Leninni kim otgan edi?

Moziyning oʻqilmagan sahifalari bisyor. Uzoq vaqtgacha koʻpchilik haqiqat deb ishonib kelingan narsa birgina hujjat bilan yolgʻonga chiqishi yoki yolgʻon chinga aylanishi mumkin. Quyida tarjimasi berilayotgan German Nazarovning maqolasidan “inqilob dohiysi” Leninga qilingan suiqasd kimlarning ishi boʻlganligi haqida taxminiy xulosalar oʻrin olgan.

Uzoq yillardan beri “Lenin 1918 yilda” nomli kinofilmda aks etgan “proletariat dohiysi” Vladimir Leninga qilingan suiqasd hech kimda shubha uygʻotmasdi. Bu suiqasd tashkilotchilari sifatida oʻng eserlar, Leninga oʻq otgan shaxs esa Fanni Kaplan deb eʼtirof etib kelinardi.

Ammo 1993 yilda sobiq Ittifoq fuqarosi, hozirda Quddus universitetining ilmiy xodimi B. Orlov Kaplan Leninga oʻq uza olmasligini, koʻzi ojiz boʻlgani uchun toʻpponcha oʻrniga bombadan foydalanishi mumkinligini bildirdi. Leninga Kaplan emas, balki boshqa eserchi – Lidiya Konopleva oʻq uzgan, deydi Orlov. “Leninizm grammatikasi” nomli kitob muallifi G. Nilov esa Leninga suiqasd qizil terrorga qarshi kurashni avj oldirish uchun uning oʻzi tomonidan uyushtirilgan, degan fikrni bildiradi. Nilov shuningdek, Leninni choʻchitish va asta-sekin hokimiyatga yaqinlashib kelayotgan Trotskiyni yoʻldan olib tashlash uchun VCHK bu suiqasdni uyushtirgan, degan fikrni ham inkor etmaydi…

1918 yilning 31 avgusti. Rasmiy talqin.

Oʻsha kuni Moskvada har juma kunlari boʻlganidek mitinglar oʻtkazilishi va Lenin Basman rayonida – sobiq Xlebnaya birjasida hamda Mixelson zavodida chiqish qilishi kerak edi.

“Oʻsha kuni Mixelson zavodida, – deb eslaydi zavod qoʻmitasi raisi N. Ivanov, – “Hamma mitinga!” degan eʼlon osib qoʻyilgandi. Ishchilar soat 7dagi mitingga ulgurish uchun kiyimlarini almashtirgani uylariga shoshishardi. Belgilangan vaqtga kelib zavodning granata korpusi besh-olti ming kishi bilan toʻlgandi. Men va zavod boshqaruvi raisi I. Kozlov miting oldidan maslahatlashib turganik. Leninning zavodga kelish-kelmasligini hech kim aniq bilmasi. Shu payt “Lenin keldi!” degan ovozlar eshitildi”.

Maʼlum boʻlishicha, Leninni nafaqat ishchilar, balki uning dushmanlari ham kutishayotgan ekan. Kaplan zavodga soat oltilara kelai, ishchilar orasida yurib, ularning suhbatiga quloq soladi. Tez orada zavoda Yana bir eser Novikov paydo boʻladi – u Kaplanning qulay sharoitga ega boʻlishini taʼminlashi kerak edi.

Kaplan granata tsexiga miting tugaganida kiradi. Yigʻilganlar Lenin nutqining yakunini olqishlar bilan qarshi olishadi. U esa majlisga shoshilayotganini aytib tsexning chiqish eshigi tomon yuradi. Lenin zinadan koʻtarilayotganida Novikov xuddi qoqilib ketgandek uning yoʻlini toʻsadi va qolganlar ham Leninning atrofiga toʻplanib qolishadi.

Novikov yoʻlni toʻsganicha “Oʻrtoq Leninni oʻtkazib yuboringlar!” deb qichqiradi. Lenin bir guruh ishchilar orasida qoladi va ular ichida boʻlgan Kaplan ham bir ishchi ayol bilan suhbatlashganicha uning yonida keta boshlaydi. Ishchilardan biri mashina eshigini ochadi vash u zahoti oʻq uziladi, uning ortidan yana bir necha marta oʻq ovozi yangraydi. Odamlar “Oʻldirishdi! Oʻldirishdi!” deb qichqirishadi. Hamma qocha boshlaydi, kimlardir ichkariga, yana kimlardir esa tashqariga otilishadi. Dastlabki oʻq ovozidan keyinoq Leninning haydovchisi S. Gil toʻpponchali ayolni koʻrib qoladi. U toʻpponchani ushlab olib mashinadan tushadi va ayolning ortidan yugurmoqchi boʻladi, ammo Leninning yotganini koʻrib uning yoniga qaytadi. Lenin xirillaganicha “Ushladinglarmi, yoʻqmi?” deb soʻraydi. Gil unga “Gapirmang! Ahvolingiz ogʻir.”, deydi.

Boʻm-boʻsh hovlida Leninning yonida bir necha faollar toʻplanishgandi. Ular Leninning oʻrnidan turishiga yordamlashishdi. Sanitar Safronov uning jarohatini bogʻladi. Soʻngra uni mashinasiga chiqarishdi va Gil mashinani Kreml tomon haydadi.

Kaplanni 5-Moskva piyoda diviziyasi harbiy komissarining yordamchisi S. Batulin ushladi. Mitingda u Novikov paydo qilgan tiqinda turib qolgan, soʻng avtomobil tomon shoshilgandi. Mashinagacha 10-15 qadam qolganida oʻq ovozlari eshitilib, Lenin yerga yiqilgandi.

“Men oʻrtoq Leninga suiqasd qilinganini tushundim, – deb koʻrgazma bergandi Batulin oʻsha kuni. – Oʻrtoq Leninga Gʻoʻ uzgan odamni koʻrmadim. Men gangib qoldim va “Oʻrtoq Leninning qotilini ushlanglar!” deb qichqirdim”.

U shu gaplarni aytib koʻchaga yuguradi. Ammo bir oz yugurgach toʻxtab qoladi. Ushlaydigan odamning oʻzi yoʻq edi. Shu payt u daraxt tagida portfel va soyabon ushlab turgan bir ayolni koʻradi. Undan shubha qilib ayolni darhol ushlab zavod ichiga olib kiradi. Faollar ayolni zavod mashinasida Zamoskvoretsk harbiy komissariatiga joʻnatishadi. Bu yerda uni tintishadi Ayol Moskva tribunali raisi A. Dyakonov, Zamoskvoretsk komissari I. Kosior, S. Batulin, komissar I. Piotrovskiy va ishchi A. Uvarovlar ishtirokida tushuntirish xati yozadi:

“Men Fanni Yefimovna Kaplanman. Akatuya katorgasida 11 yil surgunda boʻlganman. Bugun Leninni otdim. Unga oʻz ixtiyorim bilan oʻq uzdim. Men uni inqilob xoini deb hisoblayman. Hech qaysi partiyaga aʼzo emasman, lekin oʻzimni sotsialist deb hisoblayman”.

Kaplan necha marta oʻq uzgani, toʻpponchasining rusumi, siyosiy qarashlari, sheriklari haqidagi savollarga javob bermaydi. U tergov protokoliga ham imzo qoʻyishni istamaydi, protokolga guvohlar imzo chekishadi. Soat 23.30da komissariatdagi tergov tugaydi va Kaplanni Lubyankaga joʻnatishadi. Bu yerda tungi soat birda navbatdagi tergovlar boshlanadi. Birinchi boʻlib uni Dzerjinskiyning oʻrinbosari Ya. Peters soʻroq qiladi. Ikkinchi boʻlib RSFSR adliya narkomi D. Kurskiy, soʻngra Yana Peters, toʻrtinchi boʻlib VCHK boʻlim boshligʻi Skripnik tergov oʻtkazadi. Tergov soat 2.25da tugaydi. Kaplan Leninni otganini taʼkidlaydi, ammo suiqasdning asl tashkilotchilarini aniqlashga yordam beradigan biror soʻz aytmaydi. Shundan soʻng uni tinch qoʻyishadi.

3 sentyabr kuni ertalab Lubyankaga Kreml komendanti P. Malkov kelib, Kaplanni Kremldagi yarim yertoʻla xonasiga olib ketishi haqidagi buyruqni koʻrsatadi. Bir necha soatdan keyin esa markaziy ijroqoʻm kotibi Avanesov Malkovga VCHKning Kaplanni otib tashlash haqidagi qarorini topshiradi.

– Qachon? – soʻraydi Malkov.

 – Bugun. Zudlik bilan, – deydi Avanesov va bir oz oʻylangach, soʻraydi: – Qaerda otgan yaxshi?

 – Avtobron otryadi hovlisida.

 – Boʻpti.

 – Qaerga koʻmamiz? – soʻraydi Malkov.

 – Buni oʻylab koʻrmagandik. Yakov Mixaylovichdan soʻrash kerak.

Avanesov Sverdlovdan Kaplanni qaerga koʻmish kerakligini soʻraydi. Malkovning eslashicha, Yakov Mixaylovich sekin oʻrnidan turadi va qoʻllarini stolga tirab engashganicha, qatʼiy ravishda deydi: “Kaplanni koʻmmaymiz. Jasadidan biror iz qolmasin”…

Malkov shu zahoti komendaturaga borib bir necha latish oʻqchilarini oladi va ular bilan Avtobron otryadiga ketadi. Bu yerda u bir nechta yuk mashinasini tashqariga chiqarib motorini yurgizishni, bir yengil mashinani esa darvoza tomon qoʻyishni buyuradi. Malkov Kaplanni olib chiqadi.

“Mashinaga chiq!”, buyruq berdim, – deydi Malkov. – Fanni Kaplan ikki qadam bosdi. Men toʻpponchamni koʻtardim…

1918 yilning 3 sentyabri kunduzgi soat 4. Oʻch olindi. Hukm ijro etildi. Hukmni men, bolsheviklar partiyasi aʼzosi, Moskva Kremli komendanti Pavel Dmitriyevich Malkov shaxsan ijro etdim”… Kaplanning jasadi esa taʼkidlanishicha, Aleksandr bogʻida temir bochkaga solib kuydirib tashlangan…

Tergov gʻaroyibotlari

1923 yilda VCHK raisi oʻrinbosari Ya. Peters gazeta muxbiri bilan suhbatda shunday degandi: “Leninga suiqasd qilinganidan buyon oradan besh yil oʻtdi… Afsuski, qoʻlimizdagi suiqasd haqidagi maʼlumotlar toʻliq emas”. U nimani nazarda tutgani nomaʼlumu, lekin tergov davomida koʻplab chalkashliklar yuz bergani aniq.

Birinchi navbatda, jabrlanuvchi sifatida Leninning oʻzi tergovga chaqirilmagandi. Axir, tergovchi yuz bergan voqea va jinoyatchi haqida maʼlumot olish uchun birinchi oʻrinda jabrlanuvchining yoniga borishi kerakku. Lenin yuz bergan voqeadan gʻazabga minishi lozim edi. Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda esa u tergovning borishiga umuman qiziqmagan.

Jinoyat joyini koʻzdan kechirishda ham tergov gʻalati olib borilgan. Suiqasddan uch kun oʻtgach, 2 sentyabr kunigina Gil, tergovchi V. Kingisepp va bir yarim oy ilgari Yekaterinburgda podsho oilasini sudsiz otib tashlagan Sverdlovning yordamchisi Ya. Yurovskiy Mixelson zavodiga kelishadi. Guruhni hattoki, tergov komissiyasining aʼzosi ham boʻlmagan Yurovskiy boshqaradi. Voqea joyini koʻzdan kechirish chogʻida uch yoki toʻrtta gilza topiladi va ular qanday qurolniki, degan savol paydo boʻladi.

30 avgust kungi dastlabki tergovda Gil Kaplanga tashlanganida u brauningni uloqtirganini aytgandi. Gil shoshilgani uchun brauningni olmagan va uni ertasiga zavod ishchisi A. Kuznetsov topib olgandi. U bu haqda harbiy komissariatga aytadi, u yerdagilarni esa bu xabar zarracha qiziqtirmaydi. Faqatgina 1 sentyabr kuni “Izvestiya”da topib olingan qurolni Lubyankaga keltirib berish haqida VCHKning soʻrovi eʼlon qilingach, Kuznetsov uni V. Kingiseppga keltirib beradi. Kingisepp esa hech qanday ekspertizasiz zavodda topilgan gilzalarni oʻsha brauningga tegishli deb eʼlon qiladi.

Hodisa joyini koʻzdan kechirgan Yurovskiy guruhi “tergov tajribasi” oʻtkazadi. Unda na qurbon (Lenin), na ayblanuvchi (Kaplan) ishtirok etadi. Bir necha kishi jinoyat jarayonini pantomima tarzida tiklaydi. Unda Gil oʻzini, Lenin va Kaplanning yonida ketgan ayol rolini zavod faollari Ivanov hamda Sidorov, Kaplanni esa

Kingisepp oʻynaydi.

Oʻsha kuniyoq Kingisepp zavod partiya qoʻmitasi raisi N. Ivanovni guvoh sifatida soʻroq qiladi. Dastlabki tergovda bu “guvoh” mitingning boshlanish va tugash vaqtini, uchrashuvda necha kishi ishtirok etganini aytmagandi. Tergovchi esa nima uchun na Ivanov, na zavod rahbariyati sovet hukumati rahbarini kutib olishga chiqishmaganini soʻramadi.

Faqatgina bir necha yillardan keyin Ivanov oʻsha kuni aytmagan koʻplab narsalarni “esladi”. Yuz kishi sigʻadigan granata tsexi suiqasddan oʻttiz yil keyin uning xotirasida besh-olti ming kishi sigʻadigan granata korpusiga aylandi (inqilobgacha Mixelson zavodida 1900 kishi ishlagan, 1919 yilda esa xom Ashe yetishmagani uchun ularning soni 475 kishiga qisqargan). Ivanov Mixelson zavodidagi miting oʻtkazilgan vaqtni ham “eslab qoldi”.

31 avgust kuni “Izvestiya”da “Ishchi va qizil armiyachi deputatlar Moskva Soveti”ning murojaatnomasi Chop etilib, unda Leninga suiqasd Mixelson zavodidagi miting tugaganidan soʻng soat 7.30da amalga oshirilganligi bildirildi. Oʻsha kuni Kaplan toʻrtinchi marta soʻroq berganida zavodga soat 8da kelganligini aytdi. Shu kuniyoq “Pravda” suiqasd vaqtini soat 9ga surdi, haydovchi Gil esa birinchi tergovda Leninni Mixelson zavodiga soat 10da olib kelganligini aytdi!

“Avval biz Xlebnaya birjasiga bordik, – degandi bir necha yillardan keyin Gil V. Bonch-Bruyevichga. – Bu yerdagi miting tugagach, Mixelson zavodiga ketdik… Toʻgʻri hovliga kirdik. Biz bilan na mashinada, na hovlida soqchilar bor edi, Leninni hech kim kutib olmadi. U tezda mashinadan tushib ichkariga kirib ketdi.

Oradan 10-15 daqiqa oʻtgach portfel koʻtargan bir ayol oldimga keldi – tergovda maʼlum boʻlishicha, u Kaplan ekan – va mendan “Oʻrtoq Lenin keldimi?” deb soʻradi. Men unga “Kim kelganini bilmadim” dedim. U esa kuldi va “Qanaqasiga, haydovchi boʻlib turib kimni olib kelganingizni bilmaysizmi?” dedi… Shundan soʻng u binoga kirib ketdi.

Bu maʼlumotlarni Gil oradan ancha yil oʻtgach, Lenin ham, Sverdlov va Kingisepp ham dunyodan oʻtib ketishganidan soʻng aytgandi. Agar u bu gaplarni 1918 yilning 30 avgustidagi tergovda aytganida nima boʻlardi?

Unda ayrim narsalarni aniqlashga toʻgʻri kelardi: nima uchun Mixelson zavodida miting boʻlmadi? Nima uchun shunga qaramay Lenin zavodga keldi? Nima uchun Kaplan uning bu yerga kelishini bilib kutib turgan?

Bu savollarga esa Leninni ogohlantirmasdan Mixelson zavodidagi mitingni tqoldirishga buyruq bergan Moskva partiya qoʻmitasi kotibi V. Zagorskiy, Leninni Moskva ichidagi barcha safarlarida kuzatib yurishga buyruq olgan VCHK raisi oʻrinbosari Peters javob berishga majbur boʻlardi. Sverdlovning oʻzi ham ayrim qaltis savollardan qochib qutula olmasdi. Lekin oʻshanda ularni tergov qilishga kim ham jurʼat etardi?

Bolsheviklar hokimiyatni qoʻlga kiritib, muassislik kengashini tarqatib yuborishgach, ularni umumiy dushman – chorizmga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatlagan ittifoqchilari norozi boʻlishdi. Lenin uchun eng xavflisi Trotskiy edi. Uni millioner Shifflar sulolasi qoʻllab-quvvatlardi. Ular Rossiyada fuqarolar urushini avj oldirish niyatida edilar.

Aftidan, Rossiyada bu qonli tomoshani boshqaruvchi rejissyor maqomiga Yakov Sverdlov daʼvogar edi. 1917 yilning bir necha oyi ichida partiyada hech kimga maʼlum boʻlmagan bu shaxs eski bolshevik deb eʼlon qilindi va markaziy ijroqoʻmga rais etib tayinlandi. Trotskiy singari Sverdlov ham Muvaqqat hukumatni agʻdarish, hokimiyatni egallashda Leninni faol quvvatlagan. Ammo 1918 yilning oʻrtalarida Trotskiy va Sverdlov Leninga suiqasd qilish orqali fuqarolar urushini keltirib chiqarishga qaror qilishadi.

Yoʻq, Sverdlov Lenin oʻldirish uchun yollanma qotillarni joʻnatmoqchi emasdi. Oʻng eserlar Leninga suiqsd uyushtirishga tayyorlanishayotganini u doʻstlaridan bilib olgan boʻlishi mumkin edi.

Kaplanni oʻng eserlarning jangovar guruhiga aynan Sverdlov tavsiya qilgandi. Sverdlovning singlisi Sara uning yaqin dugonasi edi. Sarra Lenin kotibiyatida ishlar va uning qachon, qaerda boʻlishini aniq bilardi…

Davlat toʻntarishi 1918 yilning 30 avgustiga moʻljallangandi. Trotskiy Moskvada emasdi – u Qozonda edi. Uritskiyning oʻlimi sababli Dzerjinskiy Petrogradga ketgandi. VCHK elchilar fitnasini fosh etishga tayyorgarlik koʻrayotgandi. Poytaxtdagi vaziyat qaltis edi. Leninning yaqinlari undan shu kunlarda hech qanday tadbirlarga bormay turishni soʻrashadi, ammo u bunga rozi boʻlmaydi. Oʻsha kuni ham odatdagidek, Moskva rayon qoʻmitasi kotiblarini chaqirishib, Lenin Basman va Zamoskvoretsk rayonlarida mitingda qatnashishini bildirishadi. Bu rayonlar kotiblariga xavfsizlik choralarini kuchaytirish buyuriladi. “Basman rayonida, – deb eslaydi Basman rayqoʻm kotibi Ye. Yampolskaya, – rayqoʻm aʼzosi Shablovskiyga Leninni qoʻriqlashni topshirgandik. Miting boshlanishiga 2-3 soat qolganida bizni yana markazga chaqirishdi va Lenin mitingga bormasligini aytishdi”.

Ammo Lenin Xlebnaya birjasiga keldi va bu yerda uni Shablovskiy qoʻriqlab yurdi. Ammo nima uchun Mixelson zavodida unga qoʻriqchi qoʻyilmadi? Chunki, Zagorskiy mitingni bekor qilgan, biroq bu haqda Leninni ogohlantirmagan edi va u fitnachilar tuzogʻiga tushgan edi…

Leninga qarshi fitna

Hozirda Lenin nima uchun Mixelson zavodiga shaxsiy soqchilarsiz kelgani nomaʼlum. Lekin shunisi aniqki, u qorongʻi tushganida zavodga keladi, bu yerda hech qanday miting boʻlmayotganini koʻrgach ortiga qaytadi. Uning ortidan esa Kaplan yuradi va uchta oʻq uzadi.

Gil qorongʻida Leninning izidan kelayotgan Kaplanni koʻrmaydi, oʻq otilganda esa gangib qoladi va qotilga qarshi hech qanday chora qoʻllamaydi. Keyinroq u oʻzini qoʻrqoqlikda ayblamasliklari uchun miting tugaganidan soʻng zavod hovlisi ishchilar bilan toʻlib ketgani va ular Kaplanga qarshi oʻq uzishga xalaqit berishganini oʻylab topadi. Gil suiqasd haqidagi jumboqning kalitini ham berib qoʻygan. Agar u Leninni Mixelson zavodiga soat 10da olib kelgan boʻlsa, Kaplan Leninni soat 10.15-10.20da otgan boʻladi. Gil yarador Leninni mashinaga oʻtqazib, Kremlga olib borgunicha 20 daqiqa vaqt oʻtadi. Soat 10.40da suiqasd haqida butun Kremldagilar xabardor boʻlishadi. Endi esa “V. I. Leninga suiqasd munosabati bilan Markaziy ijroqoʻmning yigʻilishi” haqidagi hujjatning vaqtiga qarang: “30 avgust, 1918 yil, soat 22.40”. Suiqasd haqida eshitishi bilan markazqoʻm raisi Ya. Sverdlov bir lahza ichida bayonot yozib tashlaydi: “Bundan bir necha soat ilgari oʻrtoq Leninga yovuzlarcha suiqsd qilindi”… Demak, Sverdlov suiqasd boʻlishini oldindan bilgan. “Biz bu ishda oʻng eserlarning qoʻli borligiga shubha qilmaymiz”… Leninni kim otganini hali hech kim bilmay turib, Sverdlov uning oʻng eserligini bilyapti. Bundan esa Sverdlov Leninni kim va qaerda otishi haqida ogohlantirilgan, degan fikr kelib chiqadi…

Puchga chiqqan davlat toʻntarishi

1918 yilning 30 avgusti Sverdlov uchun ogʻir boʻldi. U Trotskiyga telegramma yoʻlladi: “.. Lenin yarador, tuzalishiga umid yoʻq”. Petrogradga, Zinovevga Leninning yaralangani haqida qoʻngʻiroq qildi va har yarim soatda bogʻlanib turishini aytdi. Zinovev keyinchalik, Yakov Mixaylovichning hayajoni har yarim soatda oshib borganini, xotirjamligini yoʻqotganini eslagandi. Chunki Lenin allaqachon oʻlishi kerak edi, u hali ham tirik!

Aftidan, Sverdlov Leninga barcha narsani aniqlash va oʻch olishga vaʼda bergandi. Chekist Fridmanning eslashicha, Peters Kaplanni Lubyankada tergov qilayotganida u yerda Sverdlov paydo boʻlgan. U Kaplanga shunday deb qichqiradi: “Men sovet hukumatining oliy ijroiya organi raisi sifatida sizdan javob talab qilaman. Kimsiz? Rossiya ishchi sinfining dohiysiga yovuzlik qilishni sizga kim buyurdi? Gapiring! Siz esermisiz?” Kaplan unga qarab: “Men chor turmalarida oʻtirganimda jandarmlarga hech narsani aytmaganman, sizga ham aytmayman”, deydi.

Kaplan soat sayin Sverdlov uchun xavfli boʻlib borardi. U hozircha hech narsani aytmagan boʻlsada, Petrograddan gʻayrat bilan kelayotgan Dzerjinskiy tergov qilishni boshlasa, Kaplan hammasini gullab qoʻyishi tayin edi. Sverdlov 31 avgust kuni tergovni toʻxtatadi va Kaplandan tezroq qutulish chorasini izlaydi. U ishni chekistlardan olib qoʻyishga shoshiladi. Malkov Kaplanni Lubyankadan Kremlga olib keladi. Hukmni ijro etishni chekistlarga ishonmagan Sverdlov Kaplanni otishni Malkovga buyuradi.

1918 yilning 2 sentyabrida markaziy ijroqoʻm hokimiyatni Qozondan yetib kelgan Trotskiyga topshiradi. 5 sentyabr kuni esa Xalq komissarlari soveti yuz mingla begunoh kishilarning oʻlimiga sabab boʻlgan qonli “Qizil terror haqidagi Farmon”ni qabul qiladi. 1918 yilning oxiriga kelib Rossiyaning barcha chegaralarida fuqarolar urushi avj oladi.

Ammo ish silliq ketmaydi. Kaplan yetkazgan jarohat Lenining oʻlimiga sabab boʻlmaydi. U oʻziga nisbatan fitna uyushtirilganini anglaydi. 8 oktyabrga kelib, Trotskiy oʻz hammaslaklarini yiqqan inqilob kengashi tarkibiga Trotskiyning yetti nafar raqibi, ular orasida Stalin ham bor edi – kiritiladi. 1919 yilning martida sirli shamollashdan Sverdlov vafot etadi, yarim yildan keyin esa Sverdlovning doʻsti V. Zagorskiy bomba portlashi oqibatida halok boʻladi.

Trotskiy barcha hammaslaklaridan koʻra uzoqroq yashaydi. Ammo xorijda yashayotgan paytida boshiga terrorchining muz yoradigan choʻkich bilan urishi oqibatida u ham halok boʻladi.

 

Ruschadan D. Asqarov tarjimasi

 

ziyouz.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/leninni-kim-otgan-edi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x