2007 yilda u 80 yoshga toʻldi. Oʻsha yili Lotin Amerikasi va Ispaniyada “Markes yili” deb eʼlon qilindi. “Yolgʻizlikning yuz yili” romanining yubiley nashri esa 500 ming nusxada bosilib chiqdi. Hammasi boʻlib kitob 30 million nusxada chop etilgan.
2008 yilda uning asari asosida yaratilgan “Oʻlat paytidagi sevgi” filmi namoyish etildi. Lotin Amerikasi dahosining eng optimistik romani ekranlashtirildi. Uning rafiqasiga bagʻishlangan roman. Buyuk muhabbat haqida soʻylaguvchi roman.
Bundan toʻqqiz yil avval shifokorlar unga hukm chiqarishgandi. Uning hamon biz bilan ekanligi moʻjizaning oʻzginasi. Bu uning gʻalati, mistikaga yoʻgʻrilgan hayotining bir parchasi, xolos.
Barcha yaxshi narsalar toʻsatdan paydo boʻladi.
Hayot haqidagi 12 hikmat yozuvchi boʻlishni orzu ham qilmagan Gabriel Garsia Markes qalamiga mansub.
“Men seni senliging uchun sevmayman, balki sen bilan qanday inson boʻlganligim uchun ham men oʻzimni sevaman.
Hech bir inson sening koʻz yoshlaringga arzimaydi, yosh toʻkishingga munosib boʻlgan kishi hech qachon seni yigʻlatmaydi.
Sen xohlagandek sevishmasa, bu seni butun qalbi bilan sevishmaydi degani emas.
Haqiqiy doʻst – bu sening qoʻlingdan ushlab, yuragingni his etadigan kishi.
Birov haqida qaygʻurishning eng yomon usuli bu – uning yonida boʻlib, hech qachon seniki boʻlolmasligini anglash.
Hech qachon tabassum qilishdan toʻxtama, garchi senga juda ogʻir boʻlsa ham. Chunki sening tabassumingga oshiq boʻlishlari mumkin.
Ehtimol, bu dunyoda oddiy insondirsan, lekin birov uchun sen butun bir borliqsan.
Sendan vaqtini qizgʻanadigan odamga sen ham vaqt sarflama.
Ehtimol, Tangri oʻsha yagona insonni uchratmagunimizcha yoʻlimizda har xil kishilarni duch qilaversa kerak.
Oʻsha siz orzu qilgan ishning oxir-oqibat amalga oshishi uchun ham biz minnatdor boʻlishimiz lozim.
Hech qachon yigʻlama, chunki bu oʻtib ketdi. Har doim tabassum qil, chunki bu boʻlib oʻtdi.
Sening dilingni ogʻritadigan insonlar har doim topiladi.
Odamlarga ishonishda davom eting. Faqat ehtiyotkorroq boʻling.
Oʻzing ham yaxshi boʻlishga harakat qil, seni birov tushunishini xohlasang, oʻzing kimligingni angla.
Oʻzingni hadeb oʻqqa-choʻqqa uraverma, baribir, eng yaxshi narsalar toʻsatdan sodir boʻladi”.
Eng soʻnggi hikmatni muallif oʻzi haqida yozgan. Shon-shuhrat ham unga tasodifan keldi. Chunki u hayotda nimagaki erishgan boʻlsa, hammasiga qiyinchilik bilan yetishgan.
Fusunkor realizm chashmasida
Gabriel Garsia Markes Magdalena daryosi sohilidagi kichkina Arakataka shaharchasida tavallud topdi. Atlantika okeani bahaybat toʻlqinlarining vahimali tovushi bilan birgalikda shamol ummonning zarrin suvlarini sochuvchi yoqimli shabadani Arakataka koʻchalariga ham olib kiradi. Gabrielning otasi telegrafchi boʻlib ishlar, oilasini boqish uchun ikki smenada ishlashga majbur edi. Shu boisdan u uyda juda kam boʻlardi. Gabriel onasini jonu dili bilan yaxshi koʻrardi. Biroq undan tashqari yana oʻnta farzandi boʻlgan bechora onaning oʻgʻlini erkalashga vaqti yoʻq edi. Taqdir taqozosi bilan u bobosi va buvisining tarbiyasiga topshiriladi. Aynan mana shu insonlar unda yuksak maʼnaviyatning shakllanishiga salmoqli hissa qoʻshishgan.
Buvisi Trankilina gʻururli, axloqan sof va juda ham dono ayol edi. Keyinchalik buvisi uning koʻpgina romanlarida bir avlod boshida turuvchi onalar obrazida namoyon boʻladi. Bobosi polkovnik, 1899–1903 yillardagi milliy-ozodlik urushi qatnashchisi boʻlgan. Gabriel bobosini ham qattiq yaxshi koʻrardi. Lekin u 8 yoshga toʻlganida bobosi dunyodan koʻz yumadi. Sevimli bobosi Gabrielning har bir asarida qayta tirilardi. Ehtimol, u shu tariqa unga umrini baxshida etgan insonlar ruhini shod aylagandir. Bundan tashqari, bolakayga ularning arvohlar daydib yuradigan gʻalati uylari ham qattiq taʼsir oʻtkazgandi. Uning bolalik dunyosida sehrgarlik va roʻyo tutashib ketgandiki, bu uning keyingi ijodida ham oʻz aksini topadi. Gabriel ulgʻaygach, yangi adabiy janr – fusunkor realizmga asos soladi. Makondo mamlakatini u Arakatakaning tor koʻchalarida oʻynab yurgan kezlaridayoq xayolida barpo etgandi.
Gabriel Sapakiri shaharchasidagi maktab-internatda oʻqiydi. Xuddi shu yerda u birinchi adabiy “tajribalari”ni amalga oshiradi. Buni kelajakda yozuvchi boʻlish uchun emas, balki huquqshunoslik kasbini egallash uchun qilgandi. 1946 yilda U Bogota universitetiga oʻqishga kiradi. Gabrielning romantik sheʼrlaridan koʻpchilik hayratga tushardi. 1947 yilda uning birinchi hikoyasi chop etiladi. Biroq Markes faqatgina huquqshunoslik karyerasi tomon olgʻa intilayotgandi. Chunki Gabrielga tanlagan qiziga uylanishi uchun pul kerak edi. Oʻshanda u 19, tanlagani 13 yoshda edi…
Penelopa hamon kutmoqda
Gabriel Garsia Markes astrologiyaga juda ishonadi. U 1927 yil 6 mart kuni Baliq burji ostida tugʻilgan. Shuning uchun ham 1932 yil 6 noyar kuni Chayon burji ostida tugʻilgan qiz uning yagona muhabbati, rafiqasi, doʻsti va bir umrga yoʻldosh boʻlishi lozim deb hisoblardi.
Mersedes Barchani u 1945 yilda Sukre shaharchasiga yozgi taʼtilga kelgan paytida uchratdi. Ularning ota-onalari bir-birlarini yaxshi tanishardi. Tanishish navbati endi ularning farzandlariga kelgandi. Besoʻnaqay Gabo charos koʻzli nozikkina qizaloq Mechening qoʻlini jentelmenlarga xos oʻpdi. Oʻpdi-yu, bir qarashdayoq va bir umrga sevib qoldi. “Men hozirgina shuni tushundimki, shu paytgacha yozgan sheʼrlarimning barchasi sizga bagʻishlangan ekan, – dedi Gabo Mechening qoʻlini qoʻyib yubormasdan. – Menga turmushga chiqing!”.
Julyetta ham xuddi shu yoshda edi. Biroq XX asrda hatto, Kolumbiyada ham bu yosh sevgi va nikoh uchun taʼqiqlangandi. Keyinchalik uning romanlarida mana shu mavzu juda koʻp bora koʻtariladi. 1945 yilda Meche Barcha Gabo Markesning koʻzlariga boqib shunday dedi: “Men rozi. Faqat maktabni tamomlab olishimga ruxsat bering…”
Sevishganlar juda koʻp kutishdi. Yoʻq, Markesning “Oʻlat paytidagi sevgi” romanidagidek emas, albatta. Asardagi bosh qahramon Florentino Ariza sevgilisi Fermina Dazega abadiy sevgisini izhor qilgach, ellik uch yil, yetti oy va oʻn bir kundan keyin uylanadi…
Meche Gabosini oʻn uch yil kutdi. U sevgilisining dastlab yurisprudensiya, soʻngra jurnalistika sohasida muvaffaqiyatli karyera yasashini sabr ila kutdi. Necha yillar orziqib kutilgan kun yetib kelganida Gabriel 31, Mersedes esa 25 yoshda edi. Bu paytga kelib, Mersedesning orqasidan “qari qiz”, “Penelopa” deb ataydigan boʻlishdi. Chunki u ham oʻz “Odissey”ini sabr-toqat bilan kutgandi. Lekin ularning farqi shunda ediki, Penelopa Odisseyning qonuniy rafiqasi boʻlgan, Mersedes bilan Gabriel esa hatto, unashtirilmagan ham edilar.
“Biz shunchaki taqdirimizda borini sabr-toqat va qanoat bilan kutdik, – deya xotirlaydi keyinchalik Markes. – Turmushimiz davomida biz biror marta ham jiddiy gap talashmaganmiz. Ehtimol, bunga biz hamma narsaga nikohdan oldingi nigoh bilan qaraganimizdir. Oilaviy hayot – har kuni boshidan boshlanadigan juda mashaqqatli ish. Shu tariqa umr oʻtadi. Doimiy zoʻriqish ostida yashaymiz, baʼzida bundan charchab, zerikamiz… Shunday boʻlsa-da, hayot, yashash bunga arziydi!”
Mersedes ikkita farzandini dunyoga keltirib, ularni oʻrab turgan nochorlikni ham sabr-bardosh bilan yengardi. Aynan mana shu qaddi-qomati kelishgan, goʻzal tabassumli ayol tufayli Markes buyuk yozuvchi boʻldi.
80 peso evaziga adabiy inqilob
Gabriel Garsia Markesni butun dunyoga tanitgan “Yolgʻizlikning yuz yili” romanining paydo boʻlishida aynan Mersedesning xizmati yuksak boʻldi. Markes negadir, 40 yoshida buyuk asar yaratib, dunyoga tanilishiga ishonardi. U mashinasini sotib, oʻn sakkiz oyga ish kabinetiga qamalib oldi. U hatto, oilasi bilan ham muloqot qilmadi. U butkul Makondo mamlakatiga koʻchib oʻtgandi… Bu vaqt mobaynida Mersedes duch kelgan ishni bajarib, oila boquvchisiga aylandi.
Qoʻlyozmani Buenos-Ayresdagi nashriyotga yuborish vaqti kelganida, Mersedes qalin va ogʻir papkani koʻtarib, pochtaga oʻzi ravona boʻldi. Banderol 80 peso turardi. Ammo Mersedesda atigi 40 peso bor edi. U qoʻlyozmalarning yarmini yuborib, uyga qaytib keldi. Elektroisitgich, fen va mikserni garovga qoʻyib, qoʻlyozmalarning qolganini ham joʻnatib yubordi.
Mersedes Gabriel bilan nochorlikda ham, azob-uqubatda ham birga boʻldi. Genial asar muvaffaqiyatidan keyingi shon-shuhratni ham u bilan birga munosib qarshi oldi. 1967 yilda dunyo yuzini koʻrgan “Yolgʻizlikning yuz yili” romani adabiyotda “adabiy toʻntarish”ni yuzaga keltirdi va Gabriel Garsia Markesni tirik klassika afsonasiga aylantirdi. Asar millionlab nusxada chop etilar, dunyoning 35 tiliga tarjima qilingandi. 1970 yilda romanning rus tilidagi nashri chop etildi. Hozirda “Yolgʻizlikning yuz yili” jahon durdona asarlari yigirmataligiga kiritilgan.
Shundan keyin omad Markes bilan yonma-yon yurdi. Uning har bir romani, qissasi, hikoyasi va esselari muxlislar va tanqidchilar tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olinardi. Markes erishgan barcha yutuqlari rafiqasiga tegishli ekanligini tushunardi. “Oʻlat paytidagi sevgi” romanini u “Albatta, Mersedesga bagʻishlanadi. Bu joylar oʻzining tojdor qirolichasini topdi…” deguvchi soʻz boshi bilan boshlanadi. Bu joylar uning tasavvuri mahsulidir. Makondo dunyosi. Afsungarlik va realizm uygʻunlashgan mamlakat. Uning qahramonlari navnihol qizlarga oshiq boʻlishadi. Ular ham toʻy kunlarini oʻn yillab kutishadi. Markes ham goʻyoki aynan mana shu mamlakatdan hayotga kelib qolgandek edi. Mersedes ham doimo uning yonida. 1972 yilda Romulo Galyegos nomidagi xalqaro mukofotni qoʻlga kiritdi. Oʻn yildan soʻng yozuvchi Nobel mukofotiga sazovor boʻldi.
Koʻchirib olingan final
1999 yilda shifokorlar Markesga dahshatli tashxis qoʻyishdi: limfatik tizim saratoni. “Dunyoviy ishlari”ni tugatib olishi uchun unga bir necha oy, ehtimol, bir yil muhlat berishdi. Lekin Gabriel va Mersedes taslim boʻlishmadi. Yozuvchining omadi bor ekan. Yoshi katta odamlarda kasallik unchalik tez rivojlanmas ekan.
Markes umuman yozmaslikka soʻz bergandi. Biroq 2004 yilda “Men bilgan oyimchalarning xotiralari” (“Maʼyus xonimchalarning xotiralari”) romani chop etildi. Asar bosh qahramoni umrida biror marta ham sevmagan, faqatgina yengiltabiat ayollar “xizmati”dan foydalangan kishidir. Lekin u toʻqson yoshida 14 yashar qizaloqni sevib qoladi. Yana oʻsha sevgi qissasi… U soʻnggi deb oʻylagan kitob misralarida buyuk muhabbatini yana bir bor tilga oladi.
Roman chop etilishiga bir oy qolganida qoʻlyozmani nashriyotdan oʻgʻirlab ketishadi va asar aql bovar qilmaydigan nusxada chop etiladi. Markes hech kim kutmagan javob yurishini qildi. U romanning yakuniy qismini koʻchirib olib, kitob qilib chiqardi. Rasmiy sotuvga chiqqan roman butkul boshqacha yakunga ega edi. Bu asar ham tez fursatda millionlab nusxada chop etildi. “Xotiralar”dan soʻng Gabriel Markes boshqa yozmasligini taʼkidladi. Bu safar u soʻzida turdi. 2006 yilda bergan intervyusida u shunday degandi: “Oʻtgan yili umrimda birinchi marta bir misra ham yozmadim. Mendagi tajriba bilan yana bitta roman yozishning hech bir qiyin joyi yoʻq. Lekin muxlislarim unga yuragimni, qalbimni baxshida etmaganligimni darhol payqashardi…”.
Biroq Gabriel Markes muxlislari undan hamon ajoyib asarlar, hech boʻlmaganda oʻsha vaʼda qilingan memuarlarni kutib qolishadi. Shundan soʻng yozuvchi “Hayotni soʻylash uchun yashash” xotiralar kitobini yozib tugatdi.
Soʻnggi mistifikatsiya yoxud yozuvchining soʻnggi maktubi
2000 yilda, kasalligi avj olgan pallada Markes insoniyatga atab yozgan soʻnggi maktubini qogʻozga tushirdi. Maktub “Men ketayapman…” deb boshlanardi.
“Agarda Tangri menga yana ozroq umr berganida edi, men xayolimga kelgan har bir soʻzni aytmagan boʻlardim, ehtimol, men gapirishdan oldin koʻproq oʻylab koʻrardim.
Men har bir narsaga uning qiymatiga qarab emas, balki ahamiyatiga qarab baho bergan boʻlardim.
Kam uxlab, koʻproq orzu qilardim, yumuq koʻzlarning har bir daqiqasi oltmish soniyali yorugʻ dunyodan mahrum boʻlish demakdir.
Boshqalar tik turganda, men yurardim, boshqalar uxlaganda, men uygʻonardim, boshqalar gapirayotganda men tinglardim.
Shokoladli muzqaymoqdan toʻyib-toʻyib yegan boʻlardim.
Tangri menga yana ozgina umr berganida, men oddiygina kiyinardim, quyoshning ilk nuridan uygʻonardim, tanamni, qalbimni oftobga berardim.
Yo, Tangrim, qaniydi yana ozgina vaqtim boʻlganida edi, men nafratimni muzga aylantirib, quyosh chiqishini kutardim.
Men Van Gog kabi yulduzlar shuʼlasida surat chizardim, Benedetti sheʼrlarini oʻqib, orzu qilardim.
Men atirgul tikani ogʻrigʻidan gʻunchalarini koʻz yoshlarim bilan yuvardim, gul barglaridan boʻsa olardim.
Yo, Tangrim, mening umrimni ozgina uzaytirganingda, sevimli kishilarimga ularni yaxshi koʻrishimni aytish uchun biror kunni ham oʻtkazmagan boʻlardim. Men qariganda odamlar sevishdan toʻxtaydi, degan gaplarning yolgʻonligini isbotlab berardim. Aksincha, odamlar sevishdan toʻxtasa, qariy boshlaydi.
Bolaga qanot inʼom etgan boʻlardim, oʻzim unga parvoz qilishni oʻrgatardim.
Qariyalarga oʻlim qarilikdan emas, unutilib yuborilishdan kelishini tushuntirardim.
Axir, men ham koʻp narsani sizlardan oʻrgandim.
Har bir kishi togʻ choʻqqisida boʻlishini, lekin haqiqiy baxt uni qiyalikda kutib turishini tushundim.
Yangi tugʻilgan chaqaloq jajji qoʻlchalari bilan ota barmogʻini ushlaganida, uni bir umrga tutib qoladi.
Har bir kishi boshqaga, tepadan pastga tomon qarashga haqli, chunki oyoqqa turishida uning yordami tegishi mumkin.
Men sizlardan juda koʻp narsani oʻrgandim. Toʻgʻrisini aytsam, bundan ne naf, bilimlarim sandigʻini toʻldirib, oʻzim ketayapman…”
Lotin Amerikasi dahosining soʻnggi maktubi Kolumbiya, Argentina, Peru nashriyotlariga tarqatildi. Bir zumda butun dunyo tillariga tarjima qilindi. Uning ijodiga oshiq muxlislar koʻziga yosh qalqdi. U ketayapti, u biz bilan xayrlashayapti! Bu orada Markesning ahvoli yaxshilandi. Shunda oʻzining hassosligidan uyalib, bu soʻzlar muallifligidan bosh tortdi: “Men uyat va alamda qoldim. Chunki meni sidqidildan yaxshi koʻrib, eʼzozlovchi muxlislarim bunday “bemaza insho”ni mening asarim deb oʻylashsa-ya! Aynan mana shu bemaza insho depressiya va tushkunlik holatida boʻlgan kishilarni hayotga boshqacha nigoh bilan qarashga majbur etgan. Bunday xayrlashuv maktubini Gabriel Markes nomli dahodan boshqa hech kim yozolmas edi. Biroq adabiyot ahli oʻrtasida hanuz bahs, tortishuvlar boʻladi. Soʻnggi maktubning haqiqiy muallifi kim ekan aslida? Markes ijodi bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar, maktubni uning oʻzi yozgan, deyishadi. Faqat Markes buni tan olishni istamaydi. Chunki murojaat juda sodda, samimiy, muloyim tilda yozilgandi. Hozirda Gabriel Markes maktubni Argentinaning Perudagi elchisi yozgan deb taʼkidlamoqda. Elchi qoʻrquvdan titrab, u yozuvchi emasligini, bunday jumlalar tuzolmasligini qayta-qayta takrorlardi. Shusiz ham hammasi ayon edi. Bu dahoning soʻnggi afsonasi boʻlsa-chi? Ehtimol, soʻnggisi emasdir. Ha, u ketayapti. Lekin u hali tirik. Inson tirik ekan, u hali yaratishga qodir boʻladi. Holbuki, bu insonning nomi Gabriel Garsia Markes!
Dildora TURDIYEVA
“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/lotin-amerikasi-dahosi/