Yaqin oʻtmishgacha jamiyatda fuqarolarning ijodiy salohiyatini shakllantirish va ularni rivojlantirishga qaratilgan maxsus tashkilotlar yoki muassasalar mavjud boʻlmagan.
Ijod ahli oʻz qadriyatlarini bevosita oilasida, mahallada, maslakdoshlarning norasmiy yigʻinlarida sanʼat muxlislariga yetkazish imkoniyatiga ega edilar. Oʻzilgan asarlar va sheʼrlar, yaratilgan musiqa asarlari va dramalar, rassomlik va haykaltaroshlik namunalarini ijodkorlarning ustaxonasida, mahalla choyxonalarida shinavandalar koʻrigidan oʻtkazish anʼanasi boʻlgan.
Adib va shoirlar, naqqosh va rassomlar Vatan va millat tarixini yuksak darajada bilgan, ularni mahorat bilan tahlil qilib, badiiy sayqal bergan. Tarixiylik va badiiylikni, milliylik va umuminsoniylikni, diniy va dunyoviy bilimlarni millatning ehtiyojlariga uzviy bogʻlab rivojlantirish mahallalarda istiqomat qilgan ijodkorlar uchun oʻziga xos bir tamoyil edi.
Xoja Nisbatdor (hozirgi Soʻzangaron-I) mahallasida istiqomat qilgan usta sandiqsoz Ibrohim Shamsiddinov (adabiy taxallusi Ibrohim Jurʼat) shu kasbni ardoqlab, avlodlarga meros boʻlib qolishiga intilib yashadi. Uning sheʼriyatga boʻlgan ishtiyoqini payqagan Samarqandning mashhur shoirlari Sipandiy, Tugral, Gulxaniy, Tamhid, Ayniy sandiqsozning ustaxonasida toʻplanib, oʻz asarlarini mutolaa qilar, sheʼrlarini tafakkur tigʻidan oʻtkazib, talabchan xonandalar hukmiga havola etar edi. Ustaxonada mushoira tashkil qilib, mumtoz shoirlarning merosini qayta-qayta tahlil qilishardi.
Ibrohim Jurʼat oʻlka tarixini yaxshi bilgan kosiblardan edi. U chor Rossiyasining Oʻrta Osiyoni zabt etishi va xalqning boshiga tushgan behisob kulfatlardan nolib, sheʼrlar va badiiy asarlar yozgan. Ayniqsa, mardikorlikka olish siyosati, mahalliy aholi orasidagi oilaviy parokandalik, judolik, farzandlarning yetim-yesir boʻlishi, ayollarning beva-bechora boʻlib, xoru zorlikda yashashi, xalqning noroziligi va qoʻzgʻolonlari toʻgʻrisida voqeiy roman yozganligi adabiyotimiz tarixida maʼlum. Asarda Jizzaxda mardikorlikka olishga qarshi roʻy bergan vahshiylarcha bostirilgan xalq qoʻzgʻoloni oʻz aksini topgan.
Masjidi naqshin mahallasida 400 yildan buyon kulolchilik sanʼati rivojlanib keladi. Ana shu davr mobaynida oʻnlab kulollar sulolasi Samarqandning bu sohadagi shuhratini dunyoga tanitganlar. Usta Umar Joʻraqulov kulollar sulolasining koʻzga koʻringan vakili boʻlib, uning badiiy kulolchilik sanʼati asarlari Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, AQSH va boshqa oʻnlab mamlakatlarda mashhur. Usta Umar Oʻzbekiston xalq rassomi, davlat mukofoti sovrindori, qator orden va medallar sohibi edi. U bundan toʻrt asr muqaddam kulolchilik sanʼatini boshlagan avlodlari ishining munosib vorisi boʻlib, uni yuqori saviyaga koʻtargan inson.
Kulollar sulolasida sanʼatning boshqa sohalariga havas qoʻygan, uni ham badiiy kulolchilik sanʼati darajasiga koʻtargan avlodlar kam emas. Yoqub kulol sheʼr aytishga, Naim kulol qoʻshiq ijro etishga usta insonlar boʻlgan. Buning asosiy sababi, kulollar ustaxonasida dunyoga mashhur hofizlar Oʻoji Abdulaziz mashhur shashmaqom ustasi Shohnazar Sohibov, Qori Siroj Yusupov, shoir va yozuvchilar doim muloqotda boʻlib, sanʼat sirlarini baham koʻrganlar. Aytishlariga qaraganda, shoir va usta kulol mijozlarga sopol tovoq va piyola tortiq qilganida uning hoshiyasiga albatta bir bayt sheʼr yozib berar ekan. Naim kulol boʻlsa, mahalla choyxonasida boʻlib turadigan doʻstlar gurungida hofizlik qilsa, uning shirali ovozini Registon maydonidan ham eshitsa boʻlar ekan.
Hofizlar va mashshoqlar vatani boʻlgan Samarqandda ilk sahna asarlari yaratildi, dramatik aktyorlar voyaga yetdi, zamonaviy Sharq va Farb musiqasi sirlarini oʻqitishga moʻljallangan bilim yurtlari faoliyat koʻrsatdi. Oʻsha suronli yillarda sanʼat fidoyilari oʻz asarlarini hovlilarda, choyxonalarda va klublarda qoʻyishga majbur boʻlganlar. Sahnani jihozlash, aktyorlarni kerakli kiyimlar, anjomlar bilan taʼminlashni ham mahalladagi peshqadam fuqarolar oʻz zimmasiga olgan. Soʻfi Roziq mahallasidagi kichik binoda hali sanʼat olamiga endigina qadam qoʻygan Oʻalima Nosirova, Tamaraxonim, “Koʻk koʻylak” ijodiy guruhining bir pardali spektaklni sahnalashtirgani shahar madaniy hayotida katta voqea hisoblangan edi. Ana shu koʻrimsiz binoda Oʻzbekistonda katta teatr sanʼati dunyoga keldi. Uning jonkuyarlari yil sayin oʻz mahoratini oshirib, bugungi kunga kelib, dunyo tan bergan aktyorlar darajasiga chiqib oldilar.
Xurshid SAMIBOYEV
Manba: zarnews.uz
https://saviya.uz/hayot/nigoh/manaviy-meros-sarchashmasi/