Bugungi kunda zangori ekranlarda namoyish etilayotgan, kelajakni nishonga olgan, yot gʻoyalarga “toʻyintirilgan” mediamahsulotlar asta-sekin oʻz taʼsirini koʻrsata boshladi. Bolalar tilida jajjilarga umuman xos boʻlmagan noodatiy va notabiiy soʻzlar paydo boʻla boshladi. Ajabtovur xatti-harakatlari hech kimni hayratlantirmay qoʻydi. Oʻzini qaysidir multfilm qahramoniga oʻxshatgan bolakaylar haqida hatto ota-onalarning oʻzi faxr bilan gapiradi. Odat tusiga kirayotgan “Mening qizim Masha”, “Oʻgʻlim Kung-fu Pandaga oʻxshaydi” kabi gaplarni siz ham eshitgandirsiz.
Aslini olganda, multfilm tomosha qilishning hech qanday salbiy tomoni yoʻq. Lekin aksariyatida gʻoyaviy taʼsir vositalari, bolaning ruhiyatini shikastlovchi, toʻsatdan paydo boʻluvchi tasvir va grafikalar, ovoz effektlaridan foydalanish holatlari, tarbiyani buzishga xizmat qiluvchi ikkinchi darajali elementlar koʻzga tashlanadiki, bularning naqadar dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi olimlar tomonidan allaqachon isbotlangan.
Koʻpchiligimiz qandaydir sariq mavjudotlar haqidagi “Minionlar” degan multfilmni koʻrganmiz. Unda nojinslilik targʻiboti (hozir aksariyat gʻarb kinematografiyasi mahsulotlarida bu odatiy holatga aylangani sir emas), nosogʻlom odatlarga undash holatlari bor. Masalan, bir minion ayollar kiyimini kiyadi, boshiga parik taqib oladi. Shuningdek, ulardan birortasi falokat tufayli oʻlsa, bunga boshqalari yo kulgili, yo umuman ahamiyatsiz voqeadek qaraydi. Multfilm formatining sifatliligi, syujeti qiziqligi bilan tomoshabinni oʻziga tortadi. Natijada esa turli gʻoyalarni singdirgan, bizga arzimasdek koʻringan nuqsonlar ong ostida taʼsir koʻrsatishda davom etadi.
“Masha va maymoq” multfilmining mazmuniga koʻra, asosiy qahramon Masha istagancha odobsizlik va buzgʻunchilik qiluvchi, shunga qaramay sira jazolanmaydigan obraz. Nihoyatda qaysar, faqat oʻzini oʻylaydigan xudbin qizaloqning qilgan ishlari doim ayiqqa muammo tugʻdiradi. Oʻrmondagi boshqa hayvonlar Mashaning ovozini eshitishi bilan oʻzini panaga oladi. Chunki qizaloq, albatta bir koʻngilsizlikni “tashkillashtiradi”. Afsuski, undan oʻrnak olayotgan va uni eng sevimli multqahramoni deb biladigan jajji qizchalar hozir minglab topiladi.
Bolaligimizda televizorda “Pokaxontas” degan multfilm namoyish etilardi. Unda bir hindu qizning insoniy fazilatlari, hammaga yordam berishi, qabilalarni birlashishga undagani haqida hikoya qilinar, deyarli hamma qismida u barmoqlarini bir-biriga kiyishtirgancha “Buyuk ruh”dan yordam soʻrardi. Bu qaysidir dinning odatlariga juda oʻxshashini ulgʻaygach, bilib oldim. Albatta, gap bu haqida emas.
Audiovizual axborotlar, ayniqsa, internet va televideniye orqali yetkazilgan maʼlumotlar odamning diqqatini tortadi. Texnologiyalar rivojlanib borayotgan davrda kino, multfilm, umuman, kompyuter grafikasi orqali yaratiladigan media – mahsulotlarni ishlab chiqarish bir zamonlardagidek murakkab emas. Maʼlum bir gʻoyani targʻib etuvchi, kimlarningdir manfaatiga xizmat qiluvchi media “vosita”ni tarqatish esa undan ham oson. Bu jarayonni mutlaq cheklashning iloji yoʻq. Faqatgina kelayotgan axborot oqimini filtrlash, milliy mediamahsulotni ishlab chiqarish orqali biroz himoyalanish mumkin. Toʻgʻri, multiplikatsiya sohasida oʻzgarishlar qilinmoqda. Masalan, 2017 yil 28 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekkino” Milliy agentligi faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan agentlik huzurida “Multiplikatsion filmlar studiyasi” Davlat unitar korxonasini tashkil etish koʻzda tutilgan. Hozirga qadar mamlakatimizda bir qancha sifatli multfilmlar tayyorlangan. Ammo, tan olish kerak, ishlab chiqarish va namoyish etish borasidagi ishlar hali yetarli darajada emas. Mavjud multfilmlarning aksariyati mazmun jihatdan qiziq boʻlsa ham, aksariyati sifat jihatidan, yaʼni grafikasining soddaligi, murakkab effektlardan foydalanilmasligi sabab bolalarni juda tez zeriktirib qoʻyadi.
Soha mutaxassislariga aql oʻrgatish niyatim yoʻgʻ-u, lekin bugungi sharoitda sustkashlikka yoʻl qoʻymasdan, tomoshabin uchun yanada qiziqroq, mazmun va sifat jihatidan chet el mediamahsulotlaridan qolishmaydigan multfilmlar ishlab chiqarilsa, auditoriyani jalb etish, oʻsib kelayotgan avlodni zararli gʻoyalardan biroz boʻlsa-da, himoyalash imkoniyati paydo boʻladi. Ana shunda hech qanday filtrga ham, bolaning yonida oʻtirib voqeani tahlil qilib berishga ham hojat qolmaydi. Qadimgi Sharq xalqlari juda boy madaniy merosga ega. Bizgacha yetib kelgan ogʻzaki va yozma manbalarda, juda koʻp hikoya va rivoyatlar, ertag-u afsonalar mujassam. Ulardan foydalanib bolalar uchun qanchadan-qancha ibratli, qiziqarli multfilmlar tayyorlash mumkin.
Aʼzamjon ABULFAYZOV,
OʻzDJTU talabasi
Manba: ishonch.uz sayti
https://saviya.uz/hayot/nigoh/kung-fu-panda-mening-oglim/