HAYOT
Hayot yaratadi oʻzi-oʻzini.
Yaratish ishlari faqat badiha:
Baxshilar aytganday nogoh soʻzini –
Taqdirga tik qarab – yumib koʻzini –
Ijod rejasida bilmay tahlika.
Bir yaproq sargʻayar, oʻsadi bir gul,
Bir kas “oh” uradi, joʻshar bir daho –
Hayot – yaratishning kori-la mashgʻul
(Azaldan yumushi – na-da taxayyul,
Na-da ruh ishiga etmaklik parvo).
Sargʻaygan yaproqdan ammo oʻsar sheʼr,
Guldan yaraladi inja shaʼn – yurak,
“Oh”dan tugʻiladi “Yo, haq!”, degan er,
Daho – davronlarga “Koʻzingni och” der –
Qismatini oʻrtab notanish tilak.
Shu tarzda oʻsmaklik boʻladi bunyod –
Rivoj toʻlgʻonishi – hamisha yangi:
Oʻsishi, tovushi, boʻylari, rangi…
Oʻzini choʻchimay yaratar hayot –
Chunki adashmaydi hech qachon Tangri.
* * *
Yuluduzlar
sen uchun porlar ehtimol.
Sen uchun ehtimol
bahorlar kelar.
Ehtimol bu dunyo sen uchun
yaralgan…
Anov, taqdir esa –
Faqat sen uchun.
Nega u
tashlandiq uy kabi gʻarib?
Nechun
taqdiringda
yashamayapsan?
Uni
birovlarga
nechun topshirding?
* * *
Toshkentda tush kabi yuribsan.
Ketayapsan,
yomgʻir yuvgan shaharni oralab –
qanday chiroylisan!
Uygʻonsam,
esimda qolasanmi?
Yoʻlkalar
poyingga
uzun choʻzilgan,
moshinlar beovoz suzarlar koʻchalarda.
Chorrahalarda chiroqlar bahorday yam-yashil.
Sen uchunmi,
yo sening sehringmi bu moʻjizalar?
Sen – odam shaklidagi tumanim –
tarqab ketmaysanmi
uygʻonsam?
Ortingdan ketishga ruxsat ber.
Bu hushyor dunyoda,
bu ishchan dunyoda,
bu bedor dunyoda –
hech boʻlmasa,
birgina odam
tushining ortidan ketsin!..
Aytganday,
sen
necha kunlik tushsan?
Har xil xayolga borma.
Umrim necha kun? –
bilmoqchiman,
xolos.
OʻSISHLAR
1
* * *
Har yil gullaydi daraxt,
Har yil meva tugadi.
Har yil xazon boʻlar.
Har yil xazon boʻlar.
Har yil – xazon…
Har yil…
Bori umri –
gullash va xazonligʻ.
Bori umri…
Gullash va xazonligʻ…
Oʻsishning boshqa yoʻli yoʻq! –
shu tarzda
yuksalar daraxt.
Har lahzada
shu tarzda
yuksalar.
2
* * *
Har lahzam – gullash.
Har lahzam – xazonligʻ.
Necha lahzadaman?
Lahzam nechada?
Qanchalar yuksaldim?
Qanchalar kirdim yerga?
Qanchalar quladim.
Qanchalar qazib oldim oʻzimni.
Yoʻqotish – topish qadardir menga.
Kulgular – faryod.
Oʻzimni esa tinmay vayron etdim –
Yangi oʻzimni bunyod etgani.
Xullas,
oʻzimni vayron eta
zerikmadim bu dunyoda yashashdan.
Dunyo ham
mendan
zerikkani yoʻq.
3
MAYSA
Quyoshga intilib oʻsganim
yodimda,
ammo quyosh qovjiratgani
esimda qolmagan.
Yomgʻirdan quvonganim
yodimda,
ammo jala ezgʻilagani
esimda yoʻq.
Faqat
ezgulik qolgan yodimda.
Shu sabab,
har yili
oʻsganim oʻsgan…
Oʻsganim oʻsgan…
4
XAT
Bugʻdoygina oʻsadi
Yiqilgan joyida-yo.
Daraxtgina oʻsadi
Ekilgan joyida-yo.
Toʻrt tarafga yugurma,
Giryon tortma, oʻksinib.
Tinglab koʻr, yurak oʻsar
Bir joyida – tepsinib.
Bir nuqtaga yigʻilmoq –
Oʻsishning barakati.
Toʻrt tarafga yugurish –
Qorinning harakati.
QOʻShIQ
Shovullagan yuragim-o, yurishlaring piyoda-yo,
Bu piyoda yurishlaring uchishlardan ziyoda-yo,
Bir “oh” ursang, kuz qolmaydi, bahor kelar dunyoga-yo –
Kuz koʻnglimdan gul uzdim-o, xazonrezdan hol tizdim-o,
Borimni har dam buzdim-o, har on oʻzimni tuzdim-o.
Shovullagan yuragim-o, ham quvonch, ham azobim-o,
Oʻzing qancha sarobim-o, oʻzing qancha xarobim-o,
Banda bergan savollarga Xudo bergan javobim-o,
Dunyongda kuz – gulladim-o, dunyongda soʻz – gulladim-o,
Dunyongda muz – gulladim-o, dunyongda yuz gulladim-o.
Taqdir azal hilpiraydi ruh qoʻzgʻagan shamolda-yo,
Hech kim bilmas, nelar bor-o, Xudo bitgan aʼmolda-yo,
Umrim oʻtdi qatra javob, olam-olam savolda-yo –
Savol-javob jangi aro koʻzlarimdan yosh izdi-yo,
Parvardigor qismat koʻyin ne hasrat ichra chizdi-yo.
Yuragim-o, madad olding yaxshilarning koʻnglidan-o,
Koʻp urinding, boray deding ulugʻlarning yoʻlidan-o,
Bandi boʻlding – chiqolmading poshsho qismat qoʻlidan-o –
Mendan ulkan toʻzimsan-o, mendan yaxshi oʻzimsan-o,
Mendan oʻtar soʻzimsan-o, mendan qolar izimsan-o!
KUZ KEChASI
Xazonrez. Kuz yetdi yurakka –
Maromni buzdi.
Zaʼfaron yulduzlar koʻlmakda –
Koʻkda ham kuzmi?
Shamolda shovullab daraxtlar
Tunga taraldi…
Negadir yigʻladi bir odam –
Koʻngil yaraldi.
Usmon AZIM,
Oʻzbekiston xalq shoiri
https://saviya.uz/ijod/nazm/kuz-yuksakligida/