Quyoshdan saqlaning! Pigmentli dog’lardan aziyat chekadigan xonimlar kuz mavsumida quyoshda iloji boricha kamroq yurish va tarkibida SPF ko’rsatkichi 10-15 darajaga teng bo’lgan kremlardan foydalanishi tavsiya etiladi. Bu kremlar yuz teringizni yangi dog’lar tushishidan himoyalaydi.
Niqoblarga e’tibor. Kuz hosil mavsumi bo’lganligi uchun ham bu faslda niqob tayyorlash uchun meva-sabzavotlardan foydalaning. Mutaxassislar bu paytda bodring, uzum va rezavor mevalardan iloji boricha ko’proq foydalanishni tavsiya etishadi. Chunki aynan shu meva-sabzavotlar tarkibidagi vitaminlar teriga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Organizmni sog’lomlashtiring! Teri chiroyli bo’lishi uchun organizmni ichkaridan sog’lomlashtirish kerak. Nafaqat kuzda, balki yil davomida har kuni kamida ikki litr suv iching. Gap shundaki, suv terini namlantiradi va organizmdan ortiqcha toksinlarni haydaydi. Bu esa teri taranglashishiga, husnbuzar va dog’lar kabi muammolarning hal bo’lishiga yordam beradi. Kundalik taomnomangizga А, S, Ye vitaminlariga boy mahsulotlarni kiriting. Bular: sabzi, tuxum, jigar, yong’oqlar, baliq, pomidor va tsitrus mevalar. Ushbu mahsulotlar terining elastikligini saqlab qolib, immunitetni mustahkamlaydi.
Pardoz. Kosmetologlarning ta’kidlashicha, kuzgi pardozni yaratishda chegara bo’lmasligi kerak. Sababi, aynan pardoz yuz terisini kuz mavsumiga xos ob-havo o’zgarishi ya’ni, shamol, yomg’ir va shunga o’xshash tabiat hodisalaridan asraydi.
Unutmang! Kuz boshlanishi bilan qo’l parvarishiga ko’proq e’tibor qarating. Sovundan ko’p foydalanmang va har gal qo’lingizni yuvib bo’lgach, qo’llar uchun mo’ljallangan krem surtishga odatlaning. Shuningdek, tez-tez uqalash mashqini bajarib turing.
Bilsangiz, kuzda lablar ham alohida parvarishga muhtoj bo’ladi. Lablaringiz yorilmasligi yoxud qurib qolmasligi uchun lab bo’yog’i surtishdan oldin, maxsus malhamdan foydalaning. Lablar uchun mo’ljallangan maxsus malhamni barcha kosmetika do’konlari va dorixonadan topish mumkin.
Yangi mavsumda sochlar haqida unutib qo’ymang. Chunki aynan kuz faslida soch to’kilishi va gullashi kabi muammolar ko’payadi. Buning oldini olish uchun haftada bir marotaba boshingizga tuxumli niqob surting. Tuxumli niqob sochlarni mustahkamlab, yangi jilo bag’ishlaydi.
loading…