Oy bulutlar orasida xira shuʼlalanardi. Yoʻl yoqalab tarvaqaylab ketgan tut daraxtlari har-har zamonda shovullar, esayotgan shamol asfaltdagi xazonlarni shitir-shitirlab u yoqdan-bu yoqqa uchirardi. Uzoqdan – qishloq tomondan itlarning xurishi keladi. Shundogʻam yuragi siqilib borayotgan Esonning tagʻin diqqati oshar, bor alamini sigirdan olmoqchi boʻlgandek, qoʻliga chirmab olgan arqonni siltab tortgancha soʻkinib, jonivorga baqirar edi. Shu payt kimdir orqadan kelib, sigirni kafti bilan charsillatib urdi-da, “chuh jonvor, chuh” dedi. Oyogʻini yerga tirab zoʻrgʻa yurib kelayotgan sigir deyarli yugurib ketdi. Ikkinchi bir kishi ortda qolib ketayotgan buzoqni yetaklab Esonning yoniga keldi. Qarasa, qishloqdoshi Bahodir aka.
– Esonmisan? Bozorgami? – dedi.
– Bozorga… – Bahodir akaning keyingi ketma-ket savollariga Eson qisqagina javob berdi. – Pul zaril, aka. Yoʻqsa, sogʻin sigirni koʻzing qiyadimi?
– Oʻzingning sigirmi?
– Oʻzi birgina shu sigir edi. Shu enamdi mazasi yoʻgʻroq, aka.
– E, shundaymi? Bir qishloqda yashab bilmabmiz. Har kim oʻz tashvishi bilan deganday. Ha-yey, shifosini bersin. Endi… uka, kasalchilik odamni charchatadi. Odam sabrli boʻlsa, Xudoyimning yaxshi kunlari koʻp. Mol-dunyo topiladigan narsa, sogʻliqqa qarang, sogʻliqqa. Nasib etsa, tuzalib ketsa, toʻylaringizda ota-ena bosh boʻlsa, hammasi esdan chiqib ketadi.
Bahodir aka yoʻl-yoʻlakay shu kabilardan gapirib ketarkan, goh dehqonning mahsuloti arzonligidan nolir, goho molbozordagi olibsotarlarning “ustamon”ligidan kuyinardi. Soʻng sigirni Esonning oʻzi sotadimi yo yoʻqmi, bu haqda ham surishtirib, imkoni boʻlsa oʻzi sotgani maʼqulligi, bugun odamlarda oqibat koʻtarilib borayotganiyu eng yaqin qarindosh ham aldashi mumkinligi toʻgʻrisida nasihat oʻqidi. Bahodir akaning oʻgʻli Jamshid orqada sigirni haydab kelar, otasining gapini maʼqullab qoʻyardi. Bunday vaqtlarda Eson oʻzini yanayam xokisor sezar, taskinu tasallolardan soʻng egik qaddini biroz rostlagandek boʻlardi.
Sigirning toʻxtamasdan tez-tez yurishidanmi, yo Bahodir akaning gaplaridanmi, harqalay, Esonga egnidagi choponi ogʻirlik qila boshladi. U choponni yechmoqchi boʻldiyu, bunday vaqtda odam tez shamollashi mumkinligini oʻylab, choponi oʻngirini qayirib, belbogʻiga qistirgancha yoʻlida davom etdi. Bahodir aka tagʻin sigir haqida surishtira ketdi. Gap daromadida:
– Yaxshi molni tanishga sotgan maʼqul, – dedi. – Gilam sotsang… degan gap bor-ku, oʻshani zap topib aytgan eskilar. Bekormas-da bu. Sizam doim shunday yurmaysiz-ku, Esonboy. Pulli boʻlarsiz, mol-hol qilarsiz. Ana shunda shu sigirning buzogʻidan birortasini olib boqsangiz, ham oʻzingiz, ham qoʻshningiz baraka topadi-da.
Bahodir aka tagʻin nimalarnidir tinimsiz gapirar, Eson bunga javoban “ha” yo “yoʻq” deb qisqa javob qaytarib ketardi.
***
Kecha Rasul aka oʻgʻli Esonga qoʻngʻiroq qilib, pul kerakligini, buning uchun soʻnggi ilinj sigirni sotish lozimligini va yana pulni tezlik bilan poytaxtga joʻnatishni aytdi. Shundan soʻng bu oila aʼzolarining gʻam-tashvishi ortgandek boʻldi. Toʻgʻri-da, necha yillardan buyon sut-qatigʻi bilan roʻzgʻorning uncha-muncha kam-koʻstini bildirmay kelayotgan ola govmish qadrli boʻlib qolgan. Jonivorni “ena sigir” deb atashardi. Uni sotish…
Muyassar sigirni soʻnggi bora sogʻib oldi. U sogʻayapti, Eson yemini berish uchun bir chekkada kutib turibdi. Yangi sogʻilayotgan sutning hidi dimoqqa uriladi, bir maromdagi “shigʻ-shigʻ” ovozga monand Muyassarning yelkasi uchib tushayotir. Eson bildiki, opasi yigʻlab oʻtiribdi. U sogʻib olayotgan sutdan koʻra koʻproq koʻzyosh toʻkayotir. Govmish esa borini iyib berayotgandek, yelinidagi suti sira tugamaydi. Qop-qora koʻzlarini miltiratgancha, hatto qulogʻini ham qimirlatmay, boshini egib jim turibdi. Eson bu holatni kuzatib, boshqa chidab turolmadi. Qoʻlidagi yemchelakni tapillatib yerga qoʻydi-da, uyga – momosi yoniga kelib, yonboshlab yotib oldi. Momosi uning sochini barmoqlari bilan taragandek erkalab:
– Ey, bolam-a, – dedi, – mushtday boshing bilan shuncha dardni tishingda tishlab, yelkangda koʻtarib yuribsan, bugun boʻlmasa ertaga koʻksingga shamol tegar. Xudoyimning yaxshi kuni koʻp. Sen bunday yotma, Rustam akangga telpon qilib ayt, ertaga, inakni sotib bersin. Momom aytdi, de. Bozorning past-balandini biladi. Puliniyam Toshkanga oʻzi joʻnatsin.
Eson kecha Rustam amakisi bilan kelishganidek, tong yorishmasdanoq, sigirni yetaklab bozorga joʻnadi. Opasi katta yoʻlgacha sigirni haydashib bordi. U bozorgacha Eson bilan bormoqchi edi, ukasi jerkib berdi. “Bor, uyga qayt. Qiz bola narsaga molbozorda nima bor?”. Ukasining sensirab baqirganidan ranjigan Muyassar koʻzyoshlarini artib uyga qaytdi. Bundan Esonning oʻzi ham qattiq xafa boʻldi. Shunday chogʻda Bahodir akadek yoʻldoshning duch kelishi uni birqadar mamnun qilgandi. Bahodir akani oʻziga yaqin kishidek his qila boshladi. Ular bozorga ancha yaqin kelib qolgandi. Kun ham yorishdi. Yigirma qadamcha naridagi odamni bemalol tanisa boʻlardi. Yoʻldoshlar endi ona-bola sigirni oʻz ixtiyoriga qoʻygancha, shoshmasdan ketib borardi. Bahodir aka gapni tagʻin bozordan, savdodan oldi. Molni Rustam akaning sotishini eshitgan Bahodir aka Esonni toʻxtatib:
– Akangni chaqir, shu yerda savdo qilaylik, – dedi. Eson akasiga qoʻngʻiroq qilib, bogʻlana olmadi. “Akam hali yetib kelmagan. Boʻlmasa, oʻzi meni izlagan boʻlardi” deb oʻyladi. Bahodir aka esa uni tobora qistovga olardi.
– Oʻzing ham kap-katta yigitsan. Narxini ayt, savdo qilaveramiz. Uydagilaring norozi boʻlsa, ana uyim… Uka, hozir bozorga kirishing bilan olibsotar ushlaydi-da, oʻzining aytgan narxiga bermaguningcha qoʻyib yubormaydi. Kechgacha boʻlsayam ushlab oʻtiraveradi, boshqalarga savdo qildirmaydi. Mana, biz koʻrib-bilib yuribmiz. Toʻgʻri, oʻzim ham mol olib sotaman. Lekin bu uyga, boqish uchun. Oʻzi tanishlardan sotiladigan sogʻin sigir izlab yurgandim.
Ota-bola Esonni koʻz ochirgani qoʻymasdi. Biri qoʻyib ikkinchisi gapirar, goh sigirni maqtasa, goh Esonga nasihat qilardi. Eson garangsib qoldi. Aksiga olib, akasi bilan ham sira bogʻlanib boʻlmadi. Rustam akaning uyi bozordan ancha yiroq, kechikib kelishi tabiiy. Shu bois Eson nima boʻlganda ham akasini kutishni moʻljallab, ayni gapni aytdi:
– Narx-navoni bilmayman-da men.
Bahodir aka jiddiy muammoga duch kelgan kishidek sergak tortdi. Ogʻir oʻyga choʻmib, tek qotdi.
– Sen bilan savdolashib boʻlmaskan, – dedi salmoqlanib. – Endi Rustamboyning ham kelmaganini… hozir hammamiz bozorga kechikyapmiz. Ertalabki savdo yaxshi-da, uka. Menga ishonsang ekan, oʻzim narxlab olsam. Bir qishloqning odamlari boʻlsak. Vaziyatingni ham aytib turibsan. Shunday molni begona qoʻlga arzimagan pulga berib yuborma, deyman-da.
Eson ishondi. Bahodir aka unga ikki million soʻm sanab berdi. Rustam esa ancha vaqtdan soʻng keldi. Aka-uka koʻrishishi bilan Rustam “Sigir qani?” deb soʻradi. Eson qoʻlidagi pulga ishora qilib:
– Sotdim, – dedi.
Rustam narxni eshitishi bilan baqira ketdi:
– Esing joyidami sening… nimaga mensiz sotasan? Bor, borib qara, ishonganingning ahvolini koʻr.
Eson bildiki, akasi uni uchratguncha bozorni oralab, uning molni sotganidan boxabar boʻlib va bundan norozi alfozda kelayotir. Shunda Eson akasiga: “Nima boʻpti, sizsiz sotgan boʻlsam. Mana pulini oldim. Tekinga berib yuborganim yoʻq-ku”, demoqchi boʻldiyu indamay qoʻya qoldi.
U akasining qistovi bilan odamlar gavjum tortgan joyga borib, boʻlayotgan savdoni orqaroqdan kuzatdi. Jamshid sigirni ipidan ushlab chekkada indamay turar, Bahodir aka esa allakim bilan savdo qilardi:
– Boy bova, ishonmasangiz oʻzingiz bilasiz. Uyimda oʻz qoʻllarim bilan boqqan molim. Baraka topmasangiz, keyin kelib ayting… lekin uch yuzlik sigir emas-da. Toza ikki yarim million boʻlsa oling.
Rustam aka Esonni yelkasidan ushlab, chekkaga tortdi:
– Koʻrdingmi? – dedi imkoni boricha bosiqlik bilan. – Bor, koʻpning ichida pulini betiga ot.
– Aka?! – dedi Eson koʻzlari jovdirab. – Nima qilgan boʻlsa oʻziga. Lekin men rozi boʻlib, qoʻl tashlashib, lafz qildim.
– Lafz qildim? Sen tirranchaning oʻzing kimu, lafzing nima boʻlardi?! He, lodon!
Eson akasidan yosh toʻla koʻzlarini olib qochdi. Rustam aka alam bilan yerga qattiq tufladi-da, pulni olib bozordan chiqib ketdi. Eson esa odamlar orasidan urinib-turtinib chiqib oldi. Bu dafʼa bozorga olomon oqib kelar, u esa uyiga ketib borardi.
Bobo RAVSHAN
“Maʼrifat” gazetasida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/lafz-2/