Abdunabi Boyqoʻziyevni koʻp yillardan beri bilaman. Yigitligida oyogʻidan oʻt chaqnaydigan jurnalist edi. Ocherklari, maqolalari, felyetonlari bilan necha yil matbuotimizni obod qildi. Keyin sheʼriyat gulshaniga kirib keldi. Uning “Judoligʻ dashti” nomli sheʼriy toʻplami qoʻlma-qoʻl boʻldi. Odatda, ijodkorning shaxsiyati asarlariga koʻchib oʻtadi. Men ham shoirning baytlarini varaqlab oʻtirib, mullifni koʻrib turganday boʻldim: goh oʻychan, goho quvnoq, birda dilgir-bezovta, birda gapi ilmoqliyu qarmoqli… Sheʼriyat karvonida oʻz yoʻlini topgan bir kasbdoshimga sevindim.
Yaqinda Abdunabining yana bir “siri” fosh boʻldi. Aslida, u qalami qayralgan hajviyachi ekan-u, negadir yozganlarini oshkor qilmay “xum”ga solib yurarkan. Nihoyat, “xum”ning ogʻzi ochildi va u “Besh soʻmlik kekkayish” nomi bilan muxlislarning javonidan oʻrin oldi. Kitobdan bizga ham tegdi. Men uni bir oʻtirishda, “doʻppimni hidlamay” oʻqidim. Yaxshi kitob – jon ozigʻi-da! Ruhim yashnadi, dunyoning mayda-chuyda tashvishlarini bir dam unutganday boʻldim. Parodiyalar, matalnamo gaplar, felyetonchalar, “boʻlgan-boʻlmagan” hangomalar har qanday badqovoq kimsaning qovogʻini yirib, labiga uchuq toshgan kishini ham iljayishga majbur qiladi. Hajviyot sohasida yetuk ustalarning tobora kamayib borayotganini eʼtiborga olsak, yangi bir kuldirgichining “biz ham bormiz”, deya qoʻl qovushtirib, safga kirgani koʻngilga umid bagʻishlaydi. Oqqan daryo oqmasdan qolmas ekan-da…
Odatda, yaxshi bir qoʻshiq eshitsangiz, “juft boʻlse-yen!” deb qoʻyasiz. Biz ham “Kekkayishning jufti qachon kelar ekan”, deb yurgan edik. Nihoyat, bunisi ham oq kaptardek uchib kelib qoʻlimizga qoʻndi: “Abdunabi Boyqoʻziyev. Teshikmozor hangomalari”. Bu safar Abdunabi oʻzi yaxshi bilgan bir qishloq ulusining ajoyib-gʻaroyib sarguzashtlarini, oʻsha shirin “anjan”cha shevada bir ipga tizib, shoda qilibdi.
Teshikmozorliklar hazilkash, xushchaqchaq xalq. Bir-biriga laqab qoʻymasa, joni tinchimaydi. Oriyatli, magʻrur, bolajon. Kimning qandayligini farzand soniga qarab belgilaydi. (Sevgan iboralari: toʻqqiz oʻgʻil, besh qiz kerak!) Jinday qitmir, jinday saxiy, lekin baribir odamoxun. Birovning barmogʻidagi tikanni tili bilan olib tashlashga tayyor – rahmdil.
Bizning yurtimiz faqat sheʼriyat va sanʼatga ashaddiy ixlosmandlar vatanigina emas, xandon otsa, daraxtlarni ham tebratib yubora oladigan kulgisevarlar diyori ham. Har bir viloyatda teshikmozorliklarga qahqahadosh boʻladigan manzil-marohilni topish mumkin. Buxoroda Shirinilar, Xorazmda Xonqa, Samarqandda Qoʻrgʻonsoldi, Fargʻonada Povulgʻon, Qashqadaryoda Chiyali va hokazo. Abdunabi Teshikmozorni badiiy adabiyotga olib kirib bu roʻyxatni uzaytiribdi va savob ish qilibdi.
Birovlar kulgili latifani ham zerikarli qilib aytadi. Birov esa, mundayroq voqeaga ham toʻn kiydirib yuboradi. Abdunabi ikkinchi yoʻldan borgan. U Teshikmozor hangomalarini shunchaki toʻplab qoʻyish uchungina qoʻliga qalam olmagan. Ularga nozik qochirim, beozor kinoyadan iborat badiiy libos kiydirib, sizni suhbatga tortadi.
Alqissa, Abdunabining hajviyotdagi ikkala qadami ham risoladagidek boʻldi. Ustoz Asqad Muxtor yarim hazil, yarim chin qabilida, birovlarning yozmay qoʻyganiga rahmat, birovlarning yozib turgani uchun rahmat, derdilar. Biz Abdunabining muxlis akalari (ehtimol, ukalari ham) uning qalami tinmay yoʻrgʻalashini tilaymiz.
Saʼdulla SIYOYEV
“Sharq yulduzi”, 2014–3
https://saviya.uz/hayot/nigoh/kulgidan-yasalgan-guldasta/