Maʼnaviy komillik tasviri

XX asrning soʻnggi choragidan eʼtiboran nafaqat Oʻzbekiston, balki mamlakatimizdan tashqarida oʻzbek tilida yaratilayotgan adabiyotda tub sifat oʻzgarishlari sodir boʻldi. Ammo adabiy aloqalarning koʻngildagiday yoʻlga qoʻyilmaganligi sababli oʻzbek oʻqirmanlari mavjud yangiliklardan oʻz vaqtida xabardor boʻla olmadilar. Endilikda adabiy aloqalar ham sezilarli jonlana boshladi. Qoʻshni qirgʻizistonlik oʻzbek yozuvchisi Rahimjon Karimov qalamiga mansub “Komila” nomli romanning Oʻzbekistonda chop etilishini ana shu holatning jonli misoli sifatida koʻrsatish mumkin1.

Rahimjon Karimov nomi oʻzbek kitobxonlari uchun yetarlicha tanish boʻlmagani sabab adib haqida qisqacha maʼlumot berish oʻrinli. Yozuvchi, shoir, publitsist, tarjimon, Xalqaro rusiyzabon yozuvchilar federatsiyasining (London-Budapesht) Qirgʻizistondagi rasmiy vakili, “Oltin qalam–2003” tanlovi gʻolibi, Moʻldoʻniyaz nomidagi respublika adabiy mukofoti laureati Rahimjon Karimov birvarakayiga oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida ijod qiladi.

Uning sheʼr, novella, hikoya, qissa va romanlari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Literaturnaya gazeta”, “Yunost”, “Uchqun”, “Molodost”, “Yosh kuch”, “Ala-Too”, “Literaturniʼy Kirgizstan”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Press-park”, “Kabar-Yug”, “Yujniʼy riʼnok”, “7×7”, “Vasha gazeta” kabi turli mamlakat nashrlarida bosilib chiqqan.

Yozuvchining “Rangli roʻyo”, “Beshinchi farz”, “Hayvonot bogʻi”, “Komila”, “Xilqat”, “Xiyonat”, “Laʼli Badaxshon” kabi asarlari oʻzbek, qirgʻiz va rus tilida dunyo yuzini koʻrgan. “Komila” romani 2005 yili Qirgʻiziston Milliy Kitob palatasi tomonidan uyushtirilgan “Kitob sanʼati” respublika tanlovida “Milliy bestseller” deya eʼtirof etilgan. Mazkur roman Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Belarus, Buyuk Britaniya, Kanada kabi davlatlarda chop etilgan.

Nazarimda, dunyo kezgan “Komila”da koʻtarilgan yetakchi fikr – inson maʼnaviy mezonlarga xiyonat qilmay yashasa, Yaratganning marhamatiga, albatta, sazovor boʻladi, degan qarashdir. Odamzod tugʻilibdiki, muammolar ogʻushida ularni bartaraf etish uchun kurashib yashaydi. Kurashdan, intilishdan toʻxtaganning oʻlikdan farqi yoʻq. Romanda oddiy inson ruhiyati, dunyoqarashi va saviyasidan kelib chiqqan holda mukammallik va baxt sari intilishi tasvirlangan.

Roman Komilaning iztiroblari oʻta samimiy aks etgani bilan ham diqqatni tortadi. Kitobni oʻqigan yurtdoshlarimiz qoʻshni mamlakatda yashayotgan oʻzbeklarning turmush tarzi, maʼnaviy-axloqiy tutumlari haqida aniq tasavvurga ega boʻladi. Gap shundaki, kishi qaysi makonda, qanday jamiyatda umr kechirmasin, inson nomiga munosib yashasa, murodiga yetmay qolmaydi. Muallif romanda mana shu hayotiy haqiqatni ilgari surgan. Asar oʻqirmanni oʻz hayotini taftish qilishga, turmush tarzi qandayligini doim elakdan oʻtkazib yurishga yoʻnaltiradi. Oʻylashga undaydi.

Mutolaaga kirishgan oʻquvchining koʻnglidan: “Tugʻilib, onasining diydorini koʻrishga, ona sutining taʼmini totishga ulgurmagan murgʻakning aybi nima-yu, hayoti qanday kechadi?”, degan oʻy oʻtadi. Chaqaloqning onasi Gulandomning hayoti haqidagi qisqagina tasvir oʻquvchida dastlab unga nisbatan salbiy munosabat paydo qiladi. Lekin yozuvchi oʻqirman koʻnglidagi bu munosabatni asta-sekinlik bilan kechirim tomon yoʻnaltiradi. Bunga ilk urinish sifatida: “Tugʻuruqxonadagilar, u yerga kelib-ketayotgan yoshu qari kechadan buyon Gulandomning achchiq qismati, uning yetim qolgan goʻdagi haqida kuyinib gapirishar edi” tasvirini keltirish mumkin. Odamlar Gulandom haqda uni qargʻab yo gʻiybat qilib emas, aynan “kuyinib” gapirishlari oʻquvchi koʻnglini yumshatadi, ayolga munosabatini ijobiy tomonga buradi. Bundan tashqari, Gulandom ruhining qizi va opasini tark etib ketolmagani, yaʼni suyanchiqsiz qolgan jigarbandlaridan xotirjam boʻlolmagani, qizalogʻini har xil balo-qazodan asrash yoʻlidagi kurashlari ham uni qoralamaslikka undaydi.

Asarda Maqsudning toʻyi bilan chaqaloq holatining yonma-yon tasviri yulduzchalar bilan ajratilgan holda kichik-kichik boʻlimlarda bayon etilgan. Bu esa oʻqirman tuygʻularini qoʻzgʻashga xizmat qiladi. Baʼzi boʻlimlar ikkitagina jumladan iborat boʻlsa-da, ularga katta bobning yuki ortilgan. Kitobxon asarda aks etgan bir qaltis  ruhiy holatning taʼsiridan chiqib ulgurmay, undan kuchliroq ikkinchisi bilan yuzlashtiriladi. Shu bois oʻquvchi tuygʻulari muttasil almashinib turadi.

Hayot tarzi bir-biriga tamomila qarama-qarshi holda boʻlgan ikki xonadonning muvoziy tasvirlanishi, yaʼni birining “atrofi eski-tuski chipta laxtaklar bilan bir amallab oʻrab qoʻyilgan”i, ikkinchisining esa “oʻn oltita xonasining har bir shiftiga qimmatbaho billur qandillar osilgani, devorlarining koʻzni qamashtiradigan bejirim naqshlar bilan bezatilgan”i ham ruhiy bezovtaligini kuchaytiradi. Bu parallel oq-qora tasvirlar oʻqirman diqqatini matnga tamoman mixlaydi. Junbushga kelgan tuygʻular esa kitobxonda tabiiy ravishda, mustaqil fikr va munosabat paydo qiladi.

Ichganlari atala-yu, yeganlari chevati” degan jumlaning oʻziyoq Komila ulgʻayayotgan xonadon qay darajada nochor ekani haqida toʻliq tasavvur beradi. Bir qaraganda, bugun shu darajada yoʻqsil yashash mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Lekin Oybarchin opaning haddan tashqari soddaligi, hayot sinovlariga, uning qilvirliklariga mutlaqo tayyor emasligi oʻqirmanni ishontira oladi. Bu hol kitobxonni qishloq odamlarining turmush darajasi va buning sabablari haqida oʻylashga majbur qiladi. Ogʻir oilaviy sharoitda umr kechirgan bolalarning koʻpchiligi mehnatkash ekani, qiyinchiliklardan qoʻrqmasligi va aynan shuning ortidan yaxshi oʻqishga intilishi ham yasama ifodalardan xoli. Shunday muhitda katta boʻlgan Komilaning oliy oʻquv yurtiga kirishga astoydil intilgani – hayotiy haqiqat.

Romanda Maqsudlarning hovlisiga suv ichgani kiradi. Shunda bolalardan birining doʻppisi fontanga tushib ketadi. Doʻppisini olib bergan odam esa otasi ekanini xayoliga ham keltirmagan Komilaning koʻnglidan: “U murgʻak qalbida dunyoda ilk bor erkak kishining bolalarga nima uchun kerakligini bolalarcha tafakkuri bilan his etdi” tarzidagi oʻy kechadi. Lekin shunday yoki shunga yaqin tuygʻu Maqsudni bezovta qilmagani oʻqirmanda norozilik uygʻotganday boʻladi. Ota bilan qizning ilk uchrashuvida yuz koʻrsatishi mumkin boʻlgan tuygʻular ifodasi berilganda asar taʼsirchanligi yanada ortardi. Muallif hayotda yuz berishi mumkin boʻlgan holatni boriday koʻrsatish bilan kifoyalangan. Yaʼni oʻgʻliga ergashib, hovlilariga kirib kelgan bolalardan biri bilan yuz bergan mazkur vaziyatda har qanday odam qilishi mumkin boʻlgan xatti-harakat tasvirlangan, xolos. Oʻqirman shu oʻrinda qandaydir ruhiy chaqnash yuz berishini kutadi. Asarda ota-onasiz katta boʻlayotgan Komilaning bu holatda his etgan joʻngina tuygʻusi ham ishonarli. Bunday haqqoniyat hech qanday badiiy toʻqimaga hojat qoldirmaydi.

Komilaning goʻzal qiz boʻlib voyaga yetgani, atrofida oshiqlarning girdikapalak boʻlishi, bu haqda gap-soʻzlarning koʻpayishi tasviri sunʼiy emas. Romanda oʻzbekning hamma joyda ham oʻzbek ekani koʻrsatilgan. Bu hol Komilani onasiga oʻxshab yoʻldan ozganlikda ayblaganligida yaqqol koʻrinadi. Odatda, ota-onaning qilmishi uchun bolalar javob bermasligi kerak. Chunki ota-ona – ogʻoch, farzand esa – meva. Meva – ogʻochning mahsuli. Lekin, hayotda buning aksi boʻlishi, kattalarning xatolari uchun bolalar, koʻpincha, hayotlari, kelajaklari bilan, ruhiy ogʻriqlar, iztiroblar bilan javob berish manzaralari yorqin boʻyoqlarda chizilgan: “Ha, bu dunyo sirli bir xilqatki, baʼzan unda bir umr yashab oʻzing haqingda hech nima bilmasliging mumkin. Atrofingdagilar esa, aksincha, sen haqingda sendan koʻra koʻproq narsalarni bilishadi”. Romanda ham yetimlik, ham onasining gunohlari, ham otasining vafosizligi qizning mushtday joniga juda ogʻirlik qilishi gʻoyat goʻzal tasvirini topgan. Qizigʻi shundaki, Komila na onasidan yozgʻiradi, na otasini laʼnatlaydi. Adib asar qahramonini bunday kir tutumlardan baland ekanini tasvirlaydi. U Komilani oʻzi kambagʻal boʻlsa-da, ichki dunyosi boy inson sifatida koʻrsatadi. Asarning barcha oʻrinlarida qahramon oʻzi va oʻzligiga yarasha ish tutadi. Romanda ichdan baland, ruhiyati toza odamning oʻylari, turish-turmushi, tutumi, hatto iztiroblari ham pokiza.

Asarda Komila haqida har xil gʻiybatlarni tarqatib yurgan kishilar u badavlat otaning farzandi ekani maʼlum boʻlgach, hatto unga havas qilib maqtay boshlaydi. Odamzod tabiatidagi bunday tayinsizlik kitobxon ruhiy dunyosiga ogʻriq boʻlib kiradi. Ne-ne mashaqqatlar, koʻngil yaralari bilan katta boʻlgan Komilaning yoʻq yerdan, xuddi ertaklardagidek, hayotiy bir tasodif tufayli otalik boʻlib qolishi, boyning qiziga aylanishi oʻqirmanda biroz ishonchsizlik paydo qiladi. Ammo bunda Allohga muhabbat qoʻygan, koʻngliga bu dunyoning kirlarini yuqtirmagan bandasini Yaratgan hech qachon tashlab qoʻymasligiday bir haqiqatga ishora borday.

Romandagi: “Qiz otasining gaplarini ting­lab, yerga qaragancha jim oʻtirardi. Uning shu payt dadasining boʻynidan quchib, yuz-koʻzlaridan toʻyib-toʻyib oʻpgisi kelardi”, “U har qancha urinmasin, boshini yerdan koʻtarolmasdi”, “Biroq rioya-andishali bu qiz baxtiyorligini yeru koʻkka namoyish qilishga odatlanmagan. U ich-ichidan ku­yinib, ich-ichidan suyinib yashaydi tarzidagi jumlalarda Komilaning tabiatiga xos qirralar ochiladi. Siniq koʻngil egasining tortinchoqligi, andishali odamning hamisha oʻz-oʻzini taftish qilib yashashga mahkumligi koʻrsatiladi. Komilaning: “Baʼzi dugonalarim otalariga erkalanib, hattoki achchiq ham qilib turishadi. Men unga zarda qilish u yoqda tursin, balki erkalana ham olmasam kerak”, tarzidagi iqrori uning tabiatidagi asl xususiyatlarni yorqin namoyon qiladi. Oʻn sakkiz yil “tashlandiq”, “haromi”, “etim”, “asrandi” kabi dashnomlarni eshitib ulgʻaygan qizning otasini topgach, birdaniga oʻzgarib qolishi mumkin emas. Muallif Komilaning turish-turmushi va tutumlarini feʼlidan kelib chiqib tasvirlaydiki, bu hol oʻquvchini qanoatlantiradi.

Komila uchun boylik va toʻkislikdan koʻra otasining topilgani muhim. Romanda Komila oʻziga oshiq boʻlgan uch yigit orasidan oʻzi singari qashshoqlikda oʻsgan Qobilni tanlashi tasvirlanadi. Komila oʻta boy Asror yoki hayotda oʻrnini topgan vrach Abrorni emas, Qobilni tanlashida aql emas, tozadan-toza koʻngil amriga boʻysunadi. U oʻzining mezonlari asosidagi baxt sari qadam qoʻyadi. Rossiyalik yozuvchi Sergey Grachev “Novaya literatura Kiʼrgiʼzstana” nomli elektron kutubxonada ushbu asar haqida: “Komila” romani shunisi bilan qimmatliki, uning bosh qahramoni buyuk shaxs ham, alloma ham, Janna d’Ark ham emas. Lekin u atrofidagi insofsizlik, imonsizlik, ishonchsizlik va kufrni yengishni uddaladi hamda ayollik baxtiga erishdi”, deganida toʻla haq edi.

Romandagi Maqsud timsoli dastlab irodasiz, masʼ­uliyatsiz tuyuladi. Maqsud Gulandomning falokati, farzandining vafoti haqida eshitganlariga ortiqcha urinishu iztiroblarsiz ishonib qoʻya qoladi. Oʻz ishi va oilaviy tashvishlari bilan yashayveradi. Asarda Maqsud va uning oilasi “boy” ekani bot-bot takrorlanadi. Koʻpchilikda boylarga nisbatan bir qadar salbiy munosabat shakllangani maʼlum. Boy koʻpincha ziqna, shafqatsiz, pul uchun har qanday pastkashliklardan toymaydigan noinsof kimsa sifatida xayolga keladi. Adabiyotda ham shu yondashuv yetakchi. Yozuvchi ana shu eski qolipni buzaroq, boylarda ham vijdon, koʻngil boʻlishini, ular ham Xudodan qoʻrqishini, qilmish­lari uchun jazolanishlari mumkinligini Maqsud obrazi misolida talqin etilgan.

Muallif fikricha, odamlar pul va boylikning ketidan quvmaydi, bunday kishilarning mehnati va insofi tufayli pul bilan boylikning oʻzi ularni topib keladi. Hamma gap halollik, toʻgʻrilik, aql, bilim va mehnat qilishda. Komilaning oʻz qizi ekanini bilganda Maqsudning bu quvonchni koʻtarolmay infarkt boʻlishi, Oybarchin opaning sigirini oʻgʻirlab ketishganda ularga ikkita sigir olib borib berishi, Qobilni Asror bilan birga militsiya punktidan jarima toʻlab chiqarib, uyiga olib kelishi, Komilaning Qobilga turmushga chiqishiga hech ikkilanmay rozilik berishi, qudalarining hurmatini joyiga qoʻyishi, hasharlarda el qatori qatnashishi singari tasvirlarda uning boy boʻlish bilan birga maʼnan yuksak shaxs ekani koʻrsatilgan.

Asardagi Dilfuza obrazi ham oʻquvchining diqqat markazida turadi. Bir umr oddiy ayol, andishali kelin boʻlib yashab kelgan Dilfuzaning asliyati uylariga Komila koʻchirib keltirilganidan soʻng namoyon boʻla boshlaydi va bu tabiiy. Bunday holatni hazm qilish har qanday ayol uchun ham oson emas. Har bir odamning asl “men”i shunday sinov vaziyatlarda yaqqol koʻrinadi. Dilfuza taqdirga tan berib, Komilani oʻz bolalari safida koʻrib, qaynonasi Vasila opa aytmoqchi, erining omon qolganiga shukur qilib yashashi mumkin edi. Bu toʻgʻri yoʻldan yurolmagan Dilfuzaning tutumlarini muallif xolis tasvirlaydi. Uning tabiatiga baho berishni oʻquvchining oʻziga havola qiladi. Gʻaribning yori Xudo, deganlaridek Komilani Dilfuzaning nayranglaridan Allohning oʻzi asraydi. Bu dunyoda har narsaning hisob-kitobi bor. Ezgulik siylovsiz, yomonlik jazosiz qolmaydi. Qizi Gulandomning oʻgʻirlab ketilishi, oʻgʻli Shohruhning vafot etishi va oʻzining ruhiy kasallikka chalinishi tasviri haqqoniyligi bilan oʻquvchini sergak torttiradi.

Asarda Komilaning butun ikir-chikirlari bilan batafsil tasvirlangan hayoti, turli sinovlar ichida kechgan umri hamda erishgan baxti katta bir poʻrtana sabab izdan yana bir bor chiqib ketgani koʻrsatilganda, romanning taʼsir kuchi necha bor ortgan boʻlardi. Toʻgʻri, muallifning maqsadi butunlay boshqa va u oʻz maqsadiga erishgan. Biroq, nazarimda, shunday katta bir fojia fonida tasvirlanganda har bir obrazning maʼnaviy dunyosi avj nuqtaga koʻtariladi. Masalan, qahramonlar taqdirini Oʻsh–Oʻzgan mojarolari fonida tasvirlash mumkin edi. Muallif ikki qardosh millat orasida yuz bergan bu qaro kunlarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan odam sifatida mazkur fojianing insonlar taqdiridagi mashʼum izini badiiy tadqiq etishi mumkin edi. Tirikchilik koʻyida yashayotgan odamlarning turmush tarzi, fikrlash yoʻsini ne sababdan muvozanatdan chiqib ketgani yoki kimlardir tomonidan chiqarib yuborilgani Komila va Maqsudning hayoti misolida tasvirlaganda romanning ijtimoiy ahamiyati oshib, badiiy qimmati ortgan boʻlardi. Mashʼum toʻdaga kirib qolgan kimsalarning qonxoʻr qiyofasi bor yovuzliklari bilan koʻrsatilishi romanning ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyatini oʻn chandon oshirgan boʻlardi.

Nima boʻlganda ham, qardosh Qirgʻizistonda yashayotgan millatdoshlarimiz hayoti haqqoniy koʻrsatilgan taʼsirli bir asar oʻzbek oʻquvchilariga taqdim etildi. Nomlanishidayoq insonning baxti uning maʼnaviy kamolotida ekaniga ishora qilingan bu asarning umri uzun va oʻzbek oʻqirmanlariga suyukli boʻlishini tilaymiz!

 

Qunduzxon HUSANBOYEVA

1956 yili tugʻilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Adabiyot – maʼnaviyat va mustaqil fikr shakl­lantirish omili”, “Tahlil – adabiyotni anglash yoʻli”, “Kiyiksoʻqmoqdagi yoʻlovchi”, (hammualliflikda) monografiyalari, qator darsliklar va metodik qoʻllanmalar, yuzdan ortiq ilmiy va ilmiy-metodik maqolalari chop etilgan.

 

“Yoshlik”, 2018/2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/manaviy-komillik-tasviri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x