Muxtasar soʻzning qadri ulugʻ.
Baʼzan bir necha kitoblik romanga sigʻmagan mavzu kichik hikoya magʻziga singadi. Keyin ancha paytgacha oʻylab yurasan, muallif nega shu mavzudan yirikroq asar yaratmadi ekan? Ammo asarning qadri uning hajmiga qarab emas, inson ruhiyatiga koʻrsatgan taʼsiriga qarab oʻlchanadi. Bu hayotiy haqiqatni buyuk yapon adibi Ryunoske Akutagava yaratmishlariga oshno boʻlgach tushunib yetdim. Ilk dafʼa mohir soʻz ustasining bir asari oʻttiz yilcha muqaddam yozuv mashinkasi bilan koʻchirilgan holida, tasodifan qoʻlimga tushgandi. Oʻtgan asrning 80-yillari Moskvadagi “Xudojestvennaya literatura” nashriyoti “Yapon adabiyoti kutubxonasi” seriyasi ostida bir xil – qop-qora tusdagi kitoblarni nashr etardi. Mazkur seriyada qoʻlimga tushgan navbatdagi kitob muqovasiga men uchun hali unchalik koʻp narsa anglatmaydigan “Akutagava. Novelliʼ” degan soʻzlar bitilgan edi. Kitobni varaqlab, duch kelgan sahifasidan mutolaa qilishga kirishdim – “Muki ada” (“Doʻzax azoblari”) nomli hikoya mening adabiyot haqidagi qarashlarimni chilparchin qilib yubordi, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Hikoya bosh qahramoni – oʻz qoʻl ostidagilarning pushti-panohi, zoti oliylarining saroy musavviri Yosixide. U feʼl-atvori rasvoi jahon, maxluqsifat yoqimsiz kishi. Shu bois “Saruxide” (maymun) degan laqab orttirib olgan. Yosixide uchun bu yorugʻ olamda ikki sevimli narsa bor – sanʼat va yakkayu yagona goʻzal qizi.
Uning yigirmanchi asr musavvirlariga xos boʻlmagan kamchiligi ham bor. Yosixide hechqursa bir bor tushida koʻrmagan narsalarini aks ettirolmaydi. Bir gal zoti oliylari unga oʻz saroyi devorlariga doʻzax azoblarini chizishni buyuradi. Ishning boshlanishi ancha silliq kechadi, musavvir doʻzax alangasini katta yongʻin vaqtida koʻrgan edi, gunohkor va kamsitilgan bandalar har doim koʻzi oldida, ammo Yosixide asar markaziga yonib borayotgan foytunda qiynalayotgan goʻzal ayol tasvirini olib chiqishni rejalashtiradi. Biroq u bunday koʻrinish guvohi boʻlmagan. Musavvir zoti oliylaridan koʻz oʻngida ushbu manzarani hosil etib berishlarini soʻraydi. Zoti oliylari esa asar uchun begunoh ayolning doʻzax azoblarida oʻlim topishiga mayl bildirgan musavvirni jazolash niyatida Yosixide koʻzi oldida yonib borayotgan foytunda, uning sevimli, goʻzal qizini olib chiqishni buyuradi. Va, Yosixide zoti oliylari kutganidek oʻzini alanga ichiga otmaydi, bu noyob manzarani ustalik bilan tasvirga koʻchiradi.
Bunaqasi boʻlishi mumkin emas, nahot otalik mehri va ijodkorlik degan tushunchalar bir-birini inkor etsa? Nahot yaratuvchi inson nozik hissiyotlar bilan toʻlib-toshgan shu darajadagi yovuzlik bilan yonma-yon yashashga qodir boʻlsa? Albatta, shayton izmidagi sanʼat hech qachon yaxshilikka xizmat qilmaydi, degan oʻy ham oʻtadi koʻngildan. Qolaversa, bir narsada chuqur ketish ham oxir-oqibatda halokatga olib keladi. Hikoyadan olinadigan xulosalar koʻp. Har bir oʻquvchi mutolaadan oʻz didi va maʼrifatiga yarasha mazmun oladi. Asarning yutugʻi ham shunda – agar uni bir necha soʻz bilan taʼriflash imkoni boʻlganida, umri qisqa va jahon miqyosida shuhrat qozonmagan boʻlardi. Hamma gap – kam soʻz ishlatib, koʻp fikrni ayta olishda.
Turmush chorrahalarida adolatsizlik, vijdonsizlik, axloqsizlik singari salbiy illatlarga koʻp duch kelgan adibning “Rasyomon darvozasi”, “Oʻrgimchak toʻri”, “Toʻqayda”, “Burun” singari oʻnlab asarlarida ham hayot haqiqatlari rivoyat, tarixiy solnomalar bilan qorishtirib, oʻquvchi qalbini larzaga keltiradigan darajada tasvirlanadi.
Yana bir buyuk adib, adabiyot sohasida xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Yasunari Kavabata asarlariga qadimiy yapon ruhi chuqur singib ketishi bilan bir vaqtda, zamonaviy adabiy uslublardan ham keng foydalaniladi. Kavabata asarlaridagi oʻziga xoslik shundaki, u matnning tagmaʼnosiga katta ahamiyat qaratib, asosiy fikrni aytishni, mazmunni chaqishni oʻquvchining oʻziga qoldiradi. Biz quyida mulohaza yuritadigan “Ayol tushlari” hikoyasi fikrimizga yorqin dalil boʻla oladi.
Hikoya qahramonlaridan biri Kuxara oʻttiz olti yoshida toʻsatdan uylanishga qaror qiladi. Shuncha yoshga kirgunicha turmush qurishni xayoliga ham keltirmagan tibbiyot instituti assistentining kutilmagan qarori yana shunisi bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortadiki, u sovchi qoʻygan qiz husnu malohatda benazir. “Kelinni koʻrib, ogʻzi ochilib qolgan ogʻaynilaridan ayrimlari, ochigʻi, ertaroq uylanib qoʻyganiga afsuslanadi”. Kimlardir “bolapaqir ichidan pishgan ekan” deya unga ich-ichidan havas qiladi. Asosiysi, hammaning Kuxaraga munosabati keskin oʻzgaradi. Toʻgʻri, kelin – Xaruko ham yosh emas, u koʻrinishidan yigirmalarga chiqqanga oʻxshasa-da, allaqachon yigirma yettidan hatlab oʻtgan. Kuxaraning ulfatlari shunday goʻzal qizning nega shu paytgacha turmushga chiqmaganiga hayron qolishsa-da, bu haqda yigitga bir narsa deyishmaydi, aksincha “dunyoda hali ham bunaqa bebaho gullar bor ekanu, bilmay yurgan ekanmiz” deb aytishadi, xolos.
Kuxara Xaruko bilan sayrga chiqqanida duch kelgan odam ularga bir qayrilib qarashdan oʻzini tiyolmaydi. Biri ikkinchisiga yarashgan juftlik. Gapning ochigʻi, vaqtida Xarukoga koʻplab yigitlar ogʻiz solishgan, ammo qiz ularning birortasiga turmushga chiqish maylini bildirmagan. Hatto ota-onasi ham Xarukoning erga tegmaslik qarori qatʼiyligi va ustalik bilan uyushtirilgan “qiz koʻrdi”lardan foyda yoʻqligiga ishonch hosil qilishgan. Kutilmaganda Xaruko Kuxara bilan uchrashuvdan soʻng turmushga chiqishga rozi boʻladi. Xaruko Kuxaraga oʻzining hajrida kuyib olamdan oʻtgan yigit haqida gapirib berishni koʻngliga tugadi. Xarukoning ham yuragida tugun bor, Kuxaradek toʻrt muchasi sogʻlom yigitning oʻttiz olti yoshgacha bironta ayol zotiga ilakishmaganiga ishonib boʻlmaydi.
Kuxara bilan Xaruko turmush qurishgandan soʻng toʻy safarining ikkinchi kuni qiz oʻz joniga qasd qilgan togʻavachchasini tushida koʻradi. Togʻavachchasidan tashqari qizning hayotida yana bir yigit ham boʻlgan. Katakiri atalmish bu yigit unashtirilganidan keyin ilgari Xaruko hajrida bir tengdoshi nobud boʻlganini eshitib unga uylanish fikridan qaytadi. Vaqt – oliy hakam, yillar oʻtishi bilan qiz togʻavachchasini ham, Katakirini ham batamom unutib yuborgan, aslida ularning oʻrtasida horiqulodda biron voqea ham sodir boʻlmagan.
Kuxara xotinidan oʻsha halok boʻlgan yigit tarixi haqida gapirib berishini soʻraydi, Xaruko esa Kuxaraning oʻz oʻtmishidan hikoya qilishini kutadi. Yigit qanchalik oʻz sevgi qissasini toʻqib chiqarishga urinmasin, buning uddasidan chiqolmaydi. Boisi, uning hayotida xotin-qizlar bilan aloqador hodisaning oʻzi yoʻq. Natijada Xaruko oʻz togʻavachchasi tarixini gapirib beradi. Ular yoshlikdan birga oʻsishgan. Balogʻat yoshiga yetishganidan soʻng yigit qizga muhabbat izhor qiladi, Xaruko yaqin qarindosh ekanliklarini roʻkach etib yigitga rad javobi beradi. Oʻsha yili yigit toqqa changʻi uchishga borib, boʻron paytida choʻqqidan yiqiladi. Uzoq vaqt kasalxonada davolanib chiqqan yigit Xarukoga vidolashuv maktubi yozib, joniga qasd qiladi. Vaholanki, togʻavachchasi Xarukoning birinchi muhabbati emas, qiz yigit vafot etganidan ikki yil keyin unashtirilgan Katakirini sevadi, ammo bu sevgi dostoni ham chilparchin boʻladi.
Hikoya nihoyasida yozuvchi shunday yechim topadiki, uni oʻziga xos labirint atasak xato boʻlmaydi. Kunlardan bir kun Kuxara yangilik topib keladi. Maʼlum boʻlishicha, yigitning oʻz joniga qasd qilishi Xaruko bilan mutlaqo bogʻliq emas, oʻsha mashʼum togʻdan qulash oqibatida uning asablari tamom ishdan chiqib, vosvos kasaliga chalingan, buning ustiga oʻpkasi ham tamom boʻlgan, yigit tabiiy tarzda oʻlimga mahkum etilgandi. Xaruko erining bu haqiqatdan xabar topganiga ancha boʻlganini eshitib, chinakamiga undan xafa boʻladi, hatto “ilgari bilganimda Katakiri ikkimizning toʻyimiz buzilmasligi mumkin edi”, deb afsuslanadi. Shu yerda Kuxara qizning qalbiga darz yetkazadigan tagʻin bir xatoga yoʻl qoʻyadi:
“Lekin shuni esdan chiqarmaslik kerak, oʻsha telbaning sharofati bilan biz turmush qurdik, – dedi farosatsizlarcha Kuxara”…
Shunday qilib Xarukoda oʻzgalarga, shu jumladan eriga ham baxt keltirish iqtidori soʻnadi. Shu bilan asar yakun topadi, ularning keyingi hayoti haqida qanday natija chiqarish biz yuqorida tilga olgan labirintning oʻzginasi.
Oddiy bir talqin: inson baxt qushining yelkasiga qoʻnganini vaqtida anglab yetishi, his qilishi kerak. U esa doim ham qoʻnavermaydi. Shuni bilsang, toleing kulgani, bilolmasang, baxtsizlikka mahkumsan. Uni sabablar, oqibatlar, tasodiflar bartaraf qilolmaydi…
Ha, kunchiqar yurt jozibasi yuzlab takrori yoʻq orollari, sakura gullari, betakror tabiati, ibratli tarixi bilangina cheklanmaydi, bu joziba yapon badiiy soʻzida yanada yorqinroq tovlanadi. Odam yaxshi hikoyadan zavq oladi, qalbi goʻzal his-tuygʻulardan toʻyinadi. Yapon adabiyotining biz yuqorida mushohada yuritgan ikki buyuk adibidan tashqari Natsume Soseki, Yasusi Inoue, Syotaro Yasuoka, Kobo Abe, Sinʼiti Yuki, Tetsuo Miura, Banana Yosimoto, Xaruki Murakami singari oʻnlab yozuvchilari qalami ostidan chiqqan kichik janr namunalari ham haqli ravishda jahon adabiyoti xazinasidan munosib oʻrin egallagan.
Abdunabi ABDIYEV,
Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kunchiqar-yurt-jozibasi/