Post Views:
1 863
LUTFIY (1366–1465), Mavlono Lutfiy – o‘zbek shoiri, orif va mutafakkir. O‘z zamonining «malik ul-kalomi». YAqin vaqtlargacha Lutfiyning tavallud topgan va vafot etgan joyi Hirotning Dehikanor mavzei deb ko‘rsatib kelingan. Shayx Ahmad Taroziyning Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlab yozilgan «Funun ul-balog‘a» asari topilgach, undagi «ma’dan ul-latoyif Lutfiyi Shoshiy» jumlalariga asoslanib, Lutfiyning ona vatani Toshkent bo‘lgan, degan fikr ham ilgari surildi.
Lutfiyning hayot yo‘li singari, ijodiy taqdiri ham juda ibratli: u 99 yil yashagan. Umrining asosiy qismi o‘qish, o‘rganish va badiiy ijod mehnati bilan o‘tgan. Navoiyning «Majolis un-nafois» tazkirasida ma’lumot berilishicha, Lutfiy umrining oxirlarida «oftob» radifli she’r yozgan, o‘sha zamonning ko‘p shoirlari unga tatabbu’ qilganlar.
Lutfiy zohiriy-dunyoviy, diniy-tasavvufiy ilmlarni chuqur egallagan. Navoiy so‘zi bilan aytganda, u «forsiy va turkiyda naziri yo‘q» shoir bo‘lgan. Lutfiy garchi o‘z ona tili – turkiy tilda yaratilgan she’rlari bilan mashhurlikka yetishgan bo‘lsa-da, forsiyda ham o‘zining shoirlik iqtidori va mahoratiga ko‘pchilikni iqror eta olgan. Lutfiy she’riyat bilan tariqatni, majoz bilan haqiqatni uyg‘unlashtirgan. Ammo u so‘nggi nafasigacha shoirlik burchi va ilhomiga sodiq qolib, o‘zbek she’riyati xazinasini bir-biridan qimmatli nazm durdonalari bilan boyitdi. Shu bilan bir qatorda, shoirlik nechog‘lik «ma’ruf va mashhur» bo‘lmasin, «darveshlik tariqini dag‘i ilikdan» (Navoiy) chiqarmagan edi. Xuddi shu narsa uning nafaqat o‘z zamondoshlari va ijod ahli orasida, balki davr hukmdorlari oldida ham yuqori mavqyega ko‘tarilishiga asos bo‘lgan.
Lutfiyning she’riyati – xilma-xil shakllardan tarkib topgan mazmundor, rangin she’riyat. Bizgacha shoirning 16–20-asrlar mobaynida ko‘chirilgan turkiy devonining 33 qo‘lyozma nusxasi yetib kelgan bo‘lib, ular Toshkent, Dushanbe, Istanbul, Tehron, London, Parij, Sankt-Peterburg kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/lutfiy-lutfiyi-shoshiy/