Madaniyat javhari

Orzularimizni madaniy hayotning javhari boʻlgan kitob bilan bogʻlayotganligimiz kelajagimizni munavvar bir zaminda yaratishga intilayotganimizni koʻrsatadi. Kitob oʻqish va chiqarish bilan bogʻliq barcha kompleks xarakterdagi maʼrifiy masalalar Oʻzbekiston ichki taraqqiyotining markaziga qoʻyilayotgani xalq barkamolligiga imtiyoz berilayotganligini anglatadi.

Matbuotimiz keyingi paytlarda, ayniqsa, kitob oʻqish va, umuman, kitobxonlik haqida koʻp yozmoqda. Bir-birimizni, bizga ishongan oʻquvchilarimizni kitob oʻqishga qayta-qayta daʼvat qildik, buning foydalarini tushuntirdik. Bu koʻpchilikka maʼlum.

Lekin aynan bugun juda katta va uzoqni koʻzlangan amaliy qadam tashlandi. 2017 yil 12 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida” Farmoyishi chiqdi. Farmoyish jamiyatimizni biroz vaqtlardan beri oʻylatib, toʻlqinlantirib kelayotgan fikrlarga juda katta ijtimoiy yoʻnalish berdi. Buni biz mustaqil davlatimizning shaxs kamoloti va jamiyat kelajagi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgani deb jon-dildan qabul qildik. Rostdan ham, dolzarb, jiddiy amaliy qadam! U hukumatimizning bugungi va ertangi intellektual taraqqiyotimizni taʼminlashni oʻz oldiga asosiy maqsad qilib qoʻyayotganligini koʻrsatmoqda.

Hozir ijobiy maʼnoda yaxshi avj olib kelayotgan xalq bilan barcha darajalarda muloqotlarning samaradorligi ommaning kitobxonligi darajasiga va, demakki, zamonaviy savodxonligiga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Qachongacha sodda va odmi xalq deb maqtashsa, bunga chippa-chin ishonib, “Biz oʻzimiz shunday soddamiz-da ilgaridan”, deb yelka qisib mamnuniyat bilan oʻtiramiz. Internet asri allaqachon soddalik va laqmaliklarni koʻtarmay qoʻygan, bular ijobiy belgilikdan koʻra koʻproq salbiy, aql-idrok bilan qabul qilib boʻlmaydigan eskilikka aylanib ulgurgan. Biz tarixiy vaqt miqyoslarida shunchalar kechikib ham, yana hech narsa boʻlmaganday oʻtirishimiz zamonaviy turish-turmush va keng miqyosdagi sogʻlom aql rejalariga aslo toʻgʻri kelmaydi. Shuning uchun ham kitob oʻqish madaniyati, kitob chop etish madaniyatiga aqlimiz-idrokimiz, oʻzimizga oʻz hurmatimizning javhari deb qaraylik.

Kitob oʻqish shundayki, odam bolasi kitobni oʻzi uchun oʻqiydi. Buning uning oʻzidan boshqa hech kimga daxli-tashvishi yoʻqdek. Ammo ikkinchi tomondan, Shaxs kamoloti deymiz. Shaxs kamoloti esa jamiyatga toʻla maʼnoda daxldor. Jamiyat shaxsning maʼnaviy-madaniy darajasiga befarq qarayolmaydi: chunki Shaxs va Jamiyat doim bir-biriga bogʻlanib oʻsadi misoli qoʻshchinordek. Kitob chop etish, kitobxonlik madaniyati jamiyatning umumiy qiyofasi, maʼnaviy-madaniy saviyasi va darajasini belgilaydi. Ochiq koʻzlar va ochiq qalblarni dunyoga keltiradi. Koʻzi, qalbi ochiq odamni riyo va kazzoblik bilan chalgʻitish, aldash, toʻgʻri yoʻldan aynitish qiyin, balki iloji boʻlmagan bir ish.

Bir tiyrakkina oʻsmir qizcha Navoiy kutubxonasining axborot-resurs zalida: “Domla, darsliklarni oʻqish ham kitobxonlikka kiradimi?” deb soʻradi. “Darsliklarni oʻqish va oʻzlashtirish kitobxonlikning boshlanishi, – dedim. – Darsliklarni qunt bilan yaxshilab oʻqish va uqish orqali siz boshqa rang-barang kitoblar olamlariga kirib borasiz. Darsliklar sizni poyonsiz shovullab yotgan kitoblar olamlariga chorlaydi, sizga qiblanamo boʻladi. Ana shunda… siz sevgan qimmatli oʻqituvchilarning rang-barang kitoblar haqidagi soʻzlari, hikoyalari sizga jozibali yoʻlxat vazifasini oʻtaydi. Bolaning kitobga eʼtiborini tortish, oʻqishga qiziqtirishda, kitobning sadoqatli oshnosiga aylantirishda hammadan ham samaraliroq boʻladi. Shuning uchun muallimlarimizni otadan ulugʻ deymiz.

1947 yili 3-sinfda oʻqiyotganimda menga muallimam bergan “Oʻqish kitobi”ni boshdan-oyoq yodlab olgandim. Oʻsha tabarruk sahifalarda ilk bora Navoiyning dono soʻzlarini, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Uygʻun, Hamid Olimjon, Mirkarim Osim kabi menga sirli boʻlib tuyulgan nomlar va chiroyli soʻzlariga duch kelgan, Hirotu Oʻtroru Shoshu Samarqand, Buxorolardan parchalar oʻqiganman, Vatanimning bunchalar kengligi va ulugʻlarning bunchalar koʻpligidan aqlim shoshgan. Bolalik chogʻlaridagi oʻqishlar oltin lavhaga yozilganday hech qachon xotiradan oʻchmay, umr tugaguncha kishiga hamrohlik qiladi. Kitob – bir umr hamroh deyishadi. Navoiy kutubxonasida boʻlgan chogʻlarimda axborot-resurs xonalar yoshlar bilan gavjumligini koʻrib, bolalar kitoblar, gazetalar, jurnallarni varaqlashayotgani, kompyuterlarda mashqlar bajarishayotgani, dunyodan axborot olishni oʻrganishayotgani, yozuvchilar, olimlar, jurnalistlar bilan uchrashayotganlari, foyelarda ularni savollarga tutishayotganlarini koʻrib zavqim keladi. Biz maktabimizning kichkinagina kutubxonasini 7-sinfga oʻtmayoq oʻqib tugatgan edik, keyin shahar, viloyat kutubxonalariga qatnagandik. Manavi yoshlarga chin havas bilan qarayman: qanday koshonalar! Qanday bepoyon kitoblar tokchalari! Bularni Forobiy, Beruniy, Ibn Sino koʻrsalar, ne hollarga tushardilar tafakkur daholari! Ular bizga kitoblar mutolaasida faqat va faqat teranlashuvni uqtirgan, kitoblarga yengil-yelpi, panja orasidan qaramaslik, kitob huzurida oʻyinqaroqlik, havoyilik qilmaslikni uqtirgan boʻlardilar.

Zero, kitob oʻqish, bu – asl maʼnodagi teranlikdir, buyuklarning buyuklari bilan suhbatdosh va fikrdosh boʻlmoqdir.

Farmoyishda belgilangan bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan vazifalarga koʻra kitob chop etish, tarqatish, targʻib qilish, kitob oʻqish va kitobxonlik madaniyatini oʻstirish yagona va yaxlit ulkan yoʻldan boradi. Bir izdan izchil borishning ahamiyati nihoyatda katta. Hozirda 1677 matbaa korxonasi va 118 nashriyot davlat roʻyxatiga olingan. Bu juda katta kuch. Bizda matbaa mustahkam zamonaviy zaminga qurilgan, juda zoʻr vazifalarni uddalay oladigan ilgʻor texnologik bazaga ega. Farmoyishda oʻrtaga qoʻyilgan vazifalar bugungi hayotimiz amaliyotidan kelib chiqadi. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, ularning barchasini ortigʻi bilan, hatto amalga oshirish va normaga aylantirish mumkin. Qozonda boʻlsa, choʻmichga chiqadi degan gap bor. Lekin qozon liq toʻla. Uni choʻmich solib yuzaga chiqarganda, omilkorlik va ishning koʻzini bilib harakat qilishga toʻgʻri keladi.

Nazarimizda, eng avvalo, bizda nashriyotlarning ixtisoslashuvi izchil va har tomonlama oʻlchangan, oʻylangan emas. Fundamental ilmiy-nazariy, dunyoda Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini koʻtaradigan adabiyotlarni nashr etish markazlashmagan, “Fan” nashriyotining shuhrati va statusini qayta koʻtarish payti allaqachon yetgan. Nashriyotlar ixtisoslashuvni aniq chegaralab, belgilab olsalar, nur ustiga nur boʻlardi. Ixtisoslashuv kichkina, arzimaydigan masala emas. “Oʻzbekiston”, “ShARQ”, oʻafur oʻulom nomidagi nashriyot, “Yangi asr avlodi” nashriyotlari bir-biridan yorqin, oʻziga xosligi, oʻziga xos yoʻnalishlari, nashr falsafasi bilan ajralib turishlari, kitob bozorlarini doim faol qizitib, doim raqobat ruhini jonlantirishlari, ayniqsa, hozirgi maʼrifat zamonida maqsadga muvofiqdir. Kitoblarimiz dunyoning nufuzli yarmarkalariga qachon chiqib boradi? Shunday kadrlar va shunday malakalar bilan hamon bosh qashib oʻtirila beradimi? Haqiqatan ham, baquvvat nashriyotlarning ixtisoslashish yoʻlidan ogʻishmay borishi yuksak samaralar beradi. Eng katta samarasi kitob bozori nurli-nursiz, saviyasi past, nochor, joʻn mahsulotlardan kamroq talafot koʻradi. Ixtisoslashganda har bir nashriyot oʻz qiyofasi va mahsulotining yuksak sifati-saviyasi uchun qattiq kurashadi. Didsizlik balosiga chek qoʻyiladi.

Qiziq bir holat. “Ijtimoiy fikr” markazi “Oʻzbekiston jamoatchilik fikri – 2016” soʻrovi oʻtkazgan. Shunga koʻra soʻrovda qatnashganlar “Oʻz iqtisodiy ahvolini yaxshi va oʻrta deb baholashgan. Topish-tutishi oʻrtadan kam va yomon boʻlganlar soni juda ozchilikni tashkil etadi”. Demak, kitob xarid qilishga qobil boʻlgan oilalar ancha koʻpaygan. Toʻkis, badavlat, oʻziga toʻq oilalarda haqiqiy maʼnoda kitobxon oila boʻlishning potensial imkoniyatlari mavjud. Kitobxon oila! Qanday quloqqa yoqadi va jaranglaydi bu soʻz! Oilalarimizning kamida 60 foizining yuzini kitobga tomon qaratish bizning qanday va qanchalar zavq-shavq bilan targʻibot olib borishimizga bogʻliq. Farmoyish bularning barchasini chuqur eʼtibor bilan oʻrganish vazifasini qoʻymoqda. Hammasini bugun chin maʼnoda sogʻlom aql-idrok hal qiladi. Zamonning qatʼiy chorlovi shu!

 

Ibrohim GʻAFUROV

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/hayot/nigoh/madaniyat-javhari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x