“Kunning nafaslari bor edi…”

ONAJONIM

 

Onajonim,

Koʻzlaringizda

Kunning nafaslari bor edi,

Onajonim, yuzlaringizga

Oyning havaslari bor edi.

Onajonim, siz bilan jahon

Behigulday iforli edi.

Tunlar oydin, kunlar shodmon,

Shabadalar dutorli edi.

Tushlarimga kirib chiqasiz

Sochlarimni oʻrib chiqasiz.

Farishtaday boshim uzra goh

Oromimni qoʻrib chiqasiz.

Talpinaman, quchsaydim qani?

Sogʻinchlardan qochsaydim qani?

Koʻzyoshlarim gulga aylansa,

Poyingizga sochsaydim qani?

Onajonim!

Jonajonim!

 

 

ONA DUOSI

gʻlonni harbiyga kuzatayotib…

 

Odam Ato himmatidan soʻradim,

Seni jonim pardasiga oʻradim.

Toʻlpichaday yoʻlga kirding sen qachon, –

Kamzulchangga jiyda-bodom quradim.

 

Qizil gulday tarzi boʻlsin yigitning,

Bilaklari gurzi boʻlsin yigitning.

Qatorinda nori boʻlgan xalq oʻlmas,

Yurt qoʻriqlash farzi boʻlsin yigitning.

 

Ol boʻlsin-a, ol boʻlsin-a, ol boʻlsin,

Ot tanlasang – oftob nuri yol boʻlsin.

Tangrim seni panohinda asrasin,

Peshonangda borsa-kelar fol boʻlsin.

 

Boshimdagi olmos jigʻam, omon kel,

Belimdagi kumush toʻgʻam, omon kel.

Kelguningcha qancha toylar ot boʻlar,

Boʻylaringga jon sadagʻam, omon kel.

 

Suqsur bolam, sarhadlarda sergak tur,

Chorloq bolam, dengizlarda chappar ur.

Kaklik bolam, togʻliklarda sayron yur,

Kiyik bolam, qumliklarda ravon yur.

 

Toʻqaylarda arslon kabi arillab,

Daralarda boʻron boʻlgil gurillab.

Qayrugʻiga sir aytmaydi qulonlar,

Qoplon boʻlgin, yoving qochsin zirillab.

 

Sen oh desang, qirqta jonim chiqquday,

Togʻlarimni qora gʻurbat yiqquday.

Tovoningga tikan kirsa banogoh,

Menga tegar zambarakning oʻqiday.

 

Momo havo himmatidan soʻrayman,

Seni jonim pardasiga oʻrayman.

Arkday boʻlib, ostonangdan kirib kel,

Yaratgandan har kun shuni soʻrayman.

 

Men duogoʻy yoʻllaringga qarayman…

 

Oydin HOJIYEVA

https://saviya.uz/ijod/nazm/kunning-nafaslari-bor-edi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x