Loʻlitopmaslik chol

Oʻshanda nima boʻlgan, buni yolgʻiz Egam biladi, yana Qulmat chol bilan iti biladi. Boshqalar ham bilishga biladi-ya, ammo ularning na koʻzlari, na qulogʻi va na tili bor. Ha, aytgancha, ularning tuqqanidan tongan etagi yirtiq qizi, shalvarini koʻtarib chopib yurgan oʻgʻli yoʻq. Podaning ortidan tayogʻini sudrab bir chiqqanida oylab ketadigan qizgʻaldoqlik Qulmat podachi peshonasi tirishib, burishib, burni oqib moʻyloviga tushib, soqolini koʻz yoshlari yuvib, eshonlarning poyqadamiga shirboz-boʻrdoqi, olabosh-qorabosh qoʻylarni soʻyib, mullalarning etagini koʻziga surtib yurdi. Ayoli Zubayda folchi-yu qushnochlarga oq tovuq-qora tovuq, kulrang va chipor tovuq qilib, avliyo-yu shahidlarning mozorini bot-bot ziyorat etdi. Dugonalari aytgan “yor-yor”lar qulogʻiga elas-elas ham eshitilmay qolib, qirmizi olmayonoq yuzini soʻlgʻinlik mahv etganida taqimini oʻpgan sochiga oq oralab tirsagiga yetmay qoldi. Erining chayir qoʻllari boʻshashib, yoshi oltmishning ostonasiga yetganida, “shoʻr” deya atalmish manglaylariga bir tirnoq bitdi. Bitishga-ku bitdi-ya, lekin u tirnoq, ha-ha-a, olti oy ichida, norasidaligida qazo qildi.

Avvaliga sherday naʼra tortdi, keyin och boʻriday uvilladi, toʻporiligiga yarashadigan jizzakiligini yoʻqotib qoʻydi.

Kech kuzdan erta bahorgacha choldevordan nari-beri bir ayvonning ikki qanotidagi hujrasida u bilan boyoʻgʻlilar istiqomat qilayotgandan beriyam, oʻh-hoʻ, qancha mezon shamollari esib, anorlarning bagʻrini tildi. U indamas, odamovi va xayolparast boʻlib qolgan boʻlsa-da, Qulmat ismiga qapishib, shu bilan birga, tirik ekanidan nishona berib kelayotgan podachiligini qoʻymadi. Elining podasini ayoli va oʻsha tirnoqni koʻrgan it bilan boqib, dardlashib, oshalolini terib yurdi.

Koʻklamda qora quyunday bulut bostirib kelib, momoqaldiroq gumburlaganidan soʻnggi yomgʻiriga erkalik qilib borliqqa boʻy koʻrsatgan maysalar boʻyi yetmay podaning madoriga aylanadi. Quyosh yerga bosh urgan pallada mollar jodrab[1], qora yerni yutadiganday qirlarga oʻrlab ketadi.

Qulmat podaning boshida, iti ortida, qoʻshni otarga qarab qirdan ena boshladi. Nonxaltasining tagi teshilganidanmi yo boyoʻgʻlixona boʻlib qolgan choldevorga oshiqqanidanmi, kechadan beri qishloqqa koʻzi uchadi. Tinchi yoʻqolgan. Halovatdan mosuvo, garangsib yurib, oʻzidan ancha olislab ketgan choʻponning yaqiniga borib toʻxtadi. It podani aylanib chopa boshlaganida yulduzlar koʻllarga, daryolar va ariqlarga, irmoqlarga hatto buloqning koʻziga toʻkilib qolgan, oy boʻlsa Qulmat podachi, podasi, iti va unga qavmdosh boʻlmishlarga etagidan joy bergan togʻning boshida sochini tarardi.

– Uv-v, Qulmatboy podachi, kelsinlar, kelsinlar! Biz tomonga qaysi shamol uchirdi? Yoʻqlardingiz-da, qishloqqa tushgandami, qishdami, a? – deya undan ikki-uch koʻylakni yirtishda ortda qolgan, kelbatiga qarabmi, odamlar ismiga “tuya” soʻzini qoʻshib ataydigan jinjaklilik choʻpon qarshi oldi.

– Hech odam boʻlmadingiz-da.

– Sen odamman deb yurib tur qani. Bizam odam boʻlib qolarmiz, Qulmatboy!

– Sizdanam tuzuk gap chiqadimi oʻzi?

– Chiqadi-chiqadi. Egalik qilolmasang, men nima qilay?! Hi-hi-hi… Senga hayronman, podangni boqib yuravermaysanmi, tuppa-tuzuk podachisan. Akamning yoqasini ushlashni kim qoʻyuvdi. Rahmatli armonda oʻlib ketdi. Manovining koʻzi boʻlsa kecha koʻrardim, tiling tanglayingga yopishgur bid-bidlab tinmaydi. Yana bir marta aytsa, oʻlib qoladimi yo osmon uzilib yerga tushadimi, a? Uni sen ham eshitsang, ah, bir boragina eshitsang, – deb oʻz maylida kuyib kuylayotgan, almisoqdan qolgan pachoq radiosini Tashman tuya tayogʻi bilan turtdi.

– Nimani aytsin?

– Gʻarmistonda katta kurash boʻlibdi. Ana shuni aytsin! Ha-a, ana shuni aytsin! Shunda-a-a rahmatlini sirqindisi Shamsiddin polvon boʻlibdi. Ana muni aytsin! Shamsiddin bizga tortgan. Togʻalariga tortganida bormi, uyam it tirsak, satang akasiga oʻxshab goʻram boʻlmasdi. Uning yelkalariyam menikiday-da. U xuddi oʻzim! Quyib qoʻyganday oʻzim. Ha, oʻzim u. Oʻzim.

– Roʻzimurod rahmatlini ulini aytayapsizmi?

– Boʻlmasa kimni aytayapman?

Qulmat podachining dami ichiga tushib nimaningdir hisobini oldi va tilga kirdi:

– Roʻzimurodni uli, Roʻzimurodni uli… Polvon boʻldimi? Unday boʻlsa haloli boʻlsin. Sizning bu marsinishingizda[2] tongam otadi. Men qishloqqa tushib kelay degandim. Shu desangiz, sizdan…

– Dardi boʻlmasa Qulmat podachi kelmaydi degandim oʻzimam, manovi ishtoni hoʻl bolaga, – boʻyi boʻyidan baland yigitga ishora qilgan Tashman tuya kulib va yana oʻz soʻzida davom etdi: – Oldin bir piyola choy ich, qishloqqa tushish qochmaydi. Podangga boʻlsa oʻzim koʻz-quloq…

Oy Qulmat podachining yoʻlini sochlari bilan supurmay qoʻyganida yulduzlar yerdan yiroqlab ketdi. U eshakning biqiniga niqtab, “Boʻribosar” deya itini yoʻqlab-yoʻqlab Qizgʻaldoqqa enib kelganida mayin shabada qishloqni allalardi. Qishlogʻi Zubaydaning xamiriga oʻxshab koʻpchib ketganiga Qulmat podachi shu tong eʼtibor qildi. Uning koʻziga uzoqdan choldevori koʻrinmas, guvala-yu paxsadan qad rostlayotgan imoratlar orasidan oldin ham oʻtib borganini esladi. Ammo shu koʻklamda podani qayerga toʻplaganini eslolmadi. Ilgari uning kulbasi oldiga qishloqdoshlarining mol-holi toʻplanar, u kuzatar, qaysi biri podaga ergasholmasa qoʻshmas edi. Bu odatlarini qachon unutganini qizgʻaldoqliklar tugul endi Qulmatning oʻzi ham bilmaydi. U zavjasi va peshonasiga sigʻmagan zurriyoti qaytish qilganidan beri koʻpchib borayotgan qishloq odamlarining xizmatini qilish uchun kun koʻrayotgan va ulardan umidvorligini birovga, hatto oʻziga ham aytolmagan boʻlsa-da, koʻnglining tub-tubida qip-qizil qizgʻaldoqday ochilgan dardini tunlari boshqalarga bildirmaydi, oʻzicha tentiraydi va bir mahalga borib behol yiqiladi. Shu yiqilishda oy nurlarini Zubaydaning sochiday urib, ol omonatingni, deya zorlanadi. Koʻzini yumgancha yulduz sanaydi. Yaktagidan qoʻllarini chiqarib, belbogʻi bilan, tishi ogʻrigan bemorday jagʻini bogʻlab, yana bir belbogʻ bilan yuzini yopadi. Oyogʻining bosh barmoqlarini bir-birga tekkizib shardozlab, tayoqday yotadi. U shunga odatlanib qoldi.

Egri-bugri chatishib, chigali yozilmagan ilonizi, yolgʻizoyoq yoʻllar katta yoʻllarga tutashib podachini ahli qishloq tomonidan “Qulmatning boyoʻgʻlixonasi”, deya atalmish kulbasiga olib keldi.

Qiyiq koʻziga choldevor emas, kampirday bukchaygan hujrasining tambalab qoʻyilgan eshigi ochiq koʻrindi. Ochiq eshik podachining xayollarini ayoli tomon yetakladi. Uning yoʻliga qachonlardir kanda qilmay peshvoz chiqqan Zubayda hozir yana bir bor Qulmatga, ha, oʻsha ogʻiroyoq kunlaridagi tabassumidan hadya etadigandek va uning kelishini kutgan, kutganda ham uzo-o-o-q kutgan tuyuldi. Qulmat esa ayolining chiqishini ich-ichidan istab juda sekin, ohista odimlay-odimlay koʻzini yumgancha yelkasidan sirgʻalib tushib ketgan xurjuni ustiga oʻtirib qoldi. U koʻzini ochishni, ochganda ham boshpanasiga qarashni xohlamasdi: dimogʻiga koʻklam nafasi, olcha guli ifori urildi, yuziga olcha gullari birin-ketin toʻkila boshlaganida… Ogʻirlashib qolgan qulogʻiga bir laychaning akillashi-yu, Boʻribosarning magʻrur irillashiga qorishgan va shu damgacha Qulmat eshitmagan nolishli uvillagan ovoz eshitilib, xayoli jamlandi. Oʻzining gʻarib dunyosida koʻz ochdi. Osmon gardsiz, togʻdan esayotgan shabada qishloqdoshlarini uygʻotishni istardi. Podachi itiga koʻz qirini tashlab katta-katta ochilgan nursiz koʻzi baqrayib turdi va koʻzini uqalab qaradi, soqolini siypab, yaktagini koʻtardi va koʻksiga “tup-tup”ladi. Yana itiga tikildi va padaringga laʼnat, deya urugʻ-aymogʻini agʻdar-toʻntar qilib, ogʻzi koʻpirib, tupugini sachrata boshladi.

It tishlagan etni Qizgʻaldoqning issigʻida idrab ketgan va terdan sargʻayib hidlangan yaktagiga oʻrab-chirmab olishga oldi-yu, endi nima qilishni bilmay mustar qotdi. El oqsoqoli Tirkashov muallimga xabar bersinmi? Yoʻq-yoʻq, uning oʻgʻli Gʻarmistonday katta shaharda egarga oʻtirgandan beri Tirkashov muallim quturgan. Qulmatdan boshqalarni ham qopyapti. Uni ham quruq qoʻymay bir-ikki davrada izza qilgani bor gap. Eshonnikiga borishga bordi-ya, lekin eshoni tushmagur oʻtgan kuzda barzangi, qorindor va kalbosh raisga Qulmat nazir qilgan uloqni soʻyib, anavi zormandadan quyib, “Biz eshon bobongiz boʻlamiz, siz muridimsiz. Rahmatli otangiz xoʻb yaxshi odam edi. Sizning kamolingizni koʻrmay oʻtdi-da, essiz, odam degani shunday oʻtib ketarkan. Bilmay qolarkansiz. U kishi bizni tez-tez yoʻqlab kelib, oʻgʻlimning martabasi ulugʻ boʻlsin, deb duo olgich edi”, deya sovxoz choʻchqasiga egalik qilishi Qulmatga qattiq botgan. U bunday paytda gina-kuduratlarni unutish kerakligi uchun unutmadi, balki ayni damda dovdirab qolgandi. Shu boismi, oqsoqolu eshonning izmiga koʻpam kirmaydigan va ular yurgan yoʻllarda oqsab qolmaydigan Mulla maxsumni barchadan maʼqul bildimi, unikiga qarab boʻri yoʻrtish qilib borgunicha harsillab qoldi.

Maxsumning eshigiga borganida tong otgan edi. Mulla maxsum ayolining sochlari toʻzgʻib, boshidan sirgʻalgan roʻmolini nozik qoʻliga olib, “Huv, hozir-hozir! Hu-v, kim? Kim edi?” deb ovoz berib podachiga peshvoz chiqdi.

– Kecha Turdixol momoning tili tortib ketib, bolalari “chabhachab” boʻlib qoldi. Shunqor Mirzomning otasi ham oʻsha yerda edi. Kelganiga birpas boʻldi. Ozgina dam olay degandi. Nima? Ishingiz bormidi? Yo oshalolni biznikidan boshladingizmi, podachi buvasi?

Koʻzini yirtib ochgan xotinning tovuqday pat-patlashini Qulmat boʻldi:

– Mullaga ayting, bizning boʻsagʻaga bir tirnoqni tashlab ketibdi. Uni it oʻynabdi.

– Ah? Nima!

– Biznikiga borsin!

Mulla maxsumning xotini soniga shapatilab, dodlab uyiga chopdi: “Hu, otasi, koʻrgilik! Bu bir koʻrgilik! Sizga aytgandim tunavgida. Yuzi qurgʻur yangi oy yonboshla-a-gan chalqancha, deb. Oʻziga tinch, elga notinch chiqdi. Anavi shoʻrnikiga, Qulmat shoʻrnikiga boring! Turing, tursangiz-chi, turing… Otasi… Bu yotishingizda ertaga Qizgʻoldoqni yer yutadi yo suv oladi. Shundayga ham Qulmat shoʻrni uyi kuyibdi. Kuyiblar ketibdi!”.

Buvatinning[3] dodini eshitgan borki, avval Maxsumnikiga, keyin podachinikiga chopdi. Ketmon yelkalab dalaga ketayotganlar toʻxtadi. Jomadon koʻtarib shaharga otlangan oyoq ildi. Papka qoʻltiqlab maktabga borayotgan muallim kirdi. Qulmat podachining tomorqasi odamga toʻldi. Qari-qurri, yuziga ajin, sochiga oq oralagan, bir-ikki yosh-yalanglar ham qoʻshilib, binoyiday davra boʻldi-qoldi. Bolani mulla bilan podachi koʻzdan kechirgan, el uning onasini, soʻng otasini bilmoqchi. Qulmatga qolsa, uni indamay koʻpga qoʻshib kelmoqchi. Mulla maxsum ham shu gapni maʼqullab turibdi. Tirkashov muallim bilan Eshon buva mullaning, qolaversa, Qulmat podachining gapiga kiradigan ahmoq emas. Ular oʻsha ishtoni yirtiq padarlaʼnatini topish va Qizgʻaldoq qishlogʻidan benomuslarni quvib solmasa, oʻzini bu yerlik hisoblamaydi. Buni elning oldida aytib qoʻygan.

Qulmat davraga umri bino boʻlib bir marotaba – moʻyi sabza urib qoraya boshlagan, ovozi doʻrillab qolgan pallada chiqqan. Oʻshanda tiramoning tuni edi. Jinjaklida bir kurash boʻldi, bir kurash boʻldi! Roʻzimurod polvon qizgʻaldoqlikning koʻkrak kerib yuradiganidan tortib, polvonman deganigacha barini yerdan osmonga olib, osmondan yerga urdi. Qizgʻaldoqlik erman degani borki, yer bilan bir boʻldi. Ana shunda adashibmi-netibmi Qulmat irgʻib maydonga chiqqandi. Davra “gurra” kuldi. Qizgʻaldoqlik polvonlarning izi shu sagʻirga qolibdi-da, deganlar ham boʻldi. U qanotini qizdirayotganida Tirkashov muallim, ey, (kechirasiz), Tirkashov student: “Qulmat bu ishingni yigʻishtir”, desa-da. Bakovulning oʻngida, Roʻzimurod polvon soʻlida, Qulmat davra aylandi. Zotiga bir momo tugun[4], ikki kigiz, bir uloq aytildi.

Bakovulning ovozi davradagi kulgini, shovqin-suronni kesdi. “Xudoyim polvonlarning beliga kuch-quvvat, topganiga fayzu barakot bersin. Ey, bizdan nima ketdi. Ketsa ham shu polvonlarga ketdi. Suyganlari mayiz ham bersin”, deb yana kulgiga burib qoʻydi. Tomoshatalablar kulib, birdan jimib maydonga tikildi. Roʻzimurod polvon ortidan Qulmat davrani kezib kurash tusha boshladi. Roʻzimurod oʻynadi. Qulmat qunishdi. Polvon Qulmatga bepisand boʻlib ikki qafas yiqitmay ezgʻilab qoʻyib yubordi-yu, uchinchi qafasda ang qoldi. Qulmat uni na yelkadan, na qoʻshshadan, na buramadan oldi. Oʻngiga siltab tortib, soʻldan qoqma berib, yer iskamagan kuraklarini namchil somonga bosdi-qoʻydi. Jinchakliliklar: “Boshqatdan! Bu gʻirrom, gʻirrom!”, deb tinmasa-da, Roʻzimurod polvon maydonni tark etdi. Bakovulning: “Polvon, ismingiz kimidi? Nima deysiz? A? Qulmat. Qulmuhammad deng, polvon! Qulmuhammad deng!”, deya “Bugungi kurashda qizgʻaldoqlik Qulmuhammad katta polvon boʻldi”, deb elni duoga qoʻl ochtirib kurashga yakun yasadi.

Bu olishuv qizgʻaldoqlik tugul, jinjaklilikning, ha, aytgancha, Tashman tuyaga oʻxshagan bir-ikki Roʻzimurod polvonning jigarlarini demasa, boshqalarning xotirasidan oʻchib ketgan. Qulmat Roʻzimurod polvondan boshqaning yoqasidan tutmadi. Qaytib maydonga dorimadiyam. Shunday boʻlsa-da, uning polvonligi qorongʻi tunlarda, yorugʻ kunlarda ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, shohuloq pishgan, qoʻnoq tushgan davrani kezib, “Qulmat oʻshanda shalvarini hoʻllab qoʻygan, davraga chiqish oldidan zarang tayogʻini siqqan joyi qizning sochiday taram-taram boʻlib qolgan”ligi haqidagi mish-mish va emishlar orasida Zubayda bilan bir muchal yashaguncha ismiga polvon soʻzi ergashgani rost.

Falakning gardishini qarang-a, hozir u sharmandalik, sharmisorlik davrasiga chiqib turibdi. Ota-onasi notayin bir parcha etga katta aza, katta mojaro. Qulmat podachi oʻz eliga yuzlanib, zor qaqshab, yalinib Mulla maxsumdan nelarnidir umid qilib, Tirkashov muallim va Eshon buva boshchi el bilan kurashdi. “Koʻpga qoʻshmoqdan boshqa daʼvo yoʻq”, deb muddaosini aytsa-da, Tirkashov muallim: “Koʻpga qoʻshish qochmaydi. Sen oldin uni qanday topganingni ayt, el bilsin”, deb qistovga oldi. Qulmat podachi gunohkor. Qulmat podachi aybdor. Aytar soʻzini topolmay, axiyri, it oʻynab yurganini, bolaning er ekani va nihoyat, uning sunnat qilar joyini it yeb qoʻyganini aytishga majbur boʻldi. Olomon baribir uni va oʻsha joyini koʻrmoqchi, Tirkashov muallim va Eshon buva bilan koʻrsa, ota-onasi topiladigandek, oʻsha joyi bitadigandek, Qulmat podachi Qulmat yolgʻonchiga, Qulmat qasamxoʻrga aylanib qoladigandek boʻldi.

Ular koʻrishdi. Undan oʻzini olib qochgan koʻpaydi. Eshon buva Boʻribosarga hukm aytdi. Olomon uning ijrosini talab qildi. It osildi. Ammo u osonlikcha jon bermagach, Tirkashov muallimning turtkisi bilan bir boʻzbola itning boʻgʻziga dami oʻtkir pichoq tortdi. Boʻzbolaning betiga qon sachradi. Qulmat podachining yuzini koʻz yoshlari yuvdi.

Olomon goʻyo shu tomoshaga yigʻilgan va muddaosiga yetgandek tarqab ketdi. Ular orasida Eshon buvayam gʻoyib boʻldi. Tirkashovni oqsoqollik yuki ushlab qoldimi, uni Mulla maxsum ham, Qulmat podachi ham bilmaydi. Yana bir-ikki kishi bilan quyosh qiblaga oqqanida bolamozordan bir oʻra kavlab, podachining boyoʻgʻlixonasidan chiqarishdi.

Mullaning yurish-turishi otameros. Saharda azada, ertasiga fotihada, soʻngiga xudoyida qiroat bilan tilovot qiladi. Azadorlarning yelkasiga bosh qoʻyib, “Koʻp kuyunmang! U berganini oldi-da”, deydi-qoʻyadi. Achinish, kuyunish unga begona. Negadir bugun uning rangi qorayib labi yorilibdi. Qulmatni-ku oʻz dardi, qizgʻaldoqning issigʻi yeb qoʻygan. Tirkashov muallim asosiga suyangan. Ikki-uch kishiga “uy” kavlaganlar ham qoʻshilib, saf kengayib mozordan jim qaytishyapti. Podachi chuqur “uh” tortdi. Muallim jimlikni: “Qulmat, ichikma. El oldida aytganmiz, qachon boʻlsayam Eshon buva bilan u benomuslarni topamiz. Qizgʻaldoqda qoʻymaymiz”, deb buzdi. Qulmatning kirtaygan koʻzlari goʻristonga qadaldi. Qip-qizil qizgʻaldoqlar ochilib yotgan qabrlar orasidan mitti mozorni topdi. “Eh, seni shu koʻyga solganning nasli kuysin!” deganini bilmay qoldi. Bu negadir Tirkashov oqsoqolning qitigʻiga tegib ketdi.

– Qulmat, elga bunday deyishga haqqing yoʻq!

– Elni demadim.

– Hozir u kimdan, bilmaymiz-ku?

– Bilmasak, indamang.

– Elga sening boyoʻgʻlixonang yetmaydimi-a?

Kesakdan olov chiqqaniday moʻndi choʻqqa aylandi. Tishsiz ogʻzidagi tupukni Tirkashovga tortiq qildi. Izidan yorilib yotgan barmoqlari yetmay boʻyniga aso tegib toʻntarildi. Yuz-koʻzi demay boshiga, koʻkragiga tepkilayotgan Tirkashovni Mulla maxsum tortdi. “Ey, Buxor aldarkoʻsani bolasi, sen shu tirimurdaga ega chiqib qoldingmi hali! Buning-ku oʻlib qutulmasa qutulmaydi. Sen bilanam koʻraman. Saharga qoʻymay bu yaloqxoʻrni boyoʻgʻlixonasiga qoʻshib oʻt qoʻyaman. Sening boshinga itning kunini solaman. Oʻzi, kuni bilan koʻzingni ola qilganing ortiqcha…”, deya tinmadi.

Tirkashov muallimdan oʻtolmay mozorga borib kelayotganlar: “Domla, odam tengi bilan janjal qiladi-da endi. Siz u yaloqxoʻrni soʻkkaningiz hayf. Aldarkoʻsani bolasiyam bir goʻr. Qulsan, qobilsan, asli naslingga tortasan, degan-ku. Shu aldarkoʻsaga tortibdi-da endi. Qoʻying,… vich eshitsa xafa boʻladi-ya”, deb ovutgan boʻldi. U boʻlsa to uygacha mulla bilan podachining taʼrifini keltirib bordi.

Podachining ogʻzi-burnidan oqqan och qizgʻish qon Mullaning yaktaginiyam boʻyadi. Qulmatni qoʻltiqlab “boyoʻgʻlixona”ga olib borib bir kaft suv topmay ariqqa yuvintirdi va Shunqor Mirzodan osh-ovqat berib yuborishini aytib, Mulla maxsum joʻnab ketdi.

Tuni bilan Qulmat podachining uyqusi qochib uzoq xayollarga choʻmib, shiftga tikilgancha yotdi. Sas-sado yoʻq. Hatto boyoʻgʻliyam jim. Yota-yota kulbasini sagʻanaga oʻxshatdi. Oʻzini unda yotgan hisobladi. “Nahot men oʻlgan, sagʻanada yotgan boʻlsam-a? Oʻligimga kim egalik qiladi-a?!” Oʻlimdan ilk bora qoʻrqqanidan otilib tashqariga chiqdi-yu qoʻliga kesak olib kulbasiga doʻq qildi, otolmadi. Ich-ichidan kelgan alam qaytadan tislantirdi. Ostonada otasini koʻrib boladay chopdi. Otasi bagʻriga oʻzini otdi. Quchdi. Sarob ekan. Peshonasini ostonaga urib oʻkirib yubordi. “Ey xudo! Menga nega rizq beruvding!? Sarson qilaman devmiding!? Ahmoq qilaman devmiding!? Yo, Tangri, ayt, mendan nima oʻtgan, ayt!? Sagʻir qilding, koʻndim! Kuttirding, chidadim! Otam sigʻmagan dunyoga, onam sigʻmagan dunyoga, bolam sigʻsa boʻlmasmidi, aytsang-chi, ayt!? Seningam tiling bor, ayt!? Birovning molini oldimmi yo jonini oldimmi, uyini buzdimmi, ayt qani, ayt!? Yo berganingni men notavon bilmadimmi, ayt!? Berganing sagʻirlikmidi yo bir gulni qoʻlimda soʻldirganingmidi!? Oʻzi sen toʻgʻri bilan egrini farqlay olasanmi, ayt!? Haromni urchitsang, halolni toʻssang, sening adolating shumi!? Menga yana nimani atab turibsan, ayt, aytsang-chi!? Esimni tanibmanki ezasan, ezgʻilaysan, toʻymaysan, ayt, oʻzi qachon qoʻyasan!?” Qulmat taʼna qilib, zorlanib toldi, hoviridan tushdi. Endi u horgʻin ovozda gʻudranardi: “Ey, Tangrim mendan oʻtgandir. Mendan boʻlmasa ajdodimdan oʻtgandir. Mayli, nima bergan boʻlsang bariga, qaygʻungayam, quvonchingayam shukur! Ammo men sening luqmasi harom, hirsiga qul bandalaringdan nafratlanaman. Nafratlansam nima qilay, oʻzing ayt!?” Qulmat yana tomogʻiga zoʻr berib baqira ketdi: “Nafratlanaman, nafratlanaman! Nafratlanaman!…”. Oʻz yoqasidan olib, yer mushtlab yotganini, yaktagini yirtib tashlaganini anglab, indamay osmonga tikilib qoldi.

Yulduzlar oʻsha-oʻsha. Somon yoʻli burungidek. Eshak hangrashiyu xoʻrozning qichqirishida ham hech bir nuqson yoʻq. U tong otarni kutmay yelkasiga toʻnini tashlab Qizgʻaldoqni tark etdi. Qishloqdan chiqayotganida uzun vagonlarini sudragan, beliga Kimkoʻrgan – Gʻarmiston yozuvli poyezd shitob bilan kelib “taqa-taq” qilib Qizgʻaldoqqa bir toʻxtab oʻtib ketdi. Uning xayolida yigitlik davri, xuddi shunday bir tun jonlandi. Oʻshanda xuddi shu poyezddan bir bolani ergashtirgan koʻkkoʻz xotin tushib qolgan va Tirkashovning uyini soʻragandi. Ha, u bola hozir Gʻarmistonday katta shahardagi kimsan… vich, ahli Qizgʻaldoq u bilan faxrlanadi. Birovi toʻgʻri yoʻldan ozsa, uni yoʻqlab boradi. Birovi maqsadga yetaman, deb egri yoʻl izlab boradi. U shunday katta odam boʻlgan. Qizgʻaldoqqa yurib kelib Qizgʻaldoqdan chiqqan va qizgʻaldoqlikman deganiga soya berayotgan… vich!

Qulmat koʻp yoʻl yurmay podachiligi esiga tushib tayogʻini izladi. Tashman tuyaning oldiga boraman deb, bir qadam olsa ikkinchisini Tirkashov muallimdan qochib qoʻyadi, uchinchisini oʻz oʻtmishidan qutulaman deya tashlaydi. U shu ketgancha Jinjakliga, undan Chaman guzarga, undan Nayzabuloqqa va Nayzabuloqning suvi toʻkilib turgan daryoni yoqalab yana koʻp yurib Polvonariqning boshiga kelib qolgan.

Polvonariq boʻlsa, huv, anavi qishloqqa saharda bir toʻyga yetkazgan. U oʻsha tongdan beri toʻy-maʼrakalarda samovar yoqib choy qaynatadi. Toʻydan qaytishida bolalar “samovarchi chol”, deb ortidan ergashib chopadi. Biri tosh otadi. Boshqasi tosh otganga doʻq qiladi. Yana biri qoʻshiq aytishini soʻraydi. Uning bisotida bor-yoʻgʻi takror-takror aytadigan bitta qoʻshigʻi bolalarni angraytirib qoʻyadi.

 

Echkim tugʻdi, suti yoʻq.

Qumarasini[5] quti yoʻq.

 

Ovozi eshitilmay, oʻziyam kichrayib-kichrayib, bora-bora bir nuqtaga aylanib, yolgʻiz oyoq yoʻlga singib ketadi.

Qayerda yotadi, kim bilan istiqomat qiladi, bunisi qorongʻu. Qayerliksiz, deb soʻraganlarga chol shunday degan: “Yer kurrasining qoq kindigidan kun chiqarga ters tarapdagi Loʻlitoppasdan”. Toʻydan olgan qoʻnigʻini qoʻltigʻiga qisib, goh toshlar orasida qolib, goh qoʻshiq aytib yana-yana oʻz yoʻliga singaveradi. Kechalari uzoq-uzoqlardan bir sibizgʻaning tovushi kelsa hamma “bu oʻsha – samovarchi chol”, deyishadi. Uning har zamonda sakrab, qoʻlini baland-baland choʻzib raqsga tushish odati borliginiyam, qishloq etagidagi koʻl balchigʻiga agʻanab, shalvarini bayroq qilib chopib yurishiniyam koʻrganlar bor. Uni birov Qulmat desa, boshqa birov Qulmuhammad deydi. U haqidagi gap-soʻzlar juda urchiganidan qay biri rost, qaysi yolgʻonligini ham bilmaysiz.

 

Nurilla ChORI

 

[1] Jodrab – yayrab.

[2] Marsinish – maqtanish.

[3] Buvatin – Mullaning xotiniga shunday nisbat beriladi.

[4] Momo tugun – Yoshi ulugʻ momolar toʻylarda kurash yoki koʻpkariga sovrin uchun maxsus tugun tayyorlaydi. Uning ichiga joynamoz, belbogʻ, mahsi yoki shirinlik solib yaxshi niyat bilan tugib qoʻyiladi.

[5] Qumarasi – bolasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/lolitopmaslik-chol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x