KSILOGRAFIYA (ksilo… va…grafiya) , yogʻoch gravyura — yogʻochga ishlangan gravyuraning keng tarqalgan eng qad. turi. Bosma shakl (klishe) qoʻlda oʻyib tayyorlanadi: taxtaning tekis yuzasiga rasm chiziladi, rasmdan boʻsh joylar (zamin)i iskana bilan oʻyib rasmli sathdan (2—3 mm) chuqurlashtiriladi. Boʻrtma tasvir yuzasiga boʻyoq surtib nusxa koʻchiriladi. Ksilografiya usulida tayyorlangan qolip 15 ming nusxa koʻchirishga yetadi.
Ksilografiyaning 2—boʻylama Ksilografiya (daraxtdan boʻy-lamasiga kesib olingan yogʻochga ishlangan) va koʻndalang Ksilografiya (daraxtdan koʻndalangiga kesib olingan yogʻochga ishlangan) turi mavjud. Rangtasvir va rangli rasmlardan nusxa koʻchirganda koʻpincha koʻndalang Ksilografiya ishlatiladi.
Ksilografiya dastlab Xitoyda (6-a.), 14-a. dan Gʻarbiy Yevropada, 16-a. dan Rossiyada qoʻllanila boshlagan. Rangli Ksilografiya ham Xitoy (16-a.)da paydo boʻlgan, ayniqsa, Yaponiyada uzoq va yorqin taraqqiy etgan, yapon rassomlari (Katsusiko Xokusay va b.) rangli Ksilografiyada ulkan yutuq,larga eriщdilar. Ingliz rassomi T. Byuik tomonidan koʻndalang Ksilografiya ixtiro qilingach (1771), Yevropada bu usulda illyustratsiyalar i. ch. keng yoʻlga qoʻyildi. Ksilografiya taraqqiyotiga U. Nikolson (Buyuk Britaniya), F. Valloton (Shveysariya), E. Munk (Norvegiya), A. Ostroumova-Lebedeva (Rossiya) va b. katta hissa qoʻshdilar. Oʻzbekistonlik rassomlar (M. Kagarov, I. Kiriakidi va b.) K. usulida 70-y. lardan ijod qiladi.