MAGISTR (lot. magister — boshliq, ustoz) — 1) Qad. Rimda bir necha lavozim (mas, diktator yordamchisi, imperiyaning soʻnggi davrida bosh qoʻmondon). Keyinchalik Yevropada ulugʻ magistr (grossmeyster) — katolik ruhoniy-ritsarlar jamoasining boshligʻi;
2) ayrim mamlakatlarda bakalavr va fan doktori oʻrtasidagi ilmiy daraja. Tayanch oliy taʼlim kursidan soʻng qoʻshimcha dastur bajargan, maxsus imtihonlarni topshirgan va muayyan ilmiy ishni himoya qilgan shaxslarga beriladi;
3) Oʻzbekistonda «Taʼlim toʻgʻrisida»gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» (1997) ga muvofiq, un-tlar, akademiyalar, in-t va oliy maktabning boshqa taʼlim muassasalarvda oliy taʼlimning 2-bosqichi — magistraturani tugatganlarga beriladigan daraja. Davlat malaka attestatsiyasi yakunlariga koʻra beriladi. Magistr larga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar va ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.