Bugungi adabiy jarayonda, xususan, sheʼriyatda kechayotgan janr va shakliy izlanishlar shunchaki ijodiy tajriba – poetik eksperiment namunalari boʻlib qolayotgani yoʻq. Muttasil kechayotgan janr va shakliy izlanishlar shoirlarning yurak amriga, maʼnaviy-intellektual ehtiyojiga aylangani boisidan ham qutlugʻ samaralar bermoqda. Voqelikni tushunish, inson va jamiyat psixologiyasini tushuntirishda hayotiy mazmun bilan toʻliqib bormoqda. Istiqlol davri sheʼriyatimiz gʻoyaviy-estetik mundarijasini belgilamoqda. Real hayotiy mazmun, zamonga hamnafaslik, qaynoq davr ruhi istiqlol sheʼriyatining yetakchi xususiyatlaridan biriga aylandi.
Poetik janr va shakllardagi izlanishlar qanchalik koʻp boʻlsa, badiiy-estetik maʼnoni ifodalash usullari, yoʻllari shunchalik kengligini koʻrsatadi. Shoirlarimiz salohiyatining daraja-miqyoslarini tasdiqlaydi. Zero, janr va shakliy izlanishlar badiiy-falsafiy, ijtimoiy-axloqiy mazmunni berish barobarida, salohiyatining imkoniyatlarini ham koʻrsatadi. Bizda, odatda badiiy asarni oʻqish, oʻzlashtirish va baholashda ikki xil nuqtai nazar yetakchilik qiladi.
Birinchi, ratsional qarash boʻlib, u yoritilgan mavzuning nechogʻliq dolzarbligini, davr-zamonga hamnafas, hozirjavobligini kitobxonlarning hayotiy tajribasi va qiziqishlariga, jamiyat manfaatlariga koʻra baholaydi. Bu – badiiy mazmunni ratsional idrok etish mahsuloti, albatta. Ikkinchisi, hissiy-emotsional yondashuv boʻlib, u kitobxonning hayotdagi va sanʼatdagi goʻzallik tuygʻulari talqinidan, idrokidan kelib chiqadi. Bunda mavzuning muhimligi emas, aksincha, asarning estetik taʼsir quvvati, badiiyati-qadri yetakchi oʻringa qoʻyiladi.
Insonning tabiat, jamiyat bilan bogʻliq ruhoniy hayotini yangicha badiiy tadqiq etishda realizmning ijodiy imkoniyatlari tobora takomillashib, kengayib bormoqda. Xususan, borliq va yoʻqliq mehvarida turgan inson fenomeni-psixologiyasini favqulodda hodisa sifatida tadqiq etish mazkur yoʻnalishning ustuvor xususiyatidir. Psixologik realizm deb aytish mumkin boʻlgan ushbu badiiy yoʻnalish shaxsning moddiy va maʼnaviy qadriyatlar bilan (din, madaniyat, tarix, tabiat, jamiyat) bogʻliq robitalarini tahlil etmoqda.
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Olgan nafasing yangidir beshak” turkumida inson fenomeniga yangicha yondashuv eʼtiborni tortadi. Inson onadan yolgʻiz oʻzi tugʻilsa-da, yolgʻizlikning erka bandasi emas. U odamlar bilan birlikda, hamnafaslikda kechguvchi tirikligi bilan yorugʻlikka mansub, degan gʻoya yetakchilik qiladi. U oʻz zimmasiga yuklatilgan, chekiga tushgan tiriklik masʼuliyatini nechogʻliq maʼnoli ado etishi ongi-eʼtiqodini sharaflarga noil etadi, degan mazmun balqib turadi.
Rayhonlarga chulgʻanib ketgan
Onam hidi keladi sendan.
Bilamanki, xokisorginam,
Sen hech narsa kutmaysan mendan.
Ushbu satrlar istiqlol davri sheʼriyatida goʻzal, benazir va betakror badiiyat namunalarini yaratayotgan hassos shoira Halima Ahmedovaning “Vatan” sheʼridan. Rayhon, tuproq obrazlariga yuklatilgan badiiy fikr Vatan tushunchasini butkul yangicha talqin etishga olib kelgan. Sheʼrning nechogʻliq asl sheʼrligini, badiiy-estetik salohiyatini poetik obrazlar zimmasidagi ohorli mazmun belgilashga yana bir karra ishonch hosil qilasiz.
Men tugʻilgan kunimdan boshlab,
Talpinganim sen boʻlding, ishon.
Sening zarra-zarralaringda
Haq jamoli boʻldi namoyon.
Tuproq – ona timsolida gavdalanadi. Barq urgan rayhonlardan onasining hidi keladi. Tabiatga jon bagʻishlagan, atrof-tevaragida barq urgan, tuproqqa koʻrk-malohat, husn-joziba baxsh etgan jamiki goʻzallik haqning tajallisi.
Insoniyat tarixida ishq-muhabbat vasfiga, sadoqat va xiyonat, koʻngil erki va makr-riyo talqinlariga shunchalar koʻp sheʼr atalganki, goʻyo hamma gap aytib boʻlingandek, sevgi lirikasining sahifalaridan joy qolmagandek tuyuladi. Xayolimizda tugʻilgan bu xil taassurot aldamchi. Aslida, bugungi oʻzbek lirikasining nurposh qiyofasini sevgi lirikasisiz tasavvur etolmaymiz.
Taniqli shoir Abdulla Sher muhabbatni abadiy bahor sifatida talqin qiladi. Darhaqiqat, har bahorda chandon ochilgan, yangidan qiygʻos gullagan borliq tarovati ruhimizga, maʼnaviyatimizga hamisha goʻzallik bagʻishlaydi. Gul chiroyining qaytalanishida, gul gʻunchalarining takrorlanishida, goʻzallikning oʻzgarib, yangilanib turishida hayotning davomiyligini tasdiqlovchi azaliy va abadiy haqiqatni, inson shaxsiyatining esa kamoloti boqiyligini koʻramiz.
Abdulla Sherning ishonch-eʼtiqodiga koʻra, muhabbat “insoniyat umrining har doim, to abadgacha davom etishini taʼminlab turadi. U muntazam ravishda insoniyat daraxtining mevasini yana daraxtga, daraxtni yana kurtakka, kurtakni yana gulga, gulni yana mevaga aylantiradigan sehrli hodisadir”. Ushbu xususiyatlar mohiyatan cheksizlik xarakteriga ega. Hayot – tabiatan oʻzgarishlar, yangilanishlar jarayoni asosiga qurilganidek, maʼnaviy-intellektual takomil ham hadlar bilan belgilanmaydi…
…Intellektual realizm deb aytish mumkin boʻlgan adabiy yoʻnalishga xos xususiyatlar, koʻproq ikkilik, uchlik, toʻrtlik, beshlik, oltilik, yettilik, sakkizlik singari poetik shakllarda, ruboiy, sonet kabi lirika janrlariyu sarbastdagi izlanishlarda koʻzga tashlanadi. Bu borada xalq shoiri Mahmud Toirning “Ikkiliklar”i, Miraziz Aʼzam, Abduvali Qutbiddin, Faxriyorning sarbastdagi badiiy puxta asarlari; Gʻulom Mirzo, Goʻzal Begimning uchliklari, Gulchehra Joʻrayevaning “Istiqlol va iqbol egizak ekan”, Tursun Alining “Koʻnglim uzra xazonrez fasli”, Oygul Suyundiqovaning “Koʻngil tonglari”, Munavvaraning “Yurt ishqini tuttim yurakka”, Oydinnisoning “Sen” turkumlari; Bahrom Roʻzimuhammad, Rauf Subhon, Mirzo Kenjabek, Vafo Fayzullo kabi shoirlarning inson zohiriy hamda botiniy hayotini badiiy oʻrganish borasidagi izlanishlari diqqatga molik. Toʻgʻri, aksar namunalarda shakliy izlanishlar fikrsizlikni yashirishdagi bir niqobdek taassurot qoldirmoqda.
Intellektual realizm deb atalgan adabiy yoʻnalish, avvalo, soʻzdan badiiy fikr salmogʻini talab qiladi. Miraziz Aʼzamning keyingi yillar lirikasi, xususan, “Ihvon ut-tayr” (“Qushlar doʻstligi”) turkumidagi sheʼrlar badiiy maʼno, ohorli salmogʻi bilan eʼtiborga sazovor. Agar birgina “Ihvon ut-tayr” (“Qushlar doʻstligi”) sheʼrini oladigan boʻlsak, maʼnaviy-axloqiy, aqliy yetuklik jamiyatlarni yuksaltiradi, koʻngillarni tozartiradi, elatlarni qadrdonlashtiradi, qadrlar shaʼnini yuksaltiradi, degan fikr ustuvor.
Ramzlarga, taxayyulli tafakkur uygʻotgan timsollar asosiga qurilgan sheʼriyatining yigirmanchi asr ikkinchi yarmi – yigirma birinchi asr boshlari lirikamiz janrlari va poetik shakllar tarixini yaratishdagi ahamiyati nufuzlidir. Shoirning soʻnggi yillar lirikasi hamda “Qalbimda siylaganim” turkumi samarali izlanishlar namunasidir. Koʻngil hurriyati, tuygʻular erki singari yuksak maʼnaviy-axloqiy, intellektual qadriyatlarni yoqlashi, himoya qilishiga koʻra, Miraziz Aʼzam lirikasi badiiy-estetik qimmat kasb etadi.
Men qush tilini bilgim keladi,
Ularni yupatgim keladi.
Goʻzallikdan gap ochib, garmoniyadan
Bir kuy kuylagim keladi.
Har qalay qushlarning doʻstligi
dunyo doʻstligi boʻlajak.
Ushbu satrlar shoirning “Ihvon ut-tayr” (“Qushlar doʻstligi”) sheʼridan. Bosh maʼno shundaki, inson hamisha oʻzini-oʻzi kamol toptiradi. Fikran va ruhan kamolga yuz tutganligi uchun ham tirikligi mazmunli. Bu narsa jamiyatlarning hayotini muttasil yangilab turadi, ellarni-elatlarni bir-biriga birodarlashtiradi, degan ibratli fikrdir.
Nogoh oyogʻingga kirgan ul tikan,
Bilki, oʻzing ekkan yomonlik ekan.
Yoki:
Koʻzgu bilan koʻrishsang gar, yuzing soʻzlar,
Diling bilan tillashsang gar, koʻzing soʻzlar.
Yoki:
Omad koʻkdan tushmas, u ham feʼlingdan,
Qoʻlingdan bermasang, bergin yoʻlingdan.
Ushbu satrlar Mahmud Toirning “Ikkiliklar” turkumidan. Shoirning peyzaj lirikasida, insonning tabiat va jamiyat ruhiyati yoritilgan sheʼrlarida mushohadakorlik yaqqol boʻrtib turadi. Xalqona hikmatga yoʻgʻrilgan fikr tiriklik saboqlari, hayotiy ibrat maʼnosini oʻziga singdirgan holda namoyon boʻladi. Xususan, insonning feʼli-atvori barcha qilmishlariga bir koʻzgu. Yaxshilikni ham, yomonlikni ham ichidagi odam boshqaradi.
Mahmud Toirning “Ikkiliklar”iga Sharq poetikasining taʼsiri kuchli. Xususan, didaktik mazmun uning asosini tashkil etarkan, hayot saboqlari, tiriklikdan orttirilgan ibrat koʻproq eʼtirof tarzida ifodalanadi. “Ikkiliklar” shoirning koʻp yillik kuzatishlari, odamlar bilan muloqotlari, koʻrgan-kechirganlaridan uqilgan maʼnolardir. Koʻngilning qatim-qatimlaridan sizib chiqqan eʼtiroflaridir. Ular hayotiy zaminga qurilgani boisidan ham taʼsirchan, ibratli.
Oʻtgan kun – umrdan uzilgan tomchi,
Qoʻlingdan kelsa gar bir ushlab qol-chi.
Umrlar yugurik – misoli yorugʻlik, shu boisdan ham uning hech bir lahzasini ushlab qololmaysan. Faqat odamlarga koʻrsatilgan yaxshilikkina, tiriklikka tutash yorugʻlikkina umrni uzaytiradi. (“Ovoza qilinmay qilingan savob, Mahsharda boshingga tushguvchi oftob”.)
Shoir faqat koʻrgan-bilganlarini emas, yana oʻylagan, koʻnglidan kechgan asnolarni ham jonlantiradi; ular boshdan kechirilgan, hayotdan uqilgan ibratli daqiqalar boʻlganligi boisidan ham maʼnoli kechinmalar gʻoyaviy jihatdan oʻzaro bogʻliq; badiiy mazmun biri ikkinchisini toʻldiradi. Bu narsa har bir ikkilikning ichki qurilmasidagi badiiy maʼnoning oʻziga xosligini taʼminlagan. Chunonchi, kechmishdan fikr, undan esa ibratli maʼno zohir boʻlayotir.
Kim siylab aytadi, kim tigʻlab aytar,
Gar qandoq aytilsa, bil, shundoq qaytar.
Yoki:
Boychechak yuz ochsa qishni qaritar,
Qishdan qolgan dardlarni ham aritar.
Shoirning ikkiliklaridagi badiiy fikr yalangʻoch oʻgit, pand-nasihatdan yuqori. Ulardagi mushohadakorlik, shaklan qisqalik ifodaning tiniq va loʻndaligi, kechinmadan sizib chiqayotgan fikrning ichki quvvati “Ikkiliklar”ga aforistik mazmundorlik bagʻishlayotir.
Lirika janrlari (sonet, ruboiy) hamda poetik shakllardagi (uchlik, ikkilik, beshlik, oltilik, yettilik) izlanishlar orqali intellektual realizm ilgari surayotgan badiiy-estetik konsepsiya shundan iboratki, ezgulik, goʻzallik yaratgan inson baxtga munosibdir; zero, yorugʻlikning oʻzi baxtning mazmuni demakdir. Inson oʻz ruhiyatini ziyobaxsh etgani sayin tirikligi nurli, hayoti farahli boʻla boradi, degan maʼnoni yoritishga safarbar. Tabiiyki, bu ijodkordan falsafiy fikrlash tarzini taqozo qiladi. Shu jihatdan, tuygʻu-kechinmalar, oʻy-mushohadalar tahlili ushbu adabiy yoʻnalishga xos yetakchi xususiyatlardir. Bu narsa koʻproq fikrchan holatlar suratini, kayfiyatlar manzarasini, kechinmalar maʼnosini ifodalash tarzida zohir boʻlmoqda. Shu boisdan ham ong-shuurimizda kechgan fikrlarning suratlari bir-biriga ulanib ketgan tuygʻular tizimini eslatadi.
Sen – har kecha koʻzimga choʻkkan
shirin tushsan.
Tushlar – mening umrim.
Oʻngda uxlab,
tushda uygʻonaman, men,
borliging uchun.
Bu – Oydinnisoning “Sen” turkumiga kirgan sheʼrlaridan. Shoira uslubining oʻziga xosligi shundaki, u kayfiyat, holat, kechinma, taassurot fikrini suratlantirishni suyadi. Yaʼni, tuygʻularning maʼnoli manzaralari xuddi kino tasmalaridagi singari birma-bir koʻz oʻngimizda jonlana boradi. Ushbu poetik ifoda Oydinniso ijodiy yoʻsini, tafakkur tarzi uchun xos xususiyatga aylanib bormoqda.
Sen – koʻksimda qad rostlagan togʻsan.
Oʻzimni koʻtarib olaman
senga chirmashib.
Yuragimda oʻpirilgan jar ham
oʻzingsan.
Senga yetish uchun qulayman oʻzimga.
“Sen” turkumi lirik qahramon tasavvurida jonlangan mahbubining poetik timsollarini (togʻ, qoʻshiq, ogʻriq, yosh, hayqiriq, osmon, tong, shom, nayson yomgʻiri, shabboda) kechinmalarga aylangan holatlarini suratlantiradi. Ular koʻngil eʼtiroflari, nolalari, jolalari, iltijolari tariqasidagi kechinmalar mazmunini yoritadi.
Ruhiyat dunyosi bagʻoyat sirli va jozib. Uning idrok va ifoda usullari, shakllari ham shunga monand turfa xil. Shoirlarimizning hayotdan, voqelikdan orttirgan taassurotlari, tajribalari shaxsiyatlari boyligi, olam va odam sir-sinoatlarini tushunish hamda tushuntirishdagi oʻziga xos individualligini belgilaydi. Badiiy-estetik tafakkur tabiatidagi ijtimoiy-falsafiy, badiiy-axloqiy mazmun adabiy yoʻnalishlar mohiyatini, xarakterini taʼminlaydi.
Shoirlarimiz oʻz idealidagi goʻzallik belgilarini lirik qahramonlari tabiatida ifodalar ekan, tasavvur va tushunchalaridagi koʻrimsizlik alomatlarini ham muayyan bir qiyofada mujassamlashtiradi. Individual unsurlar tizimi lirik qahramonni tiniq bir xarakter qiyofasida namoyon etadi.
Ana shu oʻziga xos xususiyatlariga koʻra shoirlarimizning lirik qahramonlari bir-biridan farqlanadi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Oydin Hojiyeva, Miraziz Aʼzam, Abdulla Sher, Sirojiddin Sayyid, Mirpoʻlat Mirzo, Iqbol Mirzo, Ikrom Otamurod, Halima Ahmedova, Salim Ashur, Sirojiddin Rauf singari shoirlarimiz tafakkur qirralari: madaniy, maʼrifiy, tarixiy, diniy-axloqiy qadriyatlarga, koʻngil tuygʻulariga munosabatiga koʻra oʻzaro ajralib turibdi. Millatparvarlik, insonparvarlik gʻoyalarini tashib keladi. Yuqoridagi kuzatuvlardan kelib chiqqan tarzda aytish mumkinki, istiqlol lirikasi obrazlar tizimi: faol, eʼtiqodli, maʼnan va aqlan komillikka chogʻlangan zamondoshlarimiz ruhiyatini ifodalashga yoʻnaltirilgan.
Noʻmon RAHIMJONOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Sharq yulduzi”, 2012–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/lirikada-zamon-tuygusi/