KOT-DʻIVUAR (Cote dʻlvoire) , KotdʻIvuar Respublikasi (Republique de Cote dʻlvoire) (1986-y. gacha Fil Suyagi Qirgʻogʻi) — Gʻarbiy Afrikada, Atlantika okeani sohilida joylashgan davlat. Mayd. 322,5 ming km2. Aholisi 16,4 mln. ga yaqin kishi (2001). Poytaxti — Yamusukro sh. Maʼmuriy jihatdan 50 departamentga boʻlinadi.
Davlat tuzumi. K.-dʻI. — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 2000-y. 23-iyuldagi referendumda maʼqullangan. Davlat boshligʻi — prezident (2000-y. dan Loran Gbagbo). U toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 y. muddatga saylanadi va ya na bir marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Millat majlisi (bir palatali parlament) amalga oshiradi. Uning 225 deputata umumiy toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli b-n 5 y. muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi.
Tabiati. K.-dʻI. ekvatorial va subekvatorial mintaqalarda joylashgan. Gvineya qoʻltigʻining sohili gʻarbda tik va qoyali, sharqda asosan tekis, koʻrfazlarida kema qatnashi mumkin. Yer yuzasi jan. da pasttekislik, shim. da plato (500—800 m). Gʻarbida esa mamlakatda eng yuqori choʻqqi hisoblangan Nima togʻi (1752 m) bor. Oltin, boksit, neft, temir rudasi, qalay va kolumbit, olmos va marganes ruda konlari bor.
Iqlimi — jan. da ekvatorial, doim sernam, qolgan hududlarda subekvatorial iqlim, jan. da eng issiq oylar (dek. — apr.)da oʻrtacha t-ra 27—28°, eng salqin oylar (iyul—sent.)da 23—24°, shim. da 30° (apr.) va 25° (avg. — sent.). Yillik yogʻin sohildagi pasttekisliklarda 1300—2300 mm, shim. da 1100 — 1800 mm. Asosiy daryolari: Kavalli, Sasandra, Bandama, Komoe. Hayvonot dunyosi juda boy va xilma-xil (maymun, fil, begemot, qoplon, sirtlon, boʻri, chiyaboʻri, oxu va b.) Jan. da ekvatorial oʻrmonlar, shim. da savannalar. Milliy bogʻlari: Komoe, Tai, Maraxue va b.
Aholisi asosan, kva, kru, volta, mande til guruhiga mansub bate, baule, anvi, sindfo, malinke, dan, lobi va b. 2 mln. dan ortiq ajnabiylar bor. Aholisining yarmidan koʻprogʻi mahalliy anʼanaviy dinlarga, qolganlari islom va xristian dinlariga eʼtikrd qiladi. Rasmiy til — fransuz tili. Mamlakatning markaziy qismi, Abidjan sh. va uning atroflarida aholi zich joylashgan. Aholisining taxm. 41% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Abidjan, Bvake, Dalola, Man, Korxogo.
Tarixi. Arxeologiya topilmalarining dalolat berishicha, K.-dʻI. hududida tosh asrida odamlar yashagan. Daryo sohillarida neolit davriga oid ustaxonalar, ish qurollari va sopol idishlar topilgan. Taxm. mil. av. 3—2-ming yilliklarda savannada, keyinroq oʻrmon zonasida ham dehqonchilik vujudga kela boshlagan. Shim. da dehqonchilik bilan birga chorvachilik ham rivojlangan. Yovvoyi mevalarni yigʻish, ovchilik, baliq ovlash katta ahamiyatga ega boʻlgan. Oʻrta ayerdarda temirchilik keng ommalashgan (temir eritish oʻchoqlari topilgan), oltin qazib olingan (avvaliga bu oʻlka Oltin qirgʻoq deb atalgan), metallsozlik, kulolchilik, toʻqimachilik va b. rivojlangan. Shim. va sharqdan oʻtuvchi Gʻarbiy Afrika savdo yoʻllarida shaharlar, manzilgohlar paydo boʻlgan. 11-a. da asos solingan Kong manzilgohi Gʻarbiy Afrikaning karvon yoʻllarida yirik savdo markazlaridan biriga aylangan.
15-a. oxirida K.-dʻI. hududida portugallar va b. yevropaliklar paydo boʻddi. Ular qul olib ketishdan tashqari, fil suyagi va b. boyliklarni taladilar. 1842—43 y. larda Fransiya Gran-Basam va Asinini, keyinchalik sohildagi boshqa joylarni bosib oldi. 19-a. ning 80-y. larida mamlakat ichkarisiga bostirib kira boshladi. 1893-y. dan K.-dʻI. Fransiya mustamlakasi. 1895—1958-y. larda esa Fransiya Gʻarbiy Afrikasi tarkibida boʻldi.
2-jahon urushidan soʻng mamlakatda milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1950—51 y. larda mustamlakachilar zulmiga qarshi xalq ommasining yirik chiqishlari boʻlib oʻtdi. Ozodlik harakati natijasida Fransiya hukumati yon berishga majbur boʻldi. 1957-y. dan mamlakat hududiy assambleyasi (1958-y. dan Qonun chiqaruvchi assambleya) umumiy saylov yoʻli bilan saylanadigan va Hukumat kengashini tuzadigan boʻldi. 1958-y. 28 sent. da oʻtkazilgan referendumga koʻra, davlat maqomini (Fransiya hamjamiyati aʼzosi sifatida) olishga muvaffaq boʻldi.
Afrika mamlakatlarida milliy ozodlik harakatlarining yanada avj olishi natijasida Fransiya hukumati 1960-y. 11-iyulda mahalliy hukumat b-n bitim tuzishga majbur boʻldi; bu bitimga koʻra, 1960-y. 7 avg. da K.-dʻI. ning mustaqilligi eʼlon qilindi. Oʻsha yili sent. dan u — BMT aʼzosi. Mamlakat mustaqillikka erishgach, Fransiya hamjamiyati aʼzoligidan chikdi. Lekin hukumat Fransiya bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy aloqalarini saqlab qoldi. 1985-y. da qabul qilingan qarorga muvofiq, K.-dʻI. geografik atama emas, balki mamlakat ning nomi ekanligi va chet tillarga tarjima qilinmasligi taʼkidlandi. 1983-y. da mamlakat poytaxtini Abidjandan Yamusukroga koʻchirishga qaror qilindi. Milliy bayrami — 7 avg. — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1960).
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. K.-dʻI. demokratik partiyasi, 1946-y. da tuzilgan; Ivuar mehnatkashlar partiyasi, 1990-y. dan oshqora ishlay boshlagan; Ivuar xalq jabhasi, 1982-y. da tuzilgan, 1990-y. dan oshqora ishlay boshlagan; Respublikachilar birlashmasi, 1994-y. tashqil etilgan; Sotsial-demokratlar ittifoqi, 1990-y. dan oshqora ishlay boshlagan. K.-dʻI. mehnatkashlar umumiy ittifoqi kasaba uyushmasi, 1962-y. da tuzilgan. Afrika kasaba uyushma birligi tashkilotiga va Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.
Xujaligi. K.-dʻI. — agrar mamlakat. Sanoati nisbatan durust rivojlangan, Gʻarbiy Afrika mamlakatlari oʻrtasida ayrim sanoat tarmoqlari (yogʻoch tayyorlash, yogʻochsozlik, oziq-ovqat sanoati) ning i. ch. darajasi ancha yuqori.
Qishloq xoʻjaligida yerdan jamoa boʻlib foydalanish saqlanib qolgan. Q. x. yalpi milliy mahsulotning 35,7 % ni, eksport tushumlarining 70% dan koʻprogʻini taʼminlaydi. Mehnatga layoqatli aholining 30% q. x. da band. Agrotexnikasi oddiy. Dehqonchilik q. x. ning asosiy tarmogʻi: geveya, kofe, moyli palma, kakao, gʻoʻza, banan, ananas, sitrus mevalar oʻstiriladi. Kofe yetishtirish va eksport qilish boʻyicha jahonda 3-oʻrinda, kakao boʻyicha esa 4-oʻrinda turadi. Ichki isteʼmol uchun yams, maniok, sholi, makkajoʻxori, oq joʻxori, tariq va b. yetishtiriladi. Chorvachiligi sust rivojlangan; shim. savanna oʻtloqlarida qoramol, qoʻy, echki, choʻchqa, uy parran-dasi boqiladi. Baliq ovlanadi.
Sanoati yalpi milliy mahsulotning 26% ni ishlab chiqaradi. 700 dan koʻproqi. ch. korxonalari, shu jumladan, xorijiy sarmoya ishtirokidagi bir necha qoʻshma korxona bor. Chetga chiqariladigan xom ashyo va chetdan keltiriladigan yarim fabrikatlarga ishlov beruvchi sanoat korxonalari rivojlangan. Yiliga oʻrtacha 2,3 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Oziq-ovqat va tamaki, energetika, yogʻochsozlik, toʻqimachilik, metallsozlik, kimyo va yogʻ-moy, neft qazib olish va uni qayta ishlash, tayyor qismlardan avtomobil yigʻish, qurilish materiallari, kauchukni qayta ishlovchi va plastmassa ishlab chikaruvchi, konchilik va b. sanoat korxonalari mavjud. Chetdan keng isteʼmol mollari keltirishni kamaytirish va eksport qilish maqsadida yirik yogʻochsozlik, toʻqimachilik, oziqovqat sanoati korxonalari barpo etila boshladi. Asosiy sanoat markazlari: Abidjan, Bvake va b.
Transporti ning asosiy turlari — dengiz va avtomobil transporti. Dengiz yuklari, asosan, xorijiy kompaniyalarning kemalarida tashiladi. T. y. ning oʻz. — 1314 km, jumladan, Abidjan — Uagadugu t. y. ning oʻz. — 625 km. Avtomobil yoʻllari oʻz. — 55 ming km. Dengiz portlari: Abidjan, San-Pedro. Abidjan va Yamusukroda xalqaro aeroportlar bor.
Mamlakat chetga paxta, kauchuk, kofe, kakao va undan tayyorlangan mahsulotlar, yogʻoch, olmos, palma yogʻi, ananas, banan chiqaradi. Chetdan mashina, asbob-uskuna, neft va neft mahsulotlari, oziq-ovqat va b. isteʼmol mahsulotlari, qora metallar prokati, oʻgʻitlar keltiradi. Savdosotiqdagi asosiy mijozlari: Fransiya, Niderdandiya, AKSH, Germaniya, Italiya, Nigeriya va b. Turizm rivojlanmokda. Pul birligi — afrika franki.
Tibbiy xizmat. Davlat sogʻliqni saqlash tizimi mavjud. Aholiga tibbiy xizmatni kasalxonalar, turli tibbiyot markazlari va koʻchma otryadlar koʻrsatadi. Vrachlar Abidjan un-tining tibbiyot f-tida va chet ellarda tayyorlanadi.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Maktablarning aksariyati davlat qaramogʻida. Ularda oʻqish bepul. Katolik missiyalar xususiy maktablar ochishgan. Boshlangʻich va oʻrta maktablar, texnika litseylari, turli kollejlar, ped. maktablari bor. Oʻqituvchilar ped. maktablari va oliy maktablarda tayyorlanadi. Abidjanda un-t (1958-y. da asos solingan), Ijtimoiy fanlar markazi (1960-y. dan), Tropik oʻrmonchilik markazi (1962), Kofe va kakao tadqiqot st-yasi, Geofizika st-yasi, Okeanografiya tadqiqot markazi, kauchuk, tropik tadqiqot, gigiyena va b. ilmiy tadqiqot in-tlari, Milliy muzey, Etn. muzeyi, Milliy kutubxona, un-t kutubxonasi, Munitsipal kutubxona va b. mavjud.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Mamlakatda bir qancha gaz. va jur. lar nashr etiladi. Asosiylari: «Alif» (islom muammolarini aks ettiruvchi oylik gaz.). «Vua» («Yoʻl», fransuz tilidagi kundalik gaz.), «Demokrat» (fransuz tilidagi haftalik gaz.), «Kontinan» («Qitʼa», fransuz tilidagi kundalik umumafrika gaz., 1980-y. dan), «Notr tan» («Bizning vaqt», fransuz tilidagi haftalik gaz.), «Nuvel orizon» («Yangi ufq», fransuz tilidagi haftanoma), «Fraternitematen» («Qardoshlik tongi», fransuz tilidagi kundalik gaz., 1964-y. dan), «Eritaj» («Meros», fransuz tilidagi haftanoma, 1994-y. dan), «Reformater» («Islohotchi», fransuz tilidagi oylik jur., 1993-y. dan). K.-dʻI. matbuot agentligi (AIP) 1961-y. da, Ivuar radio va televideniyesi 1963-y. da tuzilgan. K.-dʻI. da radioeshittirish 1949-y. dan (fransuz va 10 mahalliy tilda), telekoʻrsatuvlar 1963-y. dan olib boriladi.
Adabiyoti. K.-dʻI. dagi anya, baule, senufo va b. xalqlarda xalq ogʻzaki ijodi qadimdan rivojlangan. Ayniqsa, baule xalqining folklori alo-hida ajralib turadi. Griot deb ataluvchi baxshilar qoʻshiq va ertaqlarni aytib yurishadi. Folklor anʼanalari asosida fransuz tilida yozma adabiyot rivojlandi. Kot-dʻivuardʻI. adabiyotining shakllanishida folklorchi, romannavis Bernar Dadyening xizmati katta. Uning mustamlakachilikka qarshi asarlari mashhur. Yozuvchi Ake Loba (asli ismi Abobo Baule)ning «Kokumbo — qora talaba» va «Daryo ustidagi nayzalar» romanlari, Sh. Nokaning «Shamol shiddatli edi» romani, «Quyosh, qora nuqta» poemasi, Sidiqi Dembelening «Boqibegʻamlar» romani 20-a. 2-yarmiga xos ijtimoiy muammolarni aks ettirdi. J. M. Bonini, Moris Kone va b. larning sheʼriy toʻplamlari nashr qilindi.
Meʼmorligi. Mamlakatning jan., oʻrmon qismi xalqlari turar joylarni yogʻochdan va ikki nishabli tomini palma shoxlari bilan yopib, toʻgʻri burchakli qilib quradilar. Buale va anya xalqlari choʻziq doirasimon uylar atrofini bostirma bilan oʻraydi. Shim.-gʻarbda devori shox-shabba bilan toʻqilib, loy suvoqli va konussimon tomi poxol bilan yopilgan doirasimon uylar keng tarqalgan. Mamlakat sharqida yassi tomli toʻgʻri burchaqli guvalak uylar koʻproquchraydi. K.-dʻI. markazidagi uylarning devorlari geometrik naqshlar, inson va hayvon tasvirlari b-n bezalgan. Mamlakat mustaqillikka erishgach (1960), mahalliy aholi uchun 1—4 qavatli turar joy loyihalari ishlab chiqildi. Koʻp qavatli binolarning quyi qismida savdo markazi, mehmonxona, restoranlar joylashtirildi. Abidjandagi Hyp al-Hayot markazi (meʼmor A. Laje, J. P. Lyupi, J. Mas), alyuminiy bilan ziynatlangan ehromsimon maʼmuriy bino (meʼmor R. Olivyeri, muhandis R. Morandi), Mandagi «Shalola» meqmonxonasi (meʼmor M. Dyusharm, Larra, J.-P. Mino) va b. Sa-sandra va Asinidagi mehmonxonalar tomi poxod b-n yopilgan qad. uylar shaklida barpo etildi. Turli shaharlarda madaniyat markazlari, tim bo-zorlar goʻzal usulda qurilgan. Qurilishda temir-beton, shishadan foydalaniladi, binolarga mahalliy hunarmandlar bezak beradi.
Tasviriy sanʼati. Haykaltaroshlik K.-dʻI. xalqlari tasviriy sanʼatining eng goʻzal sohasidir. Marosimlarda ishlatiladigan yogʻoch niqoblar, odam gavdalari nozik did va mahorat bilan yasaladi, ularning shakli yo nafis yoki vahimali boʻladi. Boʻyoq va naqshlar niqoblarning taʼsirchanligini oshiradi. Roʻzgʻor buyumlari va uy eshiklari oʻymakorlik usulida ishlanadi. Oltin, mis, jezdan zeb-ziynat asboblari yasash, qul toʻqimachiligi, kashtachilik, kulolchilik rivojlangan, uylarning devorlariga turli rasm, gullar, qush va hayvonlarning suratini solish odat boʻlgan.
Musiqasi. K.-dʻI. xalqlarining baʼzilari qad. Musiqiy anʼanalarga ega. Chunonchi, dan xalqi boshliqlarida truba va barabandan iborat katta orkestrlar boʻlgan. Danlarning koʻp qoʻshiqlari muayyan marosim va odatlar bilan bogʻlangan. Mac, qabila boshligʻi sharafiga zia, jamoa ishlari vaqtida kotava degan qoʻshiqlar aytilgan. Baule xalqida maʼbudalarni sharaflovchi va ajdodlar ruhini eslatuvchi qoʻshiklar keng tarqalgan. Ayollar qoʻshigʻi tovushning joʻshqin tebranishi bilan ajralib turadi. Malinke xalqi griotlari — jeli qoʻshiqlarining sheʼriy matnlari gʻoyat musiqiydir. Mustaqillik yillarida zamonaviy musiqa rivojlana boshladi. Koʻpgina ijodiy jamoalar, jumladan, «Makakumani» folklor guruhi (qabilalararo jamoa) katta ish qilayotir. Abidjandagi Milliy sanʼat in-ti tarkibida Milliy musiqa va raqs konservatoriyasi, Milliy musiqa maktabi, Xalq sanʼati va hunarmandchiligi departamenti bor. Abidjan un-ti, gumanitar tadqiqotlar markazi, Afrika sanʼatini oʻrganish markazi xalq musiqasi va raqsini oʻrganish bilan shugʻullanadi.
Teatri. Xalq ijodiyoti namunalarini ijro etuvchi griotlarning xattiharakatlarida aktyorlik nishonalari bor edi. Zamonaviy teatr Dakarda 20-a. ning 30-y. larida vujudga keldi, havaskorlik toʻgaraklari tuzila boshladi. 1933-y. da B. Dadye «Shaharlar» deb atalgan birinchi pyesani yozdi. 1938-y. da Mahalliy teatr tashqil etildi. Unda sahnalashtirilgan F. J. Amonning «Bussatye yoki qora folbin siri», «Pinhona toʻy» pyesalarida turmush sarqitlari, G. Koffining «Bizning xotinlar», «Mening erim», «Qaytish qoʻshigʻi» hajviy pyesalari mustamlakachilik zulmini fosh qildi. 2-jahon urushidan keyin «Gezabo», «Ikare» teatr jamiyatlari jamoalari, Abidjan un-tining «Niqoblar va roʻdapolar» truppasi mahalliy dramaturglardan M. Berte, E. Derven, A. Koffi asarlarini anʼanaviy Afrika teatri ruhida sahnalashtirdilar. 1967-y. da Milliy sanʼat in-ti huzurida yarim professional truppa ish boshladi. B. Dadyening «Togʻo-Nini janoblari», G. OyonoMbianing «Uch oshiq, bir qayliq», G. Goning «Tussio» asarlari uning eng yaxshi spektakllari boʻldi. «Tam-tam. Ovoz va badan» spektakli anʼanaviy Afrika teatrining izlanishlarini aks ettirdi.
Kinosi. K.-dʻI. kino sanʼati mustaqillik yillarida rivojlana boshladi. Rej. T. Bassorning «Yolgʻizlik qumtepalarida» qisqa metrajli lentasi birinchi film boʻldi. Uning «Pichoq ushlagan ayol» filmida afrikaliklarning gʻarb tamadduni bilan toʻqnashuvi koʻrsatilgan. «Musofirlar uchun konsert» filmi (rej. D. Ekare) milliy kinoga shuhrat keltirdi, unda pul ishlash uchun Yevropaga borgan afrikaliklarning ogʻir qismati muammosi koʻtarilgan. Milliy kinoning asoschilaridan biri A. Dyupark «Muna yoki rassomning orzusi», «Oila» filmlarida muhim masalalarni oʻrtaga tashladi. Keyingi yillarda ijod kila boshlagan yosh rej. lar «Muazzinning daʼvati» (E. Vodio), «Kanday yangiliklar bor» (G. M. Bala), «Jelli» (K. Fadika), «Aja Tio» (J. L. Kula) kabi qiziqarli filmlarni yaratdilar.