Mahalla

Inson bilan tiriqdir inson,

Muhabbatdan hayotning boshi.

Odamzodga baxsh etadi jon,

Odamlarning mehr quyoshi.

(Erkin Vohidov)

 

Rohat buvi kattakon qora pechkaning eshigini ochib oyogʻini tovlayotgan edi, deraza ostida koʻzoynak taqib nevarasining yirtilgan kitobini yelimlayotgan choli urishib berdi:

– Seni pechkaga oʻrgatib boʻlmadi-boʻlmadi… Nima, polni oʻyib, sandal qilib beraymi? Pechka deganning eshigini ochdingmi, koʻmir osmonni isitadi deyaver!..

Rohat buvi pechkaning eshigini yopdi, borib divanga choʻzildi. Uy sovuq boʻlmasa ham, bir necha kundan beri uning eti uchar, oyogʻi sovqotar, ogʻrir edi.

Kampir shu yotganicha ertasiga ham turgisi kelmadi, indiniga turolmadi, uchinchi kuni yuragi birpas qattiq urib turdi-yu, birdan boʻshashib, oʻldi-qoldi.

Hikmat buva nima boʻlganini bilolmay, koʻzi bilan koʻrib turganini aqliga sigʻdirolmay, garang bir ahvolda turib qoldi; oʻgʻli, kelini, uch nevarasi kirib yigʻi boshlagandagina oʻziga kelib, titroqli nafas bilan shivirladi: “E, xudo, nima qilib qoʻyding, bisotingda menga atagan yana qanaqa kulfatlaring bor, toʻk, boshimga hammasini birdan toʻka qol!”

Ellik uch yil! Ellik uch yildan beri bir dasturxondan tuz tatigan, bir koʻrpani bosgan, birga kulgan, birga yigʻlagan; ellik uch yildan beri mushukchaday bir-biriga suykanib, bir-birini yalab, ogʻritmay tishlab, yiqitib, yiqi-lib berib, piypalashib oʻynagan; ellik uch yildan beri mehr atalmish ulkan tuygʻu rishtasini pilla qurtiday bir maromda asta-sekin chuvib, bir-birining qalbini oʻrab-chulgʻab kelgan.

Hamma rasm-rusum joyiga yetkazilgandan keyin odamlar tobutni koʻtarganda shu rishta birdan tortildi-yu, goʻyo Hikmat buvaning yurak-bagʻrini sugʻurib oldi. Chol oʻkirib yubordi.

Kampirni birpasda yerga topshirib qaytishdi. Koʻngil soʻragani yana butun mahalla kirdi. Hikmat buva kasal musichaday bir chekkada qunishib oʻtirar, aftidan, endi uning uchun olamda hech kim, hech narsa qolmagan edi.

Shundoq Hikmat buva hafta oʻtar-oʻtmas bir hovuch suyak boʻldi-qoldi. Chol choʻzilib yotganda uning oʻlikmi-tirikmi ekanini bilish qiyin, lekin kampiri oyogʻini pechkaning oʻtiga tovlayotganda urishib bergani esiga tushsa arslonday oʻkirar, oʻzini u yoqdan-bu yoqqa otar edi.

Uyda uni yolgʻiz qoʻymaslikka harakat qilishar edi. Kichkina nevarasi hamma oʻyinchoqlarini uning uyiga kirgizib qoʻydi, bogʻchadan kelganidan keyin shu yerga kirib oʻynaydigan boʻldi. Katta nevarasi har kuni uni necha marta xilma-xil qilib suratga ola berdi. Oʻgʻli uni avtomobilga solib bir necha marta shaharni aylantirdi. Chol xursand boʻlish oʻrniga: “Onang borida shu ishni qilmading”, deb doʻngʻilladi. Kelini unga magnitofon keltirib berdi. Chol magnitofon bilan birpas ovundi-yu, keyin koʻziga yosh olib: “Qizim, shu narsani ilgariroq topib kelganingda kampirni gapirtirib yozib olar ekanman”, dedi…

Bir kuni qattiq yomgʻir yogʻib, qishdan qolgan qorni eritib yubordi. Ayvonda ustunga suyanib yomgʻir suvining vaqirlashini tomosha qilib turgan cholning koʻzi tandirdan narida yotgan bir poy eski kalishga tushib qoldi. Kampir bir oyogʻi ogʻrib shishganda shu kalishning jagʻini kesib kiygan edi. Chol borib kalishni oldi, avaylab artdi, uyga olib kirdi. Chol uchun kampir goʻyo qaytadan oʻldi. U kechgacha yigʻladi, kechqurun oʻgʻli bilan kelini ishdan kelganda “kampir bechorani shifokorga durustroq koʻrsatmadilaring”, deb xarxasha qildi.

Hikmat buva kechalari uxlamas, dori ichib uxlasa ham yarim kechasi uygʻonib, tong otguncha oʻtirib chiqar, uydagi hamma narsa unga kampirini, yolgʻiz qolganini eslatar, har bir tovush oʻlim boʻlib uning miya qopqogʻini chertar edi.

Chol tugab borayotganini koʻrib oʻgʻli bilan kelini tashvishga tushib qoldi.

Bir kuni ertalab chol yoʻqolib qoldi. Qidirilmagan joy qolmadi: yor-doʻst, tanish-bilish, qarindosh-urugʻ, hatto tez yordam kasalxonasidan ham xabar olindi, militsiyaga murojaat qilindi. Hammayoq qidiriliptiyu, qabristondan xabar olinmapti, chol qabristonda ekan. Hikmat buva qabristonga tez-tez borib, kampirning boshida bir soat-yarim soat oʻtirib kelar, lekin bunaqa qolib ketadigan odati yoʻq edi. Chol bu safar borganida kampirning qabrini ziyorat qilish u yoqda qolib, uning yonidan oʻziga goʻr qazitdi, mudir va goʻrkovlar harchand unashmasa ham qoʻymadi, janjallashdi.

Chol kun oqqanda adoyi tamom boʻlib qaytdi. Kimdir uni avtobusdan tushirib yoʻlkaga chiqarib qoʻydi. Cholning zoʻrgʻa qadam bosib kelayotganini koʻrgan muyulishdagi choʻtkachi yugurib borib uni olib keldi va qoʻliga bir piyola choy berdi.

– Xafa boʻlmay yuribsizmi, otaxon… Kampir onam alomat ayol edilar… Siz oʻsha kuni oʻzingiz bilan oʻzingiz ovora boʻlib taʼziyaga kelgan odamlarni payqamadingiz. Ana odamu… Mahallaga sigʻmay ketdi! Mahallamizning koʻchasi bir metr choʻkdi!.. Kampir onam dunyoga kelib odam ekkan ekanlar. Dunyoga kelgan odam avvalboshi odam ekishi kerak ekan. Men ibrat oldim…

Issiq choymi yo choʻtkachining gaplarimi cholga ancha mador boʻldi.

– Ha, – dedi chol bir oz gʻurur bilan, – haligacha odam keladi… Ishxonasi ham shuncha yildan beri esidan chiqarmagan ekan.

Cholning paydo boʻlganidan xabar topgan uy ichi, qoʻni-qoʻshni chuvillashib kelib uni oʻrtaga olishdi. Birov dashnom bergan, birov boʻgʻilgan, birov suyungan…

Bular cholni oʻrtaga olib chuvillashib ketayotganda yoʻl boʻyida turgan shu mahallalik shifokor voqeani eshitib choldan oʻpkalagan boʻldi, keyin unga razm soldiyu, kampirdan gap ochdi:

– Onaxonimiz taʼrifga sigʻmaydigan ayol edilar, shuncha odam bekorga kelgani yoʻq! Lekin, otaxon, mahallamizga biron sakkiz chelakli bitta samovar kerak ekan, oʻsha kuni juda-juda bilindi. Mahalladan pul yigʻsak, xonadonga necha puldan tushadi?

Cholning hamiyati qoʻzgʻab ketdi.

– Oʻgʻlim bilan kelinimning bitta samovarga kuchi yetib qolar, – dedi.

Vrach undan shu gapni kutgan ekanmi, jilmayib qoʻydi. Chol goʻrini qazitib qoʻyib, endi bu yerga samovar olgani emas, yotib oʻlgani kelgan boʻlsa ham, oʻgʻli bilan kelini nomidan mahallaga kattalik qilib qoʻyganidan keyin bu toʻgʻrida oʻylashga majbur boʻldi – oʻgʻlidan pul oldi, samovar qidirishga kirishdi. Biroq oʻshanaqa samovarni topishdan koʻra kondan mis qazib, samovar yasash osonroq ekan: cholning bormagan magazini, yalinmagan magazin mudiri qolmadi. Oʻgʻli bilan kelini uning yelib-yugurishiga, unda shuncha kuch qayoqdan paydo boʻlganiga hayron edi.

Nihoyat, mahalladagi mansabdorlar yordami bilan samovar topildi, mahalla aktivlari akt bilan qabul qilib oldi, umumiy majlisda rais Hikmat buvaga rahmatlar aytdi, hamma chapak chaldi.

Shu majlisda yana bir masala koʻtarildi: mahallada har kuni boʻlmasa ham, haftada ikki-uch marta toʻy-maʼraka, tugʻilgan kun va boshqa marosimlar boʻlib turadi, kim marosim oʻtkazadigan boʻlsa uyma-uy yurib idish-tovoq, dasturxon va boshqa narsalar tilaydi, aktivlar mahalladan pul yigʻib biron yuz ellik kishilik mahalla roʻzgʻori tashkil qilsa boʻlmaydimi?

Bu taklifni hamma olqishladi, buning mutasaddisi kim boʻladi, degan savolga hamma qiy-chuv koʻtarib yana Hikmat buvani koʻrsatdi. Hikmat buva unamasdan qarshi soʻz aytgani oʻrnidan turgan edi, shuncha odam chapak chalib, koʻziga qarab turganini koʻrib indayolmadi.

Mahalla necha xonadon? Bularning hammasi cholni ovora qilmay pulni keltirib bera qolsa ekan! Bu xonadonlardan koʻpiga kirish kerak, koshki bir kirganda pulni bera qolsa ekan: biri ertaga keling deydi, biri falonchi muncha berganda men nega shuncha berar ekanman, deb xarxasha qiladi, biri majlisda angrayib oʻtirib gapga yaxshi tushunmagan, unga tushuntirish kerak boʻladi…

Chol har kuni ertalabdan xonadondan xonadonga, bor pulga bir nima olib qolish uchun magazindan magazinga, arz-dod qilgani idoradan idoraga yugurar, shu orada fursat topib baʼzan kampirining mozoriga ham borib kelar edi.

Chol nihoyat, mahalla roʻzgʻorini toʻla-toʻkis qilib maktab omboriga qamab oldi. Biroq roʻzgʻorni but qilishdan ham koʻra uni asrash qiyinroq boʻladi: baʼzi odamlar narsani olib vaqtida qaytarishmaydi; baʼzilar, masalan, joʻmragi uchgan choynak, papirosdan kuygan dasturxon, lattasiga allanimabalo toʻkilgan kursi, sanchigʻi qayrilgan vilka va hokazo qaytarishadi, yana “oʻzi shunaqa edi”, deb janjal qilishadi. Yoʻq, xayriyat, sal kunda odamlar insofga kelishdi, cholning ishi yengil boʻlib qoldi.

Bahor keldi. Shaharda daraxt oʻtqazish kompaniyasi boshlanib ketdi. Shu munosabat bilan gazeta maqola berib, oʻtgan yil bahorda qaysi mahallalar planni toʻldirmay qolganini, qaysi mahallalar bu ishda namuna koʻrsatganini aytib, ilgʻor mahallalar qatoriga “Yangi mahalla”ni ham qoʻshibdi. Buni cholga nevarasi koʻrsatib kuldi, chunki oʻtqazilgan daraxtlarning koʻpgina qismi tutmagan edi. Chol chiqib mahallani aylandi, daraxtlarni koʻzdan kechirdi. Oʻtgan yil bahorda jami bir ming yetti yuz oltmish besh tup koʻchat oʻtqazilgan boʻlib, bundan faqat sakkiz yuz oltitasi tutgan, tutgan daraxtlardan yigirma ikki tupi singan, sakkiz tupi sassiq, moʻrt va umri qisqa daraxtlar ekan. Chol bu maʼlumotni olib toʻgʻri redaksiyaga bordi, avval tortinibroq gapirdi, gapi oʻtganini payqagach, shovqin soldi. Gazeta ertagi sonida “Yangi mahalla” haqida notoʻgʻri maʼlumot bergan muxbiriga jazo berganini aytdi va muxbirni aldagan mahalla komissiyasining sekretariga dashnom berdi va shu bilan birga gazetaning xatosini koʻrsatgan Hikmat buva Normatovga tashakkur bildirdi. Hikmat buva shu kuni burchakdagi choʻtkachiga maxsisini yogʻlatib, “mahallamiz sharmanda boʻlgani” haqida uning intihosiz javrashiga quloq solib oʻtirgan edi; shu asnoda oʻsha yolgʻonchi sekretar oʻtib qoldi va cholni koʻrib oʻshqirdi:

– Hu oʻsha… Oʻzimiz toʻgʻrilar edik-ku, senga nima, bir oyogʻing goʻrda.

Chol sekin burilib qaradi.

– Mening bir oyogʻim goʻrda, sening ikkala oyogʻing toʻrdami? Unaqa demagin, bolam, kim oldin oʻlishini bilib boʻlmaydi…

Chol yana bir nima demoqchi edi, oʻziga goʻr qazitib qoʻyganini eslab dami ichiga tushib ketdi. Sekretar jahl bilan qoʻl siltab joʻnadi. Chol qoʻllarini orqasiga qilib boshini quyi solib uyiga tomon bitta-bitta qadam tashlab borar ekan, oʻylar edi: “Bu bola goʻr qazdirib qoʻyganimni eshitganmikan? Yoʻq, eshitgan emas, lekin eshitishi mumkin…”

Chol jadallab uyga keldi va oʻtirib xat yozdi:

“Qabriston mudiri va goʻrkovlariga yozib maʼlum qilamanki, qari baqaterak ostidagi mening nomimga qazilgan goʻrni qabriston idorasiga topshiraman, azbaroyi foydalanish uchun”.

Hikmat buva xatni nevarasidan berib yubordi.

 

Abdulla QAHHOR

 

1968 yil

https://saviya.uz/ijod/nasr/mahalla/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x