Jamiyat hayotida libosning o’rni. Kiyim va libos tushunchalari
Xalq turmushining boshqa sohalari singari milliy liboslarni o’rganish har bir xalqning etnik tarixi va madaniyatini, uning boshqa xalqlar bilan o’zaro aloqalarini tatbiq etish bilan chambarchas bog’liqdir. U moddiy va ma’naviy yodgorliklar ichida xalqlarning milliy o’ziga xosligini aks ettiruvchi va etnik belgilarini ko’rsatuvchi mezon ham hisoblanadi. Shu ma’noda libos tarixini o’rganish yer kurrasida mana necha ming yillardan beri yashab kelayotgan xalqalr boy madaniy merosi, shu bilan birga ularning an’analari, yashash tarzi haqida kattagina ma’lumot ham beradi. Liboslar nafaqat insonlarning tabiiy va estetik ehtiyojlarini qondiradi, shu bilan birga ularda har bir millatning urf-odatlari, ijtimoiy munosabatlar, mafkuraning ba’zi bir elementlari, diniy e’tiqod, nafosat va estetik normalar o’z aksini topgan. Bundan tashqari, kiyimlarda inson yashagan joy va zamon, uning hayotiyigi, quvonchli yoxud qayg’uli voqealar namoyon bo’ladi.
Kiyim jamiyat moddiy va ma’naviy madaniyatining tarkibiy qismidir. Bir tomondan, u inson mehnati mahsuli sifatida ma’lum bir moddiy qiymatga ega bo’lib, ma’lum bir ehtiyojlarni qondirsa, ikkinchi tomondan u amaliy-bezak san’ati namunasi hamdir. Me’moriy inshootlar, mehnat va turmush qurollari singari kiyim ham ma’lum bir tarixiy davr, mamlakatning tabiiy iqlim sharoiti, xalqning milliy o’ziga xosliklari va uning go’zallik haqidagi tasavvuri haqida ma’lumot beradi.
Kiyim va libos tushunchalari mazmun-mohiyati jihatdan bir-biri bilan mushtarak ko’rinsa-da, ushbu tushunchalar o’rtasida birmuncha farqlar ham mavjud.
Kiyim deganda, avvalo, inson tanasining turli qismlarini berkitish uchun zarur bo’lgan, uni tashqi muhitning turli ta’sirlaidan himoyalaydigan buyumlar tushuniladi. Kiyimning qator turlari mavjud. Bular: ichki kiyim, ustki kiyim, turli uzunlikdagi paypoqlar, poyabzal, bosh kiyimlari.
Mana shu predmetlar turli vazifalarni bajaruvchi aksessurarlar, bezaklar, soch turmagi, pardoz bilan birga libosni tashkil etadi. Aynan libos insonning ijtimoiy kelib chiqishi, uning o’ziga xos xususiyatlari, yoshi, jinsi, xarakteri va estetik didini namoyon etadi.
Liboslarning asosiy turlari va shakli. Ba’zi bir tadqiqotchilar kiyim uyalish hissiyoti sabab paydo bo’lgan desa, boshqasi o’z tanasi bezash niyati sabab deydi, uchinchi birlari esa inson sovuqdan himoyalanish uchun kiyimga ehtiyoj sezgan deb javob beradi. Darhaqiqat, kiyim qachon paydo bo’lgan degan savol ko’pchilikni qiziqtirsa kerak. Insoniyat unga nima sabab ehtiyoj sezgan? Bu va bu kabi savollarga javob berish uchun qadimshunoslik fani yordamga keladi. Qadimshunoslik (arxeologik) qazilmalar kiyim insoniyat taraqqiyotining eng qadim davlarida (40-25 ming yil ilgari) paydo bo’lganini ko’rsatadi. Poyabzal birmuncha keyingi davlarda paydo bo’lgan bo’lib, libosning boshqa elementlaridan ko’ra birmuncha kam tarqalgan.
Kiyim nafaqat tabiiy ehtiyojni ta’minlovchi bir vosita, shu bilan birga u amaliy san’at namunasi hamdir. U amaliy san’atning barcha namunalari singari go’zallik hamda ma’lum bir maqsadga yo’naltirganlik bilan ajralib turadi. Tanani turli tashqi ta’sirlardan, xususan, issiq va sovuqdan saqlashdek amaliy vazifani bajarish bilan birga, u bezak, chiroy singari estetik funksiyalarga ham ega. Shu sababli ham jamiyat taraqqiy etib borgan sari, insonlar estetik didi oshib borgan sari kiyimlarning bezagiga, asosiysi takronlanmasligiga e’tibor ortib boraveradi.
Ma’lumki, dastlabki davrlarda inson tabiatning turli ta’sirlari, shuningdek, hayvon va hasharotlarning chaqishidan o’zini himoyalash maqsadida tanasiga tuproq, loy, moy surtib yurgan. Keyinchalik bu surtmalarga o’simlik bo’yoqlari qo’shilib, inson tanasini turli shakl va ranglar bilan bo’yoqlari qo’shilib, inson tanasini turli shakl va ranglar bilan bezash urf bo’lgan. Galda tanaga tatuirovkalar (teri ostiga turli bo’yoqlarni kiritish) chizish orqali himoya qobig’ining vaqtini uzaytirish odat tusiga kirgan. Har xil qushlar patlari, o’ldirilgan hayvonlar tishlari, suyaklar, sochlar turli ramziy vazifalarni bajarish bilan birga tanani himoyalagan ham. Vaqt o’tgan sari tanasining qanchalik katta qismi ma’lum bir mavhumlash maqsadida quloq, burun, lab, dahanda sun’iy mahkamlovchi usullar o’ylab topgan va ulardan bezak sifatida foydalana boshlagan.
Aynan mana shu hozir biz tilga olgan tanani bo’yash, tatuirovkalar kiyimning dastlabki shakllari bo’lib, matodan qilingan kiyimlar paydo bo’lgach ham, ular e’tibordan qolmadi. Endi ular libosning ma’lum bir elementi sifatida namoyon bo’lib, unga ko’rk va estetik qiymat berish vazifasini bajargan.
Oradan vaqt o’tib, insoniyat ip yigirish va undan mato to’qishni o’ylab topgan, tanaga tushirilgan tatuirovkalar matolarga ko’chib, undagi bezak vazifasini o’tay boshlagan.
Tarixiy liboslarda bezak nafaqat o’z egasining ijtimoiy kelib chiqishi, ya’ni tabaqasini anglatgan, shuningdek, majoziy ma’no kasb etish bilan birga, kishilarning estetik didini ham ifodalagan. U vaqt o‘tgan sari takomillashib, ularning turlari ko‘payib, shakllari murakkablashib bordi. Xususan, ularning yechib kiyiladigan, tanaga mahkamlanadigan (bilakuzuklar, uzuklar, ziraklar, matoga mahkamlangan yoxud tushurilgan (kashtalar, bosma rasmlar, bo’rtma bezakli) turlari paydo bo‘ldi.