Post Views:
67
LABZAK ARIG‘I, Jangob – Bo‘zsuv kanalining o‘ng tarmoqlaridan biri, shahar hududida sharqdan g‘arb yo‘nalishida oqadi, suvi Quyi Bo‘zsuv arig‘iga qo‘shiladi. Uzunligi taxminan 4 km.
«Labzak» nomi «labi zax» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «zaxkash yer» ma’nosini anglatadi. Manbalarda shu nomli ariq 19-asrdan boshlab uchraydi. Xalq orasida «Jangob» degan nomi ham mashhur, bu nom qadimiyroqdir. Bu ariq 18-asrda shahar markazidan oqib o‘tgan.
20-asr boshlarida Labzak arig‘i Shayxontohur dahasining Turk, Labzak mavze-mahallalari, Maraim xalfa, «Raisko‘cha», «Orqako‘cha» mahallalari, markaziy bozordagi «Qoshiqchilik» mahallasi, Sebzor dahasining «Darvozakent» mavze-mahallasi, «Zanjirlik», «Fishtmasjid», «Qoziko‘cha», «Tinchob», «Kichik Janggoh», markaziy bozorda joylashgan «Poyakilik», «Hojiko‘cha-2», «Hojiko‘cha-3» mahallalari, Ko‘kcha dahasining «Ishqobod», «Mahkama», «Xodabozor», Beshyog‘och dahasining «Sarchopon», «Eski Namozgoh», markaziy bozordagi «Hovuzbog‘-1», «Gulbozor», «Chorsu» mahallalaridan oqib o‘tgan. Shaharning ko‘p aholili joylarini suv bilan ta’minlagan bu ariq Sebzor va Shayxontohur, Ko‘kcha va Beshyog‘och dahalari o‘rtasida chegara ham sanalgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/labzak-arig-i-jangob/