(Gabriel Garsiya Markes ijodiga chizgilar)
Lotin Amerikasi adabiyotining yirik vakili, “sehrli realizm” adabiy oqimining asoschilaridan biri, kolumbiyalik mashhur adib Gabriel Garsia Markes nomi tilga olinganda, zamonaviy kitobxon tasavvurida, avvalo, uning qiyofasi va ijodi gavdalanadi.
Gabriel Garsia Markes (1927) Karib dengizining soʻlim qirgʻogʻida joylashgan Arakataka shaharchasida dunyoga kelgan. Ish topish ilinjida katta shaharga yoʻl olgan ota-onasi, endigina tugʻilgan Gabrielni bobosi – isteʼfoga chiqqan polkovnik va mehribon buvisi tarbiyasiga qoldirib ketishadi. Bolaligidan erkin oʻsgan, atrofdagi olamga “koʻzini katta ochib qaragan” Gabriel, oʻtmish va hozirgi kun haqida tasavvurga yoʻgʻrilgan sehrli xayollarga choʻmgan bobosi, uyning muhitiga, shoirona qilib aytganda, “xuddi donishmand moʻysafiddek mudrab qolgan” eski uyida eshitgan ertak va choʻpchaklar, afsona va qiziqarli hikoyalar olamiga butunlay shoʻngʻib ketgan edi. Tabiiyki, bu muhit yozuvchining ijodiga taʼsir etmasdan qolmadi. Gabriel, ayniqsa, buvisi bilan juda inoq edi. Nevarasini jonu dilidan yaxshi koʻrgan buvisi kichkina Gabrielga juda koʻp qadim afsona va rivoyatlarni soʻzlab berardi. Ular esa, oʻz oʻrnida, bolaning xotirasida muhrlanib, boʻlajak yozuvchining koʻpgina asarlari negizini tashkil etdi. Telegrafda ishlagan kaltabin otasi, uy-roʻzgʻor tashvishidan boshini koʻtarolmagan mushtipar onasi bir vaqtning oʻzida oʻn olti farzandni tarbiyalash bilan ovora edi. 1936 yil kichkintoy Gabrielni Arakatakadan olib ketishgan ota-ona unga joʻyali tarbiya va taʼlim berolmadilar. Dastlab, uni Barrankilya shahridagi San-Xose internatiga topshiradilar, bu yerda u yolgʻizlikning “neʼmat”larini koʻzyoshlari bilan “tatib” koʻrdi. Soʻngra, uni Sipakira shahridagi kollejga oʻqishga berishadi. U yerda Gabriel sheʼriyatga qiziqib qoladi va kollejda chiqadigan gazetada faol qatnashadi. Baxtli tasodif tufayli doʻstining onasi shahar kutubxonasida ishlardi va Gabrielni mutolaa uchun kutubxonaga bepul kiritardi. Makondo obrazi, aynan, kutubxonaning jimjit va chang bosgan muhitida tugʻilgan boʻlsa, ajab emas. 1947 yil yosh Gabriel Kolumbiya poytaxti, osmonoʻpar togʻlar orasida joylashgan, rutubatli ob-havo qoplagan Santa Fe de Bogotaning koʻrkiga koʻrk soluvchi, kolonial uslubda qurilgan va “inqilobiy gʻoyalar oʻchogʻi” deb atalgan Milliy universitetning huquqshunoslik fakultetiga oʻqishga kiradi.
“Hayot haqida soʻzlab berish uchun yashash” nomli oxirgi hujjatli romanida Garsia Markes Bogota haqida shunday yozadi: “Bogota oʻsha paytlari zulmat bosgan, odam qadami yetmas benomnishon shahar edi. Shaharga XVI asrda konkistadorlar zulmidan qochgan hindular asos solgan edilar. Menimcha, oʻsha paytlardan beri osmonni qoplagan bulutlar tarqalmas, shivalab yoqqan yomgʻir esa bir kunga ham tinmasdi. Shaharning savdo markazi atrofida joylashgan son-sanoqsiz kahvaxonalarga kirish taʼqiqlab qoʻyilgandi”.
Ushbu gʻamgin kayfiyatdagi soʻzlar dard-alam, tashlab ketilganlikni, yolgʻizlikni anglatmasdi, aslo. Aksincha, yosh Gabriel uddaburon, tashabbuskor, xushmuomalali, odamlar bilan tez kirisha oladigan, til topisha biladigan nekbinlar sirasidan edi. U ijod qilishni davom ettirib, Bogotada chiqadigan “El Espectador” gazetasida oʻz maqola va hikoyalarini eʼlon qilib bordi.
Darvoqe, Garsia Markes qalamiga mansub ilk “Uchinchi itoatkorlik” (1947) nomli hikoyaning yaratilish tarixi Arakataka realligiga chuqur singib, ushbu hayotbaxsh chashmadan hovuchlab ilhom suvini ichadi: “… Xira fonusi bilan yoʻlni arang yoritib kelayotgan oxirgi tramvayga Chapinero bekatida haqiqiy chalishoyoq favn kirib, boʻsh joyga oʻtirib oldi. Tramvayda mudrab oʻtirgan toʻrtta-beshta yoʻlovchilardan hech kim uni koʻrib taajublanmaganligiga eʼtibor berdim. Shuning uchun boʻlsa kerak, uni yakshanba kunlari bolalar bogʻida har xil mayda-chuydalarni sotib yurgan va ataylab yasanib olgan savdogarga oʻxshatdim. Biroq favnning haqiqatan mavjudligi, qoʻl choʻzsa ushlab koʻrish mumkinligi hech qanday shubhaga oʻrin qoldirmasdi: uning chiroylikkina shoxchalari va tekislangan soqolchasi aniq echkinikiga oʻxshardi. Tramvayga kirib kelganida esa, tuyoqchalari taqillaganini oʻz qulogʻim bilan eshitgan edim. Uning oldidan oʻtayotib, terisidan taralayotgan oʻtkir badboʻy hidni ham sezdim”.
Bu hikoyada Frans Kafkaning taʼsiri sezilib turadi, chunki oʻsha yillari Garsia Markes Gʻarbiy Yevropa modernizm adabiyoti, xususan, uning Lotin Amerikasi adabiyotiga koʻrsatgan taʼsiriga bagʻishlangan jiddiy tadqiqot ustida ish olib borgani maʼlum. Yosh qalamkashga gʻamxoʻrlik koʻrsatgan gazeta bilan ijodiy hamkorlik uzoq davom etdi va ikki tarafga, soʻzsiz, katta foyda keltirdi. 1955 yilda gazetada uning “Bir oʻlimdan omon qolgan harbiy dengizchining hikoyalariga asoslangan sarguzashtlar xaqida mening haqiqatim”, deb nomlangan oʻn toʻrtta ocherki bosilib chiqadi. Ularda kolumbiyalik harbiy kemalarda kontrabanda oʻtkazish faktlari fosh etilgani bois, hukumat va harbiy doiralarda katta siyosiy mojaro koʻtarildi. Koʻplab harbiy va siyosiy arboblar isteʼfoga chiqarildi. Bu ocherklar, bir oz vaqt oʻtib, aniqrogʻi, oʻng qanot muxolifotchilari – harbiylar guruhi yetakchisi Roxas Pinilya hukumatni agʻdarib, hokimiyatni oʻz qoʻliga olganda, gazeta yopilishining sabablaridan biriga aylandi. Biroq ungacha hali ancha vaqt bor edi.
Markaziy va Janubiy Amerika mustamlakalarida mustaqillik uchun kurash borayotgan yillari Kolumbiyada fuqarolik urushi boshlanadi. 1948 yil qirgʻinbarot toʻqnashuvlardan oʻzini olib qochgan Garsia Markes Kartaxen-de-las-Indias shaharchasida qoʻnim topadi va u yerdagi institutda huqushunoslik taʼlimini olishni davom ettiradi. Ayni paytda, “Universal” gazetasida ham ishlaydi. Qudratli davlatlarning taʼsiriga tushib qolgan hamda siyosiy, moliyaviy-iqtisodiy manfaatlar toʻqnashuv maydoniga aylangan Kolumbiyada Garsiya Markes ijodiy faoliyat bilan birga ijtimoiy-siyosiy faoliyat ham olib boradi. Oʻqishini muddatdan oldin tugatishga majbur boʻlib, oʻzini adabiyot va jurnalistikaga bagʻishlashga qaror qiladi. 1950 yilda Barrankilya shahriga borarkan, “El Heraldo” gazetasining muxbiri sifatida toʻqnashuvlar markaziga tushib qoladi. Bir vaqtning oʻzida “Cronica” haftaligida siyosiy-ijtimoiy mavzularga bagʻishlangan ruknni (boʻlimini) ham boshqaradi. Bir necha marta uning hayoti qil ustida boʻlgan edi. Shunga qaramasdan, u oʻzi tanlagan yoʻldan toymadi, zahmat chekayotgan oddiy xalq bilan hamnafas yashadi. Aynan, shu paytlari adib “Uy” deb nomlangan katta asarga qoʻl uradi. Ehtimol, ushbu xomaki chizgilar, betartib qaydlar va yozuvlar mashhur (u haqda quyida fikr yuritamiz) romanning poydevorini tashkil etgandir. Kurash olib borgan tomonlar vaqtinchalik sulh tuzib, davlatda omonat tinchlik oʻrnatilgan paytida Garsiya Markes bilimini toʻldirish, taʼlimini oxiriga yetkazish bilan ovora boʻlib, juda koʻp kitob oʻqiydi. Ilmiy ishida belgilangan yoʻnalishdan chetga chiqmasdan Ernest Xeminguey va Uilyam Folkner, Jeyms Joys va Virjiniya Vulf, Frans Kafka va Marsel Prust ijodini puxta oʻrganadi. Aytish mumkinki, ushbu mashhur adiblarning ijodi uning dunyoqarashiga, dunyoni his etishiga, qolaversa, badiiy tafakkuriga, uslubining shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatadi.
1950 yillarda u maxsus muxbir sifatida Italiya va Fransiyaga boradi, maʼlum vaqt u yerda yashaydi, ijod qiladi. Qaytish chogʻi esa, Kolumbiyada vaziyat keskinlashgani bois Venesuella poytaxti Karakasda toʻxtashga majbur boʻladi va shu tariqa vataniga qaytishi uzoq yillarga choʻzilib ketadi. 1955 yili doʻstlari koʻmagida Garsiya Markesning “Xazon barglar” nomli qissasi nashrdan chiqadi. Bu asarida u oʻzini jiddiy nasrnavisdek koʻrsata oldi. Qissaning mazmuni ham oʻzgacha edi. Aslida, “xazon barglar” deb, yozuvchining qadrdon shahrida ishlab pul topish va qorinni toʻydirish, keng maʼnoda, hayotda oʻz joyini topish ilinjida shaharma-shahar kezib yurgan darbadar musofirlarni atashardi. Bu asarda ilk bora Makondo shaharchasi tilga olinadi. Yozuvchi qoʻlidan chiqqan roman va qissalarda tasvirlangan voqea-hodisalar, aynan, shu shaharda roʻy berishini uning ijodidan xabardor boʻlgan oʻquvchi yaxshi biladi. Shuningdek, bu asarda Garsiya Markes ijodida markaziy oʻrin tutuvchi – yolgʻizlik mavzusi aniq-ravshan koʻrina boshlaydi.
Yuqorida aytilganidek, 1955 yildan boshlab, “El Espectador” gazetasi muxbiri sifatida ishlagan Garsiya Markes Yevropaning koʻplab davlatlariga boradi. 1957 yilda u Moskvada oʻtkazilgan Yoshlar va talabalar xalqaro festivalida qatnashadi. Dunyoda tinchlik oʻrnatish, qitʼalarda yashayotgan turli elat va millatlarni birlashtirish, madaniy aloqalarni bogʻlash yoʻlida bosilgan katta qadamdek namoyon boʻlgan ushbu muhim voqeadan olgan taassurotlarini Markes bir qator ocherklarida tasvirlaydi. Rimda yashagan paytlari esa “Eksperimental kinematografiya markazi”dagi rejissyorlik kurslarida oʻqib, maʼlum koʻnikmaga ega boʻladi va bir nechta hujjatli filmni suratga oladi. Ish yuzasidan Parijda yurganida, Kolumbiyada navbatdagi toʻntarish sodir boʻlib, “El Espectador” gazetasining yopilgani, oʻzi bilan birga ishlagan doʻst va hamkasblarining siyosiy taʼqibga olingani yoxud vatanini tark etganlari haqida xabar topadi. Shundan soʻng, u Parijda qolib bir qator gazetalarda faoliyat olib boradi. Bu yillar adib oʻz ijodiy izlanish, oʻz uslubiga sayqal berish borasida tinimsiz mehnat qiladi. Yozuvchi, mukammal darajadagi badiiy ifodalilikka erishish maqsadida, oʻsha paytlari boshlangan “Polkovnikka hech kim yozmaydi” qissasini sal kam oʻn bir marta qaytadan yozadi. Ushbu izlanishlar samarasi oʻlaroq, 1957 yilda qoʻlyozma oqqa koʻchiriladi.
1957 yilda Garsiya Markes ozodlik havosidan yengil nafas olgan Karakasda yasharkan, “Momento” jurnali bilan hamkorlik qiladi. Uning hayotida tinch va sokin damlar hukm sura boshlaydi. U hali 1946 yilda, talabalik davrida tanishgan va umrbod birga boʻlishga ahdu paymon qilgan Mersedes Barcha Pardo bilan 1958 yilga kelib oila quradi. Adib qisqa vaqt Meksikada yashaydi. U yerda filmlar uchun ssenariylar, jurnallar uchun maqolalar yozib, bir amallab kun oʻtkazadi. 1959 yilda Nyu-Yorkda ishlab yurgan kezlari uning birin-ketin ikki oʻgʻli dunyoga keladi. 1961 yil Meksikada chiqadigan “Mito” jurnalida adibning “Polkovnikka hech kim yozmaydi” qissasi, bir yil oʻtib esa, “Grande Onaning dafn marosimlari” nomli hikoyalar toʻplami bosilib chiqadi.
1959 yil Garsiya Markes Kuba hukumati tasarrufidagi “Prensa Latina” informatsion agentligi bilan hamkorlik qiladi, uning muxbiri sifatida koʻpgina mamlakatlarda xizmat safarlarida boʻladi. Garsiya Markesning betinim hayoti, uzoq va yaqin mamlakatlarda boʻlishi, safarlardan olgan taassurotlari adib dunyoqarashini yanada kengaytirgan boʻlsa, ajab emas.
Tan olish kerak, Buenos-Ayresda ilk nashr etilgan “Yolgʻizlikning yuz yili” (1966) romani oʻz muallifiga olamshumul shuhrat bilan birga, tijorat yoʻlida ham moʻmaygina daromad keltirdi.
“Yolgʻizlikning yuz yili” romani jahon adabiy jarayonida muallif kutganidan ham ortiq dovrugʻ va nom taratdi.
Romanning yaratilishi oʻziga xos tarixga ega. Uning oxirgi rejasi 1965 yilda, uzoq fikr-mulohazalardan soʻng toʻliq shakllangan edi. Shundan soʻng, yozuvchi avtomobilini sotadi-da, oila boqishni turmush oʻrtogʻining zimmasiga yuklab, oʻzi deyarli oʻn sakkiz oy kabinetiga “qamalib oladi”. Ehtimol, u oʻzini Valter Skott, Viktor Gyugo yoki Ernest Xemingueyga mengzagandir. Kim bilsin. Nomi ulugʻ bu yozuvchilar mashhur asarlarini yaratganlarida, aynan, shunday yoʻl tutgan edilar.
“Esquire” (Eskvayr) jurnaliga bergan intervyusida adib shunday deydi: “… Qaramogʻimda xotinim va jajji ikki oʻgʻlim bor edi. Oʻzim PR-menejer boʻlib ishlardim va onda-sonda kinossenariylarni tahrir qilib turardim. Kitobni yozish uchun esa ishdan voz kechish lozim edi. Men mashinamni garovga qoʻydim va pullarni Mersedesga topshirdim. Har kuni u qanday boʻlmasin menga qogʻoz, sigaret, umuman, ishlash uchun zarur boʻlgan narsalarni yetkazib turardi. Kitob yozib boʻlinganda biz yor-birodarlarimizdan 5000 peso qarz boʻlib qolganligimiz maʼlum boʻldi. Bu katta pul edi. Ayni paytda, mening juda muhim kitob yozayotganim haqida ovoza tarqalgan boʻlib, atrofdagi doʻkondorlar bu ishda baholi qudrat koʻmak berib, oʻz hissalarini qoʻshmoqchi boʻlganliklarini maʼlum qilishdi. Chuchvarani xom sanashibdi! Qoʻlyozmani noshirga joʻnatish uchun 160 peso kerak boʻlib turganida ixtiyorimizda bor-yoʻgʻi 80 peso qoluvdi. Oʻshanda, men Mersedesning xamir qorishtirgichi va soch quritadigan fenini garovga qoʻydim. Bu haqda xabar topgan xotinim: “Roman yomon chiqmasa mayliga edi”, deb meni yupatgan edi. Oʻshanda, roman jahon adabiyoti sara asarlari qatoridan oʻrin olishini kim ham bilibdi, deysiz”.
Aureliano Buendia oilasining olti avlodi hayotida sodir boʻlgan gʻayriodatiy, gʻayriaxloqiy, gʻayritabiiy, aql bovar qilmas, qonunga zid voqea va hodisalarni tasvirlarkan, Garsiya Markes yuksak badiiy mahorat bilan Buendiya oilasiga u yoki bu darajada mansub kishilar hayotga umid-ishonch bilan qaraydigan shodmon va sabr-bardoshli kashshof (jannat bogʻidek soʻlim goʻsha Makondoni Aureliano Buendia birinchi boʻlib topgan)lardan borgan sari nasli ayniyotgan razillar, yerda besaranjom-besarishta hayot kechirayotgan, arang kun koʻrayotgan devonalarga aylanayotganini koʻrsatadi. Romanda Aureliano Buendia sulolasi tarixida zamonaviy madaniyat zamirida yotgan individualizmning gurkirab yashnashi, taraqqiy etishi va zavol topishi jarayoni kuzatiladi. Bu asoslimi, yoʻqmi degan savolga javobni axtarish ayni paytda vaqtni zoye ketkazishdir. Asarni oʻqigan har bir oʻquvchi oʻzicha xulosa chiqaradi. Aytmoqchimizki, Garsiya Markesning aksar asarlarida koʻtarilayotgan yolgʻizlik HAYOT deb nomlangan mashaqqatli yoʻlda insonni muqarrar kutib turgan oxirgi, xazonrezga oʻxshash hayot pallasi, uning xotimasidir. Aureliano Buendia sulolasining soʻnggi vakili hayot bilan vidolashgach, birpasda koʻtarilgan toʻpolon shamol qurt-qumursqa va chumolilar kemirib, kukunga aylantirib tashlagan Makondoni yer yuzidan uchirib ketdi.
1967 yilda bosilib chiqqan romanning birinchi nashri haqida Chili shoiri Pablo Neruda: “Ehtimol, bu roman “Don Kixot” davridan keyingi ispan tilidagi ulkan gʻalaba, kutilmagan yangilikdir”, deya oʻzining ijobiy fikrini bildiradi. Muallif esa mutlaqo boshqa fikrda edi. Intervyuda muxbirning: “Agar siz mehr-muruvvatli, saxovatpesha sehrgar boʻlganingizda nima qilgan boʻlar edingiz?”, degan savoliga, u toʻgʻridan-toʻgʻri, vijdonan: “Yozganlarimning ichidan “Yolgʻizlikning yuz yili” romanini chiqarib, yoqib tashlagan boʻlardim. Men bu kitobni yozganimdan uyalaman, chunki menga maʼlum sabablarga koʻra uni yaxshilab yozishga vaqt yetmadi”, deb javob beradi. Adib, oʻz fikrini davom ettirarkan, jumladan, shunday deydi: “Aql-idrok nuqtai nazaridan qaraganda, “Buzrukning kuzi” romanimning badiiy saviyasi ancha yuqori. Har holda aminmanki, “Buzrukning kuzi” – meni toabad unutilishdan saqlaguvchi asardir. Polkovnik Aureliano Buendia kim boʻlgan – tarixiy shaxs yoxud koʻchaning nomimi, degan savolga bosh qotirilmaydigan, umuman, esga olinmaydigan payti “Buzrukning kuzi” meni qutqaradi. Maʼsuma Goʻzal Remedios oppoq, shahvat dogʻi tegmagan choyshabda koʻkka koʻtarilishi yoki bir-biriga yaqin qarindosh ota-onada butun avlod boshiga tushgan laʼnatning alomati rizo – manhus kaltakesak tugʻilgani haqida hikoya qiluvchi roman “adabiy zilzila” deb atalishi mutlaq notoʻgʻridir”.
Nima boʻlganda ham, yozuvchi oliftagarchilik bilanmi yoki dilidagini yashirmay, ochiqchasiga gapirayaptimi, yoʻqmi, bilmaymiz. Bu muhim emas. Tanqidchilar mif yaratish sanʼati, afsonalar ijodiyoti va “sehrli realizm” badiiyati xususida bahs-munozara yuritgan bir paytda, Garsiya Markes oʻzi yozgan kitoblarda hamma narsa hayotdan “koʻchirib” olingan deb taʼkidlashdan charchamaydi.
Darhaqiqat, “Yolgʻizlikning yuz yili” romanining dastlabki 8000 donasi bir hafta ichida tarqab ketdi. Unga nisbatan “adabiy zilzila” iborasini ishlatgan perulik adib Mario Vargas Losa soʻzlariga qaraganda, ushbu romanda badiiy toʻqima mahsuli – dastlab qishloq, keyinchalik shaharga aylangan Makondo – Lotin Amerikasi, uning asoschisi Aureliano Buendia oʻz avlodlari bilan esa – dunyo timsoliga aylandi. “Yolgʻizlikning yuz yili” – bu haqiqiy adabiy changalzor, sehr-jodu, majoz va afsonadan iborat fantastik maxluqot”, deb yozgandi amerikalik tanqidchi Uilyam Makferson. U Lotin Amerikasi adabiyotining durdona asari, “sehrli realizm badiiy yoʻnalishining yorqin davomi”, deya eʼtirof etildi.
Darhaqiqat, “sehrli realizm” deb atalmish badiiy yoʻnalishning oʻziga xos xususiyatlari – bu gʻayrioddiy xarakter va gʻayritabiiy, taʼbir joiz boʻlsa, “moʻjizaviy” voqea-hodisalarni asliga monand, “realistik”, to mayda tafsilotigacha toʻgʻri, hech bir xaspoʻshlash yoki boʻrttirishga yoʻl qoʻymagan tarzda tasvirlashdir. Garsia Markesning ikror boʻlishicha, “real va fantastik boʻlib koʻringan narsalar oʻrtasida oʻtkazilgan aniq chegarani buzishga qaror qildim, chunki men gavdalantirib koʻrsatmoqchi boʻlgan dunyoda bunday gʻov-toʻsiq yoʻq edi”. Uning qahramonlari uchun “nasroniy odob-axloq”, “jumhuriyat anʼanalari”, “chet el valyutasi yetishmovchiligi”, “ijtimoiy taraqqiyot” kabi tushunchalar zamonaviy aql, ong va “yaratuvchanlik qobiliyat”ining mahsulidir. Ularga esa insu jins, “yomon va yaxshi” arvohlarga ishonish, afsungar jodulari va yomon odamlarning “koʻz tegish”i kabi tushunchalar ancha yaqin, chunki ular shunday “sehr”lardan iborat dunyoda yashaydilar.
Romanda yuz yil yolgʻizlikka mahkum etilgan Buendiya sulolasining tarixi mufassal hikoya qilinadi. Muallif har doim har xil – mashhur dengiz qaroqchisi Frensis Dreyk[1] davridan boshlab, turli tarixiy davrlarga murojaat qiladi. Roman syujeti qiziqarli voqealar bilan shunchalik toʻyintirilganki, amalda fabula (tasvirlangan voqealar silsilasi)ni qismlarga ajratish imkoni yoʻq, romanning har bir sahifasida muhim voqealar yuz beradi.
“Yolgʻizlikning yuz yili” romanini idrok qilish, “magʻzini chaqish” boshqa modernist yozuvchilarning intellektual romanlariga qaraganda, ancha oson va maroqli. Garsia Markes oʻz vaqtida teleseriallar uchun ssenariylar yozgani shunchaki koʻngilxushlik, vaqtichogʻlik mashgʻuloti boʻlmagan, balki uning ijodi uchun mahorat maktabi vazifasini oʻtagan. U toʻliq anglagan holda “sara jamiyat” vakillariga emas, balki oddiy oʻquvchilarga maqbul qilib matn yaratadi. Shu sabab roman ommabop kitobga aylandi. Aslida, ssenariynavislik nuqtai nazaridan qaraganda, Garsia Markesni haqiqiy postmodernist yozuvchi, desak boʻladi. 1969 yil amerikalik tanqidchi Lesli Fidler qalamiga mansub postmodernizm manifestidek yangragan “Chegaralarni bosib oʻtinglar, jarliklarni koʻmib tashlanglar” maqolasidagi asosiy fikr sifatida “ommaviy” va “elitar” sanʼat oʻrtasida chegaralarni yoʻq qilish talabi koʻtarib chiqilgan edi.
Bu jihatdan qaraganda, Garsia Markesning “sehrli realizmi”, mifologiya va diniy xurofotlariga asoslangan onggi va tafakkuriga yoʻgʻrilgan badiiy metodi ommaviy kitobxonga qaratilganligi bilan alohida ajralib turadi. Ijodkorning fikricha, kitobxonga dunyoni, aynan, shu tarzda tasvirlash tushunarli boʻlgan. Masalan, Xose Arkadio tunlarni bedor oʻtkazib, allaqachon oʻlib ketgan loʻli Melxisedek (Maliksidq) bilan gaplashib chiqishi oʻquvchini ajablantiradi. Biroq “sehrli realizm”ning oddiy realizmdan farqi shundaki, unda qandaydir bir gʻalati, real hayotda mumkin boʻlmagan voqea-hodislar roʻy berganligida emas, qolaversa, ular odatiy, har kuni boʻlib turadigan voqea-hodisalarga aylanganligida, yana – temir buyumlarni oʻziga tortuvchi magnit kuchi, mayda narsalarni kattalashtirib koʻrsatuvchi lupa, “zamonamizning buyuk kashfiyoti”dek taqdim etilgan muz, suv va ovqat orqali yuquvchi uyqusizlik dardi, xullas, shu va shunga oʻxshash boshqa narsalar qandaydir sehrli narsadek anglanganligidadir.
Bu asnoda, Garsia Markesning oʻz xolasi haqidagi xotiralari diqqatimizni tortadi: “… U alomat ayol edi. Kunlardan bir kun u ochiq ayvonda kashta tikib oʻtirganida, bitta ajina-jinniga oʻxshash juvon kattakon tuxumni koʻtarib keldi. Tuxumda oʻsimtasi bor ekan. Bu narsa juvonni, dastlab, hayratga, soʻngra, qoʻrquvga soldi: “Muqaddas Bibi Maryam oʻz panohiga olsinu, bu oʻsimtada shaytonning qoʻli boʻlsa-chi?!. Bu tuxum insu jinslarning ishi boʻlgani turgan gap”, dedi u. Nima sababdan bilmadimu, lekin xolamning uyi qishloqda sehr-jodu ishlari boʻyicha oʻziga xos maslahatxonaga aylangan edi. Har safar favqulodda narsaga duch kelib yoki gʻalati voqeaga uchrab, javobini topolmasdan, odamlar biznikiga kelib soʻrashar edi. Xolamning bu chigal masalalarni osonlikcha, ortiqcha kuch ishlatmasdan hal etishidan hangu mang boʻlib qolar edim. Koʻz oʻngimda boʻlayotgan sehr-jodudan azbaroyi qoʻrqib, qayerga yashirinishni bilmasdim. Nimasi bilandir bu sirli va moʻjizakor marosimlar meni oʻziga tortardi. Tuxum koʻtarib kelgan juvonga qaytaylik. Juvon xolamdan soʻradi: “Qarang, nima uchun tuxumda bunday katta oʻsimta bor? Xolam juvonga sirli boqib, koʻzlarini yumib, boʻgʻiq ohangda: “Bu qonxoʻr ajdahoning tuxumi. Qoʻrada olov yoqinglar”, deb buyruq berdilar. Xolam, allanimalarni pichirlab, tuxumni olovga tashlab yubordi va tuxum kuyib, palagʻda sasib, bir pasda yoʻq boʻlib ketdi”. Ushbu tabiiylik, sofdillik, soddalik “Yolgʻizlikning yuz yili” romaniga kalit bergan boʻlsa, ajab emas. Bu romanda ham dahshatli voqealar va mudhish manzaralar tasvirlanadi, bir vaqtning oʻzida afsonaviy va hayratomuz, gʻalati uydirmalar hikoya qilinadi.
1982 yilda Garsia Markes adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor boʻldi. Nobel qoʻmitasining rasmiy bayonotida: “… fantaziya va reallik qorishib butun boshli qitʼaning hayoti va muammolarini oʻzida aks ettirgan roman va hikoyalari uchun”, deguvchi soʻzlar bor. Nufuzli mukofotni topshirish marosimida Shvetsiya Fanlar akademiyasi vakili Lars Yyullensten oʻz nutqida: “Koʻp yillar mobaynida, Lotin Amerikasi adabiyoti shunday kuch-qudratni koʻrsatdiki, uni boshqa adabiyotlarda uchratish amrimahol. Garsia Markes asarlarida… ispancha barokko, yevropacha syurrealizm va boshqa modernistik oqimlarning taʼsiri aralashib ketgan… nafis uslubni yuzaga chiqargan, eng muhimi, optimistik ruhda yangraydi… Garsia Markes oʻz siyosiy qarashlarini yashirmaydi, u ilojsiz, benasib qolganlar tarafida turib, ularga jabr-zulm oʻtkazish va ulardan iqtisodiy foydalanishga qarshi chiqadi”, deyilgan.
Javoban soʻzlangan nutqida esa, Markaziy va Janubiy Amerika hayoti, shart-sharoiti xususida toʻxtalarkan, Garsia Markes tub va koʻchirib kelingan xalqlarni ekspluatatsiya qilish mavzusiga ham jiddiy eʼtibor qaratdi. “Oʻylaymanki, – deydi u, – nafaqat Lotin Amerikasi hayotining adabiy ifodasi, balki obʼyektiv voqeligi ham Shvetsiya Fanlar akademiyasining diqqat-eʼtiboriga loyiqdir”. Fikrini davom ettirarkan, Garsia Markes: “Hech kim birov uchun oʻlish yoki yashash qarorini qabul qilmaydigan, muhabbati haqiqiy, baxti esa – amalga oshadigan, yuz yil yolgʻizlikka mahkum etilganlar esa, oxir-oqibat, baxtli yashash huquqini oʻz qoʻllariga olgan utopiya yaratgani uchun javobgarlikni yozuvchi oʻz zimmasiga oladi”, deb, haqiqatga qanchalik yaqin ekanligini yana bir karra isbotlaydi.
Koʻpgina tadqiqotchilar Garsia Markes ijodiga Frans Kafka, Jon Dos Passos, Virjiniya Vulf, Alber Kamyu, Ernest Xeminguey va, ayniqsa, Uilyam Folkner taʼsirini alohida taʼkidlaydilar.
Haqiqatdan ham, Garsia Markes oʻz ijodida ularning uslub va badiiy tajribalaridan mohirona foydalanadi. Uning ijodida XX asr oʻrtalarida maydonga kelgan va inson hayotining falsafiy tushuncha va kategoriyalar tilida ifodalab boʻlmas mutlaq noyobligini birinchi planga chiqargan falsafiy yoʻnalish – ekzistensializm ruhidagi ohanglar – “tashlab ketilgan”dek his etilayotgan yolgʻizlik, shaxsiy qadr-qimmatni, insoniylik xislatlarni saqlab yoki kundalik turmushning ikir-chikirlariga butunlay shoʻngʻib, unga bardosh berishda yaqqol koʻrinadi.
Ayrim tadqiqotchilar Garsia Markesni buyuk yozuvchi, uning shoh asari – “Yolgʻizlikning yuz yili” romanini esa – jahon adabiyoti zarvaraqlarida mangu qolajak asar degan fikrga asosli shubha bildirishadi. Masalan, 1983 yilda amerikalik munaqqid Jozef Epstayn “Izohlar” (“Commentary”) nomli adabiy-badiiy, ijtimoiy-publitsistik jurnalidagi “Shunday ham zoʻrmisiz, Gabriel Garsia Markes?” nomli maqolasida romannavisning kompozitsiyani tuzish mahoratiga tan beradi, ammo “uning tiyiqsiz fantaziyasi, “sanʼatkorona” uslubi oxir-oqibat meʼdaga uradi”, deb muxtasar xulosa qiladi. “Ijtimoiy-siyosiy ahamiyatidan xoli olib qaraganda, – davom etadi Jozef Epstayn, – Garsia Markes hikoyalari va romanlari maʼnaviy-maʼrifiy sohasida ahamiyatini yoʻqotadi, odob-axloq meʼyorlaridan chiqib ketadi. “Buyuk kolumbiyalik” oʻz bolaligining jumbogʻini yechish maqsadida, butun hayoti davomida izlanadi”. Ha, ahyon-ahyonda shunday betakalluf fikrlar ham uchrab turadi.
Toʻgʻrisini aytganda, Garsia Markes yaratgan adabiy makonda hukm surayotgan odob-axloq xususida jiddiy fikr-mulohaza yuritishning hojati bormi, yoʻqmi, degan savol tugʻiladi. Ilk yirik asari “Xazon barglar” qissasidan tortib, to “Hayot haqida soʻzlab berish uchun yashash” (2002) deb nomlangan oxirgi hujjatli romanigacha boʻlgan davr mobaynida, Garsia Markes hech qachon maʼnaviyat, odob-axloq mezonlari xususida fikr-mulohaza yuritishga jazm qilmagan edi. Shunga qaramasdan, uning asarlarida ochiqdan-ochiq behayolik, axloqsizlik ham yoʻq emas.
Oʻzining son-sanoqsiz intervyularida ushbu adabiy hodisa xususida savoldan qochib qutulolmasligini yaxshi bilgan Garsia Markes yarim chin, yarim hazil tarzda javob beradi: “Oʻylashimcha, Karpentyer “sehrli realizm” deb, aslida, reallik deguvchi moʻjizani, ayni, Lotin Amerikasi, xususan, Karib dengizi mamlakatlari realligini shunday nomlaydi… U – sehrli… Ha, ishoning menga… Bu yerda shunaqasi boʻlib turadi…”
Oddiy qilib aytganda, Garsia Markes badiiy toʻqimaning unga keragi yoʻqligiga ishontirmoqchi boʻladi. 1979 yilda Gavanada yashagan paytlari, “Bohemia” jurnali muxbiri Manuyel Pereyra bilan suhbatda Garsia Markes shunday deydi: “Fantaziya – bu Uolt Disney. Meni esa bu narsa umuman qiziqtirmaydi. Agar mening asarlarimda bir gramm fantaziya topolsalar, men xijolat chekkan boʻlardim. Birorta kitobimda fantaziya yoʻq. Masalan, “Yolgʻizlikning yuz yili” romanidagi Maurisio Babilonyaning sariq kapalaklari bilan bogʻliq boʻlgan mashhur sahnani olaylik. U haqida: “O, naqadar goʻzal fantaziya!” deyishadi. Jin ursin, u yerda hech qanday fantaziya yoʻq! Boʻlmagan gap! Arakatakadagi uyimizga har zamonda bir usta kelib turganini juda yaxshi eslayman… Buvim qoʻliga lattani ushlab, oq kapalakni haydaganini eslayman. Jahllari chiqqan buvim: “Jin ursin! Men bu kapalakni haydab koʻchaga chiqarolmayapman. Bu usta har safar kelganida kapalak uyga uchib kiradi…”
…Taʼkidlash lozimki, Garsia Markes ijodi Kolumbiya va Venesuella mintaqasida yetakchi mavqe tutgan adabiy anʼanalar bilan uzviy bogʻliq, ayni paytda, muxoliflari ham bor. Bir tomondan, uning mashhur oʻtmishdoshi, “yam-yashil jahannam” adabiyoti asoschilaridan biri Xose Eustasio Rivera hamda Lotin Amerikasi adabiyotida yetakchi mavqe tutgan “badaviylik – sivilizatsiya” qabilidagi anʼanaviy mifologemani koʻtarib chiqqan Romulo Galyegoslarning badiiy tajribasi Garsia Markesga foyda keltirgani aniq. Boshqa tomondan esa, uning uslubi ham, badiiy toʻqimasi mahsuli boʻlmish Makondo obrazi ham Ernest Xeminguey va Uilyam Folkner taʼsiridan xoli deb boʻlmaydi. Yuqorida taʼkidlanganidek, Garsia Markes hech qachon “Shimoliy amerikalik mardi kalon”larning ijobiy taʼsirini inkor etishga jurʼat etolmagan. Lekin Uilyam Folknerning Yoknapatofasi bilan u tanish boʻlmaganida ham, Makondo shaharchasi, baribir, uning tasavvurida tugʻilar edi. Axir, baxtli tasodif tufayli, Xuan Karlos Onettining tasavvurida, bir vaqtning oʻzida ham xayoliy, ham joʻshqin hayotga monand Santa-Mariya shaharchasi paydo boʻldi-ku. Boshqacha aytganda, Makondo – tor maʼnoda, ekvator iqlimida yashayotgan, tropik changalzorlar qoplagan, birvarakayiga ikki – Atlantika va Tinch okeanlari poʻrtana toʻlqinlariga, yengil shabadada mavjlanib quyilayotgan sadolariga choʻmilgan Kolumbiya, keng maʼnoda esa, viqorli togʻ, sersuv daryo, jazirama sahro, yam-yashil dashtu biyobonlarning sehrli diyori – Lotin Amerikasining timsoliga aylangan shaharchadir. Makondo koʻp jihatdan Garsia Markes tugʻilib oʻsgan Arakataka, qolaversa, u taqdir taqozosi bilan bir necha vaqt yashashga majbur boʻlgan, ishlagan va oʻz koʻzi bilan koʻrgan koʻplab katta va kichik shaharlarga oʻxshaydi. Oʻsha joylarning iqlimi, muhiti, tabiati, yashash tarzi uning 1950 yillarda yaratilgan hikoya va qissalarda oʻz aksini topgan va Garsia Markesning eng mashhur romaniga oʻziga xos debocha boʻlgan desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Qalin changalzorlarning odam qadami yetmas ichkarisiga borib Makondo shahriga asos solarkanlar, “Yolgʻizlikning yuz yili” romani personajlari, qaysidir bir maʼnoda X. E. Riveraning “Girdob” nomli roman qahramonlari bosib oʻtgan yoʻlni takrorlaydilar. Biroq oʻz qahramonlarini “yam-yashil jahannam” chakalakzorlariga gʻarq etarkan, Garsia Markes vaqti-soati kelguncha tabiatning qarshi harakatini his etib koʻrishga imkon bermaydi. Aureliano Buendia sulolasining birinchi vakili va uning sodiq hamrohlari “badaviylik”ning “sivilizatsiya” bilan toʻqnashuvidan vujudga kelishi ehtimoli – xavf-xatarni sezmaydilar. Qalblarida individualizm deb atalmish illatning urugʻini olib yurganlarini xayollariga ham keltirmaydilar. Makondoda, dastlab, hamma oʻzaro teng, toʻkin-sochin dasturxon atrofida farovon hayot kechirishadi… Biroq bunday xotirjam va sokin, rohat-farogʻat hayot uzoqqa bormaydi. Makondoni, nafaqat, nafs balosiga yoʻliqish, balki shahvatparastlik, tiyib boʻlmas hirs, badaxloqlik, riyo, zolimona hokimiyatchilik, amri farmonlik kabi illatlar zulmatga aylantiradi. “Yerdagi Bogʻi Eram”dan hech kimni yoqasidan olib quvmaydilar – u yerdan oʻz ixtiyori bilan ketishadi. “Jannatdan tashqarida”gi behad katta dunyoda yashab koʻrish ishtiyoqi shu qadar kuchliki, uni toʻxtatib, yoʻlini toʻsib boʻlmaydi. Roman davomida “narigi dunyo choparlari”, “sivilizatsiya nishonalari” Makondoni toʻlqinga oʻxshab bosib olaveradi. Sivilizatsiyaga yaqinlashib, tutash nuqtalarni, oʻxshash jihatlar borligini aniqlash, uning zaharli havosidan nafas olish, halokatga yetaklovchi mevalaridan tatib koʻrib Makondo hamma narsani: qonli urushlarni, siyosiy fitnalarni, qirgʻin keltiruvchi epidemiyalarni, “banan shirkati” oʻrnatgan adolatsiz, shafqatsiz tuzumning oqibatlarini ham boshidan kechiradi.
Demak, dastlab, Makondo – Bogʻi Eram, jannatmakon yurt. Lekin bu soʻlim goʻsha, toʻkin-sochin oʻlka, hayotbaxsh zaminda yashovchilardan ayrimlari katta dunyoga qochishni, ozodlikka chiqishni orzu qilishadi. Bunday “gunoh”ning, aniqrogʻi Odam Ato va Momo Havo inʼom etgan nozu neʼmatlardan yuz oʻgirishdan bosh tortish, itoatsizlikni namoyish etishning oqibati – muqarrar yolgʻizlikdir.
Bu hayot prozasi. Uni tiyib boʻlmaydi. U “sanʼatkorona”, yuksak mahorat bilan ishlov berilgan, sayqallashtirilgan. Ehtimol, u, amerikalik tanqidchi Jozef Epstayn taʼbiri bilan aytganda, axloqsizligi bilan meʼdaga tegar, lekin qoʻshiqdan soʻzlarni olib tashlab boʻlmaydi. Qaysidir bir maʼnoda, Kolumbiya realligi allaqachon Garsia Markesni “yozib” boʻldi. U Kolumbiyaning sehrli, fusunkor kunlarining shirinsuxan, xushovoz quychisi boʻlib qolaveradi.
Muhammadjon XOLBEKOV
“Sharq yulduzi”, 2012–6
[1] Frensis Dreyk (1540-1596) – mashhur dengiz qaroqchisi, Yelizaveta saroyida katta eʼtibor qozongan, ingliz flotilyasiga qoʻmondonlik qilib 1588 yil Ispaniyaning “Yengilmas Armada” floti ustidan gʻalaba qozongan, admiral unvoniga sazovor boʻlgan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/lotin-amerikasi-romani/