Libos xos boʻlsa
Adabiyot yangi va yaxshi gʻoyalarni kuylamogʻi kerak. Shundagina u qalblarda, onglarda ezgu his-tuygʻular, fikrlar uygʻotib, kishini rom etadi. Bad niyatni ming badiiyat bilan ifodalasang ham xuddi goʻzal libos kiygan yalmogʻiz kampirday xunukligicha qoladi.
Buxoro koʻchalari
Buxoroning har qarich yeriga olimu ulamolar poyi tekkan. Uning kichik, torkoʻchalarida ham bir olam tarixu hikmat bor. Buyuk va boqiy obidalari-ku noyob va nodir moziyning, ilmu sanʼatning muazzam va muhtasham mujassama (haykal)laridir. Shu tor koʻchalarni kezgan, yodgorliklar siru sehrini dildan sezgan, his etgan odam, Buxoroni bir aylanib chiqsa, oʻzi ham yarim allomaga aylanishi hech gap emas.
Nur va soya
Tabiatda nur va soya, oq va qora, tun va kun kabi zidliklar bor va bu tabiiy. Inson hamisha nur va ziyo sari borishi kerak. Zero, quyoshga yuzma-yuz yurgan odamning yuzi nurli, soyasi esa orqada qoladi. Oldiga soya tushmaydi. Shu kabi, yaxshilik, ezgulikka yuzlangan odamdan ham yomon narsalar soyadek ortda qoladi. Tabiiyki, bunday kishilarning doimo yuzi yorugʻ boʻladi.
Saqlaning
Ogʻizga yomon va harom narsalar kirishidan saqlanamiz. Shu kabi, ogʻizdan yomon va harom narsalar – soʻzu jumlalar chiqishidan ham saqlanmoq kerak. Zero, ogʻizga kirgan yomon narsa jismoniy salomatlikka ziyon qilsa, chiqqani oʻzga kishining taʼbini xufton va dilini vayron etadi.
Samimiy tilak
Hozirjavob va zukko doʻstim Ergash Ochilga men keyingi paytda kitobxoʻrlik kasaliga chalindim, shekilli, kitob oʻqimay turolmayapman desam, u “Bu ajoyib kasallik, aslo tuzalmang”, dedi.
Koʻzimiz gavhari
Matbuotda (“Darakchi” 16.04.2009y) “Yigʻlayotgan bola” deb nomlangan surat haqida yozilgan. Chet ellik bir rassom chizgan bu surat koʻp nusxalarda boʻlib, kim uni sotib olib, uyiga osib qoʻygan boʻlsa, yongʻin boʻlarkanu, surat yonmay qolarkan. Bu holni koʻplar atayin sinab koʻrib, ishonch hosil qilgan ekan. Bunday sirli, gʻayri tabiiy hodisalar boʻlib turadi. Nazarimda suratni musavvir bor qalb haroratini berib, yonib-kuyib yaratgan. Ha, aslida koʻzimiz gavhari boʻlgan bolajonlar yigʻlasa, jabr-zulm cheksa nafaqat uy, bu dunyoga oʻt ketadi-ya…
Sobitlik
Yaponiyada karatati degan daraxt oʻsarkan. Unga qaysi daraxtni payvand qilishsa ham baribir karatati yaprogʻini chiqararkan. Qiziq. Bu har qanday taʼsir, holat va vaziyatda ham oʻzligini unutmaydigan sobit insonlarga oʻxshaydi.
Qarash
Hamma vaqt emasu, baʼzan narsa-hodisaga bir tomonlama qarab baho, taʼrif beramiz. Natijada xato qilib qoʻyish mumkin. Holbuki unga har tomonlama eʼtibor qilinsa, butunlay boshqa, hatto avvalgisidan tamoman farqli, zid fikr xulosaga kelish mumkin. “Talqin” degan bir bitigim bor edi:
Dedingki: bu chorraha –
Urush-ajralish joyi.
Toʻrtta yoʻl toʻrt tarafga
Ketgandir boshin olib.
Ozgina oʻylab soʻyla,
Qara, qanday chiroyli:
Toʻrt yoqdan kelgan yoʻllar
Boshi birikkan joy bu!
Bandilik
Bogʻliqlik, bandilik naqadar xunuk! Biroq bogʻlangan bir dasta gul dillarni yayratib yuboradi. Insonning yaratganga bandiligi ham shunday goʻzaldir.
Tilchining lutfi
Baʼzilar tosh agar oynaga tegsa, uni sindirib chil-chil qiladi deydi. Rost. Lekin bunday qilish nodonlik. Nodonning ishi. Har bir ishni astaligu ustalik bilan bajarish kerak. Oʻsha “tosh”ni sekin “oyna” yoniga olib kelinsa, “toshoyna” boʻladi. Lekin nodon (teskari oʻqisangiz ham) baribir “nodon”da. Uning qoʻliga hech vaqt tosh berib qoʻyish kerak emas.
Uzoqni koʻzlab
Oʻq uzoq-uzoqqa uchishi uchun kamon tarang tortilib, koʻproq egiladi. Xuddi shu kabi uzoqni, katta maqsadni koʻzlagan kishi koʻproq mehnat qilishi kerak.
Dilshodman, gar rangi somondirman men,
Kim aytdi: egildim, tamomdirman men.
Uzoqni koʻzlagan oʻq bor koʻksimda,
Egilgan esam gar, kamondirman men!
Hayot
Qiz bola – palaxmon toshi, deydilar. Qayga otsang, borib tushadi. Yana “borgan joyida toshday qotsin” degan gap ham bor. Bu – qiz hayotining “tosh davri”. Keyin “temir davri” boshlanadi: roʻzgʻor ozorlariga, baʼzi qaynonalarning “qaynash”lariga chidash, erib-uvalanib ketmaslik uchun temir iroda kerak-da.
Ha, jonim qizim, “oltin davr”ga yetguncha ancha mehnat, mashaqqat chekishga toʻgʻri keladi.
Baʼzan…
Ergash Ochilga “odamning yomoni yoʻq” desam, u “baʼzan odamdan yomoni ham yoʻq” deydi.
Oʻtda yonmas, suvda botmas
Xalqimiz boshidan ne kunlar kechmagan. Oʻz iborasi bilan aytganda oʻt balosi, suv balosiga ham duch kelgan. Bosqinchilar dastidan Buxoroyu Samarqand yongan, Xorazm suvga bostirilgan…
Lekin xalq kuchli irodasi, eʼtiqodi, sabr-toqati va matonati bois bu ofatlardan omon chiqib keldi. Ertak-afsonalarda oʻtda yonmas, suvda botmas botir-bahodirlar taʼriflanadi. Bu – chinakam xalqimiz timsoli. Endi bu bahodir murodu maqsadiga yetdi. Mustaqil boʻlib, farovon hayot kechirmoqda. Shukrki, bu ertak emas, chin haqiqat.
Holat
Buxorolik avliyo-allomalar haqida oʻylasam, ular Buxoroning tor jin koʻchalaridan chiqib, keng dunyoni “zabt” etganiga qoyil qolaman. Shoirligimga borib, bu jin koʻchalarni “avliyo koʻchalar” degim keladi.
Soyabon
Kuz kunlarining biri. Toʻsatdan kuchli shamol turib chunonam jala quydi-ki… Goʻyo yeru koʻkda Nuh toʻfoni boshlanganday. Hamma jonholatda oʻzini panaga urgan. Men ham bekatda panalab, koʻnglimni allanechuk hadik-xavotir chulgʻadi: toʻfon bossa-ya.
Bir payt qoʻl telefonim chaqirib qoldi. Uydan, qizcham bogʻchadan kelib menga telefon qilayotgan ekan. Qoʻngʻiroqday ovozi dilimdagi xiralikni birdan tarqatib yubordi: Dadajon, koʻchadamisiz? Zontigingiz bormi?
Koʻnglim yorishib, xavotirim oʻrnini yorugʻ umid egalladi: shu mehr bor ekan, aslo toʻfon boʻlmaydi, hayot tugamaydi.
“Zontigingiz bormi?” Mehr toʻla samimiy soʻzlar menga eng zoʻr soyabon boʻldi, goʻyo. Bu soyabon ne-ne yogʻinlarda menga panoh boʻlgʻusi.
Kitob – Oftob
“Quyosh nuri kirmagan xonadonga tez-tez tabib kirib turadi” degan gap bor. Bu quyoshning inson salomatligi uchun kechogʻli muhim va ahmiyatli ekanini bildiradi.
Kitob – oftob degan gap ham bor. Kitob kirmagan xonadonga ham jaholat qadam qoʻyadi, in quradi. Maʼnaviy jihatdan nosogʻlom boʻlgan bu muhitga esa keyin tez-tez tashvish va kulfatlar “tashrif” buyuradi.
Dilshod RAJAB
“Sharq yulduzi”, 2012–6
https://saviya.uz/ijod/nasr/libos-xos-bolsa/