Ispan shoiri Garsia Lorka qadimiy andalus xalq qoʻshiqlari ohangida sheʼrlar yozib, jahonga mashhur boʻlgan va oʻz ijodida Sharqu Gʻarb adabiy anʼanalarini uygʻunlashtirgan ijodkordir. “Kante Xondo – Andalusiya qoʻshiqlari” maqolasida Lorka ushbu noyob sheʼriy ohanglar hind xalq ogʻzaki ijodiyotiga borib taqalishini eʼtirof etadi. Uning taʼkidlashicha, Kante Xondo qoʻshiqlari Ispaniyaga loʻlilar bilan birga kirib kelgan ekan.
“Musiqa madaniyati tarixini teran oʻrgangan tadqiqotchi va nozik savqi tabiiy egasi Manuel de Falyening izlanishlari loʻlilarning hindiy qavmlardan tarqaganini isbotlaydi, – deb yozadi Garsia Lorka. – Uning koʻzqarashlariga koʻra, bizning eramizning 1400 yilida loʻli qabilalari Hindiston tuprogʻidan butun dunyoga tarqab ketgan.
Yigirma yildan soʻng loʻli qavmlari Arabiston va Misr qirgʻoqlaridan suzib oʻtib Yevropaning turli mamlakatlarida paydo boʻlishgan va Ispaniyaga ham kirib kelishgan”.
Garsia Lorkaning “bobo”si Rui Gonsales de Klavixo esa 1403–1406 yillarda Ispaniyadan Samarqandga – Sohibqiron Amir Temurning buyuk saltanatiga elchi boʻlib keladi va “Samarqandga – Temur saroyiga sayohat kundaligi” asarini yaratadi.
“Ijod olami”, 2018/4
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/lorka-va-samarqand/