MADAMINBEK

MADAMINBEK, Muhammad Aminbek Ahmadbek oʻgʻli (1892, Margʻilon yaqinidagi Soʻkchilik qishlogʻi — 1920.14.5, Fargʻona vodiysidagi Qorovul qishlogʻi) — Turkistonda sovet rejimiga qarshi kurash harakati namoyandalaridan biri (1918—20), Muvaqqat Fargʻona hukumati raisi (1919—20). Boshlangʻich maktabda savod chiqargach, mahalliy boylar va ruslarning savdo doʻkonlarida ishlagan. Birinchi jahon urushi arafasida podshoga qarshi faoliyati uchun politsiya tomonidan qoʻlga olinib, 14 y. ga Sibirdagi Nerchinsk degan joyga katorga qilingan (1914). 1917-y. fev. inqilobidan keyin Madaminbek ozodlikka chiqqan. «Shoʻroi Ulamo» tashkilotining rahbarlari uni Margʻilon sh. mirshablari boshligʻi lavozimiga tavsiya qilishgan. Turkistonda bolsheviklar hokimiyatni zoʻravonlik bilan egallagach, Fargʻona viloyati harbiy komissari K. Osipov uni Margʻilon militsiyasi boshligʻi etib tayinlaydi. Biroq sovet rejimining siyosati Madaminbekni ozodlik uchun kurashga undagan. 1918-y. mart oyining boshlarida u oʻz militsionerlari bilan bolsheviklarga qarshi kurashuvchilar safiga oʻtgan. Madaminbek 1000 — 1500 yigit toʻplab, Margʻilon va Toshloq atroflarida qizil askarlarga qarshi dastlabki janglarni boshlagan.

1918-y. yanv. da Madaminbek qoʻl ostida 16000 kishidan iborat qoʻshin boʻlgan boʻlsa, oʻsha yil kuzida ularning soni 30000 kishidan ortib ketgan. Madaminbek xalq orasida katta obroʻga ega boʻlgan. U vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda oʻz siyosiy boshqaruv usulini oʻrnatgan. Andijon uyezdidagi Oyimqishloq (hoz. Andijon viloyati Jalolquduk, tumani)da boʻlgan Fargʻona vodiysi qoʻrboshilarining qurultoyida (1918-y. noyab.) milliy ozodlik hapakati qatnashchilarining Oliy bosh qoʻmondoni etib saylangan.

1918-y. ning oxiridayoq mustaqil harakat qilishga urinayotgan yirik qoʻrboshilarning faoliyatini Madaminbek boshqarishga muvaffaq boʻldi. Madaminbek yigitlari oʻrtasida harbiy intizom kuchli edi. Uning yigitlari qizil armiyaga qarshi jang qilish bilan bir qatorda bosqinchi va talonchilardan iborat ayrim mahalliy kichik toʻdalarga qarshi ham shafqatsiz kurashganlar.

Madaminbek 1919-y. 2 sent. da Jalolobodda K. Monstrov bilan ittifoq tuzgan (q. Krestyanlar armiyasi). 1919-y. sent. — okt. da uning qoʻshini Jalolobod, Oʻsh va Margʻilonni qizil askarlardan ozod qilgan, biroq Andijon uchun boʻlgan janglarda yengilgan. Madaminbek Buxoro amiri Sayd Olimxon va Xiva xonligining amaldagi hukmdori Junaydxon bilan qizil armiyaga qarshi birgalikda kurashish uchun muzokaralar olib borgan. Afgʻoniston va Turkiyaga oʻz vakillarini joʻnatgan. Rossiyaning Qashqardagi sobiq konsuli Uspenskiy va Buyuk Britaniyaning bosh konsuli P. Eserton orkali Yevropa davlatlari va AQSHdan bolsheviklarga karshi kurash olib borish uchun iqtisodiy va harbiy yordam olishga intilgan. Pomirning Ergashtom (Irkeshtom) ovulida boʻlgan yirik anjumanda (1919.22.10) Madaminbek boshchiligida Fargʻona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzilgan. Madaminbek hukumat boshligʻi boʻlish bilan bir qatorda Oliy bosh qoʻmondon etib ham saylangan.

Sovet rejimi va bolsheviklar milliy ozodlik xarakatiga qarshi kurashish uchun Rossiya markazidan doimiy ravishda Turkistonga yangi-yangi qizil askar qismlari tashlangan. 1920-y. yanv. oyining oʻrtalariga kelib Fargʻona vodiysida jangovar tashabbus vaqtinchalik qizil armiya qoʻliga oʻtgan. Madaminbek vaqtdan yutish uchun 2-Turkiston oʻqchi diviziyasining boshligʻi N. A. Veryovkin Roxalskiy bilan Skobelev (hoz. Fargʻona) sh. da yarash bitimini imzolagan (1920.6.3). Madaminbek bilan birga sovet hokimiyati tomoniga uning oʻnlab qoʻrboshilari va 3500 ta yigiti ham oʻtgan. Sovet qoʻmondonligi tomonidan muzokaralar oʻtkazish uchun qoʻrboshilar orasiga yuborilgan M. Xolxoʻja Eshon buyrugʻi bilan qirgʻizlarning Qorovul otlogʻi atrofida xiyonatkorona oʻldirilgan (1920.14.5). Uning qabri hoz. Qirgʻiziston Respublikasi hududi — Olay vodiysidagi Shigʻay qishlogʻida.

Madaminbek sovet rejimi davrida «bosmachi» sifatida nohaq qoralanib, uning faoliyati soxtalashtirilgan. Madaminbekning serqirra faoliyati haqida Oʻzbekiston, Italiya, Germaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va b. mamlakatlarda i. t. lar olib borilmoqda.

Ad.: Ibodinov Madaminbek, Qoʻrboshi Madaminbek, T., 1993; Oʻzbekistonning yangi tarixi. 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Karimov I., Madaminbek, T., 2002; Rajabov Q. Xaydarov M, Turkiston tarixi (1917—1924), T., 2002.

Qahramon Rajabov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x