Mahallaning “shayxi”

Qachondir uning ismi boʻlsa boʻlgandir. Biroq mahallada hech kim uning otini bilmaydi. Hamma Shayx deb chaqiradi.

Aytishlaricha, urush paytida bir beva xotin besh-olti yoshlardagi bolasi bilan shu yerga kelib qolgan. Insofli odamlar bevaga choyxona yonboshidagi pastak hujrani ajratib berishgan. Bola bari bir bola-da. Bahorda hujraning tomiga chiqib varrak uchirayotgan ekan, varrak havolagan sayin qiziqib ketib ipni torta-torta tisarilib boribdi-yu, tomdan chalqanchasiga yiqilib tushibdi. Shoʻrlik onaning dod-faryodiga choyxoʻrlar yopirilib chiqishsa, bolaning boshi yorilib, qonga belanib yotganmish. Hoji buvi uning boshiga kigiz kuydirib bosibdi, qorakuya suribdi, haytovur, bola tuzalib ketibdi. Faqat esi aynibroq qolibdi. Oʻshandan buyon hech kim uning biron marta yigʻlaganini koʻrmagan. Qachon qarasangiz, iljayib turadi. Iljayganda ham tilining uchi ogʻziga sigʻmay doim chiqib turadi. Shundan boʻlsa kerak, onda-sonda ustara tegadigan doʻrdoq labining ikki cheti oqarib yotadi. Urushdan keyin onasi vafot etadi-yu, Shayx yolgʻiz qoladi. Eski choyxona buzilganida ularning hujrasidan ham nom-nishon qolmadi. Biroq Shayx koʻchada qolgani yoʻq. Mahalladagi hamma uy Shayxniki. Uning uchun hamma eshik ochiq. U biznikiga ham tez-tez kelib turadi. Onam bilan uzoq-uzoq gaplashganini koʻrardimu onam bu devona bilan nimani gaplashishiga aqlim yetmasdi.

Jamiki toʻy, jamiki maʼraka Shayxsiz oʻtmaydi. Uning oʻz vazifasi bor: samovar qoʻyadi. Xotinoshida mahalla otini, nikohu bazmlarda toʻyboshi erkaklar Shayxning xizmatiga muhtoj.

 – Shayx, toʻrt choynak choy! Uch choynak famil, bir choynak koʻkidan boʻlsin.

 – Hodzir…

Shayx gʻalati gapiradi, “z”ni aytolmaydi, “dz” deydi, “s” deyolmaydi, allaqanday “ts” qilib aytadi.

 – Shayx tezroq! Nozik mehmonlar kelib qoldi.

Shayx shoshilmaydi. Ishini bilib qiladi.

 – Tsekin. Nodzik boʻtsa, oʻdziga, – deydi iljayib.

Odamlar ranjimaydi. Shayxning puxtaligini bilishadi. Shuncha yildan beri bironta toʻyda choynak darz ketmagan, biron mehmon choysiz qolmagan.

U faqat pivo ichadi. Koʻp emas, ikki shishagina. Toʻy egalari Shayxning ulushini alohida ajratib qoʻyishadi. Toʻy tarqashi oldidan, xizmatini qilib boʻlgandan keyin Shayx shishani ogʻziga qoʻyib pivo ichib oladi-da, birdan oʻyinga tushadi. Yoqavayron boʻlib, ogʻzidan koʻpik sachratib xoʻp oʻynaydi.

Odamlar qarsak chalgan sayin balandroq sakraydi:

 – Boʻsh kelma, Shayx!

 – Malades, Shayx! Orangutan boʻp ket-e!

Bunday “maqtovlar” Shayxni battar jazavaga soladi. Har tepinganda yer zirillab ketadi.

Baʼzan hangomatalab yigitlar Shayxni oʻrtaga olib qolishadi.

 – Bu… toʻyni qachon boshlaymiz, Shayx?

Shayx tilini chiqarib iljayib qoʻyadi.

 – Senga ham xotin olib beraylik bundoq.

 – Xotinmas, qidz…

 – A?.. Voy koʻnglingning koʻchasidan oʻrgildim! Seni koʻrgan qiz infarkt boʻlib “Grudnoy xirurgiya”ga tushadiku!

Shayx xafa boʻlmaydi. Umuman, xafa boʻlishni bilmaydi. Iljayadi.

Onamning yigirmasi boʻlayotgan edi. Gʻira-shira tong otayotganda eshikdan koʻylakchan Shayx lapanglab kirib keldi.

 – Iya, ana, Shayx kelib qoldi! – dedi allakim tantana bilan. – Qani, samovarga oʻzing qaray qol.

Ammo Shayx hovli burchagida turgan samovarlar tomonga yurmadi. Hech kimga qaramay bir hatlab ayvon zinasidan chiqdi-yu, oyimning xonasiga yoʻnaldi.

 – Hoy, Shayx oʻlgur, qayoqqa? – ayollardan biri uning yoʻlini toʻsdi. – U yerda qariyalar oʻtiradi.

 – Qoch! – dedi Shayx koʻzini olaytirib. Keyin onamning xonasiga kirdi-yu, toʻsatdan oʻzini yerga otdi.

 – Oyi! – dedi xirillab. – Oyi-i-i!

Yoqasiga chang solib bir tortgan edi, kir koʻylagi shir etib yirtildi-da, qop-qora, baquvvat yelkalari titragancha ogʻzidan koʻpik sachratib hayqirdi:

 – Oyi! Oyi!

U har “oyi” deganda boshini yerga urar, yerni mushtlar edi.

Birpasda peshonasi momataloq boʻlib ketdi.

 – Oyi! Qayoqqa ketdidz, oyi!

Umrida yigʻlamagan Shayxning nolasi hammani karaxt qilib qoʻygan edi. Kimdir koʻtarmoqchi boʻlgan edi, Shayx siltab yubordi.

 – Tegmanglar! – dedi allakim pichirlab. – Mayli, yigʻlab olsin.

Anchadan keyin u gandiraklab oʻrnidan turdi. Hech kimga qaramay hovliga tushdi-yu, indamay chiqib ketdi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

https://saviya.uz/ijod/nasr/mahallaning-shayxi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x