Post Views:
7 937
Kutubxona – bu g‘oyalar maskani, unga hammani taklif qilish mumkin.
A. Gersen.
Ma’lumki, kutubxonalar qadim-qadimdan insonlar uchun ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lib, inson zoti doim kitoblarga intilib yashab kelgan. Har doim kutubxonalar jamiyat hayotining ajralmas qismi bo‘lgan. Faqat kutubxonalar tufayligina qadimgi qo‘lyozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbalar bizgacha yetib kelgani hech kimga sir emas.
Yozuvning paydo bo‘lishi va hujjatli manbalar, qo‘lyozma va keyinchalik bosma kitoblarning ko‘payishi kutubxonalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Kutubxonalar miloddan avvalgi 2 ming yillikda vujudga kelib, yozuvlar sopol bitiklarda yozilgan edi. Miloddan avvalgi VII asr o‘rtalarida Sharqdagi ko‘p saroylarda qadimgi Misr va Rim ibodat xonalari qoshida kutubxonalar bo‘lgan. Qadimgi davrdagi kutubxonalardan eng mashhuri Aleksandriya kutubxonasidir.
G‘arbiy Yevropada ilk o‘rta asrlarda monastir va ibodatxonalar qoshida kutubxonalar tashkil etilgan.
O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi 1 ming yillikning so‘ngi asrlarida dastlabki kutubxonalar paydo bo‘lgan. Bular ilk kutubxonalar bo‘lib, kutub – arabcha «kitoblar», xona – forscha «uy», ya’ni kitob va hujjatlar saqlanadigan joy demakdir.
Kutubxona – bosma va ayrim qo‘lyozma asrlardan ommaviy foydalanishni ta’minlovchi madaniy- ma’rifiy va ilmiy muassasa hisoblanib, unda muntazam ravishda bosma asarlarni to‘plash, saqlash, targ‘ib qilish va kitobxonlarga yetkazish, shuningdek, axborot bibliografik ishlar olib boriladi. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish kutubxonaning asosiy faoliyati bo‘lib, qolgan barcha faoliyatlar (kitob fondini butlash, uni tashkil etish, to‘ldirish va h.k) asosiy faoliyat uchun xizmat qiladi. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning asosiy maqsadi ularni axborot va adabiyotga bo‘lgan talablarini imkoni boricha to‘liq qondirishdan iborat.
Markaziy Osiyo hududida yirik sulolaviy kutubxonalar, masjid-madrasalar qoshida kutubxonalar bo‘lganligi haqida aniq tarixiy manbalar mavjud.
IX – X asrlarda arab xalifaligi tarqoqlashib, XI asrning oxiriga kelib O‘rta Osiyo hududida Somoniylar davlati yuzaga kelgan. Somoniylar davrida Movarounnaxr, Samarqand, Buxoroda fan va madaniyat rivojlana borgan. Bu davrda ushbu davlatda juda ko‘p mashhur qomusiy olimlar yashab ijod etgan.
Buxoroning mahobatli markazi, keng maydonning kunchiqar tarafida muhtasham ark turadi. Ark darvozasidan kirganda to‘g‘ridagi yo‘l bir ko‘hna binoga eltadi. Uning qalin devorlari boy xazinani qo‘riqlaydi. Bu bebaho boyliklar jam bo‘lgan xazina Buxoro kutubxonasi, bu kutubxona X asrdagi mashhur kutubxonalardan biridir.
O‘sha davrda Buxoro kutubxonasi juda boy fondga ega bo‘lib, u O‘rta Osiyoning siyosiy va madaniyat markazi hisoblanardi. Buxorodagi ushbu kutubxona amir saroyida joylashgan bo‘lib, kitoblar fan sohalari bo‘yicha sandiqlarda saqlangan. Unga faqat amir Nuh ibn Mansurning ruxsati bilangina kitobxon kirardi. Kutubxona ichida qator terilgan sandiqlarda kitoblar taxlab qo‘yilgan, har bir sandiqda bor kitoblarning ro‘yxati mavjud bo‘lib, u sandiq ichida turardi.
Tibbiyotga oid kitoblar ichida qadimgi yunon tabiblaridan Gippokrat asarlari, Malaziyada I asrda yashagan tabib Disquridus (Pedaniy Dioskorid), II asrda yashagan pergamlik tabib Jolinus (Klavdiy Galen) asarlari, II asrda yashagan rimlik tabiblardan Arxigen, Troyan Rufus, iskandariyalik Bavlus (VII asr) asarlari saqlanib kelingan. Bulardan tashqari yana Abu Bakr Muhammad bin Zakariyyo ar Roziy (865- 925), Abbosiylar sulolasining saroy tabibi Ibn Musovayh, bag‘dodlik Iso ibn Ali (IX asr), Iso bin YAhyo (IX asr), hind tabibi Charak Hindiy (I asr), YAhudiy tabiblardan Basrali Ibn Mosarjovayh (IX asr) va boshqalarning asarlari bo‘lgan.
Yana boshqa sandiqda falsafiy kitoblar, ular ichida Arastu asarlarining asl nusxalari, ularning arab tilidagi tarjimalari, yunon faylasuflarining Husayn bin Ishoq tomonidan arab tiliga qilingan tarjimalari; arab tilida yozgan faylasuflar Abu Yusuf YOqub bin Ishoq al – Kindiy, Abu Nasr Forobiy va boshqa mutafakkirlarning asarlari saqlangan.
Somoniylar poytaxti bo‘lgan Buxoroda juda ko‘p kutubxonalar va kitob bozorlari bo‘lgan.
Yirik sulolaviy kutubxonalar Xorazmda ham mavjud bo‘lgan. Urganchda xorazmshohlar, mamuniylar va anushtageniylar zamonida kutubxonalar barpo etilgan. Xorazm shohi Ma’mun ibn Ma’mun kutubxonasida kitob yig‘ish arablar kelishidan ancha oldin boshlangan. Bu kutubxonani boshqarishni shoh Ma’mun mashhur adabiyotshunos va tarixchi as – Solibiyga topshiradi.
Xorazm shohi Ma’mun II caroyda juda ko‘p olimlarni birlashtirgan «Ma’mun akademiya»sini tashkil qiladi. 1010 yillarda barcha xorazmlik olimlar qatori bu yerda Beruniy ham ishlay boshlaydi va shu yerda Abu Ali ibn Sino bilan uchrashadi. Ular shundan so‘ng anchagacha birgalikda ijod qiladilar. Xorazmda juda ko‘p ilmli kishilar yashagan, XI–XII asrlarda bu yurtda olimlar ishlashi uchun sharoit yaxshi edi. Faxriddin ar Riyozi o‘zining ensiklopedik mazmundagi «Ilmlar to‘plami» (Sobraniye nauk) asarini yozgan.
Xorazm kutubxonalaridan yana biri bu Xivadagi Shaxobuddin kutubxonasidir. «Bunday kutubxona bundan oldin ham, keyin ham bo‘lmagan, chunki undagi qo‘lyozma asarlar fondi Marvdagi kutubxonadan qolishmas edi», deb aytgan edi Nasafiy.
«G‘aznaviylar davrida Xorazm, Hamadon, Isfaxon singari yirik shaharlarning kutubxonalari Xurosondagi barcha iste’dodli va o‘qimishli kishilarni o‘ziga tortuvchi markaz bo‘lib qolgan edi», deb yozadi yirik olim A.A. Semyonov.
Mo‘g‘illar istilosi arafasida Marvda o‘nta yirik kutubxona bo‘lgan, birgina Aziziya madrasasi kutubxonasida 12 ming jildga yaqin kitoblar saqlangan. XI asr boshlarida Mahmud G‘aznaviy G‘aznada madrasa qurdiradi, madrasaning barcha xonalarida kitob saqlash uchun maxsus joylar mavjud bo‘lib, ularda qo‘lyozma asarlar chiroyli qilib terib qo‘yilgan.
Boy kutubxonalarga ega bo‘lgan davlatlarda qadimdan fan va madaniyat yaxshi rivojlangan, buyuk alloma va mashhur kishilar yetishib chiqqan. Iskandar Zulqarnayning jahongir bo‘lishi uchun ustozi Arastuning xizmati qancha bo‘lsa, Rumda turib butun dunyo sirlarini bilgan Arastuning donishmand darajasiga yetishishida unga bosib olgan yurtlardan kitoblarni yuborib turgan shogirdi Iskandarning xizmati ham kattadir. Buxoroda Ibn Sino davrigacha ham dunyoga dong‘i ketgan mashhur kutubxona bo‘lgan, keyinchalik bu kutubxona yong‘inga uchraganini tarixdan yaxshi bilamiz. Buyuk sohibqironning har ikki xazinasidan biri- kutubxonasi hisoblangan.
Hazrat Alisher Navoiy kitob san’ati tarixida o‘ziga xos davrni boshlab berdi. Uning bevosita ko‘magi bilan Behzod, Sulton Ali Mashhadiy, shoh Muzaffar kabi o‘nlab kitob san’atida mohir xattotlar yetishib chiqdi. Buyuk bobokalonlarimiz kitob yaratish bilan birga ularni avaylab – asrash borasida ham o‘rnak ko‘rsatganlar.
«Jamiyatda yuksak ma’naviy fazilatlarni kamol toptirish, milliy mafkurani shakllantirish, yoshlarni boy madaniy merosimiz, tarixiy an’analarimizga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning hal qiluvchi omilidir», deyiladi O‘zbekiston Prezidentining «Ma’naviyat – ma’rifat» jamoatchilik markazi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshrish to‘g‘risida»gi Farmonida.
Darhaqiqat, bu vazifalarni bajarish uchun kutubxonalarsiz hech ish qilib bo‘lmaydi.
O‘rta Osiyo xalqining fan va madaniyati bir yarim asr davomida mo‘g‘il istilochilari tomonidan vayron qilingan. Keyinchalik tiklanish davrida mahalliy hukmdorlar orasida sulolaviy kutubxonalar tashkil topgan, kitob xazinasini to‘plash an’anaga aylangan. Ayniqsa, kutubxonachilik ishi rivojlanishiga Amir Temur va temuriylar hokimiyati yillarida katta e’tibor berilgan.
Buyuk sohibqiron davrida Samarqand shahridan kitob olib chiqish man etilgan, kitoblar tengsiz boylik sifatida qo‘riqlangan.
Amir Temur (1336-1405) avval vatani Shahrisabzda, so‘ng mamlakat poytaxti Samarqandda saroy kutubxonasi tashkil qildi. Temurning saroy kutubxonasi uchun butun Movarounnahr bo‘ylab kitobfurushlardan va shaxsiy kutubxona egalaridan mashhur mualliflarning bejirim bezatilgan kitob nusxalari sotib olindi. Kutubxonada qo‘lyozma ko‘chirish, kitoblarni bezatish ishlarini milliy kitob san’atining mohir ustalari olib borganlar. Samarqandda arab, fors, turk, sanskrit, yunon, lotin, arman tilidagi ko‘plab bebaho qo‘lyozmalar Eron, Turkiya, Hindiston, Iroq, Armaniston kabi davlatlardan, Stambul, Bruss, Isfaxon, Hamadon, Sheroz, Bag‘dod, Basra, Damashq kabi qadimiy madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan shaharlardan olib kelingan edi. Olimlarning taxminicha, Temur Samarqandga VIII asrning birinchi choragida aynan Basradan Kufiy xati bilan ko‘chirilgan Qur’oni Karimning nusxasini olib kelgan.
Amir Temur kutubxonasidan faqat saroy vakillarigina emas, balki muayyan guruhdagi kitobxonlar ham foydalanganlar. Kutubxonadagi kitoblar fan sohalari bo‘yicha ro‘yxatga olinib, sandiqlarda saqlangan. Bu tartib kitoblarni hisobga olish uchun emas, balki foydalanish oson bo‘lishi uchun ham o‘rnatilgan. Temurdan so‘ng uning noyob kutubxonasi nabirasi Ulug‘bekka (1394 – 1449) meros bo‘lib qolgan.
Temur o‘z hayotining ko‘p qismini harbiy yurishlarda o‘tkazadi, bunday yurishlarning ba’zilarida Ulug‘bek ham qatnashadi. Safar vaqtida har narsani bilib olishga qiziquvchi yosh Ulug‘bek o‘ziga xos ko‘chma «kutubxona»dan foydalangan. Bu jonli kutubxona bo‘lib, unda tarixchilar, shoirlar, olimlar yig‘ilishib, suhbat qilishar edi.
Ulug‘bekning otasi Shohrux Hirot hukmdori edi. Ulug‘bek otasi huzuriga kelib bu yerda haqiqiy kutubxona bilan tanishadi va kitobga bo‘lgan qiziqishi yanada oshadi. Ulug‘bek o‘n yetti yoshida (1411 yil) bobosining dabdabali poytaxtiga voris hokim bo‘ldi. Ulug‘bek davrida O‘rta Osiyo kutubxonachilik ishi yanada rivojlandi. Ayniqsa, Ulug‘bek topshirig‘i bilan 1428-1429 yillarda Samarqanddagi observatoriya qoshida tashkil etilgan kutubxona eng boy kitob fondiga ega bo‘lgan.
Taxmin qilishlaricha, Ulug‘bek yiqqan kitoblar xazinasi Pergam qo‘lyozmalaridan boshlangan, Temur Pergam shahrini bosib olganda qo‘lyozmalarni ham karvon bilan Samarqandga olib kelgan. Kutubxona Ulug‘bek davrida betinim boyib borgan. U juda bilimli bo‘lib, o‘z kutubxonasida soatlab o‘tirib mutolaa qilar edi. Kutubxonada Platon, Gippokrat, Ptolomey, Aristotel asarlari to‘plangan va yaxshi saqlangan edi. Bulardan tashqari, bu yerda vatandoshlarimiz buyuk olim Muhammad ibn Muso Xorazmiyning algebraga doir mashhur risolasi, Abu Rayxon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» va «Astronomiya kaliti» nomli asarlari, Al – Battoniyning astronomik jadvallari; Abu Ali ibn Sinoning «Tib qonunlari» risolasi bo‘lgan. Ulug‘bek yulduzlar to‘g‘risidagi fan tarixini shu qadar o‘rganib chiqdiki, natijada o‘zi ham shu sohada ilmiy ishlar qilib, kitoblar yoza boshladi. Ko‘p yillik samarali mehnati natijasida «Ziji jadidi Ko‘ragoniy», «Ulug‘bek ziji» dunyoga keldi. 1018 ta yulduzning holatini ko‘rsatib beruvchi mazkur asar uzoq yillar davomida eng aniq va mukammal asar bo‘lib qoldi. Kitobda jadvallardan tashqari, katta muqaddima ham bo‘lib, unda astronomik kuzatishlar metodikasi berilgan. Shuning uchun Ulug‘bek fan tarixiga buyuk astronom sifatida kirgan.
U taxtga o‘tirgan dastlabki yillardayoq o‘z atrofiga olimlarni to‘pladi. Shulardan biri munajjim donishmand Qozizoda Rumiy bo‘lib, Ulug‘bek uni ustozim deb bilgan.
Ulug‘bek serzavq sulton bo‘lib, musiqa va tarixga ham qiziqardi. U kutubxonasining mudiri vazifasiga shogirdi Ali Qushchini tayinlagan. 1449 yilda halok bo‘lgan Ulug‘bek kitoblar xazinasining bundan keyingi qismati ham Ali Qushchi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Ulug‘bek o‘qib chiqqan kitoblardan o‘z asarlari uchun sitata olgan, shuning uchun turli olimlarning asarlari uning kutubxonasining boyligi haqida ma’lum bir tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Kutubxonada filologik ishlar ham olib borilar edi, shu yerda Firdavsiyning mashhur «Shohnoma» dostonining mukammal matni tuzilgan bo‘lib, mazkur qo‘llanmada yigirmata katta ajib miniatyura mavjud. Kutubxona ustaxonasida yana bir durdona masallar majmuasi «Kamila va Dimna» ham ko‘chirilgan.
Bu kutubxona fondida nodir qo‘lyozma asarlar juda ko‘p saqlangan. Kutubxona tarixini o‘rgangan olimlarning fikri ham, rivoyatlar ham turlicha, lekin ularning hammasi bir fikrda, ya’ni qo‘lyozmalar saqlanib qolgan, uni qidirish kerak, degan fikrda yakdildirlar.
Temuriylardan Shohrux Mirzo, Boysunqur Mirzo va Husayn Boyqaroning kutubxonasi ham adabiy-badiiy, ilmiy kitoblarning xilma-xilligi va soni jihatdan Temurning Samarqanddagi kutubxonasidan qolishmas edi.
Shohrux Mirzoning o‘g‘li Mirzo Boysunqur 1397 yil 16 oktyabrda dunyoga kelgan. U zehnli, aqlli, dono bola bo‘lgan, o‘qish va yozishni juda barvaqt o‘rgangan. Bosunqur 17 yoshga to‘lganda otasi unga Tus, Mashhad, Abivard, Shumulqon, Habushon, Niso, Mozandaron, Astrobod, Jurjon viloyatlarining hokimligini topshiradi. 1416 yili u otasining vaziri mansabiga ko‘tariladi. Yosh bo‘lsa ham, u davlat ishlarini mohirlik bilan olib boradi. Otasi safarga ketganida, uning o‘rniga noiblik ham qiladi. Birodari Ulug‘bek singari Boysunqur ham ilmi va fazilatlari bilan taniladi. Boysunqur Mirzo Hirotda ulkan kutubxona ta’sis etadi. Unda qirq nafar yetuk hunarmand: xushnavis xattot Mavlono Ja’far Tabriziy raisligida kitobat bilan mashg‘ul bo‘lib, kitobatga lozim bo‘lgan varroqlik, sahhoflik, tasvir, tazhib, tajlid, vassolik, zarafshonlik va boshqa nafosat, badiiy san’at ijodi bilan band bo‘lganlar. Mavlono Ja’far Tabriziy Boysunqur Mirzo kutubxonasining raisi, nasta’liq xatining ijrochisi, Mir Alining shogirdi edi.
Mirzo Boysunqur tashkil etgan kutubxona va nigorxonasida quyidagi naqqosh va xattot, musavvirlar ishlar edi: Mavlono Shams Boysung‘uriy xattotlikda Boysunqur Mirzoning ustozi, olti nav yozuvini mukammal bilgan yetuk xattot Xalil Haraviy Boysunqur Mirzo tarbiyasini olganlardan, u chizgan Amir Temur surati bizgacha yetib kelgan.
Qavomiddin Sheroziy–Shohrux Mirzo zamonining mashhur muhandisi, me’mori va tarrohi edi.
O‘sha davr tarixnavislarining e’tirofiga ko‘ra, shu 40 nafar hunarmand o‘z hamdast ham peshalari bilan har biri zamon ajibasi, davron nodirasi bo‘lgan. Boysunqur Mirzo kutubxonasini yirik nafis san’at akademiyasi desa ham bo‘ladi. Chunki bu yerda faqat kitob ko‘chirish bilan shug‘ullanibgina qolmay, nodir qo‘lyozmalarning ilmiy tanqidiy matnini tiklab, tasvirli albomlar ham tuzganlar.
Boysung‘ur boshliq hunar egalari Firdavsiyning «Shohnoma»sini turli qo‘lyozma nusxalarini to‘plab birinchi bor to‘liq va mukammal nusxada ko‘chirganlar. Mazkur qo‘lyozma Ja’far Tabriziy tomonidan 1425–1430 yillari ko‘chirilib, musavvirlar uni yigirmata surat bilan bezab tasvirlaydilar.
Boysunqur Mirzo «Shohnoma»ning bu nusxasiga muqaddima yozadi va bu adabiyot tarixida «Boysung‘ur muqaddimasi» nomi bilan mashhurdir.
Boysunqur Mirzo olti xil yozuvni mukammal bilgan xattot ham bo‘lgan. Mashhaddagi onasi sharafiga qurilgan Gavharshodbegim maschitidagi yozuvlarni uning o‘zi yozgan. Boysunqur Mirzo kutubxonasida yaratilgan o‘sha davr tasviriy san’ati durdonalari bo‘lmish tasvirli kitoblar so‘ngi paytlargacha topilmasdan kelar edi. G‘arbiy Yevropa va Sharq san’atshunos olimlarining tadqiqotlari natijasida mazkur qo‘lyozmalardan ba’zilarining saqlanayotgan joylari aniqlandi. Ular garchi turli mamlakatlarga tarqalib ketgan bo‘lsa ham, kutubxonadagi ba’zi kitoblar bizgacha yetib kelgan. Hozirgi kunda Boysunqur kutubxonasida yaratilgan kitoblarning aksari Istambul va Tehron muzeylarida saqlanmoqda.
Marv va Buxoro turli tarixiy davrlarda ham O‘rta Osiyoning siyosiy va madaniyat markazi hisoblangan. Biz ajdodlarimizdan qolgan oltin meros bo‘lmish qo‘lyozma va boshqa bebaho manbalardan shuni bilamizki, Buxoroda qadimdan jahonga mashhur ilm maskanlari va kutubxonalar mavjud bo‘lgan. XVI – XVIII asrlarda Buxoroda ikkita yirik saroy kutubxonalari mavjud bo‘lgan. Bu kutubxonalardan biri Shayboniylar saroyi kutubxonasidir.
XV asrning oxirlari XVI asrlarda Sirdaryo hududidan to Markaziy Afg‘oniston yerlarigacha bo‘lgan katta hududda shayboniylar sulolasi hukmronlikni qo‘lga olgan. Bu davrga kelib Movarounnahrda adabiyot, fan va san’at juda yaxshi rivojlana borgan. Shayboniylar saroyi kutubxonasi haqida Hasan Nisoriyning «Muzakkiri al–axbob» nomli tazkirasidan Erondan kelgan ustalarning kutubxonadagi faoliyati to‘g‘risida ozgina bo‘lsa ham ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Kutubxonaga turli davrlarda 3 nafar kitobdor rahbarlik qilgan: Sulton Miroq al- Munshiy, Mavlono Abdullox al-Munshiy va Mir Husayn al-Husayniy an-Nasafiy bo‘lib, ularning qo‘l ostida 3 suratkash va 9 usta ishlagan. Kutubxonada hattotlik ishi ham olib borilar va suratkashlar tomonidan kitoblarga zarhal bilan bezak berilib, turli miniatyuralar ta’svirlanardi. Shayboniyxon o‘zi ham juda ilmli kishi bo‘lib, ilm ahllari uchun saroyi oldida yirik va mashhur kutubxona tashkil qilgan. Kutubxonada kitoblar sandiqlarda chiroyli qilib terilgan. Bu yerda noyob kitoblar bilan bir qatorda xonning o‘zi yozgan she’r va asarlari, zamondosh alloma va shoirlarning qo‘lyozma asarlari ham saqlanib kelingan. Xorazmlik Muhammad Solihning «Shayboniynoma» asari o‘sha vaqtda o‘zbek tilida yozilgan mashhur yirik tarixiy asarlardan biri hisoblanadi.
O‘rta Osiyoning barcha hududida shayboniylar davrigacha ham kutubxonalar mavjud bo‘lib, madaniyatning o‘sishidan kutubxonalar faoliyati yanada quloch yoyib borgan. Saroy kutubxonalari bilan bir qatorda madrasa, masjid va shaxsiy kutubxonalar qaror topa boshladi.
Shayboniyxonning zamondoshi amakisining o‘g‘li Ubaydullaxon Ubaydi kutubxonasi ham juda katta kutubxonalardan biri bo‘lgan. Ushbu kutubxonaning yirik qo‘lyozma asarlaridan biri Ubaydining «To‘liq asarlar to‘plami» bo‘lib, u juda chiroyli bezalgan va mustahkam muqovalanganligi uchun bizning davrimizgacha saqlanib, ayni vaqtda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondida saqlanib kelmoqda.
Bu davrga kelib ba’zi saroy kutubxonalarida turli tildagi asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari olib borilgan. Ayniqsa, Buxorodagi Abdulazizxon kutubxonasida kitoblar yaratish ishini mashhur xattotlar Mir Ali Xaravi va Axmad al-Husaynlar olib borgan. Mir Xusayn al–Husayn juda ko‘p yillar Abdullaxon II kutubxonasida rahbar sifatida ish olib borgan. O‘sha davrda barcha yirik kutubxonalarda tajribali rassomlar va muqovasozlar ishlaganliklari ma’lum. Ular qo‘lyozma asarlarni miniatyuralar bilan bezaganlar.
Shayboniyxonlardan keyingi yillarda Buxoro xonligida islomiy ma’naviyat yanada keng tarqaldi. Tabiiy va aniq fanlar endi oldingidek ahamiyatga ega bo‘lmay qoldi. Bu davrda Mirzo Ulug‘bek va Samarqand observatoriyasining xodimi Ali Qushchi kabi yirik olimlar yetishib chiqmadi. Shunga qaramasdan din arboblari ichida o‘zining bilimliligi bilan shuhrat qozongan kishilar bo‘lgan va ulardan biri Muhammad Sharifdir. Manbalarda taniqli shoir va faylasuf Yusuf Qorabegi va yirik huquqshunos olim, «Sir»lar haqida traktat asarining muallifi Nasriddin Buxori haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan.
Ashtarxoniylar davrida madaniyat yanada rivojlandi, adabiy yodgorliklar yuzaga keldi, xalq orasidan yetishib chiqqan shoirlar Sayid Nasafi, Turdi va boshqa ko‘plab shoirlar ijodi gulladi. 1692 yil 200 shoir ijodidan namunalarni o‘z ichiga olgan antalogiya tuzildi. Ashtarxoniylar kutubxonasida turli davrlarda quyidagi 7 kishi ish olib borgan: Mirza Mo‘min Munshiy, Muhammad-Amin kitobdor, Nasrid-Din kitobdor, Mir sayid Jalol kitobdor, Qozi Lutfillox, Xoji Abd–ar–Raxmon kitobdor, Xoji Mir Muhammad YOqub kitobdor.
XVII asr oxirlarida qo‘lyozma kitoblarni bezash ishlari ancha rivojlandi, shuningdek, shaxsiy kutubxonalar va kitob yig‘ish kuchaydi. Shuni ta’kidlash lozimki, Samarqand va Buxoroda bu davrda yozuv qog‘ozi yuqori sifatli bo‘lib, bu ayniqsa Abdulazizxon (1645–1680) hukmronligi davriga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumki, Buxoroda qadimgi qo‘lyozma kitoblarni yig‘ishda Abdulaziz va ukasi Subxonqulixon (1680–1702)larning xizmati katta bo‘lib, Subxonqulixon yozuvchi va tabobatga qiziquvchi shaxs edi. Uning hukmronligi davrida Buxoroda mashhur «Buxoro shifoxonasi» (doru shifo) qurilgan hamda shu yerda katta kutubxona ham tashkil etilgan edi. Kutubxona fondida ilmiy va tibbiyotga oid adabiyotlar saqlanar edi. Yana shu davrda shaxsiy qo‘lyozma kitoblardan tashkil topgan, barcha foydalanishi mumkin bo‘lgan jamoa kutubxonasi yuzaga kelgan. Kutubxona qoshida qo‘lyozma kitoblarni bezovchi rassomlar, xattotlar va eskirgan kitoblarni ta’mirlovchi mutaxassislar uchun ustaxona bo‘lgan.
Shuningdek, miniatyurachilar maktabi mavjud bo‘lib, unda o‘sha davrning mashhur ustalari Mahmud Murzib, Abdulla og‘a Rizo va boshqalar faoliyat ko‘rsatganlar.
Ammo keyinchalik o‘zaro urushlar, saroy to‘ntarishlari natijasida kutubxonaga katta talafot yetkazilgan. Natijada maschitlar vayron bo‘lib, qo‘lyozma kitoblar yaroqsiz holga tushib qolgan.
XVIII asrga kelib Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklarida madaniy hayotda deyarli o‘zgarish bo‘lmadi, lekin shu davrga kelib qo‘lyozma kitoblar ancha ko‘paydi. Bu davrda ushbu davlatlarda saroy kutubxonalari va boshqa kutubxonalarning qo‘lyozma fondlari saqlanib qolgan edi. Ammo ba’zi saroy kutubxonalarida qo‘lyozma kitoblar yaxshi saqlanmagan, ba’zilari eskirib qolgan, ba’zi kitoblar kitob bozorlarida arzon narxda sotib yuborilgan.
Buxoroda amir kutubxonasi juda mashhur kutubxona bo‘lib, Jo‘rabek va Ostonqul Qushbegining yozishicha, u yerda qo‘lyozma asarlar juda ko‘p bo‘lib, ular xitoy, uyg‘ur, arab va boshqa tillarda yozilgan. Kutubxona alohida xazina sifatida qo‘riqlangan, lekin kitoblarni saqlash joyi zax bo‘lganligi uchun kitoblarning ko‘p qismi zaxdan yomon holga tushib qolgan.
Amir kutubxonasi XX asrning boshlarida Mahmud Kamol Muzaffariy tomonidan qayta tiklandi. U barcha tarqalib ketgan kitoblarni yig‘ishni va katta kutubxona yaratishni buyuradi.
Buxoro amirligining oxirgi yillarida kutubxona Arkda joylashgan bo‘lib, u yerda mashhur asarlar, qo‘lyozma kitoblar va amir Muzaffarning qo‘lyozma asarlari ham saqlangan. Buxoro aholisining aytishicha, o‘sha davrda amir kutubxonasida 47500 nusxada qo‘lyozma va bosma kitoblar saqlangan.
A.A. Semyonov kutubxonani diqqat bilan o‘rganib, qo‘lyozma asarlar fondini tartibga soladi va amir kutubxonasiga yuqori baho beradi.
XVIII asrda O‘rta Osiyoning yirik davlatlarida shaxsiy kutubxonalar, madrasa va masjidlar oldida kutubxonalar hamda kitob bozorlari ishi rivojlandi. Buxoroning boy kutubxonalari XIX asrning oxiri XX asr boshlarigacha mavjud bo‘lib, bebaho durdonalar xazinasi hisoblanadi. Tarixchi, adabiyotshunos amir amaldorlaridan biri Muhammad Sharif Sadr Ziyo kutubxonaning oxirgi yillaridagi rahbar va jonkuyarlaridan edi.
XVIII – XIX asrda Xiva xonligida ham madaniyat va fan ancha rivojlangan bo‘lib, kitob yig‘ish va kutubxonalarga e’tibor katta edi. Tarixiy manbalar shuni ko‘rsatadiki, Abulg‘ozixon hukmronligi davrida boshqa o‘lkalardan qo‘lyozma va bosma kitoblar ko‘plab olib kelingan. Ushbu qo‘lyozma asarlar ichida bebaho asar «Shajara-i-turk va mo‘g‘ul» turkiylar tarixi asari ham bo‘lgan.
Muhammad Rahimxon II (1865-1910) hukmronligi davrida saroy kutubxonasi fondi yanada kengayib boyigan. Xon adabiyotga qiziqqanligi uchun o‘zi ham gohi-gohida kitob yig‘ish ishlari bilan shug‘ullangan, «Feruz» taxallusi bilan she’rlar yozib, saroyda juda ko‘p qobiliyatli shoirlarni to‘plagan. Feruz boshchiligida saroyning 30 nafar shoiri she’rlari kiritilgan antalogiya chiqarilgan.
Xiva O‘rta Osiyoning fan va madaniyat o‘choqlaridan biri edi. XVIII asrning 70 yillarida Xivada bosmaxona tashkil etilgan. Bu davrga kelib tarixiy va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari yanada rivojlandi. Shaharga kelgan taniqli sayyohlarga sovg‘a tariqasida qo‘lyozma asarlar berilgan. Xiva xoni kutubxonasi Xiva yurishi, ya’ni 1873 yil may oyidan boshlab boshqa tildagi jurnal va kitoblar bilan yanada boyib ketdi. Kutubxonadagi kitoblarning katta qismi tarjimalar edi. Ular orasida 140 tomda 129 ta tarixiy asar, 30 tomda 20 ta Sharq shoirlarining kitoblari, 50 tomdagi 40 ta huquqiy diniy kitoblar, 18 nusxada Qur’on va 50 dan ortiq turli darsliklar saqlangan. Bu yerda Yunus Mirabaning «Xiva xonlari tarixi» asari ham saqlangan. Bu asarda Xiva xonlari tarixi Iltuzar xon davridan to ruslar kirib kelguniga qadar bo‘lgan voqyea va hodisalar to‘liq bayon etilgan. YUqorida tilga olingan manbalar Xiva yurishi davrida saroy kutubxonasidan tortib olingan.
Xiva xonligi kutubxonasining taqdiri Xiva yurishidan so‘ng juda ayanchli bo‘lgan. Kutubxonaning bebaho nodir qo‘lyozma asarlarining juda katta qismi 1874 yil general K. P. Kaufman tomonidan Peterburg ommaviy kutubxonasiga sovg‘a qilingan. Shundan keyin kutubxona fondi kamayib qolgan, kitoblar bir xonaga joylashtirilgan.
Xiva xoni Muhammad Rahim–Tozabog‘ye o‘z davrida kutubxonaning bir qismini Arkda va yana bir qismini yozgi qarorgohida saqlagan. Bu yerda kitoblar har doim yangi tomlar va nusxalar bilan to‘ldirib borilgan hamda barchasi ro‘yxatga olingan. Tozabog‘ye kutubxonasi juda boy bo‘lib, bu yerda Sharq qo‘lyozma kitoblaridan tashqari rus tilidagi jurnallar ham saqlanardi. Arkda saqlanayotgan 560 nomdagi qo‘lyozma kitoblarning katalogi tuzilgan edi. Kutubxonada tarixiy asarlar, monografiyalar juda ko‘p bo‘lib, ulardan: «Allaqulixon tarixi», «Rahimqulixon tarixi», «Muhammadaminxon tarixi» kabilar hozirga qadar saqlanib qolgan. Kitoblar juda katta mahorat bilan muqovalangan va bezatilgan bo‘lib, kutubxonada maxsus muqovasoz ustalar mashhur hattotlar bilan birgalikda ishlagan. Taniqli hattotlar Muhammad YOqub Xoja va Xudoy Bergan xon Sayid Rahim II tomonidan buyurilgan ishlarni bajarganlar. Umuman olganda Xiva xonlari kutubxonalari bebaho xazina, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
XVIII asrda O‘rta Osiyo hududida Buxoro amirligi va Xiva xonligidan keyin Qo‘qon xonligi yuzaga keldi. Bu xonlikda ham fan va madaniyat boshqa xonliklar singari tez rivojlanganligi sababli kitob va kutubxonaga bo‘lgan e’tibor katta edi. Xon saroyi oldida kutubxona tashkil qilingan bo‘lib, oxirgi xonlar Umarxon, Murodxon va Xudoyorxon hukumronligi davrida kutubxona kengaytirilib fondi ancha to‘ldirilgan. Qo‘qon xoni Umarxon (1809-1812) shoir va adabiyotshunos edi. U qo‘lyozma kitoblar yig‘ishga qiziqqan va «Amir» taxallusi bilan she’rlar yozgan. Saroyda shoirlarni yig‘ib tez-tez mushoiralar o‘tkazib turgan. Unda shoira Nodira, ya’ni xonning rafiqasi ham qatnashgan. Taxminan 1822 yil shoir Yusuf Tunqator va xattot Yusuf Muhammad tomonidan «18 nafar shoirlarning to‘plami» asarlari antalogiyasi ozroq nusxada toshbosmada chiqarilgan.
Kutubxonada oxirgi xon Xudoyorxon davrida qo‘lyozma kitoblar to‘plash ishi o‘sib, kitoblarning anchasi aholidan yig‘ilgan. Shahrisabzlik mulla Muhammad-Rahim tomonidan saroy kutubxonasiga bir necha qo‘lyozma kitoblar in’om qilingan. Muhammad – Rahim o‘zi kitob yig‘ishga qiziqib, 27 yil ichida u Hindiston, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga sayohat qilib, bebaho kitoblarni qidirgan va vataniga olib kelgan.
Qo‘qon xoni kutubxonasidan saroy xodimlari va xizmatchilari foydalanganlar. Masalan, davlat arbobi va tarixchi Mirza Aziz qo‘lyozma kitoblardan tez-tez foydalanib turgan. Kutubxona fondida «Qo‘qon xonligi tarixi» asari saqlangan bo‘lib, asar O‘rta Osiyodagi mo‘g‘ul va boshqa davlatlar tarixi haqidagi ma’lumotlarni beradi.
1875 yil ruslarning Qo‘qonga yurishidan so‘ng xon kutubxonasidan 103 ta arab tilida yozilgan, asosan diniy xarakterdagi qo‘lyozma kitoblar tortib olingan. Ularning orasida «Baxru al-javhari», «Tuxfat- ulxoni», «Jahongirxon tarixi» kabi jahonga mashhur asarlar bor edi. Kutubxonadagi juda ko‘p arab, turk, chig‘atoy–turk tillaridagi qo‘lyozma kitoblar Peterburg kutubxonasiga yuborilgan. XX asr boshlariga kelib xon kutubxonasi inqirozga uchray boshladi, kutubxona kitoblari tarqalib, ancha qismi bozorlarda sotilib ketgan.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida madrasalar qoshida kutubxonalar bo‘lib, qo‘lyozma kitoblarni to‘plovchi kishilar soni ham ko‘payib ketdi. O‘sha vaqtda katta-katta yer egalari ham madrasalar tashkil qilishga harakat qilganlar. Madrasa kutubxonalarida asosan Sharq qo‘lyozma kitoblari bo‘lib, ularning katta qismi diniy, huquqiy, tarixiy xarakterdagi asarlar edi.
Buxoro xonligida madrasa kutubxonalari faoliyati yaxshilanib, XIX asr o‘rtalarida ularning soni 15 taga yetgan. Hisor shahridagi madrasada katta kutubxona bo‘lib, odamlarning aytishicha, Buxoro amirining tog‘asi Sodiq to‘ra ushbu kutubxona fondini to‘ldirish bilan shug‘ullangan. U 75 000 tangaga Buxorodan juda ko‘p qo‘lyozma va bebaho kitoblarni sotib oladi.
Abd-ur-Raufning yozishicha, XX asr boshlarida Buxoroning o‘zida 200 ga yaqin madrasalar bo‘lib, ular uch toifaga bo‘lingan: oliy, o‘rta va quyi. Deyarli barcha madrasalarda kutubxonalar bo‘lgan, ular fondining katta qismi sharqiy qo‘lyozma kitoblardan iborat edi. Madrasa kutubxonalari asosan vaqf yerlaridan kelgan daromad hisobiga to‘ldirib borilgan.
Xiva xonligida ham madrasa va machitlar juda ko‘p edi. XIX asrning 40 chi yillariga kelib 22 ta madrasa faoliyat ko‘rsatgan. Xivada Allaqulixon davrida katta madrasa qurilgan, madrasa ichida juda boy kutubxona joylashgan. Kutubxona xonning shaxsiy kutubxonasidagi kitoblar va qimmatbaho adabiyotlar bilan to‘ldirilgan.
XIX asrning ikkinchi yarmida Qo‘qon xonligi katta shaharlarida va Toshkentda 20 ta yirik madrasa bo‘lib, unda talabalar uchun kutubxonalar ham bo‘lgan. Toshkentdagi Xo‘ja Axror Baroqxon madrasasi va Ko‘kaldosh madrasalari har tomonlama mashhur ilm dargohi hisoblanadi.
O‘zbekiston hududida XIX asr oxiri XX asr boshlarida shaxsiy kutubxonalar ham yuzaga kelgan. Ayniqsa, Buxoro, Farg‘ona, Toshkent shaharlarida ularning soni ko‘paygan. Shaxsiy kutubxonalar fondida tarix, huquq, falsafa bo‘yicha qo‘lyozma kitoblar, sovet xarakteridagi adabiyotlar ko‘proq edi.
Qadimgi manbalardan bizga ma’lumki, O‘rta Osiyo tarixi, madaniyati, fani va san’ati jahon sivilizatsiyasida salmoqli o‘rinni egallagan. Bizning mamlakatimizda madaniy merosga katta etibor bilan qaraladi. Kutubxona ma’naviy boyliklarni avloddan avlodga yetkazib beruvchi aloqa vositasi hisoblanadi. O‘zbekiston hududida qo‘lyozma kitoblardan tashkil topgan kutubxonalar arablar kelishidan ancha oldin mavjud bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘rta Osiyo hududidagi xalqlar qadimdan kutubxonalardan ilm oluvchi ziyo maskani sifatida foydalanib kelganlar, hamda ularning orasidan jahonga mashhur olimu fuzalolar yetishib chiqqanlar.
O‘rta Osiyoning qadimgi kutubxonalari
Metodik bibliografik spravochnik
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2004
https://shosh.uz/uz/kutubxona-nurxona-o-rta-osiyoning-qadimgi-kutubxonalari/