Lutf etib solgil haqiqat yoʻlina

Davlatmammat Ozodiy ruboiylaridan

 

1

Kel, eshit, darmonda[1] qullar dodini,

Zori birla ingragan faryodini,

Aylayub taqlid alar zikr aylayur,

Lutf etib koʻr zavq ila shavq oʻtini.

 

2

Gʻaflat ila zikr etganlar koʻnglin och,

Dardlidirlar, sen hakimsen, qil iloj,

Qullaring qilmish umid sendan yana,

Rahm etib, kel, rahmating dargohin och.

 

3

Yoʻlin yoʻqotmish bular darmonda zor,

Ketsa topmas, tursalar yoʻqdir qaror,

Uvlashuvlar adashgan itlar kibi,

Qil nido fazling bilan ey Biru bor.

 

4

Ummiydurlar[2], osiydurlar bandalar,

Xizmati loyiq emas sharmandalar,

Lutfi-ehsoning bila tut qoʻllarin,

Barchadin uzmish qoʻlin darmondalar.

 

5

Tavbai tavfiq baxsh et hamda nadam[3],

Yorlaqa jumla gunohkorni bu dam,

Chun qachon qullar doʻnib keldi sanga,

Barcha qullardan xato, sendan karam.

 

6

Qullaring chun kelishga yoʻq yuzlari,

Qayda loyiq koʻzlamakka koʻzlari,

Qalblaridan sen xabardorsen, xojam,

Tavba, taksir[4] tillarinda soʻzlari.

 

7

Tavbayi tavfiqi tamkin[5] aylagil,

Raxshi ishqing[6] anlara zin[7] aylagil,

Tillarida garchi taqlid etsalar,

Qalblarin fazling bila chin aylagil.

 

8

Aylamish qullar hama chirki-gunoh[8],

Afvi obin toʻk alarga yo iloh,

Gar yomondur ketgali yoʻq yerlari,

Sendan oʻzga kimdir anlarga panoh.

 

9

Fazl etib boq bu gʻarib qullaringa,

Osiy, jofiy[9], boy-u yoʻqsullaringa,

Lutfinga loyiq emas garchi bular,

Fayzi-rahmat toʻk hazin dillarina.

 

10

Mosivodan[10] jumla uzgil oʻzlarin,

Zikri-tasbeh ila aytur soʻzlarin,

Loyiqi diydori jonon boʻlsalar,

Fazl etib och anlaring jon koʻzlarin.

 

11

Jumla moʻminlar panohi sen Xudo,

Afv etgan jurmu gunohi sen, Xudo,

Zoru hayron adashgan qullaringa,

Endi koʻrsat toʻgʻri rohi[11], sen, Xudo.

 

12

Bas qattiq haybatlidir mahshar kuni,

Larza urgay barchaning joni, tani,

Ul rasulning shafqatin qilgil nasib,

Sendan olsin osiy-yu darmondani.

 

13

Ul Sirotning qopusidan kechmakni,

Havzi kavsar sharbatidan ichmakni,

Barcha moʻminlarga arzon aylagil,

Ham Buroq ot, xayrlar xush quchmakni.

 

14

Sayr etib uchmoxda bogʻu bogʻchalar,

Ham ajoyib koʻshku uylar tokchalar,

Rang-barang anguru xurmo – mevalar,

Durri yaqut zarnigor sandiqchalar.

 

15

Arigʻining biri sutdir, biri bol,

Biri xamru biri suvdir xush zilol,

Bizni shu moʻminga hamson aylagil,

Baʼzi kun oy-yu nujum, baʼzi hilol.

 

16

Hulla boʻlgay, yaʼni ular kiymishi,

Turli neʼmat, turli meva yemishi,

Xush kaboblar, xush sharoblar roʻzi qil,

Ul sevar qullar mizoji sevmishi.

 

17

Salsabilu zanjabil sharbatlari,

Turli neʼmat, turli toʻn kisvatlari[12],

Qullaringdan, yo iloh, qilma darigʻ,

Jumla doʻstingga boʻlgan shafqatlar(n)i.

 

18

Yosh Iso Dovud oʻrnin tangri der,

Qullaringa: “Kiring ul uchmoxa!” der,

Roʻzi ayla misli Yusufdek jamol,

Yuz kishicha quvvat boʻlgay, yuzcha er (iyr).

 

19

Toʻbiy ogʻoch soyalar jannatlari,

Ushbu jannat moʻmin boʻlanlar yeri,

Ul Buroqni doʻstlara qilgil nasib,

Laʼlu yaqut ul murassaʼ egar(n)i

 

20

Issiq yoʻq ham sovuq yoʻq ul joy era,

Xastalik yoʻq ham oʻlim yoʻq anlara,

Qaygʻusiz, andishasiz qilgay bizi,

Roʻzi aylab, Tangri eltsa ul yera.

 

21

Har kishining koʻz oldida bari bor,

Mulki asbob, kasfi ayvon (dagʻi)togʻi bor,

Qil nasib moʻmin boʻlgan xos qullarga,

Boʻyi vasli shammayi diydori bor.

 

22

Haq Rasululloh jivarin[13] qil nasib,

Bizni qilgil jumla aqvomi[14] gʻarib,

Roʻzi qilsang jomi ishqdan bizlara,

Boʻlsak ul diydori uchun chun andalib.

 

23

Sezmasak oʻng bilan chapni begumon,

Bilmasak yaxshi-yomon ahli zamon,

Zavqu shavqu ishqi komil dunyoda,

Nazʼ etar jon tandan ham imon[15].

 

24

Tolibi maqsadga duchor aylagil, ey Biru bor,

Tongla mahshar yoʻldosh ayla, yo Muhammad, chohor yor,

Yo iloho, tolibga xayr sirlarin yor aylagil,

Goʻr ichida alarning joyini gulzor aylagil.

 

25

Qodir-o, qudratlisen har narsaga,

Kulli shayga sendan oʻzga yoʻq ega,

Xoliqi shay, roziqi hay, sen egam,

Qul qachon vasfinga loyiq soʻz deya.

 

26.

Qil nazar bechoralarning holina,

Fazl ila qaragin bad afʼolina,

Qaytarib alarni jumla nahiydan,

Lutf etib solgil haqiqat yoʻlina.

 

27

Bu Ozodiy bir qulingdir, xoru xas,

Foniy ichra umrin oʻtkazmish abas,

Lutf etagin tutmishdir umid qoʻli,

Ikki olam sen menga faryodras[16].

 

Turkman tilidan Bahodir Karim tarjimasi

 


[1] Darmonda – hayron, qiyin, nochor ahvolda qolgan.

[2] Ummiy – savodsiz.

[3] Nadam – nadomat.

[4] Taksir – koʻpaytirish.

[5] Tamkin – haybat.

[6] Raxshi – oti.

[7] Zin – egar.

[8] Chirk – qabih, jirkanch.

[9] Jofiy – jafo qiluvchi.

[10] Mosivo –…. dan boshqa,… dan tashqari.

[11] Roh – yoʻl.

[12] Kisvat – kiyim, ust-bosh.

[13] Jivar – qoʻshni.

[14] Aqvom – qavmlar.

[15] Nazʼ – olish, jonni olish; “Jon hamda imon tandan chiqadi” maʼnosida.

[16] Faryodras – madad berishga yetib kelgan, koʻmak beruvchi.

https://saviya.uz/ijod/nazm/lutf-etib-solgil-haqiqat-yolina/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x