KUNJARA — moyli ekinlar (gʻoʻza, kungaboqar, makkajoʻxori, soya, vasha, zigʻir, kunjut va b.) urugʻlaridan moy ajratilganidan keyin olinadigan qoʻshimcha mahsulot; yogʻ va proteinga boy konsentrlangan ozuqa. 100 kg chigit K. sida oʻrtacha 110 ozuqa birligi va 31,9 kg hazm boʻladigan protein bor (kungaboqar K. sida tegishlicha 108,8 va 37,2). Kunjara tarkibida 4—7% yogʻ boʻladi. Aminokislotalar tarkibiga va biokimyoviy qimmatiga koʻra, Kunjara oqsillari don ekinlari oqsillaridan ustunlik qiladi, ularda, shuningdek, kaliy, kalsiy va fosfor koʻproq. Lekin karotin ham V guruhiga kiruvchi vitaminlarga boy. Standart K. chet aralashmalardan toza, bir turli, mogʻorlamagan boʻladi. Namligi 12% dan yuqori boʻlmasligi lozim (undan ortiq boʻlganda mogʻorlaydi va qizib ketadi). Barcha q. h. hayvonlariga quruq yoki namlangan holda boshqa yemlarga aralashtirib va aralash yem tarkibida berish mumkin. Ayrim Kunjara turlari tarkibida zaharli yoki mahsulot sifatini yomonlashtiradigan moddalar boʻladi. Paxta chigitida va Kunjarasi tarkibidagi gossipol mollarni zaharlashi mumkin.
Kunjara va shrotlarning proteini q. x. hayvonlarining barcha turlari va parrandalar uchun hayotiy zarur aminokislotalar manbaidir, ayniqsa, soya K. si lizinga boy. Chigit Kunjarasi sogʻin sigirlar va boʻrdoqiga boqilayotgan qoramollarga bir sutkada 2,5—3 kg, buzoqlarga 3—4 oylikdan koʻpi bilan 100 g, otlarga 2 kg gacha, qoʻylarga 200 g, boʻgʻoz mollarga 0,5— 1,0 kg beriladi.
Roʻzimat Hamroqulov.