Maʼnaviy boylik

Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharrir oʻrinbosari, taniqli yozuvchi Sobir Oʻnar bilan suhbat

 

Milliy va maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylash zarurati kuchaygan globallashuv sharoitida kitobga munosabat ham oʻzgargani sir emas. Internet tarmogʻi koʻpchilikni, ayniqsa, yoshlarni koʻproq jalb etayotgani ham bor gap. Shunday bir sharoitda kitob, noshirlik, kitobxonlik ishlari qadriyatlarimiz bilan bogʻliq dolzarb vazifalarga aylanayotir. Shunday emasmi?

– Albatta, busiz mumkin emas. Nafaqat kitob nashri va targʻibotini kuchaytirish, shuningdek, bu sohaning rivojini oshirish ham talab etiladi. Toʻgʻri, internetdan tezkor maʼlumot olasan, qiziqqan boshqa savollaringga javob ham topasan, hatto oʻzing oʻqimoqchi boʻlgan yirik janrdagi asarning qisqa mazmuni joylashgan saytlarga ham kirasan. Biroq, ayting-chi, shu saytlardan Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanini, Mixail Sholoxovning “Tinch Don” epopeyasini, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarini oʻqib, ularning mazmun-mohiyatini chuqur anglab boʻladimi?

Nazarimda, bugungi kunda nashriyotlar faoliyati yanada jadallashgan. 2011 yilda Gʻafur Gʻulom nashriyoti tomonidan chop etilgan Alisher Navoiyning oʻn jildli toʻla asarlar toʻplami allaqachon sotilib ketdi. Ushbu toʻplam qayta nashrga tayyorlanayotganidan xabaringiz bordir. “Yangi asr avlodi” nashriyoti “Urush va tinchlik”ning har ikki kitobini chop etdi. Bundan tashqari, bizning nashriyotimizda “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” turkumidan yuz jildli folklor asarlari nashrga tayyorlanib, hozirgacha ularning toʻqqiztasi bosmadan chiqdi.

Qolaversa, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Ulugʻbek xazinasi”, “Shum bola”, “Chinor”, “Kecha va kunduz”, “Avlodlar dovoni” kabi atoqli adiblarimiz qalamidan chiqqan asarlar har yili qayta nashr qilinadi. Shunga qaramay, yilning ikkinchi yarmiga kelib aynan shu asarlarga qayta buyurtmalar kelib tushdi. Bu saʼy-harakatlar noshirlik ishlarining jadal tus olayotgani, nashrlar salmogʻi ham ortib borayotganini dalillaydi.

Xoʻsh, bu nimani koʻrsatadi? Biz oʻzimizcha kitob oʻqish susayib ketganidan, ayniqsa, yoshlarning yengil-yelpi mashgʻulotlarga qiziqishi ortib borayotganidan xavotirga tushamiz. Holbuki, mutolaa biz xavotirlanganimizdek susayib ketganida yuqoridagi asarlar tez sotilib ketmagan boʻlardi. Shuning oʻzi ham xalqimiz uchun kitob doimiy hamroh, maʼnaviy boylik sanalishini tasdiqlab turibdi.

Bugun kitob doʻkonlari peshtaxtalarida yirik nashriyotlar mahsulotlari qatori koʻpgina xususiy nashriyotlarda tayyorlangan oʻziga yarasha “bozorbop” kitoblarga ham koʻzimiz tushadi. Moddiy jihatdan tez manfaat koʻrish ilinjida yengil-yelpi asarlar ham chop etilmoqda. Bunday kitoblar chiqarayotgan noshirlar uyalib qoladigan kunlar kelmadimikan?..

– Har yili may oyining oxirida Toshkent shahridagi Gʻafur Gʻulom nomidagi istirohat bogʻida oʻtkaziladigan “Kitob bayrami” koʻrgazmasiga, bilishimcha, mamlakatimizdagi aksariyat xususiy nashriyotlar mahsulotlarini namoyish qilish uchun taklif etiladi. Koʻp boʻlmasa ham, har qalay, xususiy nashriyotlarning mahsulotlari ham koʻrsatiladi. “Akademnashr”ga oʻxshagan oʻz ishiga pishiq nashriyotlar koʻp emas, albatta. Afsuski, sifatga beeʼtibor, “Mendan ketguncha – egasiga yetguncha” qabilida ish yuritadigan tavakkalchi shovvozlar ham oz emas. Bu qusurlar vaqti-soati bilan oʻz-oʻzidan barham topib ketadi.

Har bir asarning sayqal topib, oʻquvchilar qoʻliga yetib borishida muharrirlarning xizmati katta. Keyingi paytlarda nashriyotlarda mohir muharrirlar tanqisligi sezilmoqda. Bunday muammoga duch kelmaslik uchun siz ishlayotgan nashriyotda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

– Afsuski, biror-bir oʻquv dargohida muharrirlar tayyorlanmaydi. Sirasini aytganda, biz ham universitetni bitirgach tahririyatlarga ishga kirib, tahrir nima, muharrirning zimmasidagi masʼuliyat nimadan iboratligini bilishga, oʻrganishga kirishganmiz. Zero, tahririyatlarda qoʻlyozmalarga talabchanlik bilan yondashiladi, uzoq, batafsil, qunt bilan muhokama qilinadi… Shubhasiz, har doim isteʼdod va bilim, hafsala, xotira muharrirga qoʻl kelgan. Noʻnoqlar, uquvsizlar avval ham bor edi, bugun ham yoʻq emas. Nashriyotimiz bu borada oʻzining boy tajribalariga tayanib ish koʻrayotgani meni quvontiradi.

Bilasiz, Gʻafur Gʻulom nashriyoti mamlakatimizdagi eng yirik ijodiy tashkilotlardan biri. Atoqli shoirlar, adiblarning sara asarlari, asliyatdan tarjimalar ham dastlab shu nashriyotda bosilgan. Oʻz ishining ustasi boʻlgan muharrirlar, adiblar hamda chop etilgan asarlarni birma-bir sanasak, roʻyxat choʻzilib ketadi.

Hozirgi paytda nashriyot-matbaa ijodiy uyining iqtisodiy salohiyati oshgan. Gap shundaki, ayni chogʻda ijodiy uyning nashr boʻlimida yetarli darajada ijodiy kuch, salohiyatli jamoa jam boʻlgan. Yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar tufayli mumtoz, folklor, tarjima, bolalar adabiyoti, nazm, nasr, dramaturgiya yoʻnalishlarida yaratilgan asarlarni nashrga tayyorlaydigan tajribali muharrirlar toʻplangan. Ijodiy kuchga toʻlgan bu mutaxassislar jamoasi koʻp va miqyosli ishlarni amalga oshirishi mumkin. Istiqboldagi rejamiz ham nashriyotimiz nufuzi va noshirlik bozoridagi muqim oʻrnini yanada yuksaltirishdan iboratdir.

Albatta, bugungi ijodiy jarayonda yoshlarning ham ovozi baralla eshitilmoqda…

– Adabiyotda avlod ketidan yangi, yosh avlod kelishi tabiiy jarayon. Bugungi kunda adabiyot maydonida yangi nomlar – isteʼdodli shoir, yozuvchi, adabiyotshunos yoki tarjimonlarning paydo boʻlayotgani quvonarli hol. Ularning izlanishlari katta umid uygʻotmoqda. Tabiiyki, ularning fikr-qarashi yangicha, dunyoga navqiron nigoh bilan nazar tashlaydilar.

Ular nashriyotlarda, gazeta-jurnal tahririyatlarida, televideniye-radioda ijod qilishyapti, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishyapti. Ularning ijod maydoniga yangroq ovoz bilan kirib kelayotgani adabiyotimiz salohiyatini, obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga ishonch uygʻotadi.

Joriy yilda nashriyot qanday kitoblar bilan oʻquvchilarni xushnud etmoqchi?

– Nashriyotimiz mumtoz adabiyotimiz kutubxonasini ilgaridan durdona asarlar bilan boyitib kelgan. Nashriyotning 2016 yilgi rejasiga qariyb yigirma xil mavzu hamda yoʻnalishni oʻz ichiga olgan 250 nomdagi kitoblar kiritilgan. Ularning deyarli yarmi oʻquvchilar qoʻliga yetib ulgurdi.

Ular orasida ulugʻ bobokalonimiz Alisher Navoiyning “Xamsa”sidan Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarigacha, shuningdek, bugungi hayotimizdan, tariximizdan hikoya qiluvchi nasriy va nazmiy asarlar, yangi tarjima kitoblar ham bor.

Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat!

 

Sanjar TURSUNOV suhbatlashdi.

 

“OʻzAS”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/manaviy-boylik/

2 4 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x