Bir paytlar tahririyatimizda Ergash aka degan keksa musahhihimiz boʻlardi. Rahmatlining bir gaplari hech yodimdan chiqmaydi: “Gazetada xato ketgan bitta nuqta boshingga tosh boʻlib yogʻiladi, bitta undov kaltak boʻlib tushadi…”
Afsus… Bugun koʻpchiligimiz imlo xatolarimizdan uyalmaydigan darajaga yetib qoldik. Tahririyatga sheʼr keltirgan “shoirai davron”ga “buncha xato yozgansiz?”, desangiz, aybni noshud kompyuterchiga agʻdaradi-qoʻyadi. Maʼruzasini maqola deb keltirgan olimga “Harfning “dum” bilan “shapka”si qani?”, desangiz, “Shuyam xatomi, oʻzingiz qoʻyib olavering”, deyishdan tortinmaydi. Unisini qoʻyaturing, agar bundayroq ona tili oʻqituvchisi qoʻlida qizil qalam bilan ijtimoiy tarmoqlarni oralasa bormi, hatto mashhur-mashhur “alloma”larimizning ham “post”lari “lolazor”ga aylanib ketishi turgan gap…
– Bugun ming-minglab saboqxonalarda yoshlarimiz tillarini burab, ming bir mashaqqat bilan ingliz, rus, nemis, koreys, xitoy, yapon… tillarini oʻrganib yotishibdi, – deydi oʻzbek tili va adabiyot oʻqituvchisi Pirim Nuraliyev. – Ularga havasim keladi. Ammo… Afsuski, ularning aksariyati oʻzbek tilini (toʻgʻrirogʻi, tilimizning oddiygina imlo qoidalarini) bilishmagani yomon. Yana ham yomoni, buning uchun aksariyat hollarda ularni hech kim aybsitmayapti.
Yaqinda internetda tarqalgan xabar meni oʻylantirib qoʻydi. Qayd etilishicha, Qozogʻistonda madaniyat va sport vazirligi tashabbusi bilan lotin yozuviga asoslangan qozoq tilida ilk umumrespublika diktanti oʻtkazilibdi. “Maʼnaviy modernizatsiya” degan mavzudagi diktant Qozogʻistonning barcha shaharlarida oʻtkazilgan va unda 1,5 million kishi ishtirok etgan.
Diktant bir vaqtda kutubxonalar va taʼlim muassasalarining maxsus ajratilgan auditoriyalarida oʻtkazilgan. Diktant matni 80 ta soʻzdan iborat boʻlgan, uning davomiyligi esa 30 daqiqani tashkil qilgan. Diktant matni radio orqali uzatib turilgan, shu sababli maxsus auditoriyalarga kela olmaganlar ham diktant yozish imkoniga ega boʻlganlar.
Shuningdek, diktantni Qozogʻistondagi taniqli yozuvchilar, sportchilar va arboblar bilan bir qatorda madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muxamadioʻgʻli ham yozgan. Uning aytishicha, vazirlik aholi yangi alifboga tezroq koʻnikishi uchun bunday tadbirlarni tashkil etishni davom ettiradi.
Bir tasavvur qiling-a. Bizda ham shunday tartibda umummamlakat diktanti tadbiri tashkil etilsa…
Qanchamiz “besh” olarkanmiz?
Avvalo klaviatura “shiqir-shiqir”iga oʻrgangan barmoqlarimiz qoʻlyozmaga qovusharmikan-a?!
Qanchamizda “husnixat” degan “osori atiqa” qolgan boʻlsa?!
Qanchamiz maktabdagi oʻgʻil-qizimiz (ukamiz yo singlimizdan) koʻchirar ekanmiz?!
Qanchamiz “telefonda yozib, SMS qilib tashlasak boʻlmaydimi?”, deb soʻrar ekanmiz?
Qanchamiz “kirill-lotin” degan “yangi”, “innovatsion” “alifbo”da yozar ekanmiz?
– Uyalib qolishimiz aniq, – deydi filologiya fanlari doktori Xoʻjamurod Jabborov. – Nafaqat yoshlar, hatto katta yoshdagi koʻplab davlat xizmatchilarining oʻzlari ham husnixatu imloviy savodxonlikdan yiroqlashib borayotgani juda tashvishlanarli hol. Koʻchalarimizdagi odam boʻyi harflarda yozilgan shiorlaru yaltiroq peshlavhalardan tortib, mobil telefonda yozayotgan SMSlarimizgacha – xatolardan istihola qilmay qoʻydik. Ustiga-ustak “ikki alifbochilik” ham bu qusurimiz tegirmoniga suv quyayapti…
Soʻngsoʻz oʻrnida bir taklif. Joriy yilda ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻtkazilgan “Maqom-chellenj” aksiyasining yetti yoshdan yetmish yoshgacha oʻziga tortganiga barchamiz guvohmiz. Balki xuddi shu tarzda “Diktant-chellenj” fleshmobi yoxud “#diktant yozamiz” xeshtegini ommalashtirish kerakdir?
Shunda imlomizdagi “lolazor”lar salgina kamayarmidi? Shunda “tosh va kaltak”, “dum” va “shapka” tashvishlaridan xalos boʻlarmidik?!
Qaniydi bu tashabbusni dastlab Yoshlar ittifoqidagilar boshlab berishsa…
Nuriddin EGAMOV
https://saviya.uz/hayot/nigoh/lolazor-yoxud-diktant-chellenj-otkazamizmi/