza asteriy uchun hech narsa, ammo men uchun juda qimmatli. Qochishga ulgurmayman. Oʻzimni bir yonga tashlab yiqilib qolishga ulgurgan taqdirimda ham Safina omon qolmaydi. Safinaning oʻlimi – mening oʻlimim. Shunday holat yuz bersa, men ham tirik qolmayman. Hans meni omon qoʻymaydi. Chunki Asteriyga qarash mening ixtiyorimga topshirilgan. Uning zanjirini mendan boshqa yana kim yechib qoʻyishi va bu qiziq tomoshani hoʻkizboqardan boshqa kim ham uyushtirishi mumkin!? Ana shu fikrlar miyamda yashin tezligida charx urarkan, qoʻlim ham yashin tezligida harakatga keldi va men ikki barmogʻim bilan Asteriyning burun karragidan tutdim. Va qattiq qisdim. Agar bilsangiz, hoʻkizlarning axelis tovoni, yaʼni eng zaif joyi – burun karragi. Men hech qachon bunday qilib koʻrmagandim, ammo qassob amakimning shu yoʻl bilan har qanday hoʻkizni boʻysundirishini koʻp koʻrgandim. Boshini ilkis koʻtargancha tek qotdi Asteriy. Birinchi boʻlib Hans oʻziga keldi va qanday moʻjiza roʻy berganini bilish uchun oʻrnidan turib qoʻrqa-pisa biz tomonga bir necha qadam qoʻydi. Angladimki, qoʻlimning har qanday nozik harakatiga ham boʻysunadi endi bu bahaybat maxluq. Va men tantanavor bir alpozda hoʻkiz boshini Hans tomon burdim. Rangi oqarib ketdi uning va beixtiyor ortga tisarildi. Endi uy devorining tashqi burchagi bilan zinapoya ortida toʻplanishgan va berkingan joylaridan moʻralashardi ayollar. Men Asteriyni ogʻil tomon yetakladim va maysa bilan qoplangan hovli boʻylab tantanavor qiyofada ayollar yonidan olib oʻtdim. Ogʻildan chiqishim bilan mehmonlar va xonadon sohiblari davrasiga tushib qoldim. Hans hamon titrab-qaqshayotgan qizini quchoqlab turar va unga tinchlantiruvchi qandaydir suyuqlik ichirardi.

– Siz ispanmisiz? – soʻradi oʻttiz yoshlardagi latofatli bir xonim tabassum bilan. Qoʻrquvdan oʻtakasi yorilayozgan olomonning birinchi savoli shu boʻldi.

– Nayn, ix bin uzbekish. – Javob qildim nafaqat quturgan hoʻkiz ustidan, balki bu olomon ustidan ham toʻla gʻalabaga erishganimni his etib nemis tilida.

– Oʻzbeklarda sehrgarlar koʻpmi?

– Matadorlar-chi?

– Balki siz biron-bir duo oʻqigandirsiz?

– Qanday duo oʻqidingiz?

– Asteriy sizni tushundimi?

– Agar Asteriy yana chiqib kelsa, shunday qila olasizmi?

Bu savoldan keyin goʻyo Asteriy yana chiqib keladiganday qoʻrquv bilan hamma ogʻil tomonga qaradi.

– Ya, ya, – deb ogʻil tomon yura boshlagandim, “nayn, nayn” degancha bir ayol meni mahkam quchoqlab oldi. Keyin birdan xursandchilik boshlanib ketdi. Hans stollarni yana joyiga oʻrnatdi va qaytadan dasturxon hozirlandi. Endi men davra toʻrida, Aglaida xonimning yonida oʻtirardim…

 

5

Uch yil oʻtdi oradan. Safina endi oʻn yetti yoshda. Urush tugagan. Safinaning amakisi, yaʼni meni asirga olgan ofitser jangdan qaytmadi. Uning ruslarga asir tushganligi haqidagi xabar Hansni va uning oilasini chuqur qaygʻuga soldi. “Boʻlar ish boʻldi, endi sen ukam oʻrnida ukamsan, Hermanning xonasida yashaysan”, dedi kunlardan bir kun Hans. Juda noqulay sezdim oʻzimni va bu taklifga rozi boʻlmadim. Herman yashagan xonani uning uy-muzeyiga aylantirishdi. Keyin bilsam, Herman durustgina shoir ekan, uning yozgan sheʼrlarini oʻqib taʼsirlandim va baʼzilarini oʻzbek tiliga tarjima qilib Safinaga oʻqib berdim. Bizning tilimizdagi “hayo” degan soʻz qizga juda yoqib qoldi. Buncha mayin, buncha ohangdor deya qayta-qayta takrorlar va bu soʻz maʼnosini soʻrardi. Afsuski, nemis tilida bu soʻz mazmunini meʼyoriga yetkazib tushuntira olmadim. Shunday boʻlsa-da, meni koʻrdimi, xuddi salomlashganday “hayo-yo-yo” deb qoʻyadigan boʻldi qizgina. Nemislarda ham xuddi biznikiday “h” tovushi bor. Shu sababli bu soʻzni juda chiroyli qilib aytardi Safina. Boʻliqqina, serburim va serchiziq hamda hissiyotga toʻla va juda sezgir lablari xuddi hushtak chalayotganday yigʻrilar, qoshlari ham muhabbat mavsumida raqs tushayotgan qora ilonchalarday bir-biriga yaqinlashib bosh koʻtargancha titrab turardi. Odatda biz bogʻdagi bahaybat dub soyasida oʻtirar va turli mavzularda suhbatlashardik. Ana shunday suhbatlarning birida yana oʻzbeklar toʻgʻrisida soʻrab qoldi. Bizning qizlarimiz koʻproq qiziqtirardi uni.

– Oʻzbek qizlari qanday boʻladi, kimga oʻxshaydi?

– Senga. “Hayo” deganda xuddi bizning qizlarga oʻxshab ketasan.

– Ibo desam-chi?

– Oʻxshaysan.

– Noz desam-chi?

– Oʻxshaysan.

– Taman-no desam-chi?

– Boʻlib aytma. “Tamanno” de…

Ammo quloq solmasdi u va ayollar affektiga, odatiga, yuz ifodasiga xos soʻzlarni soʻrayverardi. “Iffat”, “firoq”, “karashma” kabi soʻzlarni qiynalib boʻlsa ham talaffuz qilar va ayollar ruhiy holatini ifodalovchi soʻzlarning bu qadar koʻpligidan hayratlanardi ham. Koʻp aqlli va bilimli edi qizgina. Bogʻ adogʻida sayr qilib yurib nogoh qaldirgʻochkulcha butasiga duch kelib qoldim bir kuni. “Qaldirgʻochkulcha! Qaldirgʻochkulcha!” degan nido otilib chiqdi boʻgʻzimdan va men yovvoyi giyoh poyiga tiz choʻkdim. Yonimda Safina borligini tamom unutgandim shu lahzada. Tamom yolgʻiz edim. Qaldirgʻochkulchani bagʻrimga bosdim, uning binafsharangga moyil gullarini beqaror bir tarzda hidlay boshladim. Vujudimdan sirqib kelayotgan hissiyotlar qaynoq yoshga aylanib koʻzlarimdan oqayotganini sezmasdim.

– Nima boʻldi senga, Oston?! – hayajonini bosolmay qichqirib yubordi Safina.

Gul butasini yana ham mahkamroq quchoqladim men.

– Oston!.. Oston!.. Oston!.. – deya yelkamdan quchar va vujudimni gul butasidan ajratib olmoqchidek silkilardi qizgina. Indamay oʻrnimdan turdim. Qizga qarashga yuzim chidamadi. Oʻngʻaysizlandim. Va taskari qaragancha mushtlarim bilan koʻzlarimni ishqalab turaverdim. Keyin ancha joygacha indamay bordik.

– Nima boʻldi? Nega yigʻlading? – deya yana soʻroqqa tutdi Safina.

– Senga tushuntira olmayman, – dedim chuqur xoʻrsinib.

 

6

Qanday qilib unga tushuntirsam deb oʻylab yurdim. Bizda ham shunaqa giyoh oʻsadi, bolalikda uning tagida oʻtirib oʻynardik, qoʻgʻirchoqlar yasardik, Qaldirgʻochkulcha urugʻidan munchoqlar qilib, qoʻgʻirchoqlarimiz boʻyniga taqib qoʻyardik desam, oʻsha kungi holatimni oqlamaydi va qizning koʻnglida gʻubor qoladi. Ana shunday xayollar bilan bir kuni ogʻilxona burchagida oʻtirib qoʻgʻirchoq yasashga kirishdim. Latta-putta qiyqimlari koʻp edi bu yerda. Juda chiroyli chiqdi qoʻgʻirchoq. Ayol koʻrinishida, kiyimlari poʻrim, boshida binafsharang qasava, uning ustidan sariq shohi roʻmol. Etagi uzun parpari koʻylagi va qora hoshiya tutilgan keng yengi ayniqsa jozibali. Belida zarrin kamar… Ertaga qoʻgʻirchoqni unga sovgʻa qilaman. Darvoqe, erta uning soʻnggi imtihoni. Oʻlkashunoslikmi yoki muzeyshunoslikmi boʻyicha universitetga imtihon topshiryapti. Tuni bilan xonasida chiroq oʻchmadi. Nurafshon derazaga qaray-qaray uxlab qolibman. Ertalab uygʻonganimda Safina shaharga joʻnab ketgandi. Oradan uch kun oʻtib qaytdi. Butun oila uni tabrikladik, shunda men boshqalar oldida sovgʻamni topshirishga jurʼat etmadim va qulay fursat kutdim. Bogʻ adogʻida xilvat goʻsha bor. Chirmoviq gullar bilan oʻralgan yashil tomcha. Safinaning sevimli goʻshasi. Xonadon ahlida shubha tugʻdirmaslik uchun hadeganda u yerga boravermasdim. Asteriyga oʻt olib kelish bahonasida yolgʻizoyoq yoʻlak boʻylab yashil tomcha tomon yurdim. Yogʻoch skameykada oʻtirardi u. Koʻzlari yumiq, kipriklari yoyilgan qush qanotiday boʻlib yuziga soya solib turibdi. Qizil chorxona matohdan tikilgan koʻylagini skameykaga yoyib tashlagan… Sharpamni payqab koʻzlarini ochdi va ilkis oʻrnidan turdi. Nimadandir qattiq hayajonlanardi. Xuddi koʻzlarini yumib xayoliga keltirgan holat endi roʻparasida turganday. Qiz xuddi meni bagʻriga bosmoqchi boʻlgandek quchogʻini keng yoydi-yu, bunga jurʼati yetmaganday yana joyiga oʻtirib oldi.

– Safina, senga sovgʻam bor…

Kipriklari pirpirab ketdi uning va savol nazari bilan koʻzlarimga tikildi.

– Mana!

– Voy. Ajinacha! Ajinachaginam!

– Qoʻlimdan oldi qoʻgʻirchoqni va bagʻriga bosdi. Keyin oʻzidan uzoqroq tutib qaradi. – Qayerdan olding? – dedi taajjublanganini yashirmay.

– Yasadim.

– Rostdanmi? Oʻzing yasadingmi?

– Ha,

– Men uchunmi?

Bosh silkib tasdiqladim.

– Oti nima bu ajinachaning?

Qoʻgʻirchoqqa nom qoʻyish haqida oʻylab koʻrmagandim. Nima deyarimni bilmay taraddudlandim. Turli, tuman ismlar keldi xayolimga, ammo ulardan mosini tanlashim qiyin kechdi. Va biroz davom etgan sukutdan keyin qoʻgʻirchoqning nomini aytdim:

– Shodiya.

– Shodiya?.. Yoʻq, Ajinacha boʻlaqolsin… – dedi Safina oʻtingansimon.

– Xohishing…

Maysa ustiga choʻzala tushib parpirab nur taratayotgan derazaga qarab yotdim. Shu soniyada uning nima qilayotgani, nimalarni oʻylayotgani va qanday holatda turganini koʻz oldimga keltirishga harakat qilar va joʻshqin xayollarga berilardim. Nihoyat deraza pardasida navnihol qomati aks etdi uning. Qoʻlida nimanidir tutib turibdi. Yuragim hapriqib oʻrnimdan turib ketdim. Qoʻgʻirchoq! Oʻsha men sovgʻa qilgan qoʻgʻirchoq! Safina qoʻgʻirchoqni dam bagʻriga bosar, dam uning liboslarini silab-siypalar, dam koʻksiga bosib bolasini ovutayotgan onadek u yon-bu yonga tebranardi. Lablarining harakatiga qaraganda alla ham aytmoqda edi, aftidan…

 

7

…Shundan keyin oradan koʻp yillar oʻtdi. Germaniyadan qaytganimdan keyin yana qamashdi meni. Yana qiynoqlar va soʻroqlar… Gapning qisqasi, 1955 yili ozodlikka chiqdim. Qishloqlar qiyofasi ham, hayot ham tamom oʻzgarib ketibdi. Hech kim tanimadi meni. Qishloq qabristoni atrofida aylanib yurgan bir qariyadan Shodiyaning qabrini soʻradim. Biz maysalar gurkirab oʻsib yotgan kichkina tuproq tepacha oldida toʻxtadik.

– Mana shu.

– Yanglishmayapsizmi?

– Aniq bilaman. Oʻni qabrga qoʻyishayotganda otamning orqasidan ergashib kelgandim. Qoʻlimdagi tol choʻpni olib belgi boʻlsin deb qabr boshiga qadab qoʻygandilar otam. Mana oʻsha choʻp kap-katta daraxt boʻlibdi.

– Nega “boʻlibdi” deysiz, oʻzingiz bu yerlik emasmisiz?

– Aslida shu qishloqlikman. Urushdan oldinroq qamalib ketgandim.

– Qanday ayb bilan?

– Yomon vaqtlar edi, ocharchilik… doʻkonda ishlardim. Bir ayolga bir kaft un bilan bir boʻlak non berganim uchun rastrata qilib qamab yuborishgan…

– “Muazzamjonning fili suvrati” deyishmasmidi oʻsha ayolni?

– Ha, shunday deyishardi.

– Balki siz Sulton Ostondirsiz?

Chol menga qiziqsinib qaradi. Va indamay qoʻynidan bir uyum latta olib qabr tepasidagi toshga suyab qoʻydi. Qarasam, chiroyligina qilib yasalgan qoʻgʻirchoq. Men Safinaga yasab bergan qoʻgʻirchoqning aynan oʻzi! Men ham shunday qildim. Qoʻgʻirchoqlar ikki tomchi suvdek bir-biriga oʻxshardi. Boʻyi basti ham, kiyimlari ham…

Nogoh qulf-kalitning shaqir – shuqiridan oʻzimga keldim. Temir eshik daranglab ochildi va nazoratchining pogonli yelkasi koʻrindi.

…Necha yillardan beri turmaning zax kamerasida yotgan mahbusning xayoliga nimalar kelmaydi deysiz…

 

Neʼmat ARSLON

 

“Ijod olami”, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/nasr/mahbusning-ikkinchi-hayoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x