Kulgining qattiq noni

Taniqli hajvchi yozuvchi Habib SIDDIQ bilan suhbat

 

“Kulgi inson ruhiyatining poklanishiga xizmat qiluvchi vosita. Koʻngildagi gʻuborni yuvib, ruhni tozartiradi, kayfiyatni koʻtaradi. Koʻtarinki kayfiyat esa mehnat unumdorligini oshiradi. Ish unumdorligi daromadga ham baraka beradi. Demak, kulgi kirgan uyga baxt tashrif buyuradi.”

– Bemor tanasidagi dardni chiqarib yuborish uchun dori zarur boʻlganidek ruhiyatimizdagi qusurni, illatni davolash uchun “hajv” deb atalmish malham kerak, – deydi taniqli hajvchi yozuvchi Habib SIDDIQ. – Taomdagi qalampir gohida koʻzdan yosh chiqarsa ham jismimizni sogʻlomlashtirishga ijobiy taʼsir koʻrsatganidek, hajv jamiyatni illat va qusurlardan tozalashga xizmat qiladi. Hayotimizda uchrab turadigan illatlaru qusurlarni kulgi ostida fosh etadi. Azaldan hazil-mutoyibaga, kulgiga oʻch xalqmiz. Afandi latifalarining ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, saralanib, boyib, koʻpayib borishining boisi ham shundan. Gurunglarimiz, gap-gashtaklarimizniku kulgisiz, hazil-mutoyibasiz tasavvur etib boʻlmaydi. Askiyachilar, qiziqchilar tanlovlari, hajviy tomoshalarni muxlislar intiqlik bilan kutishadi.

Bugun ana shu vazifani matbuot, jonli sahna yoki teleradio qanchalik uddalay olyapti, deb oʻylaysiz?

– Bu maydonda izlanayotganlar anchagina. Ijodini elga manzur qilayotganlar ham kam emas. Biroq jiddiyroq yondashadigan boʻlsak, ular orasida koʻpchiligi yuki yengilroq, yuzakiroq, hatto baʼzida zoʻrma-zoʻraki kulgi qoʻzgʻatish uchun chiranishlardan iborat boʻlib qolayotganday. Abdulhaymaxsum Qozoqov, Hasanboy Sultonov kabi askiyachilarimizning, Soyib Xoʻjayev, Ergash Karimov, Hasan Yoʻldoshev kabi kulgi dargʻalarining oʻrni bilinib qolayotgandek. Albatta, oqqan daryo oqadi. Biroq jiddiyroq izlanishlar kerak. Ijtimoiy mazmun kasb etmagan, shunchaki kulgi uchun yozilgan yoki ijro etilgan asar nishonga tegmaydi va tezda unutiladi.

Sizningcha, hajviyani rivojlantirish, uning taʼsirchanligini oshirish uchun nima qilish kerak?

– Izlanishimiz kerak. Iqtidorli yosh hajvchilarni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak. Bu borada aniq bir tavsiya aytishga ojizman. Yagona hajv jurnali “Mushtum”ning adadi ham juda kamayib ketdi. Deyarli barcha nashrlarimizda hajviy sahifalar boʻlardi. Bugun ularning koʻpi ancha jiddiylashib qolgan. Yoxud onda-sonda qoʻl uchida nimalardir uzuq-yuluq berilmoqda.

Hajviy asarlarni oʻqiganda basharasi tundlashadigan, peshonasi tirishadigan odamlar ham topiladi. Nazarimda, hajviy qahramon qiyofasida oʻzini koʻrganlar ana shunday holga tushadi. Shu bois hajviy asar ham, uning muallifi ham barchaga birdek yoqavermaydi.

Albatta, kulgi bozoridagi turli saviyadagi mahsulotlarni har birining oʻz xaridori bor. Baʼzan uncha koʻnglingiz toʻlmagan hajviy koʻrsatuv haqida kimningdir “kecha televizorda koʻrdingizmi, zoʻr boʻldi-a?” deganini eshitib qolasiz. Nachora, birovga qozon kabob yoqadi, kimgadir sholgʻom shoʻrva. Mudom xaridori bor ekan bachkana, yengil-yelpi kulgilar ham boʻlaveradi. Qachonki kuluvchining saviyasi koʻtarilsa, tanlash koʻnikmasi boʻlsa, bachkana kulgilardan xalos boʻlamiz.

Nimadan kulayotganiga qarab odamga baho berish mumkin.

Kuldiruvchi ham haddu meʼyorini bilishi, chegaradan chiqmasligi, birovning shaxsiyatiga tegmasligi kerak. Eng muhimi – samimiy kulgi. Hajvchilikning murakkabligi va masʼuliyati ham ana shunda.

Oʻz ijodingizda asosan nimalarga amal qilasiz? Kimlarni gʻoyibona, kimlarni rostakamiga ustoz deb bildingiz?

– Ilk mashqlarim oʻquvchilik yillarim gazetalar sahifalarida, oʻrta maktabni bitirayotgan yilimiz “Mushtum” jurnali sahifalarida chop etilgan. Ijodiy izlanishlar talabalik yillarimda ham davom etdi. Ayniqsa, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida aspiranturada tahsil olgan davrlarda “Mushtum” jurnali tahririyati qoshidagi “Yosh hajvchilar” maktabiga qatnash, bu yerda ustozlarim Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov, taniqli adib Saʼdulla Siyoev bilan tanishish, mashqlarimni ularning nazaridan oʻtkazish baxtiga muyassar boʻldim. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Doʻrmon ijod uyida boʻlib oʻtgan yosh yozuvchilar anjumanida ilk kitobimning ustoz Said Ahmad raisligida muhokama qilinishi va nashrga tavsiya etilishi menga ijodiy ruh bagʻishladi. Ana shu ustozlar yoʻlini tilab izlandim, ijod qildim. Hozirgacha oʻnga yaqin kitobim chop etildi, ularning asosiy qismini hajviya va hangomalar tashkil etadi.

Shogirdlaringiz bormi? Yosh qalamkashlarning dastlabki va ayni kunlardagi urinishlaridan koʻnglingiz toʻladimi?

– Mashqlari bilan keladiganlar, izlanayotgan, ijodda nimalargadir erishayotgan ukalarimiz bor. Lekin ularni oʻzimning shogirdim deyish fikridan yiroqman. Chunki ijod doimiy tajribalardan iborat ekan, oʻzimni hali izlanayotganlardan biri deb hisoblayman.

Yoshlar orasida hajvchi hayotda duch keladigan qiziq gaplarni toʻplab, osongina asar yozadi, deb oʻylaydiganlar ham, jiddiy izlanayotganlar ham bor. Ustozlarimizdan biri “hajvchi ijodkorning noni hamisha qattiq boʻlgan”, deya taʼkidlagandi. Mashaqqatlariga chidaganlar yaxshi natijalarga erishishiga shubha yoʻq.

Hayotda kulgili holatlarga duch kelamiz. Hajvchi ijodkor buni boshqalarga qaraganda tezroq ilgʻab oladi. Shunday emasmi?

– Shunday holatlar boʻlib turadi. Mabodo uchrayvermasa, bunaqa holatlarni oʻzimiz yaratib ham olamiz. Masalan:

Gazetani odatda, qaysi sahifasidan boshlab oʻqiysan? – deb soʻraydi hazilkash doʻstlardan biri.

Soʻnggi sahifasidan, – deyman mutlaqo jiddiy.

Nega?

Chunki shu betga qarab dunyoda kim bor, kim ketgan – bilsa boʻladi…

Ie?.. Xoʻsh, nima boʻpti?..

Birrov koʻz yugurtirib chiqasan-da. Bu yerda oʻzingning ism-sharifing boʻlmasa… “Xayriyat, tirik ekanman” deysan-da, xohlagan sahifangni oʻqiyverasan!..

Yana bir misol.

Gazetaning bayram sonida bir guruh taniqli ustozlarga hazillar berdik. Toʻgʻrisi, oʻsha hazillar matnini tayyorlagan shoir yigit ularning koʻpchiligini tanimaydi, ular haqida “xomashyo”ni boshqalar berishgan. Doktorlik dissertatsiyasini tayyorlab qoʻygan, himoya qilishi nima uchundir choʻzilibroq ketgan bir obroʻli dotsent haqida uni tezroq himoya qilishga daʼvat etish uchun “pishgan qovunni vaqtida uzish kerak, aks holda ichi tushib qoladi”, degan mazmunda sheʼr bitilgan edi.

Hazillar eʼlon qilingach, janjal chiqib ketishiga bir bahya qoldi. Shoir, bilmasdan, palagini bosib qoʻyibdi… domlaning laqabi “qovun” ekan.

Ana shunaqa! Hajvchi hayotda nimalarga duch kelmaydi deysiz. Ammo farosat bilan yozaman desang gap koʻp…

Jamoatchilik fikrini oʻrganishga bel bogʻlagan muxbir hassasini doʻqillatib borayotgan Eshmat buvaga mikrofon tutdi:

– Qanday gazetalarni oʻqib turasiz, otaxon?

– Poʻshtaxonada pensiyamizga qoʻshib bergan gazitlarni-da, bolam, – deb javob berdi boboy…

Gazetamizning “Oilaxurjun” sahifasida tez-tez chiqib turasiz. Shu sahifamizni qanday baholagan boʻlar edingiz?

– “Oilaxurjun” sahifasini muntazam kuzatib boraman. Gazetaning dastlabki sonlaridan ish boshlagan bu sahifa yildan-yilga qamrovi kengayib, mushtariylar orasida obroʻsi oshib bormoqda. Unda shu kunning dolzarb mavzulari qizigʻida qalamga olinmoqda. Unda ayni kunda ijod qilib turgan zalvorli qalam sohiblari bilan bir qatorda koʻplab yoshlar yurtimizning turli burchaklaridan turib gazetxonni tesha tegmagan kuzatishlari bilan xursand qilishmoqda. Gazetxonlar orasida mazkur sahifaning muxlislari koʻp ekaniga shubha yoʻq. Bu esa gazeta ijodkorlariga yanada kattaroq masʼuliyat yuklaydi.

Kulish oson, kuldirish qiyin, degan gap bor. Toʻgʻri. Lekin kuldirishning zavqi ham shunga yarasha-da. Kulishga, kuldirishga nima yetsin!

 

Mahmud BOʻRON suhbatlashdi.

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/kulgining-qattiq-noni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x