Lahza ichidagi taqdir

Ravshan Ermatov bilan suhbatimiz reja boʻyicha boshqacharoq boʻlishi kerak edi. Oʻrganib qolganman: aksariyat sportchilardan intervyu olish qiyin kechadi, bir gapning(fikrning) ozgina uchini chiqarsa ham katta gap, u yogʻi… Koʻpincha oʻzlari shunday “erkinlik” yaratib berishadi-da: “Ha, endi qolganini oʻzingiz toʻgʻrilab yuboraverarsiz…”

Ammo Osiyoning toʻrt karra eng yaxshi referisi bilan suhbatimiz asnosida barcha rejalarim chippakka chiqdi-qoʻydi. Savollar yozilgan qogʻozni qarab oʻtirishga, ochigʻi, fursat ham boʻlgani yoʻq. Gap-gapga ulansa, “keyingi savolim nimaydi-ya”, deb qogʻoz tikilib-kalovlanib oʻtirmas ekansan. Qisqasi, hech qanday rasmiyatchilikka oʻrin qolmadi.

Shoir sizmisiz? – deya yelkamni qoqib qoʻydi salomlashganimizdan soʻng Ravshan aka. Zinadan koʻtarilar ekanmiz, oʻsha qaysar Runiyu Van Bommellarni maydonda shunchaki “tinchlantirib” qoʻyadigan Ravshan Ermatov shu insonmi yo men adashib boshqa birovni suhbatga chaqirib qoʻydimmi, deya shubhalana boshlayman. Yoʻq, yaxshilab qarayman: adashganga oʻxshamayman – Ermatovning oʻzi. “Ie, u ham bizdek inson ekan-ku” – chiqargan “xulosam”dan oʻzimning kulgim qistaydi.

Zukko odam emasmi, Ravshan aka payqaydi.

Shoir deganingizga kulgim keldi, – deyman izohga oʻtib. – Umrimda sheʼr yozmaganman.

Qoʻysangiz-chi, baribir shoirsiz!

Bu yengilgina hazil suhbatimiz qalovi boʻladi.

 

Bizni tan olishlari oson boʻlmadi

Janubiy Afrika Respublikasida oʻtkazilgan futbol boʻyicha 2010 yilgi jahon chempionati toʻgʻrisida bilmagan futbol muxlisi yoʻq. Unda kimlar qatnashgan, kim chempion boʻlgan, qaysi hakamlar oʻyinlarni boshqargan – bu haqda menga dars berib qoʻyishingizni tan olaman. Ammo unda ishtirok etgan kishining suhbatini olish baribir boshqacha-da. “Masalaning atrofida” aylanmaysiz. Axir, uning ichida boʻlgan kishi bilan har kuni ham yuzma-yuz gaplashavermaysiz-ku!

Tavakkal dedimu, dastavval, oʻsha jahon chempionati oldidan oʻzbekistonlik hakamlarga nisbatan qanday munosabatda boʻlishgani toʻgʻrisida soʻradim…

– FIFA bizni sakkiz yildan beri kuzatib, uch yildan beri jahon chempionatiga nomzod hakam sifatida tayyorlab kelayotganiga qaramay, jamoatchilik orasida bizga nisbatan ishonchsiz qarayotganlar bor edi, – deya hikoya qila boshlaydi Ravshan Ermatov. – Oʻn toʻqqizinchi jahon chempionatining ochilish uchrashuviga tayinlanganimizdan keyingi ilk matbuot anjumanida bir jurnalist biroz bepisandroq ohangda shunday savol berdi:

– Siz futboli rivojlanmagan bir mamlakatdansiz. Ochilish uchrashuvini jahonda toʻrt yarim milliard odam koʻradi. Sizdan boshqa tajribali hakamlar boʻla turib, sizni tayinlashdi. Shunday nufuzli oʻyinni boshqarishdan choʻchimayapsizmi?

Men unga shunday javob berdim…

Boshqa payt yoki vaziyat boʻlganda bunday savolga odatiy qarasa boʻlardi. Chunki shunday jurnalistlar ham bor: ularga qiziqarli javob kerak. Unaqangi javobni qanday olish mumkin? Nima qilib boʻlsa ham, hatto, suhbatdoshning biroz jahlini chiqarish, picha “qitigʻi”ga tegish evaziga boʻlsa ham (jurnalist etikasi – ustozlarning kuyib-pishib oʻqigan maʼruzalarida qolib ketgan) javob olishing shart. Muharriring shuni istaydi…

Ravshan Ermatov ilk jiddiy uchrashuvga hakamlik qilishi tayin boʻlgan, oʻzining ham hali hayajonlari toʻla bosilmagan vaqtda jurnalistning bu savolini biroz ogʻringansimon kayfiyatda qabul qiladi. Lekin…

– Men qanday musobaqaga kelganimni, jahon chempionatining nafaqat ochilish uchrashuvi, balki har bir oʻyinini boshqarish oson kechmasligini tushunib turibman, – deydi iloji boricha bosiqlik bilan, barcha gʻururli, ammo jahl otining jilovini qoʻlida mahkam tutib tura oladigan kishilar kabi. – Lekin bu mening oʻyinlarni boshqarishdan choʻchiyotganimni anglatmaydi. Agar shunday boʻlganida men chempionatni Toshkentda, oʻz uyimda koʻk choyni damlab, mazza qilib tomosha qilib yotgan boʻlardim.

Shundan soʻng ham bu kabi munosabatlar davom etdi. Lekin bilasizmi, ishonqiramasliklari ham koʻpincha sizning foydangizga ishlaydi. Sizni koʻklarga koʻtarib turishsayu, ishonchni oqlay olmaganingizdan koʻra, biror ishni bajarishingizga koʻzi yetmayroq turishganda, vazifangizni yaxshilab bajarganingiz tuzuk.

Oʻyindan oldin menda ham, Bahodir akam bilan Rafayelda ham (R. Ermatovning yordamchilari – FIFA laynsmenlari Bahodir Qoʻchqorov va Rafayel Ilyosov. – E. N.) bir tuygʻu joʻsh ura boshladi. Oʻyinda yaxshi harakat qilish, iloji boricha xato qilmaslik, toki bizga ishonmayotganlar kimligimizni bilishsin.

Koʻnglimizdan nima kechayotgani FIFAdagilarga ham ozmi-koʻpmi maʼlum edi. FIFA nima qilayotganini yaxshi biladigan tashkilot. Qaysi oʻyinga kimni tayinlashni yaxshi bilardi. Uch yillik kuzatuv va sinovlar natijasida kelingan qaror edi bu tayinlov. Shunday boʻlsa-da, FIFAning hakamlarning ruhiy holatlariga masʼul xodimi, ispaniyalik psixolog Manuyel Lopes men bilan jiddiy gaplashib olishga qaror qildi.

– Ravshan, biz senga ishonamiz, – dedi u. – Sen oʻyinni albatta zoʻr boshqarasan. Buning uchun senga yana bir qoʻshimcha “topshiriq”: oʻyinni kim yoki qancha kishi tomosha qilayapti, tribunada nima gap, bu haqda umuman oʻylama. Tashqi taʼsirlarni butunlay unut. Maydonda sen, assistentlaring va 22 futbolchi. Boshqa hech kim.

Bu menga qoʻshimcha dalda boʻldi.

 

Men uchun qoidaning katta-kichigi yoʻq

– Hakam ham boshqa soha vakillari kabi oʻqib-oʻrganib borishi kerak. Oʻz sohangga oid yangiliklardan xabarsiz qoldingmi, yaxshisi, bu ishni yigʻishtirib boshqasiga qoʻl urganing maʼqul. Bu menga ustozlarim tomonidan berilgan eng kerakli oʻgitlardan, – deydi FIFA referisi, gurungimiz oʻzani jahon chemionatidagi ayrim bahsli vaziyatlar, qoidalar sari burila boshlagach. – Ehtimol, boshqa sohada yuz foiz tayyor boʻlmay turib ishga kirishsa boʻlar. Chunki tajriba ortib, bora-bora avvalgi xatolarni ish jarayonida tuzatib ketaverasan. Ammo hakamlikda bunday emas.

Hakam oʻziga topshirilgan oʻyinga hamisha yuz foiz tayyor boʻlishi shart. FIFAning bizga qoʻyadigan talabi shu. Toʻqson toʻqqiz ham kamlik qiladi. Yuz boʻlishi kerak. Muammo oʻsha biz eʼtibor qilmagan bir foizning ichida boʻlsa-chi?..

Qiziq, shu bilan birga ajoyib falsafa, shunday emasmi?..

– Bu gaplarni aytishimdan muddao – biror kasbni tanlagan, endi yeng shimarib ishga kirishayotgan har bir yosh oʻz oldiga ish uchun maksimal tayyor turishni maqsad qilib olishi kerak. Shunda yutqazmaydi.

FIFA tomonidan oʻtkaziladigan elit hakamlar uchun seminarlarda koʻpgina hakamlar, ular ichida manaman degan yulduz hakamlar ham boʻlardi, baʼzi qoidalarga diqqat qaratib oʻtirishni oʻzlariga ep koʻrishmasdi. Misol uchun, futbolda mingdan bir holatda yuz berish ehtimoli bor vaziyatlar boʻladi. Balki umuman yuz bermasligi mumkindek tuyuladigan holatlar ham yoʻq emas. Oʻshanday holatlarni koʻrib chiqib, oʻrganish vaqti kelganda:

– Qoʻysanglar-chi, bu holat hayotda boʻlmaydi, – deyishardi va keyingi qoidaga oʻtishni talab qilishardi. Men esa har bir qoidani oʻrganishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻygan edim. Ana shu maqsad meni dangasalikdan saqladi…

Koʻza kunda emas, kunida sinadi, degan maqol zamiridagi hikmatni Ravshan akaning quyidagi hikoyasini tinglarkanman, yanada yaxshiroq anglaganday boʻlaman. Oʻn yetti yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida yuqorida aytib oʻtilgan “kamdan-kam yuz beradigan voqealardan” biri sodir boʻladi. Oʻzbekistonlik FIFA referisi ehtimoli kam boʻlsa-da, bu kabi vaziyatlar albatta yuz berishi mumkinligini bilardi va unga har lahza shay boʻlib turardi. Bilmaganga mushkul, bilganga chikora? Yuz bermish voqea boshqalar uchun “koʻzaning dabdurustdan sinishi”dek kutilmagan, qiyin vaziyat boʻlib tuyulgandir balki. Ammo Ermatov uchun u “qachondir sodir boʻlishi aniq, oddiy voqea” edi. U 2003 yilning avgustida Finlyandiyada yuz beradi. Oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati guruh uchrashuvlaridan biri, Yaman – Portugaliya oʻyini.

Oʻyin qoidasi Portugaliya jarima maydonida buziladi va Ravshan Ermatov yevropaliklar darvozasi tomon 11 metrlik jarima toʻpini belgilaydi.

– Yamanlik futbolchi toʻpni tepdi. Gol. Lekin men uni inobatga olmadim, – deydi oʻsha vaziyatni xotirlab Ravshan aka. – Penaltini takror bajarishga ishora qildim. Bu gal ham qoida buzildi. Uchinchi marta bajarish kerakligini aytganimda, yamanlik yosh qiziqqon futbolchilarga qoʻshilib tribunadagilar ham norozilik bildira boshladi. Futbolchilarga jarima zarbasini nega qaytatdan bajartirayotganimni tushuntirdim. Va nihoyat, uchinchi urinishda xato qilishmadi.

Oʻyin tugadi. Stadiondan chiqib mehmonxonaga borsam, osiyolik hakamlar uchun masʼul Farruh Borza janoblarining figʻoni falakda.

– Nimalar qilib qoʻyding, Ravshan? – deydi alam bilan.

– Nima qilibman? – dedim kulimsiragancha uni xotirjam qilishim zarurligini payqab. Nima qilganimni oʻzim juda yaxshi bilib turardim.

Gap shunda ediki, oʻshanda penalti bajarilayotgan holatda darvozabon va futbolchidan boshqa hech kim “oʻn oltilik”ka kirib ketishi mumkin emasligi haqidagi qoida qabul qilingan, uni esa hali hamma ham bilmas edi. Yamanlik futbolchilar oʻn bir metrlik jarima toʻpini birinchi va ikkinchi tepishda jarima maydoniga kirib ketishgandi. Men ularga buning notoʻgʻri ekanini tushuntirgachgina, ular penalti uchinchi marta amalga oshirilayotganda qoidaga amal qilishdi. Boʻlgan gapni Farruh Borzaga gapirib berdim. Shundan soʻnggina u yengil nafas oldi.

Koʻp vaqt oʻtmay, oʻzbek hakamining qarori mutlaqo toʻgʻri ekani rasman eʼlon qilinadi. Qoida yangi qabul qilingan, unga Ravshan Ermatov birinchi boʻlib rasmiy oʻyinda amal qilgan edi. FIFA bunga alohida eʼtibor qaratadi hamda oʻsha holatni oʻzining maxsus oʻquv qoʻllanmasiga kiritadi.

Kamdan-kam yuz beradigan vaziyatlardan yana biri 2010 yilgi jahon chempionatining ochilish uchrashuvi – Janubiy Afrika Respublikasi – Meksika oʻyinida sodir boʻlganini jahondagi milliardlab futbol ishqibozlari koʻrdi.

Meksikaliklar hujum qilayotganda JAR himoyachisi raqib hujumchilaridan koʻra oʻz darvozasiga yaqin pozitsiyada edi. Tabiiyki, hamma oʻyinda koʻrganmiz, himoyachi raqib oʻyinchisidan koʻra oʻz darvozasiga yaqin masofada turgan boʻlsa, “offsayd” boʻlmaydi. Bu holatda ham shunday boʻldi-ku? Demak, oʻyindan tashqari holat haqida qanday gap boʻlishi mumkin? Rafayel Ilyosov ham, Ravshan Ermatov ham odamni uyaltirdi-yey, vassalom! Ay, boshqarolmas ekansan, jahon chempionatida nima qilasan?!. Aksariyat muxlislarning ichidan shunga oʻxshash “qirindi” oʻtganiga shubham yoʻq.

Ammo biz, mullamuxlislar adashgan ekanmiz oʻshanda. JAR darvozaboni oldinga chiqib ketgan, ortda himoyachining bir oʻzi qolgani tufayli, yon hakam (Ilyosov) bayroqchasini toʻgʻri koʻtargan ekan – offsayd! Bu qarorning naqadar toʻgʻriligini keyinchalik butun dunyo futbol mutaxassislari eʼtirof etdi.

 

– Oʻyindan tashqari holatni toʻgʻri belgilay olishimizda Rafayelning xizmati katta boʻldi oʻshanda, – deydi bu vaziyatni eslar ekan Ravshan aka. – “Komunikeyshn sistem” vositasida Rafayel bilan vaziyatni sekund ichida hal etishimiz shart edi.

– Rafayel, nima boʻldi, koʻrdingmi?

– Toʻp kimdan kelganini aytib yubor… Tushunarli – offsayd!..

Bu holat tufayli jahondagi millionlab muxlislar futbolning yana bir nozik qoidasini yaxshiroq tushunib olishdi. Buning uchun R. Ermatov va uning jamoasi semiz-semiz kitoblar qoralamadi, bitta bayroqcha va hushtak bilan muxlislarga qiziq bir vaziyat haqida bilim berib qoʻydi. Bu R. Ermatovning oʻz iborasi bilan aytganda, Xudoning buyuk marhamati edi.

Ha, gohida lahzalar ichida senga boʻlgan hamma narsa oʻzgaradi. Odamlarning mehri, muhabbati – umuman, senga nisbatan munosabat, u nafrat yoki shunchaki, moʻtadil qarash boʻlishi mumkin.

Ravshan Ermatov va uning jamoasiga boʻlgan ishonchsiz qarashlar lahzalar ichida roʻy bergan birgina holat va chiqarilgan odil qaror sababli tamom oʻzgardi. Kechagina: “Bular qayerdan kelib qoldi oʻzi?” deya istehzo aralash hayratlanayotganlar, oʻyindan keyin oʻz fikr liboslarini oʻng kiydilar. Nigohlaridagi negativlik pozitivga almashdi:

Ha-a, baraka topkurlar, hakam degani mana shunday boʻlibdi-da!..

 

Elmurod NISHONOV

https://saviya.uz/hayot/suhbat/lahza-ichidagi-taqdir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x