Leonardo da Vinchi deganda koʻz oldimizga birini galda rassom keladi. Biroq bu buyuk shaxsning hayoti va faoliyatidan xabardor kishi uning ixtirochi, meʼmor, matematik, yozuvchi, olim kabi qator qirralari borligini, u bu sohalarda ham muvaffaqiyat qozona olganini yaxshi biladi.
Ijodiy iqtidorni kamol toptirishga qaratilgan qator kitoblar muallifi Maykl Gleb ulugʻ olimning hayotini oʻrganib, “Da Vinchining yechilgan kodi”, “Leonardo da Vinchi kabi fikrlash va tasvirlash: mahorat sari yetti qadam” asarlarini yozdi. Bir qancha tillarda nashr etilib, bestseller boʻlgan ushbu kitoblarda muallif ulugʻ olimning qoʻlyozmalarini tadqiq etib, mahorat sirlarini aniqlashga uringan. Quyida ijodiy yetuklikka yetaklovchi ana shu jihatlar bilan tanishasiz. U sizga ham koʻmak bersa ajab emas.
- Qiziquvchanlik.
Qiziquvchanlik odamning tabiatiga xos. Ayniqsa, bolalar haddan tashqari qiziquvchan boʻladi. “Osmon nega koʻk?”, “Nimaga yomgʻir yogʻadi?”, “Nimaga barglar sargʻayadi?” kabi savollarni yogʻdirib tashlaydi. Aniqlanishicha, bola besh yoshgacha oʻta soʻrovchan boʻladi. U shu orqali olamni idrok etadi.
Ammo, Glebning fikricha, bola maktabga borgach, savollardan koʻra javoblar muhimroq ekanini anglaydi va undagi yuqori qiziquvchanlik soʻnadi. Buyuklarda esa bu xususiyat bir umr saqlanib qoladi.
Savol berishdan charchamang. Javob qidirish insonni olgʻa yetaklaydigan muhim jihatdir.
- Mustaqil fikrlash.
Kishining tafakkuri oshgani sari oʻz qarashlari shakllanadi. Bu juda ahamiyatli. Biroq baʼzida uning salbiy taʼsiri ham kuzatiladi. Odam boshqa xil fikrlarga eʼtibor bermay qoʻyadi.
Glebning fikricha, ijodiylik uchun turli koʻz qarashlariga ega boʻlish, masalaga har tomonlama yondasha olish zarur.
- Hassoslik.
Eng nozik nuqtani his eta bilish shaxsdagi iqtidorning darajasini belgilaydigan omillardan biridir. Ijodda arzimasday koʻrinadigan mayda detallarga ham eʼtibor qaratish zarur. Chunki ayni shu mayda detallar masalaning mohiyatini ochib berishi mumkin. Bu xususiyatni rivojlantirishning eng maqbul yoʻli esa koʻp fikrlash, his qilishga urinishdir.
- Yangilikka intilish.
Nomaʼlumlik qoʻrqitadi. Odamlar yangilik qarshisida koʻpincha xavfsiraydi. Chunki yangi vaziyatda oʻzini qanday tutish koʻnikmasiga hali ega emas. Ammo noaniqlik holatida ham oʻzini yoʻqotmaslik, ishonch bilan harakatlanish ijodiy jarayonning muhim qismidir.
Glebning fikricha, ijodning mohiyati hayratdadir. Odam oʻzi uchun yangi narsani kashf qilgani sari hayrat-hayajoni ortib boraveradi. Har kuni bir xil ish qilishga odatlangan, yangilikka intilmaydigan odam ijod sohasida muvaffaqiyat qozonishi amrimahol.
- Mantiq va tasavvur.
Tadqiqotlarga koʻra, miyaning oʻng yarimshari ijodiylik, chapi esa tahliliy tafakkur maydoni. Koʻpincha, kishilarda u yoki bu jihat rivojlangan boʻladi. Ammo yangi gʻoyalar yuzaga kelishi uchun ikkala yarimshar ham birday ishlashi kerak.
Glebning fikricha, xayolga keladigan fikrlarni qogʻozda chizib koʻrish, uni shu orqali ifodalashga harakat qilish zarur. Yangi gʻoya oʻylash va uni hayotga qanday tatbiq etishni tahlil qilish miya faoliyati samaradorligini oshiradi.
- Ong va vujud muvozanati.
Leonardo da Vinchi jismoniy baquvvat kishi boʻlganini koʻpchilik bilmaydi. U Florensiyaning eng kuchli kishilaridan biri sanalgan, tajribali qilichboz va chavandoz boʻlgan.
Glebning fikricha, ijod – katta energiya talab qiluvchi intellektual mashqdir. Jismoniy zaif kishida ijodga kuch boʻlmaydi. Shu sababli sport bilan shugʻullanish, badanni tarbiya qilib borish ijodiy faoliyatning ajralmas qismi boʻlishi zarur..
- Fikrlar shajarasi.
Glebning soʻzlariga koʻra, fikrlashning umumiy tizimini mayda boʻlaklar asosida tashkil etish yangi gʻoyalar tugʻilishiga katta turtki beradi. Yaʼni asosiy tushunchani unga yaqin tushunchalar asosida anglash, ular orasidagi bogʻliqliklarni topish orqali yangi xulosalarga kelinadi. Bunday fikrlash tizimi xuddi shajara xaritasini eslatadi.
Ulugʻ olim va mutafakkirlarga, jumladan, Leonardo da Vinchiga xos boʻlgan yana bir jihatga alohida eʼtibor berish zarur: yangi tugʻilgan gʻoyalar yoki miyada yarq etgan fikrlarga ishonchsizlik bildirib, ularni yarim yoʻlda tashlab ketish ularning zavolidir. Aksincha, gʻoyalarni muttasil rivojlantirib borish kerak.
Orif Tolib
tayyorladi.
“Yoshlik”, 2018/2
https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/leonardo-da-vinchining-ijodiy-sirlari/