MAGNETOKIMYO — fizik kimyoning boʻlimi. Moddalarning kimyoviy tuzilishi va magnit xossalari orasidagi oʻzaro munosabatni, shuningdek, magnit maydonining kimyoviy birikmalarning reaksiyaga kirishish qobiliyatiga taʼsirini oʻrganadi. Magnetokimyo moddalarning tuzilishi, kimyoviy bogʻlanish xarakteri, birikma, assotsiatsiya va polimerlangan molekulalarda elementlarning valent holatlari, jismning magnit singdiruvchanligi yoki magnitlanishi, buning t-ra va maydonning kuchlanganligiga qarab oʻzgarishi va b. ni tekshiradi. Atomlar, ionlar va molekulalarning magnit momentini Magnetokimyo yordami bilan bilish mumkin. Atomlarning magnit momenti atom xossalarining davriyligini koʻrsatadi. Maʼlum birikmaning kimyoviy toʻyinganligi qancha yuqori boʻlsa, magnit momenti (bir xil sharoitda) shuncha kam boʻladi. Erkin radikallar va erkin valentliklarni magnit momenti asosida aniqlash mumkin. Kimyoviy birikmalarning tuzilishini aniqlashda, moddalarning tuzilishi va tarkibini, kimyoviy reaksiyalar borishini hamda hosil boʻlgan modda sifatini tekshirishda Magnetokimyo usullari muhim ahamiyatga ega. Kimyoviy muvozanat, kimyoviy reaksiyalar kinetikasi va mexanizmiga magnit maydonining taʼsiriga oid tadqiqotlar Magnetokimyoning istiqbolli yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Molekulalarning kimyoviy tuzilishi va magnit xossalari orasidagi bogʻlanishni aniqlashga yoʻnaltirilgan magnit rezonans (EPR, YAMR va b.) tadqiqotlari Magnetokimyoga suyanadi.
Ad.: Karlin R., Magnetoximiya, per. s angl., M., 1989.