Kun yoyilgach joʻnayman ishga,
Kun qaytganda qaytaman ishdan.
Koʻnikkanman shunday turmushga,
Boʻshamayman har kun tashvishdan.
Biroq seni doim nimadir
Ataylabdan yodga soladi.
Shu hayotdan meni baribir
Ayiradi, tortib oladi.
Mana, joʻshib turgan favvora
Eslatadi kulgularingni.
Balki u ham menday ovora
Jilovlolmay tuygʻularini.
Anhor suvi shundoq yonimdan
Oʻtib ketar sen kabi shoshib.
Yoʻl yurishdan toʻxtayman shu dam,
Nedir kelar koʻnglimdan toshib.
Hatto sening ismingga adash
Doʻkon nomi gulga oʻxshaydi.
Qaylargadir berkingan otash
Hislarimni yana qoʻzgʻaydi.
Uygʻoq sogʻinch bilan uzzukun
Bir kuy oqar jismu jonimda.
Har qadamda chorlaysan, lekin
Oʻzing yoʻqsan, gulim, yonimda.
Orif Tolib
2011
https://saviya.uz/ijod/nazm/kunlarim/