MAARRIY, al-Maarriy Abulalo Ahmad ibn Sulaymon at-Tanuxi (973 — Suriya, Maarratun Nuʼmon — 1057 yoki 1058) — arab shoiri va mutafakkiri. Lirik («Chaqmoqtosh uchqunlari» toʻplami va unga yozilgan sharq — «Uchqunlar yogʻdusi») va falsafiy («Luzum mo lam yalzum» — «Lozim boʻlmaganning lozimligi» toʻplami) sheʼrlar, «Risolat ulgʻufron» («Afv haqida maktub»), «Risolat ulmaloika» («Farishtalar haqida maktub»), «Arosat haqida maktub» kabi nasriy asarlar, Mutanabbining «Ahmad moʻjizasi» nomli devoniga yozilgan sharh, «Yoʻlda tashlab ketilganlar» hikmatli soʻzlar toʻplami muallifi. Maarriyning aksar asarlarida insonparvarlik va oqilona mulohazakorlik, jamiyatga tanqidiy qarashlar ustunlik qilsa, baʼzi asarlarida umidsizlik, pessimizm ruhi sezilib turadi. Maarriy oʻz asarlarini kinoya, qochirim kabi usullardan foydalanib, murakkab tilda yozgan.
Ad.: Krachkovskiy I. Yu., Izbr. soch. t. 1-2, M. – L., 1955-56.